Halim Karim (1960)

Halim Karim – filologiya fanlari nomzodi. 1960 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) bitirgan. Ijodkorning “Mana, men borman”, “Yurak bilan so‘zlashuv”, “Ko‘ngil halovat istaydi” she’riy, “Tuyg‘ular talqini”, “Andijondan esgan sabolar”, “Tarixiy shaxs va badiiy obraz” adabiy maqolalar to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

Shukr, yana tongni ko‘rdi ko‘zlarim,
Subh nasimi silab o‘tdi yuzlarim,
Azon aytib boshlanadi so‘zlarim,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

Sahar sarxush tebranadi teraklar,
Qushlar sayrab hayot otin daraklar,
Tiriklikdan hapqiradi yuraklar,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

Bizlarsiz ham tong, albatta, otardi,
Tashvish to‘la oddiy bir kun o‘tardi,
Uyg‘onmasdan ketib qolsam netardi,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

Oyoq qo‘ydim yana aziz tuproqqa,
Qo‘lim tegdi atirgulu butoqqa,
Hali hozir emasdirman so‘roqqa,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

Tanbal qalam bugun yurar mardona,
O‘g‘il-qizim atrofimda parvona,
Tonggi she’r-la senga aytay shukrona,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

Saharlab olisdan nur berar Mirrix,
Hur elning har kunin bitgan muarrix,
Yurtimda boshlanar yangi zo‘r tarix,
Yana bir kun berganingga ming shukr!

IZHORIM

Mehrim izhorini aytayin qanday,
Madhingga munosib hech so‘z bormikan?
Aziz, mukarramsan tandagi qonday,
Onajonim – jon Vatan, jonim Vatan!

Vujudim og‘ritar misoli tig‘day,
Eringga sanchilsa kichkina tikan.
Ko‘nglimda hilpirab turgaysan tug‘day,
Onajonim – jon Vatan, jonim Vatan!

Onam o‘tganida peshonam silab,
Otam ketganida bo‘lding jonu tan.
Qarzim ko‘p, yashayman kamoling tilab,
Onajonim – jon Vatan, jonim Vatan!

Gar qutlug‘ bag‘ringdan berolsang bir joy,
Ketar chog‘ shart emas hattoki taftdan.
Faqat ko‘z o‘ngimda to‘kib tur chiroy,
Onajonim – jon Vatan, jonim Vatan!

* * *

Avjga chiqar musiqa,
Bazm qizib boradi.
Cholg‘uvchi ham antiqa,
Kuylaridan chaladi.

Oyoqlarning gupuri,
Yurakka ko‘char asta.
Tantananing sururi
G‘amni to‘kar bir pasda.

Barcha xurram, barcha shod,
Barcha kular qiyqirib.
Faqat men bir chetda, dod,
O‘ltiribman qimtinib!

Qo‘rqaman tan olishdan,
Dilda hasad yo havas?
Nahot, qalbim yig‘lashdan
Boshqaga hech yaramas?!

Ey mug‘anniy toringni
Ko‘nglim kabi sozlagin.
Navoga sol zoringni
Mening kabi bo‘zlagin…

…Cholg‘uvchi hordi chalib,
Yozilmadi hech g‘ashlik.
Sezmay qolibman, meni
Tashlab ketibdi yoshlik.

ANDIJON

Bir yangi so‘z aytarmikanman,
Etarmikan mendagi imkon?
Ta’rifingni eplarmikanman,
Bolang bo‘lib, ona Andijon!

Bolang bo‘lib ne ham qilibman,
Yaroldimmi biron koringga?
Shuncha yashab endi bilibman,
Asqotmabman yo‘g‘-u boringga.

Garchi shahar – ota makonim,
Dala-qiring kezganlarim rost.
Parvozlarga yetmay imkonim,
Senga mahkam yopishganim rost.

Bola edim yetim va o‘ksik,
Ikkov edik et bilan tirnoq.
Mehring bilan o‘stirding o‘zing,
Kindik qonim to‘kilgan tuproq.

* * *

Ko‘zlaringni yashirgin mendan,
Alam bilan burgil yuzingni.
Men ham butkul qochayin sendan,
Topolmagin sira izimni.

Ko‘zlaringni yashirgin mendan,
Zabt etmagin qalbimning to‘rin.
Tashvishlardan tolgan yurakda
Muhabbatga topilmas o‘rin.

Ko‘zlaringni yashirgin mendan,
Har ko‘rganda titramoq nechun?
Nahot, sevgi aql va burchdan,
Farzandlardan bo‘lolsa ustun?

Ko‘zlaringni yashirgin mendan,
Men ham axir olay halovat.
Zo‘r kelolmay toshgan hislardan,
Ko‘zlaringdan so‘rayman shafqat.