G‘ulom Shomurodov (1937-2021)

G‘ulom Shomurodov 1937 yil 20 sentyabrda Jondor tumanida tug‘ilgan.
Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qigan (1954–1959). Dastlab tumandagi o‘rta maktablarda ona tili va adabiyot fanidan dars bergan (1959–1967). So‘ng tuman radioeshittirishlar tahririyati muharriri (1967–1969), O‘zbekiston teleradiokompaniyasining Buxoro viloyati bo‘yicha radiomuxbiri (1969–2006) vazifalarida ishlagan.
Shoirning ilk she’riy kitobi “Shabnam jilvasi” (1983), deb nomlanadi. Shundan so‘ng uning “Oydinda kezaman” (1985), “Chaqmoq” (1990), “Navolarim” (1992), “Ko‘klam qo‘shig‘i”(1995), “Vatan vasfi” (1997), “Olam ichra olam” (1997), “Qalbim qatrasi” (2002), “Bobo shahrim” (2003), “Rangin ruhiyat” (2005), “Zarrin yaproqlar” (2006), “Marvarid donalar” (2008), “Sog‘inch sohili” (2009), “Vatanim – keng jahonim” (2011), “Izhor” (2011), “Hurlik qasidasi” (2011), “Mehr mehvari” (2014), “Sog‘inch sohili” (2016), “Diyor va yor” (2019) kitoblari dunyoga kelgan.
2021 yil 2 fevralda vafot etgan.

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Zimiston o‘tdiyu ketdi, qani gulgun gulistonim,
Sog‘indim atrini ammo, taratmas hidni rayhonim,
Shafaqdin uchdi oftobu yuz ochmas kavkabistonim,
Tun oqshom bo‘ldiyu kelmas mening sham’i shabistonim,
Bu anduh o‘tidin har dam kuyar parvonadek jonim.

Ne tong, nogoh qadam qo‘ysa g‘arib xonamga jononim,
Yuzidin sochsa injular kulib gulyuzli xandonim,
Tugar balki, yonib shunda yurakda ohu armonim,
Ne g‘am, ko‘rguzsa ko‘ksim porasin choki giribonim,
Ko‘rinmas bo‘lsa ko‘ksim yorasidin dog‘i pinhonim.

So‘z aylab dodi Majnundin, o‘zim bo‘ldimku Majnundek,
Yurak yig‘lar, ko‘rinsam-da, zohirda shodu mamnundek,
Qorong‘udir kunu tongim, yuribman misli tutqundek,
G‘amidin durri maknundek, sirishkim oqti Jayhundek,
Muzayyan qildi gardundek jahonni ashki g‘altonim.

O‘tib javzo, o‘tib mezon, xabar kelmishdir aqrabdin.
Bilolmasmen, ne vajdan ham, ne maqsadu ne matlabdin,
Xabar yo‘qdir nozik ta’bdin, necha ro‘zu necha sha’bdin,
Falak ham to‘ldi kavkabdin, quyosh ham tushdi ashhabdin,
Kelib tushmas bu markabdin mening xurshidu rahmonim.

Bo‘lur daryo, qarang tog‘din oqib irmoqchalar, eha,
Agar ersa gado, yo‘qsul, kular taqdir – bo‘lur ul mah,
Magar hozir zimiston tun, quyosh chiqsa bo‘lur farah,
Jahonni zulmat etdi chah, bu zulmat ichra o‘lgum vah,
Manga bo‘lsang ne Xizri rah, yetib, ey obi hayvonim.

Quyosh ishlab, yonib-charchab toqi ko‘kdin tushib ketmish,
Mohi tal’at biroz fursat yuziga xo‘p upa surtmish,
Shu muddatda bulut aylab, samo yulduzni berkitmish,
Dema, ko‘ktin quyosh ketmish, falakka tiyralik yetmish,
Ul oy hajrida tor etmish falakni dudi afg‘onim.

Manam, oyu quyoshim deb, ko‘zim olmasmen osmondin,
Darak yo‘qdir zamin uzra, darak yo‘qdirku jonondin,
To‘yib ketmish G‘ulom sho‘rlik quruq afsona, yolg‘ondin,
Navoiy kabi hijrondin, bu oqshom o‘ldum afg‘ondin,
G‘amim yo‘q bo‘yla yuz jondin, yetib gar kelsa jononim.

BOBUR G‘AZALIGA MUXAMMAS

Qo‘ymagay erdim ko‘ngil yorg‘a darig‘o koshki,
Qilmas erdim bunchalar zoru tavallo koshki,
Bo‘lmas erdim qoshi yoy dildorga oshno koshki,
Ko‘rmagay erdim jamoli olamoro koshki,
Bo‘lmagay erdim bori olamga rasvo koshki.

