Gulbahor Said G‘ani 1969 yilda tug‘ilgan. Filologiya fanlari nomzodi. U Qo‘qon Davlat pedagogika institutini tugallagan. Hozir shu institutda faoliyat olib boradi.
Shoiraning “Yovvoyi ushshoq”, “Baribir baxtliman”, “Qo‘shig‘imni kutmoqda dunyo” nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan.
Qo‘qon shahridagi “Nihol” adabiy to‘garagi rahbari.
* * *
Bir-birini quvlar yam-yashil kunlar,
Balki meni kutib olgani shoshib.
Ketgisi keladi dovondan oshib
Toshkentning yo‘liga chiqqan teraklar.
Sog‘inchdan sarg‘aygan olma daraxti,
Meni sog‘inganmish shaftolilar ham.
Ona yer mehrini, quyosh taftini
Emib olganini ko‘rgani baham.
Ariqning chetiga bag‘rini berib,
Cho‘zilib qolibdi salla oshqovoq.
Anjirning yuragi sog‘inchdan erib
To‘kilar. Huzurin ko‘radi chorbog‘.
Yuzimni ko‘rishga mushtoqu muhtoj,
Nish urib chiqqandir jo‘xorilar ham.
Agar, hech ko‘rmasa yuzlarimda g‘am,
Boshiga popukdan kiyar emish toj.
Qadam qo‘ydim: bog‘i, dala-tuzi-da,
Ozod shamollarga chulg‘anib yodi,
Chayqaladi bugun baxt dengizida
Yashil kema misol gul taqqan vodiy.
Bir-birini quvlar yam-yashil kunlar,
Chapaklar chaladi osmondan oshib –
Tongda meni kutib olgani shoshib
Toshkentning yo‘liga chiqqan teraklar.
* * *
Osmonimda jizg‘anak quyosh.
O‘nggib borar kunlarning tusi.
Sarg‘ayadi tashnalik bilan
Kun sanagan tuproqning yuzi.
Yuzlanaman sensiz kunlarga,
Tobistonni xazon so‘roqlar.
Kuz shakliga kiradi asta
Nafasimdan kuygan yaproqlar…
* * *
Daftarim ocharman faromush,
Qatida qurigan qizg‘aldoq.
Daftarim sahfasi sarg‘aymish,
Bag‘rini kuydirgan kuyuk dog‘.
Men seni esladim, hayajon
Qurshagan qalbimga nur singar.
Had qo‘yib borolmam sen tomon,
Chiziqlar tortganman yuzingga.
Yillarning taqvimi to‘zg‘igan,
Qizg‘aldoq umricha yo‘q ishonch.
Yo‘qolgan hislarim izidan
To‘zg‘idim… taqvimdek benishon.
* * *
Diqqinafas xonaga sig‘ar
Yuzlab orzu, dunyo tashvishi.
Kimdir bemor, kimdir pultalab,
Bular bilan mening yo‘q ishim.
Elkamga yuk qilib charchadim,
Hijronlarning zil-zambil toshin.
Hamma narsa siqqan xonaga
Sig‘mayapti yolg‘iz bardoshim.
Bir lahza kel!
Kelgil, sevgilim!
Ko‘zlarimda dilgir ilinjim.
Men dunyoga sig‘mayapmanu
Lahzalarga sig‘ar sevinchim.
* * *
Eshiklarin ochadi ko‘ngil,
Zulfinlari zanglab sinadi.
Jilmayadi farishta ko‘ngil,
Baxtli, asli, uning tiynati.
Engildimmi, shunchalar yengil
Qirqta sirim seniki bo‘ldi?
Sokinlikda yashagan ko‘ngil
Muhabbatga ko‘nikib bo‘ldi.
Men qirq bora o‘zimdan ketdim,
Qirqta sirim bag‘rida gunoh.
Huzuringda titraydi jonim,
Sen – dilimning siridan ogoh.
Har nafasim bag‘rida hasrat:
«Xudo, mening dilimni asra!»
Qirq birinchi sirimdir jonim,
Qirq birinchi sirim – imonim!
* * *
Toshdek botar og‘riq tilimga
Baxt tilashdan charchagan tilak.
Bo‘m-bo‘sh qolgan uyadek g‘arib
Orom qushin yo‘qotgan yurak.
Ko‘zyoshimning dengizi to‘fon,
Suv yuziga urilgay qanot.
Chaqmoq urar, endi ko‘rinmas,
Og‘ir tortgan parvozga najot.
Ostonangda – jonim, muhabbat!
Ruhiyamni poylar tanazzul –
Qushlarimga ochgil bag‘ringni,
Qushlarimga bo‘laqol manzil…