Habib Abdunazar (Abdiyev) 1968 yil 6 dekabrida Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1993). «Manzara» (1995), «Anjir guli» (1999), «Gullarni qo‘msagan og‘och» (2007) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
MA’NO
Mavlono Jaloliddin Rumiyga
1. Borlig‘im yetishdi,
borlig‘im, illo –
Etishdim
Sen qadar, o‘zimda yo‘qman.
Suvga g‘arqman, vale suvman,
tashnaman,
Yo‘qman toleimda,
lekin Sendaman.
Kunduzni topmadim,
Kunni topmadim,
Lahza tun charog‘i –
So‘zni topmadim.
Ichdaman, aks etsang ichu toshimda,
Pinhona gul edim, mahzar istadim.
Pinhona gul edim, istadim laylo,
Ko‘ngil javhariga to‘qilgan siymo.
Xayolim oy shakli bir ma’vo bo‘lsa,
Nur zavqi o‘zingsan, oydan mosuvo.
Axir ko‘rganlarim aslimas, hechdir,
Undadir ul qudrat,
Undadir avval.
Yulduz ziyosida nurlanib turgan
Birgina gul edim – ayyora azal.
2. Bu vujud –
Tangri jamoliga tortilgan parda.
Nasibim – ko‘nglimda yorishgan kulgung.
Shaydoman gullaru giyohlarga men,
Umiddek to‘lishdi, umidsiz vasling.
Bu vujud –
Tanfi jamoliga tortilgan parda.
Zavolim – yurakning za’faron guli.
Botindan to‘qilgan So‘zdirman balkim,
Va yoki ruhparning mangulik yo‘li.
* * *
Ko‘kka tegib qaytar telba tol
Chirqillagan bog‘lar qo‘shig‘i.
Ko‘hna sas-la chayilgan dilda
Zo‘rayadi jimlik ofig‘i.
Yog‘dularning gul girvatida
Orolanar lojuvard xilqat.
Olib o‘tar qimtingan soydan
Kishanlangan asirin zulmat.
Parchalangan vaqt dolg‘asida,
Ovoz berar ko‘milgan moziy.
Tog‘lar g‘ori guldurab ketar,
Chiqib kelar sahroyi valiy.
* * *
Seni xayol dedim, kechamda erding,
Seni samo dedim, yonimda erding,
Seni daryo dedim, avjimda erding,
Me’roj ko‘kda dedim, ko‘nglimda deding.
Qaddim duto meni – yulduzdan qaytdim,
Tunim qaro meni – kunduzdan qaytdim,
Yoshingta ergashdim, yuzingta botdim,
Vale arkon xayol – duzingdan qaytdim.
O‘zim ma’vo dedim, o‘zimdan sachrab,
Bu tig‘i parronga o‘zimni urdim.
O‘zim gunoh dedim, o‘zdan eshilib,
Tomchida aksingni – aksimni ko‘rdim.
Dilimni dilingga qo‘yib yotay der,
Jonimga joningni olib ketay der,
Tunlarni o‘tkazib ko‘kdan ulugvor,
Yomg‘irli sadolar berib o‘tay der.
Seni farax dedim, qayg‘umda erding,
Seni vafo dedim, jabrimda erding,
Seni rizo dedim, qazomda erding,
Me’roj ko‘kda dedim, ko‘nglimda deding.
SAHRO
1. Otashdonga yaqinroq qo‘ydim
qonsiz qalbimni –
iztirob tuydim…
Achchiq unlarimni to‘zg‘itdi shamol.
Faqat iqbolimda kuldi shu sahro,
Faqat oramizda kuydi oy – maktub.
…Tun edi.
Ming bitta zulumot tuni,
Fano gavharidek bu ikki ko‘zim.
Ammo yuragimda kuyik sahroning
Qay bir xayoliga sanchildi o‘lim.
Qay bir qabrlarda notinch, noayon,
Ming bir vujudimni terdim, jamladim.
Sendan ololmagan so‘zim – sukutim ichra,
Uzoq tentiradim, uzoq izg‘idim.
Adashdim – toblandi tun – mohli yo‘llar,
Adashdim – umidim bo‘ronlarida.
Sen g‘amnok kechalar umridek sokin,
Yaqinroq yig‘lagin, qalbimga yaqin.
2. Aytibdurlarkim,
Savol – Tosh.
Chindan og‘ir so‘rov rutubatli g‘am.
Og‘irlik qilganda u mangu so‘roq,
Qorayar murdaning kafanlari ham.
Yuksaldim – na xayol, na alam yuki,
Faqat yulduz qoldi sen birla tanho.
Egnimda qorayar har kun, har kecha
Bu kunduz va yana ul ko‘hna sahro.
Aytibdurlarkim,
Qay kuni –
bahaybat bir toshkim, turib o‘rnidan
kuzatarmish yorug‘ olamni.
Dardim – tomchi ko‘z yosh,
Vujudim – xayol,
Ko‘z ochdim, qarshimda turar muallaq,
Ka’bai muazzam, munglig‘ qora TOSh!
3. Qancha kunlar o‘tdi o‘tlug‘dan,
Sabo anfosidan mujdalar yetdi.
Mudom yig‘larmanu gardun barqindan
Giryon-giryon piri safolar o‘tdi.
Soqiyu darbadar, davroni foniy,
Ishq aro xokisor sezdim so‘zimni.
Shiftai holimda firoqing asru,
Bir daqiq behud hol ko‘rdim o‘zimni.
Qancha kunlar o‘tdi, o‘tlug‘dan,
Pinhona g‘am yutdim tunlar zuhuriy.
