1937 yilda tug‘ilgan. Namangan Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini bitirgan.
“Olmos”, “Boqiy baxt”, “Yaxshilik”, “Muhabbat bog‘i”, “Sog‘inish”, “Oq guldasta”, “Devon”, “Faryod”, “Oq va qora”, “Ikki qutb”, “Ezgulikdan umr charog‘on”, “Saboq” kabi kitoblari nashr etilgan.
* * *
Tun ketib, olam aro olamcha nurlar keldilar,
Nur bilan dillarga ham nurday sururlar keldilar.
Na surur, gulday bezay deb umrimiz daftarlarin,
Beg‘ubor tonglar kabi yorqin shuurlar keldilar.
Ro‘baro‘ bo‘lsa mashaqqat yo‘lda gung tog‘lar misol,
Qaddini bukmoq uchun sobit g‘ururlar keldilar.
Soyga boq, soyga tutashgan chashmalar yoniga boq,
Qo‘lda ko‘za, ko‘zda ishq g‘ilmonu hurlar keldilar.
Ermuhammad ona yurt madhiga til chog‘lar ekan,
So‘z emas, so‘z o‘rniga go‘yoki durlar keldilar.
* * *
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Bobur
Bu fazilat sarvari baxt taxtida sulton erur,
Shodumonlik qismati, ko‘rgay zamondin yaxshilik.
Umr o‘tib olganda ham og‘ushiga mangu turob,
Yodi elda, qaytadi har bir omondin yaxshilik.
Subhidam ersa diling, mehring taralsa nur kabi,
Na bashar, hatto, kelur Alloh tomondin yaxshilik.
Xobi g‘aflat bosmasin, yurma yomonlik rohidan,
Kim ko‘ribdir to hanuz tig‘i kamondin yaxshilik.
Uchrasa ahli jafo vasli hidoyatdan gapir,
Iddao shul, turfa bo‘lsin bari jondin yaxshilik.
Ojizu bechoradir vaqt oldida mulku manol,
Yilni qo‘y, qolgay muqarrar yaxshi ondin yaxshilik.
Ermuhammad, yaxshi ismin she’rga-da, sarlavha qil,
Ne uchunkim, chehra ochgay ushbu nomdin yaxshilik.
* * *
Sen tabassum aylagach, dilda quyosh uyg‘ondiku,
Chashmai shodlik misol ko‘zlarda yosh uyg‘ondiku.
Yuzlaringga nur sepin yoymish, ajib, mo‘jizami,
Jon oluvchi va’dalar izmida qosh uyg‘ondiku.
So‘zga lab ochgan eding, bulbul hamohang sayradi,
Qir-adirda o‘t-o‘lan, hattoki, tosh uyg‘ondiku.
Biz sayrga chiqqan erdik subhidam gulshan aro,
Tark etib uyquni, shunda keksa-yosh uyg‘ondiku.
Chin muhabbat vaslidan ortiqcha boylik qayda bor,
Kuylabon vasfin Namangan hamda Shosh uyg‘ondiku.
* * *
Ko‘zlaring jodusi bormi, tanga o‘t solmish, malak,
Ko‘zlarim ham yo‘llaringga termulib qolmish, malak.
Barq uribdi unda yog‘du hamda sarkash va’dalar,
Va’dalar ummonida suzmoq shirin bolmish, malak.
Oshiq ahli aytadurki, ul sanam sangdil erur,
Kimki sangdil vasliga xummor ekan, tolmish, malak.
Baxt, axir, cho‘pchak emas, qasri vafo qurmoq kerak,
Bu qasr boqiymi, mo‘rtmi, imtihon olmish malak.
Senga tahsin, negaki, zog‘lar o‘zin bulbul sanab –
Sayrasa gul qoshida bu beibo holmish, malak.
Ne sinoving bo‘lsa sobir Ermuhammad toabad,
Toabad ishqing dilimda qo‘ng‘iroq chalmish, malak.
* * *
Senga hamdamdir sabot otlig‘ ilohiy mo‘jiza,
Qolmayin g‘aflat ichinda, baski on qadriga yet.
Rizqu ro‘z savdosida mitti chumoli do‘ng oshar,
Mehnatingdan arjumand har bitta don qadriga yet.
Bu yorug‘ kun yormidi jo‘mard bobolar bo‘lmasa,
Erk uchun, iqbol uchun baxshida jon qadriga yet.
Hikmat ingan shodalar aslo g‘aybdan kelmagan,
Kibriyo fozillaring merosi — kon qadriga yet.
Inchunin, o‘zbekliging birlan abad faxr aylasang,
Ham g‘urur hamda surur, sobit zamon qadriga yet.
Tolmagin, qoqilmagin, oydin muroding bor ekan,
Keng jahonning jannati, tinch osmon qadriga yet.
* * *
Domingga tushdimu vaslingga shoshdim,
Lek sirday yoshirin, ko‘zdan narisan.
Biyobon qa’rida otashda yonsam,
Sen jinon bulog‘in pok kavsarisan.
Bo‘stonda sayr etsam — tuymam iforin,
Sen turfa gullarning muattarisan.
Izingga intizor miskin qul ersam,
Sen husn mulkining shoh gavharisan.
Erdaman, uchmoqqa yo‘qdir qanotim,
Sen olis samoning sha’n hulkarisan.
Voh netay, firoqdan egildi qaddim,
Sen yoysiz muzaffar jon navkarisan.
Sen misli ertakda bo‘ylagan pari,
Oshiqlar qavmining sitamgarisan.