Farhod Arziyev (1975)

Farhod Arziyev 1975 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini, Hindiston Ommaviy axborot vositalari institutini, Buyuk Britaniyadagi Siti universitetini tugatgan. «Yolg‘izlik ranglari» she’riy to‘plamining muallifi.

* * *

Bilsangiz, bo‘g‘zimgacha hayajon —
Men yig‘lab aytmoqchi edim bu So‘zni:
Bu men, qaytib kelgan safardan,
O‘jar tiynati ranjptgan Sizni…
Gunohkor emasman foniyligimdan.
Men boshimni egdim, ochilarmisan:
Assalomu alaykum, Yashil darvoza!
Bolalik esingdami, bolalik — Vatan…
Bolalarin sevadi ona Tabiat.
Bul sirni angladim, axir, angladim.
Hurlik ulashgan-ku ruhimizga,
Men ham hurlikda yashadim!
…Tongotar. Uyg‘onadi odamlar
Bu — men, qaytib kelgan safardan,
Assalomu alaykum, Yashil darvoza!
Assalomu alaykum… Vatan!

TONGDA YoZILGAN ShE’R

Tongda dunyoni kuzatmoq go‘zal,
Asliga tortmasdan nur bilan soya.
Shoir bo‘larmidim, hech bo‘lmaganda,
Cho‘zilsa bu tasvir biror soniya.

Bilmadim, bul nega eskirgan sahna,
Go‘zaldir, yoshgina jonimga qasddir.
Bo‘lsa haqiqat ham, yolg‘on ham ko‘hna,
Bplmadim, osmon ham xato havasdir.

Ko‘ngil ozorlanar — gul uza jilva,
Ko‘ngil ozorlanar — gul bargi xandon
Sehr qodir agar, menga ham nima,
Unutmoq istayman hammasin tamom!

Tarki anjumandir ko‘ngil havasi,
Sahro harorati gulgun yoshida…
O‘g‘riyu kazzobning omadi asli,
Sinoat aylanib ko‘zu qoshida…

Bilmadim, tomirda oqdi gunohim,
O, yupanch istadim har zarrasidan!..
Bilmadim, hammasi aylanar yaqin,
Kechirgin, kechirgin, Hazrati Odam!

…Tongda dunyoni kuzatmoq go‘zal,
Asliga tortmasdan nur bilan soya.
Shoir bo‘larmidim, hech bo‘lmaganda,
Cho‘zilsa bu tasvir biror soniya.

* * *

O, qanday umiddir bilsang, azizam,
Ko‘nglimni tebratib yomg‘irlar yog‘ar.
Shamlar oqib borar ko‘zim sathida
Boshdan ayog‘im — zar,
boshdan ayog‘im…

Ruhimdan gul hidi keladi,
Xayolimda gullagandayman,
Boshdan ayog‘im gul, boshdan ayog‘im,
Xayolimda o‘lmagandayman.

Gullar senga o‘xshar juda ham,
Kiprigingda kabi barglarida nam.
Bu — mening eng yorug‘ umidim,
Bu — jannat havosi — yomg‘irli olam.

Yoshligimga o‘xshar, o‘n besh yoshimga,
Yomg‘irli olamda bog‘u ravog‘im.
Ruhimdan gul hidi keladi,
Boshdan ayog‘im gul, boshdan ayog‘im,
Boshdan ayog‘im gul, boshdan ayog‘im…


KO‘ZLAR VA DENGIZ XUSUSIDA

Ko‘zlaringda adashgan
Gunohkorning yuragi — bu nay.
Lablaringga bosgin, ohanglar dodlab,
Yolg‘iz yillarimga yetsin, men esa
Biron bir kunimni eslab o‘kinay.

Men bo‘m-bo‘sh qayiq kabi chayqalib ketayagshan,
Olislashib ko‘zing qirg‘oqlaridan.
Botayotgan quyoshning jilvalarida,
Sirlariga singib qorong‘ulikning,
Ovunib jodugar chiroqlariga.

