Dilbar Haydarova (1952)

Dilbar Haydarova 1952 yili Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. 1977 yil NamDUni, 1982 yil Moskvadagi Maksim Gorkiy nomli jahon adabiyoti institutini bitirgan. 1983 yildan 1995 yilgacha O‘zbekiston televideniyesida muharrir bo‘lib ishlagan. 1996 yildan Namangandagi “Murabbiy” nomli o‘qituvchilar gazetasida muharrir. Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

“Norin mavjlari” (1980), “Ko‘klam qizi” (1983), “Ishq so‘qmog‘i” (1990), “Gullar nafasi” (1995), “Namanganskaya yabloka” (1995), “Vatan so‘zi” (1996), “Ko‘ngil bog‘i” (1997), “Dilistonim”, “Nastarin” (2003), “Gul faslim”, “Saylanma”, “Onajon” (2011), “Chimildiq” (2012), “Zarafshon fojiasi” (2010), “Tog‘ yo‘li” (2015) singari kitoblari chop etilgan. She’r va hikoyalari turli tillarga tarjima qilingan.

ONAMGA YO‘L

Buncha uzoq yurar,avto degani,
Yuragimni chaqib borar alam, g‘am.
Tushkun xayollarga bergancha ma’ni,
Bu kunga tushmasin deyman g‘anim ham.

Ellik kilometr yozar ko‘rsatgich,
Ellik chaqirimcha yo ellik farsax.
Yo‘lga yuzin tutgan teraklar ham zich,
Shamolda barglari chaladi qarsak.

Bu ravon yo‘llardan o‘tyapman yig‘lab,
Osilgim keladi qaldirg‘ochlarga.
Yo‘ldagi gullar ham bag‘rini tig‘lab,
Qizarib osilar tik og‘ochlarga.

Yo‘l degan ham shuncha bo‘larmi uzoq,
Ming xil gumonlarga ko‘mib tashladim.
Soatni ko‘rsatib bermangiz izoh,
Bir soatmas axir ming yil yashadim.

Onamga qaytardi qayga borsam yo‘l,
Yo‘llarda qonadi ba’zan tovonim.
Qaytara olmagan qarzlarim mo‘l,
Hamon duo qilar u notavonim.

Men kelar yo‘llarga ko‘zini berib,
Ko‘zim xira deya zorlanmaganim.
Men tortgan alamu-g‘amlarga sherik,
Ba’zan shod kunlarim yodlanmaganim.

Esimni kirgazib qo‘yar shu yo‘llar,
Ona,ko‘proq yashang deya qilaman duo.
Duoga yozilgan yozuvchi qo‘llar,
Sen tomon uzalgan, xudojon, xudo.

* * *

Muzlar teng kelolmas haroratimga,
Aytar so‘zlarimni aytish bo‘lgan urf.
Nimadir yetmaydi mahoratimga,
Hamon jimman ochmas og‘zimdagi qulf.

Shakarni talx deydi necha-nechalar,
Ichi chirib ketgan eski bangiday.
Chirmanda ushladi yangi chechalar,
Kimga yor-yor aytdi yana yangidan.

Bolalikda qolgan sodda go‘lligim,
Yuragimda qayta-qayta gullaydi.
Kimlarga qo‘l kelar soqov- gungligim,
Meni arzon garov narxda pullaydi.

Alamlar to‘kilar ichim-ichimga,
Kimdir lof uradi,itlar huradi.
Bosgancha turaman tishni tishimga,
Yuragimda isyonlar oh uradi.

Kanizga aylansa ba’zan Barchinim,
Alpomish qayda deb tikka turaman.
To‘xta,pastga ketma,ohuyim,chinim,
Qalbingga g‘ururdan bino quraman.

To‘maris maktabin o‘qiganim bor,
Uvaysiy-la tushda nazm tuzaman.
Nodira viqori qonimdagi or,
Ularga har oqshom qarzim uzaman.

Osmonga uchdim deb havolansa qush,
Erga qulashini mudom unutar.
Dengizning ustida charx urgan oqqush,
Hayqirig‘i mening tilimga o‘tar.

Tilim zanjirini ollohim yechar,
So‘zlarim to‘kilar yerga duvillab.
Eshitgan quloqlar kalima ichar,
Vatan,yonayapman ishqda gurillab.

DARYoJON

G‘amning bozorida yurib charchadim,
O‘zimni o‘tlarga urib charchadim,
Yaxshi-yomonlarni ko‘rib charchadim,
Yuzingga yuzimni qo‘yay daryojon,
Sog‘indim mehringga to‘yay daryojon.

Gul davrimga yetdim qishlardan o‘tib,
Hajr vodiysida alamlar yutib.
Qoshingga egildim borim unutib,
Yuzimni yuzingga qo‘yay daryojon,
Sog‘indim mehringga to‘yay daryojon.

