Jo‘rayeva Dilobar Sa’dullayevna 1987 yil 20 may kuni Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. Uning “Ikkinchi umr”, “Ko‘ngil odami”, “Yuragimda gullaysan Vatan”, “Men sizni so‘rab keldim” she’riy to‘plamlari hamda “Qismat chorrahasi” nasriy to‘plami nashrdan chiqqan. Hozirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tuman bo‘linmasida bosh mutaxassis lavozimida ishlaydi.
TONG
Tim qora osmonning bag‘ri torayar
Mana, oy oldida bir yulduz halak,
Yuz ochib borarkan tobora shafaq
Mana, qor rangiga kirmoqda falak.
Mangu qoralikka cho‘mgan shaharning
Go‘yo ozodlikka chiqqani misol,
Qora lashkar sekin chekinib borar
Billur malak etak yoyar bezavol.
Osmonning naq ko‘ksin yorib o‘tarkan
Samolyot teng bo‘lib ketar samoni,
G‘imir-g‘imirlashib boshlanar hayot
Turfa xil ovozlar tutar dunyoni.
Mangulik yurtida chekinadi tun
Soatlar sahar deb uraverar bong,
Ming shukr borliqning yaralgani-chun
Hur obod diyorda otar yangi tong!
* * *
Qo‘limda, kaftimda, yengim ichida,
Senga tutmoq uchun saqladim bir gul
Shu bir dona gulni yetkazmoq uchun
Yonib, zor izladi seni bir bulbul.
O‘tdi u tunlarning qarolaridan
Jonini o‘rtadi bu zolim zamon,
Unga torlik qilar go‘yo bu olam
Boshiga qulagan misoli osmon.
Seni zor qidirdi falak toqidan
Parqu bulutlarga o‘zini urdi,
Nolasi dunyoni to‘ldirib ketdi
Voz kechgin deya qalbiga buyurdi
Jonimdan uzilgan shu bir dona gul
Bilmadim, senga qay sahar yetadi,
Oshufta bulbulku bo‘lib sargardon
Seni topgan kuni umri bitadi.
Ming bora evrilar bu charxi gardun
Ming tusda tovlanib oqadi anhor,
Orzular yurakdan olgan kabi xun
Qayta qayta kelar umrimga bahor…
YaShAMOQ ZAVQI!
Bedazorga yonboshlab olib
Tuyganmisiz maysaning bo‘yin?
Quloqlarni larzaga solib,
Tinglang ona zaminning kuyin.
Shildiragan buloq suviga
Eganmisiz kulcha botirib?
Tong saharlab bog‘ kezganmisiz
Kapalakni quvlab, yugurib.
Gul labida shudringni ko‘rib,
Hayratdan hech tosh qotganmisiz?
Rayhonlarni chakkaga taqib,
Qumrilarni uyg‘otganmisiz?
Lolalarni yuring kuldirib
Har o‘tgan on jon qadar shavqli,
Chor tarafni baxtga to‘ldirib
Qanday go‘zal yashamoq zavqi!
* * *
Qo‘l silkitding ketar chog‘imda
Qarab turding ortimdan uzoq,
Bilmas edim bu eng so‘nggi kun
So‘ng yetishin jonimga firoq.
Xayrlashgan dillarmi, qo‘llar?
To‘xtab qoldi Yer atalgan shar,
Qo‘l silkitding, negadir ular,
Hilpiragan bayroqqa o‘xshar…
SIZNI KO‘RGIM KELAVERADI
Kelasanmi, yo‘qmi so‘raysiz
Dilda hislar yelaveradi,
Qaytmasam ham ortimga lekin
Sizni ko‘rgim kelaveradi.
Armon yig‘lar qalbim to‘rida
Dard xanjari tilaveradi,
Umrim o‘tib bormoqda sekin
Sizni ko‘rgim kelaveradi.
Bag‘ir qoniga limmo-lim jom
Tashna labim so‘raveradi,
Yo‘llamaysiz hatto bir payg‘om
Sizni ko‘rgim kelaveradi.
Nahot taqdir uchrashtirmasa
Ishq bilganin qilaveradi,
Boshqa-boshqa ayrildi yo‘llar
Sizni ko‘rgim kelaveradi.
Topolmadim dardimga chora
Ko‘zlar giryon yig‘layveradi,
Ojiz qoldi ko‘ngil bechora
Sizni ko‘rgim kelaveradi.
* * *
Sen ketgach bu bog‘larda, jonim
Shamol kezdi izlab sarsari,
Qulab tushdi hadsiz osmonim
Boshga yog‘di yulduzlar bari.