Xush ko‘rdim seni, ey, moviy dengizim!
Sen ham meni xush ko‘r, dengiz, sog‘masman
Nega bunyodmanam, to‘lqinlaringda
Unut qirg‘oqlaring qadar oqmasam!

Tomchilaringga singgan osmonlarimni
Sharpalari tegib sochim oqarar.
Rangsiz maysalaring, chig‘anoqlaring
Mening yuragimni aytib chaqirar.

…Ko‘zlaringda adashdim, seiing ko‘zlaring
To‘lg‘onchiq dengizdir, bunchalar cheksiz!
Umrim qolib kotdi qaysi qirg‘oqda?
(Yolg‘iz yillarimdan esdalik, yodgor).
Men esa chayqalib ketyapman, voh-voh,
Olamu odamdan juda yiroqqa.

* * *

Daryolar oqa boshlagan joylariga
yana qaytib oqqani qaytib keladilar.
Ekkleziast.

Meni toliqtirdi bu qo‘shiq —
Chig‘anoqlar marsiyasi…

Ko‘nglim suvlariga g‘arq bo‘ldi osmon.
Cho‘kib ketdi
Cho‘kib ketdi
Yulduzlarning sirli jimligi,
Qoyalarga sevilmagan turnalar armoni,
Mangu ibodat siniqlari…

Qaytadi daryolar, daryoligi shu!
Qaytadi dunyolar, dunyoligi shu!
Odamlar esa qaytmagay!
Yo‘l tugasa ham ketaverar odamlar
Guvillab — guv-guv…,
O, ingroqlar qo‘shig‘i!
Yolg‘izlik qo‘shig‘i!..

Meni toliqtirdi bu qo‘shiq —
Yurakning yig‘isi…

* * *

Hazrat HAYYoM,
Sharobga to‘libdi ko‘zlarimiz,
Maylimi to‘ldirsak piyolamizni?..

Hazrat HAYEM,
Mast bo‘ldik, ayting-chi, bu nima olam?
Mast bo‘ldik, ayting-chi, biz qanday odam?

Hazrat HAYYoM,
Ruhimiz bemehr, sovuq ochunda,
Sharobdek chayqalur vujud ichinda,

Hazrat HAIYoM,
Hamon hayronamiz begonadikdan,
Qachon begonamiz hayronalikdan?

Hazrat HAYYoM,
Tuproqqa to‘libdi ko‘zalarimiz,
Maylimi sindirsak piyolamizni?..

* * *

Yomg‘ir yog‘ar,
Go‘zaldir bari.
Tun qo‘ynida ikkita sharpa…
Biz yana uchrashdik, ruhni ezuvchi
Ayriliq tumani tarqab,

Tunning bolalari ikkimiz,
Muhabbatning gunohkorlari.
Ko‘zlariigning tortig‘i — junun,
Joning suzar, ko‘zimga qara!

Yomg‘ir yog‘ar,
Tarqalib kadar,
Tillarimiz savdoyi oqin.
Telbadirmiz bu tun shu qadar,
Osmon bizga shunchalar yaqin!

SEN

1.

Gulim, sening yuraging toza,
Yuragingga boqayotgan men.
Ikki ko‘zing — ikki darvoza,
Darvozani qoqayotgan men.

Faqat sendan istarman panoh,
Faqat sendan olarman bahra.
Yillar mangu mehrdan yiroq,
Gulim, mening ko‘nglimga qara.

Asablarim o‘tday chaqnagan,
G‘urbatlarda zerikdim, gulim.
Birov borib eshik qoqmagan.
Uzlatlarda zerikdim, gulim.

Goh boshimdan sepishdilar zar,
Goho jazo berdilar: o‘lim!
Meni qancha o‘ldirishdilar,
Seni bor deb, tirildim, gulim!

