Farida Anis (1968)

Farida Anis 1968 yilda tug‘ilgan. Qo‘qon davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. Uning “Oydin yo‘lim”, “Otam­ning orzulari” kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.

* * *

Har qayonga  yuzni bursam ko‘z ko‘rurmi yaxshilar,
Man kabi bir mushtipar  holin so‘rurmi yaxshilar?

Axtarib borsam  xumorim kulmagaymi holima,
Jilmayib qoshimda giryon charx ururmi yaxshilar?

Kimga qilsam gar vafoliq, ko‘rganim bo‘ldi jafo,
Ul yomonlar ko‘chasidin ham yururmi yaxshilar?

Ko‘nglu-chun o‘lmoq kerak deb, bo‘l poyandoz yor uchun,
Boqmasang gar davru davronlar sururmi yaxshilar?

Oh, Anis, ezgu amalning bormikin, yo‘q oxiri,
Ko‘rganida gul yuzingdin, yuz  bururmi yaxshilar?

* * *

Aylayin jonimni tortiq, mudrabo, yodimdasan,
Ko‘ngluma bir cho‘g‘ni solgan, aqrabo, yodimdasan.

Qalb uyingda saqla pinhon man g‘arib bo‘lmay uvol,
San o‘zing aqlimni olgan, dilrabo, yodimdasan.

O‘tdi qirq yil otashingdin cho‘g‘lanib yondi  ko‘ngul,
Tunla kunni ajratolmam, benavo, yodimdasan.

Ayriliq – hijron azobi boshga tushdi, ko‘rdi ko‘z,
Lolagun bo‘ldi qarog‘im, xunrabo, yodimdasan.

Ketdi umrim besamar kutmoq ila, eh, voajab,
Tushlarimda baxtiyor, ohanrabo, yodimdasan.

Bul Anisning fazliga kuygaymi tunda mohitob,
Chertma hargiz dil dutorin, mudrabo, yodimdasan.

* * *

Bormikin ahli jahonda  man kibi dilporalar,
Yo‘qmikin dardimga malham surtgani  ovoralar?

Bir boqib ul mudrabo holim parishon ayladi,
Ishqimi bayon etolsam topilurmi choralar?

Tobakay, bul hajr o‘tida qovrilarkin tanda jon,
Karbalolar dashtida man kimga qilgum zoralar?

Lek, bilurman abrining ortida turgan mohitob,
Kun kelib dil daftarimga asta pinhon mo‘ralar.

Shohsanamman, yo‘q  G‘aribdin ushbu kunda nom-nishon,
Dil bayozim dilga joylab ketmasin makkoralar.

Voh, Anisning ishqi daydib sochilurmi har qayon,
Bir musavvir arzi holin oq ko‘ngulga qoralar.

* * *

Yor jamoling ko‘rsat emdi termilib tolsin ko‘zim,
Ta’rifingni madh etolmay, gung bo‘lib qolsin so‘zim.

Rashk qulurman tunla kundan, oyga bermam hech qachon,
Qil poyandoz yo‘llaringga poying o‘pgumdir o‘zim.

Kaftlaringda yal yonib, voh, soylanib  oqqim kelur,
O‘ylasam, boldek dudog‘ing, lolagun bo‘ldi yuzim.

Kokiling anbarmi, bilmam, mushku anbar taralur,
Qomating qilsam tasavvur, to‘lg‘anur qo‘lda sozim.

Nimtabassum ayla bir bor ko‘rsatib injularing,
Husningga toqat qilolmam, topganim, bergin to‘zim.

Bul Anisning qalbiga cho‘g‘ tashlagan, albat, o‘zing,
To karomat uchrashuvga intizor boqsin ko‘zim.

* * *

Oh, Dilorom, sen kabi afsona bo‘lgan, man netay,
G‘am g‘izosin surtgali g‘amxona bo‘lgan, man netay?

Jismi afgorin ko‘rurga kelmadi Bahrom mudom,
Dil – kanizning bo‘yniga  marjona bo‘lgan, man netay?

Qismatimning hukmidan, oh, charchadi so‘ngaklarim,
Ayriliqning ko‘yida, mastona bo‘lgan, man netay?

Ufqdin yog‘ilsa anjum  qalbim obod etgali,
Hajr o‘tida notavon  arzona bo‘lgan, man netay?

Furqatingdin za’faron  o‘ldi jamolim jandasi,
Ilmi judolik uyida darsxona bo‘lgan, man netay?

Obidiydam bo‘ldi selob oqibatsiz sevgidan,
Xokipoyidan toptalgan rayhona bo‘lgan, man netay?

Ey, Aniso,  silta qo‘lni, izlama ganj, chekma ranj,
Ishq vodiysinda g‘amli, paymona bo‘lgan, man netay?