Quyosh nurin ayadi mendan
Oy ko‘ksimga xanjarin urdi,
Zamin adashibdi yo‘lidan
Va yo yo‘lin ters tomon burdi.
Gumburladi momoqaldiroq
To‘kildiku boshimga bulut,
Qo‘lim toldi osmonni suyab
Indamadim, jim qildim sukut.
Sen ketgach bir isyon boshlandi
O, ko‘ngilning sarhadlarida,
Hamon seni kutib yashayman
Bulutlarning qat-qatlarida.
SEN
Sen ko‘ksimda ko‘pirgan
Hayrat to‘la dengizsan,
Sirlarimga sherigim
Olam aro tengsizsan.
To‘lqin bo‘lay ko‘ksingga
Meni endi joylab qo‘y,
Kema bo‘lay bir sarson
Darbadarni o‘ylab qo‘y.
Sen dunyoda yagonam
Men asragan yulduzsan,
Tunlar mening hamxonam
Quyosh kulgan kunduzsan.
Izlab-izlab topganim
O, bunchalar qaysarsan,
Tiniqsan osmon misol
Musaffosan, kavsarsan.
Jonimga jon bo‘lasan
Kel, yuzimni kuldirgin,
G‘amboda bu dunyoni
Shodliklarga to‘ldirgin.
Sen dunyoda yagona
Bo‘y taratgan atirsan,
Kechalardan izlagan
Men kashf etgan qadrsan.
Dardli-dardli dunyoda
Men seni bir quchgim bor,
Keyin qo‘lingdan ushlab
Osmonlarga uchgim bor.
Sen isyonkor bir ummon
Va yoki bir dengizsan,
To‘lqin bo‘lay bag‘ringda
Olamda eng tengsizcan!
* * *
Sen kelar yo‘llarga gullar to‘shalgan
Men borar yo‘llarda tikanlar bisyor,
Ko‘ngillar bir ajib ishqdan yaralgan
Bizni intiq qilgan shunday Biru Bor.
Sen kelar yo‘llarda she’r bor, qalam bor
Men borar yo‘llarga siyoh to‘kilgan,
Muhabbat yurtida dard bor alam bor
Shu sabab sahroga sog‘inch ekilgan.
Azizim, suyuklim, ko‘nglim ozori
Xayoling ko‘ksimni kuydirgan cho‘g‘dir,
Sen kelar yo‘llarda yoshlik bahori
Men borar yo‘llarning oxiri yo‘qdir…
KUYaR
Ko‘yingga bandi xayolim, orzuyu armon kuyar,
Tan kuyar, ko‘ngil kuyar, ham o‘t olib bul jon kuyar.
Pardani ol, nuri xurshid ravshan etsin jumlani,
Qo‘rqaman ammo: bu o‘tdin yer kuyar, osmon kuyar.
Izlaringga zor etib, tutding kibrning shevasin,
Endi yetmoqlik gumondir, boru yo‘q imkon kuyar.
Dahri dunda dod etarman, yeru ko‘k bermas sado,
Bu nechuk bir dard erurkim, doriyu darmon kuyar.
Azm etib Bobur kabi ketdingmi Hind, Afg‘on sari,
Ohlarim dovon osharlar, nolayu afg‘on kuyar.
Ey ko‘ngil, ozorda o‘lding, ishqda topmassan omon
Endi har mushkul yonar, oh, endi har oson kuyar.
Ey Dilobar, bo‘lma hayron xasta ko‘ngling holiga,
Ishq shunday bir olovdir, oshiq har inson kuyar.
ONAM SIZGA OMONAT!
Go‘zal kelin, oy kelin
Malohatga boy kelin,
Xushfe’l, xushchiroy kelin
Onam sizga omonat.
Yuzga kirsin yoshingiz
Omon bo‘lsin boshingiz,
Asrang ko‘zu qoshingiz
Onam sizga omonat.
Og‘ir botmasin so‘zi
Axir, siz ko‘rar ko‘zi,
Ko‘pam yomonmas o‘zi
Onam sizga omonat.
Azizsiz, har biringiz
Mehringizni beringiz,
Saqlaydi dil siringiz
Onam sizga omonat.
Dunyo toshu tarozi
Allohim bo‘lsin rozi,
Otam o‘rtada qozi
Onam sizga omonat.
Aybini yopasiz-da
To‘rt tomon chopasiz-da,
Ko‘nglini topasiz-da
Onam sizga omonat.
Duo qilib, horisin
Qalbidan dard arisin,
Berib turing dorisin
Onam sizga omonat.
Biz birrovga kelamiz
Orqada oilamiz,
Sizga qulluq qilamiz
Onam sizga omonat.
O‘tinchim shu, kelinxon
Qilmang sira shikoyat,
Kam bo‘lmangiz hech qachon
Onam sizga omonat.