Yigirma bir yoshimda keldim,
Yulduzlarim ko‘ksimda o‘chib.
Gulim, sening qoshingga keldim,
Ikki dunyo bahridan kechib.

2.

Faqat sen men uchun yashnab yurasan,
Faqat sen yashaysan mening g‘amim yeb.
Faqat sen Farhodni yaxshi ko‘rasan,
Faqat sen so‘raysan «Farhod qani?» deb.

Faqat sen ko‘nglimni tutarsan aziz,
Faqat sen men uchun qilarsan toqat.
Hamma va hammasi ketar-ku beiz,
Faqat sen men bilan qolarsan, faqat…

* * *

Ba’zan borgim kelar sening yoningga,
Tugab bitmasidan umr degan cho‘g‘.
Nega xayolimda yorug‘ olamda
Sendan bo‘lak mehribonim yo‘q?

Meni tushunarmi sendan yiroqda.
Xavotirlar bilan o‘tgan yillarim?
Meni tushunarmi eng kerak chog‘da
Qo‘limda yo‘qolgan gullarim?..

Imkonlar izlayman, topilmas nega?!
Meni mahbus kabi saqlar o‘zligim.
Inson bolasiga ba’zi-ba’zida,
Og‘ir botar ekan chorasizligi…

Nega xayolimda yolg‘izsan hamon,
Hech narsa dilingga hadik solmaydi?
Nega xayolimda sening yoningga
Mendan boshqa odam bora olmaydi?..


TAXAYYUL

1.

Shu hur qizg ko‘zlarini
Go‘shanga qil, xudoyim!
Kipriklari bo‘lsin raqqosa,
Unda ko‘nglim erkalasin ko‘nglini…

Shu hur qizning ko‘zlarini
Alanga qil, xudoyim!
Kipriklari bo‘lsin raqqosa
Olov tegrasida ko‘ray o‘zimni,
Loaqal bir bora bilay o‘zimni…

2.

Seni so‘roqladim
Atirgulning tushlaridan.
Paypaslab ko‘rdim
O‘n besh kunlik oyning yog‘dularini.
Tingladim bahorning nafaslarini.
Voh!
Buncha tozasan!..

* * *

1. Agar ko‘ngullarim xastamish,
Agar ayshim g‘orat banogoh.
Agar mijgonlarim yoshlandi,
Seni ko‘rdim dorul fanoda.

2. So‘rog‘im bormi yorug‘ olamlarida,
Hadsiz gunohlarimning yo‘qmi javobi?
Bir boqing bu qanday alamlarimki,
Sochmi yo kiprigi, qaddimi qabog‘i…

Pinhon borlig‘iga etsa oshino,
Ko‘zimni yumsamu ko‘rsam yuzlarin.
Behisob al-jabr, cheksiz handasa
Aning nigohlari, yo Tangrim…

3. Bu qanday tilsimdir, harir libosda
xonavayron etgan ko‘ngil haramin.
Ko‘z yumib lablarim labiga bossam
na ruhim qolibdi, na makruh tanim.

Bilmadim na bo‘lar bahridan o‘tsam,
ishqim kuyarmikan yoki iymonim?
Gulday quchog‘ida hijratim sabil
gulday quchog‘ida juvonmarg jonim.

4. Mangu ochlik bordir ruh ila qonda!
Shu mantiq zamirida tug‘ilar bari.
Senga bo‘lgan muhabbatim ham
Ruhdagi ochlikning bir ko‘rinishi…


MUHABBAT SOG‘INChI

1. Mana to‘zg‘ib yotar qush patlariday,
Ulkan orzularim, qaynoq hislarim.
Men esa beparvo bir paytdagiday,
Seni sog‘inaman, seni izlarman.

Mana xayollarim, qaytar ko‘nglimga
O‘zimday beqaror, yana betartib.
O‘n yil burungiday chiqib yo‘lingga,
Ularni men senga etsaydim tortiq…

O‘z qalbimga o‘zim cheksiz malolman,
Qo‘yolmam sen tomon hatto bir qadam.
Kecha ham, kunduz ham bitta savolman:
Nahotki men bo‘lsam shu turgan odam?!

