Gulrux Xudoyorova (1992)

Gulrux Xudoyorova 1992 yili tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyo­ti universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Respublika yosh ijodkorlarining “Iste’dod maktabi” VIII seminari ishtirokchisi. “Sen haqingda so‘z aytsam” she’riy to‘plami chop etilgan.

* * *

Tomirim – muhabbat ildizi,
O, mening yuragim – ko‘zimda.
Gar senga yetolsam bir kuni,
O‘shanda qaytaman o‘zimga.

Ungacha shaklman bor-yo‘g‘i,
Ungacha joni yo‘q soyaman.
Qalbimning tosh erur bir yog‘i,
Bir yog‘i loy erur – toyaman.

Ungacha tafti yo‘q quyoshman,
Ungacha qayg‘uga qardoshman.
Senga ham yetarman, ungacha
Men aniq bardoshman, bardoshman…

Ungacha qiynalgay, ezilgay,
Yig‘lagay ko‘zimning yuragi.
Men, axir, qayg‘uning butuni,
Men, axir, baxtning bir bo‘lagi.

* * *

Balki yaxshi so‘zim unutding,
Unutgansan yomonlarin ham.
Mening yo‘lim faqat sen tomon,
Ko‘pdir balki tomonlaring ham.

Balki unutgansan ishq rozing,
Balki sevdim demassan qaytib.
Balki menga himmat qilgansan,
Charchagansan yolg‘onlar aytib.

Balki barin qismatdan bilib,
Unutmoqqa topding bardoshni.
Ammo bilmam, qanday unutding
Sen deb birov to‘kkan ko‘zyoshni.

* * *

Xaritalar hammasi bekor,
Yo‘lg‘on qog‘oz, bo‘yog‘i bilan.
Yuragingning hech kim ko‘rmagan,
Gard yuqmagan bir yog‘i Vatan.

Chegaralar hammasi bekor,
Chegaralar hammasi kishan.
Otang har kun namoz o‘qigan,
Belbog‘ining to‘rt yog‘i Vatan.

Quchog‘ingga sig‘magan tog‘lar
Yuragingga ko‘chsa daf’atan.
Ko‘zing yumsang, ko‘zingga sig‘ib
Ketgan ne bor – hammasi Vatan.

Ko‘rganlaring, ko‘rmaganlaring,
Tuyganlaring – hammasi Vatan.
Suyganlaring, suymaganlaring –
Hammalari, hammasi Vatan.