Geldi Berdiyev (1942)

Geldi Berdiyev 1942 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. Qarshi Davlat pedagogika
institutini tugatib, o‘qituvchilik qildi, Samarqand viloyati radiosida ishladi.
«Birinchi qor», “Turnalar” nomli to‘plamlari chop etilgan.

TAROZI

Uni yaratdilar odamlar o‘zi,
O‘zaro nizoga qo‘yamiz deb chek.
Buzib ham qo‘ydilar kelganda kezi,
Tag‘in jar soldilar o‘zi deb buzuq.
Taroziga goho tushsa ishimiz,
Uchramasin deymiz uning nosozi…
Odamlar, men sizdan qo‘rqaman ba’zan,
Bugun qo‘lingizda dunyo — tarozi.

ILTIJO

Ko‘zlarimni yumaman uzoq,
Cho‘kib so‘ngsiz o‘ylar qa’riga.
Yo‘llaringga boqaman mushtoq,
Tashnadirman otash bag‘ringga.

Karvonidan ajralgan turna —
Misol xonish qilgum oqshomlar.
Dilbarginam, holimga qara,
Ohim bilan qorayar shomlar.

Axir aytgin, nima qilaman,
Qanday chiday bu og‘ir o‘yga?
Na yig‘layman, na-da kulaman,
Nega solding meni bu ko‘yga?!