2. So‘zlarim xatosi mastligim bilan,
Hayotni aldadim rostligim bilan.
Men seni bor deya she’rlar o‘qisam,
Sen ketib qolibsan yoshligim bilan.

HAJR IChIDA XAYoL

Sen mening betakror gustohligimsan,
Haqiqat deb topgan gumrohligimsan.
Gohida bemisl shakkok tasavvur,
Birda hayotsanu, birda o‘limsan.

Ro‘zi mahsharimsan, qiyomatimsan,
O‘zimning o‘zimga malomatimsan.
Xunimga tashnasan, mehri qattig‘im,
Harchand girya etsam, harchand o‘tinsam.

Ruhimni sindirgan muhtaram gunoh,
Nima fitna bo‘lding ko‘zimdan oqqan.
Qanday gulxaniysan, qandayin guloh,
Ichimga muz qalab sovuq o‘t yoqqan?!

* * *
(Alisherga hazil)

1. Ko‘nglimiz bor, zarimiz yo‘q dunyoda
Sevgimiz bor, yorimiz yo‘q dunyoda.
O‘zimizni so‘roqlasak, izlasak,
Yo‘g‘imiz bor, borimiz yo‘q dunyoda.

2. Orzular jimirlar uzoqdan sirli,
Xursandsan, holidan bexabar telba.
Sen suvsiz quduqdan ocmonga boqib
Yulduz sanayotgan chorasiz odam.


TUGAB BITMAS HIJRON

Vaqtiki olamda qolmasa murod,
Xazonday to‘kilsa husning gullari.
Ranjmi nima bilan ko‘nglimni yorsam,
Nega g‘oyib bo‘lar diydor kunlari?

(Sog‘inib o‘ltirarman, sog‘inib
Bul hayot shamin tegrasinda).

Navolar keladi – qadahlar to‘lar,
Sukunat keladi – ilohiy o‘lan.
Sen xunim bermassan, berahm, ag‘yor,
Hammasi, hammasi xun so‘rab kelar…

Jonga og‘u kabi singib borar vaqt
Unga orom yetmas, u bir gunohkor…
Sen haddu hududsiz sog‘inchday faqat,
Mubtalo etasan takror va takror.

Meni kechirarmi iztiroblarim,
Yo tahqir etarmi har so‘rovida.
Sen qanday sevgisan jallodi avval,
Sen qanday jallodsan sevgiga loyiq…

(Sog‘inib o‘ltirarman, sog‘inib
Bul hayot shamin tegrasinda).


YoShLIKNING ADOG‘IGA ChIZGILAR

Yurak aylanib ketgan qanotga
Bir yetim musiqa oqar mast
Sevgi nafrat bo‘lib qotgan…

Chaqirmas ortingdan kimingdir
Chaqirsa ham eshitilmas
Yutib ketar ayriliqning so‘ngsiz titrog‘i.

Ko‘nglingni buzadi kimningdir
“Baxtlimisiz?” degan so‘rog‘i…
Yalangoyoq so‘roqlar!
Ayovsiz toptaydi tuyg‘ularingni…

Ko‘klam bog‘larining shovqini
Olislashib borar,
ortidan
ergashar notavon iltijolaring.

Umidsizlik zulmati ichra
O‘zliging ro‘yoga aylanar
Mazmunsizlik qilar tantana.

Qanchalik, qanchalik beshafqat jazo
Yoshlikning adog‘i…

* * *

Sochlaring hidini keltirgan shamol
Daraxtlarga suyandi holsiz
quchoqladi mahkam
xo‘rsindi
tindi
bu tun hatto shamol ham
uy ham, deraza ham
deraza yonida o‘sgan archa ham
naqadar
naqadar achchiq istehzo
senga, muhabbatga, barchaga!..