Bitmadi qonimda bu nash’u namo,
Filuriy, filurim, filuriy…
* * *
Hayot shu bo‘ldi-ku bu dahri dunda,
Yillarki ko‘z tutib sendan kutganim.
Bu boshim osmondir, quyoshli osmon,
Osmondek boshimga o‘zim yetganim.
Va o‘zim bilganim mana shu Yurak –
Tog‘dek dardlarini bo‘ylayapman-ku.
Nega siz titraysiz, dorim, ogochim,
O‘z boshimga o‘zim yig‘layapman-ku.
SOG‘INCh
Toshlar orasida zaif giyohdek
Nurlarga tappinib ko‘kardi tanim.
Sog‘inch erkalanib bir mehr kutdi,
Dilim, dardimizga boqmadi hech kim.
Bunda va na bahor va na qish ko‘rdim,
Yurak ovozlarin eshitdim faqat.
Mensiz yulduzlarim porlayverdilar,
Mensiz kunlarimni bo‘yladi qismat.
Kichkina hayot bu aylanmas zamin,
Maysalar ruhiga ko‘chadi ko‘nglim.
Shoxlari bukilib qip-qizil qondek,
Mening gullab yotar bemavrid umrim.
* * *
Aytgin, bu fe’limda men nima sezdim,
Axir istagimmi o‘zimni ko‘rmoq?
Nimani yod etdim, nimani bildim,
Qalbimda yig‘laydi shugina so‘roq.
Men qayga qochayin, har tomon zulmat,
Dilimni pardalar bosqinchi riyo.
Har qadam ofatdur, har nafasda jon,
O‘zimni qiymaydi o‘zimga dunyo…
Go‘zal ismingmi bu, orzuim – xilqat,
Jaranglab turarmi ruhlar zanjiri.
Men hamon o‘shami – o‘zim ham bilmas,
Allohning yerdagi buyuk asiri?…
* * *
Tun ham, tong ham senda yashirin,
Zamin senda, osmon ham senda.
Qismat – nishon aylana kunlar,
O‘q ham senda, kamon ham senda.
Senda charog‘… Oftobga tutib
Ulg‘aytirdim murg‘ak onlarni.
Men bilmagan go‘zal isming-la,
Chorlayapti shamol tonglarni.
Senda manzil… Tushdim yo‘lingga,
Yomg‘irlarga kirdim namchil kuz.
Hech ortimdan yurmas xavotir,
Hech ko‘nglimga kelmas biror so‘z.
Senda yillar… Sukutli bo‘ron,
Senda tuproq, senda olov, suv.
Goho dordan o‘tgandek qalqib,
Xayolimdan o‘tar bir qo‘rquv.
Senda kecha… umidli kundek,
Yo‘llarimga dil chiqar peshvoz.
Boshginamda sen emas, yig‘lar,
Oy shaklida tun bergan ovoz.
* * *
Hammasi…
Hammasi boshqacha bo‘lardi –
Dilni olib qolsang daraxt yonida.
Shoxlarga bog‘lasang yashil orzuni,
Chalsang,
qo‘ng‘iroqdek kunlar uyg‘onsa.
Erdan chiqib qolgan toshdek ildizga
Tang‘isang ko‘ngilning chayir ipini.
Sevgi chirqillasa – tun – qora ilon –
Yoyib yuborsa gar zulmat to‘pini.
Nigohing osilib tushsa yurakdan,
Bir hovuch nur otsang kunduzga.
Gurr etib to‘kilsa daraxt barglari,
Poklansang,
cho‘milsang za’faron kuzga.
Hammasi…
Hammasi boshqacha bo‘lardi.
* * *
Ikki barmoq orasi yurak –
Bu yurakning ranglari so‘ldi.
Ikki kunning o‘rtasida jim
Turgan dunyo yig‘ladi, kuldi.
Ikki manzil tutib qulog‘im,
So‘zlarini eshitdim, bildim.
Ikki toshni urib, chaqmog‘in
Yumaloqlab samoga ildim.
G‘aroyib kun, g‘aroyib ko‘ngil,
Ikki kecha aylamish fig‘on.
Ikki yonga qaradim: – O‘zing!
Men yo‘qmanu sen bori zamon.
Qara quyosh, oy va bulutlar…
Buncha issiq ko‘rindi gardun.
Men bilmagan ikki olamda
Bilganlarim aytib yurar tun.
* * *
Daryo.
Mavjlanar, toshar…
Suzib o‘tar undan bir tomchi yoshing.
(Ko‘ylagingni yuvayotir tong…)
Mayin havo.
Halqalanar
tomog‘ingda turib qolgan
zangori kunlar –
dard bilan tug‘ilgan kechaning umri.
(Sochlaringni silab uyg‘onar yurak…)
Qora tuproq.
Usti-boshin qoqib turar o‘rnidan:
tosh, havo, suv…
(Mittigina loysuvoq uyning
darchasidan qaraydi gul – ruh…)
Gulxan yoqqan qiz
o‘ltirar olovga tikilib…
* * *
Tosh ko‘zida turdi shamol,
Dil labida ishqimiz.
Orzu edik, shaydo edik,
Yurak – zangor ko‘shkimiz.
G‘ichirlaydi oyoq osti,
Somon edik, xas edik.
Asta-asta yurdi osmon,
Oyog‘ida yer – etik.
Bildirmayin kirdi tunga,
Kunduz shomlarga botib.
Ovchimidi tun ko‘zi-la
Qo‘ydi xayolni otib?!
Endi yurak yumshoq havo,
Toliqtirar yurak ham.
Dilni esa tark etmadi
Chehralari ochiq g‘am.