Feruza Xayrullayeva 1993 yili tug‘ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Birinchi kitobim» ruknida «Qaqnus parvozi» nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
* * *
Har kechada kechikmas udum –
uyqusidan uyg‘onadi tun.
Ruhim tinmay potirlar hozir,
Yolg‘izlikka yasalmish yakun.
Derazani egallaydi oy,
Devor esa tislanar ortga.
Ko‘k chayqalar, go‘yoki kimdir
Elkasiga dunyoni ortgan!
El keltirar osmon atrini,
Ko‘zim to‘qnash kelar farahga.
Yuragimda aylangan kalom
talaffuzda aylanar baxtga…
Va peshonam yozig‘i bilan
Imzolayman – yer yuzi guvoh!
Lablarimdan sirg‘alib ketar
Ko‘zlarimga ko‘milgan gunoh!
* * *
Har kun…
Chiqillaydi soat boricha,
Yasolmaydi o‘zidan baxtni.
Irg‘itaman o‘rgimchak kabi
Bilagimga ilashgan vaqtni.
Xayolimga cho‘kaman og‘ir,
Kuragimga savol botadi.
Tiz cho‘kaman yurakka oxir
Va ko‘ksimdan tonglar otadi.
Qush tilida so‘zlar ko‘zlarim,
Hovuchimga to‘ladi isming.
Ko‘zyoshimga inadi titroq,
Yo‘lga do‘nar savdoyi jismim…
Shunda gullar oyning nigohi,
Devorlarga zabon bitadi.
Va daraxtlar uyqu aralash
Ko‘zlarimga kirib ketadi.
Har tun…
* * *
Yaxshiki, xotirang bor,
Unda sen baxtli –
Mendan ayamaysan shirin so‘zingni.
Va haddim sig‘adi har kuni tongda
suratingga kulib salom bergani…
Ovozing axtarib qolgan shu kunlarimda
moychechak ifori yoqadi menga.
balki bu ifordan yaralgandir
sening ovozing!?
Toshkent avaylaydi hatto meni ham,
Bag‘ritosh deganlar biroz yolg‘onchi,
Axir, asrayapti bag‘rida seni…
Har kech tushlarimda yig‘lasam,
moychechak ifori taralar.
Baribir uyg‘ongim keladi tongda,
Sen mavjud Toshkentni ko‘rgani…
* * *
Bolalik chog‘imda
rahmatli bobom
hovlimiz ortida turgan qirlarni
ko‘rsatib der edi:
«Mana shu qirlar
bir kun tog‘ bo‘lar!
Agar odamlar
ustiga chiqqancha tepkilashmasa».
Qo‘ltiq tayog‘ida qiynalmay yurib
(men shunday o‘ylardim har holda),
Qirning etagiga eltardi meni.
«Qara», – derdi, jimirlab turgan
jimitday buloqqa niqtab barmog‘in.
– Mana shu buloq,
hammaga yetar,
agar odamlar,
Bo‘g‘ib qo‘ymasalar yoshli ko‘zini…
Bu gaplarga ancha vaqt bo‘lgan.
Buloq qurib bitdi,
Bobom ham…
Qirlar nima bo‘ldi dersiz,
Qirla-ar!
Qirlarni sog‘inaman!
Biroq, borgim kelmaydi
qishloqqa sira.
Borsam yig‘latar –
O‘z bo‘yidan oshmagan qirlar!..
* * *
Suratlaringni yoqib yubordim…
Musiqa tinglamay qo‘yganman
allazamonlardan buyon.
Ko‘z yoshlarimni qayta — qayta
ichkariga qamayveryapman.
Yana…
Yana yashayapman!
Nafas olgim kelmasa ham,
Yashayveryapman!
Osmonni yaqin qilib qo‘ydim,
Erni yumshoqroq.
Armonning nomini sochimga bog‘lab,
Jamalak qilvoldim yarashmasada!
Soatlarga qaramayapman,
Oynaning yuziga dastro‘mol yopib,
Suratlaringni,
suratlarimizni yubordim yoqib…
Unutmaslik uchun Seni o‘lguncha…