ONAMGA
Kimlardir Xudodan tilar omonlik
Kimlarga hamrohdir mudom yomonlik,
Ba’zilar bor yupun, ranggi somondek
Men doim salomat yurmoq istayman
Onamni baxtiyor ko‘rmoq istayman.
Bulbullar ketsalar bo‘stonidan ham
Shoirlar kechsalar dostonidan ham,
Yulduzlar yog‘ilsa osmonidan ham
Aytmoqqa bir shirin kalom izlayman,
Onamni baxtiyor ko‘rmoq istayman.
Onamga atalgan uyimning to‘ri
Onamga atalgan qalbimning qo‘ri,
Onamga atalgan tilagim zo‘ri
Bir loyiq so‘z topmay nima qildim man
Onamni baxtiyor ko‘rmoq istayman.
Dunyodan menga ne dunyolar darkor
Volidam dilimda nomingiz takror,
Inson yo‘q men uchun sizday beg‘ubor
Yo‘qlab borsam, sekingina imlayman
Onajon, baxtingiz ko‘rmoq istayman.
YO‘QDIR
Mening oshiq bu qalbimda xiyonatga makon yo‘qdur
Sening injiq bu mulkingda diyonatdan nishon yo‘qdur.
Ayo makkor, shirin so‘zdan havoyi ming qasr qurding
Bilarmanki, diling ichra imon yo‘qdir, imon yo‘qdir.
Bu ikki o‘t aro bag‘rim yarodir, ne tilarsan, ayt,
Dilim sharhini aytmakka netay, biyron zabon yo‘qdir.
Ilohiy ishq ko‘ngil qasrin yoqib, kul aylasa ne tong
Bu yo‘lda mo‘l mashaqqatlar, bu yo‘lda bir oson yo‘qdir.
Bu changalzor aro yolg‘on tuzoqlar qalbni kutgaydir
Ko‘ngilni asramoqqa bir muhrlangan javon yo‘qdur.
Tilab oldim bu jonimga Yaratgandan balolarni,
Libosim tor, tanim bandi, emin-erkin zamon yo‘qdur.
Birodarman senga deb, bir tabassum-la qilar shaydo,
Ishi bitgach, diling o‘ygay, kamonidan omon yo‘qdur.
Bu dunyo moliga boqmam, sadaf, oltin kerak ermas,
Vafodor do‘st tilarman bir bu olamdan, hamon yo‘qdur.
Sen ey, qalbi buyuk inson, xarob o‘lma Dilobardek,
Seningdek yaxshi do‘st yo‘qdir, meningdek bir yomon yo‘qdur…
AZIZIM
Azizim, dunyoning bir burchidamas
Qo‘llarim yetgulik joyda yashaysiz,
Xayollar go‘zaldir, so‘zingiz go‘zal
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
Osmon uyingizdir, bulut uyingiz
Yomg‘ir kuyingizdir, shamol she’ringiz,
Buncha sirga makon ajib dilingiz
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
Sizni ummonlarga alishganim rost
Sizni armonlarga alishganim rost,
Sizni yolg‘onlarga alishganim rost
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
Bir hikmat dunyoda bo‘lar hukmron
Boshqa tilak, istak barisi yolg‘on,
Tars ikki bo‘linib ketmasmi jahon
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
Boringizga shukr, hali hayotsiz
Asrlar qa’ridan sirli faryodsiz,
Mening g‘animlarim boshiga dodsiz
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
Xoin deb dunyoga bir tosh otaman
Armonni yuragi yo‘qqa sotaman,
Hali ishqsiz dilingizni uyg‘otaman
Erdamas, siz asli oyda yashaysiz,
Ko‘nglimday eng xilvat joyda yashaysiz.
SENSIZ…
Endi tushlaringga kirmayman ortiq,
Ming yillik hasratni yig‘ib ketaman.
Ko‘ngling eshiklari, bildimki, ochiq,
Undan sekingina chiqib ketaman.
Endi derazangga qush kabi qo‘nib,
Sahar boshing uzra bo‘ylamagayman.
Tonggacha hilolday bo‘lib parvona,
Ilohiy ertaklar so‘ylamagayman.
Endi yuragimning qonin oqizib,
Oy kabi o‘tmishga botaveraman.
Kelishingga intiq ostona misol
Yo‘lingga termulib yotaveraman.
Endi seningsizlik domiga sho‘ng‘ib,
Armonni ko‘ksimga bosaveraman.
Tunlari yulduzsiz osmonga boqib,
Olovli misralar yozaveraman!
Endi tushlaringga kirmayman ortiq,
So‘rasang, jonimni qilardim tortiq…