Oshiq ahlin qomati xam qalbi pur armon emish,
Ul parining nozi ham ming darayu farmon emish,
Shul boisdan tortgani doimo g‘am – afg‘on emish,
Ishq bog‘ining niholi – g‘am, bari – xirmon emish,
Qilmag‘ay erdim bu gulshanni tamosho koshki.

Ahli ishq aslan vobasta aqlu qalbga, dilga ham,
Shul sabab, bermaslik erk shartdir so‘ngaksiz tilga ham,
Shunday ersa, suv toshib ketmas ikki sohilga ham,
Qilmag‘ay erdi ko‘ngil ishqni havas, bil, tilga ham,
Kechmagay erdi aningdek lafz aslo koshki.

Kuyladim ishqni yonib, sarf ayladim ko‘p satru harf,
Bilmadi ul bevafo, aytganlarim ketdiku hayf,
So‘ndirolmay qalb o‘tin, oshdi yurakda cho‘g‘u taft,
Qoshi yolar ko‘yida umri sharif etguncha sarf,
Qilg‘ay erdim masjidu mehrob aro jo koshki.

Ne yumush etdim ado, boriga ko‘ngil to‘lmagay,
Ishq izhor aylabon, bersangda dil, ul kelmagay,
Men G‘ulomni qul bilib, hech bir nazarga ilmagay,
Ixtiyor et o‘zga ish, Boburki, hosil bo‘lmagay,
Ishqu vaslu aysh ila ishrattin illo koshki.

MAShRAB G‘AZALIGA MUXAMMAS

Olama oshkor emas bu dardu pinhonim mening,
Qon yutarman tah-batah, yo‘q dami shodmonim mening,
Bir kuni jonla tugar, bu dili nolonim mening,
Hech kima ma’lum emas, holi parishonim mening,
Osmonni tiyra qildi ohu afg‘onim mening.

Garchi, dilda hasratu ko‘nglimda g‘am-qayg‘u tugun,
Orzuyim osmonida ba’zida barq porlab chunun,
Va’da berganday bo‘lur iqbolu baxtdin inchunun,
Men nechuk shod etmayin bul xasta ko‘nglimni bugun,
Keldi holimni so‘rab ul sho‘x jononim mening.

Qayta jonlandim ko‘rib, ey qoshi payvastam, seni,
Qolmadi g‘amdan nishon, qayga yo‘qotding sen oni,
Parvoz aylab ko‘kda ruh, quchyapti mahkam, ul meni,
Ey sitamgar, kelginu emdi shahid etgil meni,
Mavj ursin Karbalo dashtida bu qonim mening.

Topmadim yuksak samodin yo esgan ul – sabomisan,
Kahkashonga ho‘p yaqin zuhalmi yo zuhromisan,
Oymisan, quyoshmi yo bir noayon siymomisan
Chun Surayyo bormisan, aflokdin bolomusan
Bu falakda ko‘rmadim, ey ko‘zi cho‘lponim mening.

Gar olisdan bo‘lsa-da, mushkul bu ahvolimni ko‘r,
Ne savobu ne gunoh, barcha a’molimni ko‘r,
Istiqbol ham iqbolim, zavolu poymolimni ko‘r,
Nozu istig‘no bila kelgin, meni holimni so‘r,
Termilib doim yo‘lingda chashmi giryonim mening.

Umr o‘tarkan, bil, G‘ulom, yo‘lda turarsan, ey rafiq,
Xoh shodmon bo‘lsangu xoh g‘am yutarsan, ey rafiq,
Xohi sekin yursangu xoh tez yugursang, ey rafiq,
Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq,
Chiqdi, Mashrab, ushbu g‘amdin bu aziz jonim mening.

UMID

Dilda yog‘du bo‘lib tug‘ilar umid,
U bo‘lgan ko‘ngilda yorug‘lik porlar.
Nurlanib yonarkan undan qalb, vujud,
Shu’lasi shafaqni o‘ziga chorlar.

Niyat vojib bo‘lgach, sen shodumonsan,
Qalbingda barq urar boshqa bir tilak.
Unga yetmoq uchun kuyib-yonasan,
Shu niyat yo‘lida tinmaydi yurak.

Shu yo‘sin tugamas tilak ham orzu,
Umid – nur berguvchi ko‘ngil xurshidi.
Qalblarga harorat, o‘t purkab mangu,
Yashaydi har kimning dilda umidi.

O, Tangrim, ayirma umidni dildan,
Umid bor – sahrolar bo‘lur xiyobon.
U bo‘lsa ruhimiz parvozi baland,
U bilan elu yurt, olam farovon!