Ichimda yig‘layman tashimda sirman,
Shoshma daryo,men ham senga asirman,
Mingta bulbulingga o‘zim tatirman,
Yuzimni yuzingga qo‘yay, daryojon,
Sog‘indim,mehringga to‘yay, daryojon.

Kuydim,yondim,otash bo‘ldim o‘t bo‘ldim,
Sohilingda sabza urdim o‘t bo‘ldim,
Oxir borib to‘rt tomonga o‘t bo‘ldim,
Yuzimni yuzingga bosay daryojon,
Ko‘z yoshim bag‘ringga to‘kay daryojon.

Osmonda oy guvoh,erda sen guvoh,
Xudo bitta bo‘lsa sen ham birsan oh,
Asli devonaman,ko‘ngil esa shoh,
Yuzingni yuzimga qo‘ygil, daryojon,
Oqizib,oqizib suygil daryojon…

AYoL

Behisht guli deya hidladilar goh,
Goh o‘zni osdilar sog‘inch doriga.
Ko‘nglingda ne borin bilmadilar goh,
Sen shukrlar qilding uning boriga.

Ming yil,milyon yilki seni yozdilar,
Turfa tilning turfa kitoblariga.
Kimlar ishqing bilan yo‘ldan ozdilar,
Sen shukrlar qilding,uning boriga.

Ming yil,milyon yilki seni yozdilar,
Turfa tilning turfa kitoblariga.
Kimlar ishqing bilan yo‘ldan ozdilar,
Sen zor o‘tding birin xitoblariga.

Aslida dunyoning siymu-zarlari,
Yarim bo‘lolmaydi sening ilkingga.
Daryoday sharqiroq sharq bozorlari,
Oshiqdir sotilmas ko‘ngil mulkingga.

Sen yonganda yonib,yonib keldi yoz,
Ko‘z yoshingdan kuzga aylandi shahar.
Qorni yalangoyoq kechganingda boz,
Gul bo‘lib to‘kildi poyingga bahor.

Ming yil,milyon yilki yozib she’r,g‘azal,
O‘tayotgan shoir Habibmi,Mashrab?
Hamon go‘zaldirsan,azobing go‘zal,
Dunyoni devona,qilgancha yo rab?

SOG‘INCh

Izimga to‘kilur ohu ko‘z yoshi,
Ichimga to‘kilur oh,ko‘zim yoshi,
Chidashga sarfladim hamma bardoshim,
Oramizda oqqan daryomi,
sog‘inch,
Sayragan bulbuli go‘yomi,sog‘inch?

Bo‘zlab o‘z-o‘zimga va’dalar aytdim,
Qaytib ko‘rmaslikdan iborat baytim,
Qandoq o‘tar sizsiz bayram hayitim,
Devonalar qilib qo‘ydi-ku,sog‘inch,
Begonalar qilib qo‘ydiku,sog‘inch?

Ko‘nglim qonab borar bu riyolardan,
Ko‘nglim qolib borar diy-diyolardan,
Ko‘ngilsiz yashagan avliyolardan,
Qachon kelar visol ayyomi,sog‘inch,
Qachon tugar sening bayoning,sog‘inch?

* * *

Deding: Qish qaro kecha,
Dedim: Tonggi go‘zaldir.
Deding:Sovuq telbacha,
Dedim: Bahori galdir.
Deding: Ko‘klashin ko‘rsat,
Dedim: G‘unchalarga boq.
Deding: Qolmadi fursat,
Dedim: Zumda pushti,oq.
Deding: Qayda yomonim,
Dedim: Uyquda jonim.
Deding: Buncha yomonim,
Dedim: Jonimda jonim.

* * *

Gulim qayta ochildingizmi?
Ifor bo‘lib sochildingizmi?

Sog‘inchlardan ado bo‘ldi dil,
Quchog‘imga to‘kiling dadil.

Ishq-muhabbat yaprog‘ingizda,
Ozod eting firog‘ingizdan.

Quvonch shodlik sog‘inch bu nahor,
Qax-qax otib kelar gulbahor.

Gulim qayta ochildingizmi,
Ifor bo‘lib sochildingizmi?

* * *

Qilichning damida o‘tmoqda umrim,
Tovonlarim yoriq,tovonlarim qon.
Yana tig‘lar uzra chaqnar ko‘zlarim,
Yana yuragimga qiynoqlar hoqon.

Vujudimda yana chaparasta o‘t,
Qancha olovlarga o‘zim tatirman.
Do‘st,sen ham bu yo‘ldan asta-asta o‘t,
Bu yo‘lda yozilgan o‘tli satrman.

Bu yo‘lga kirganning boshida qilich,
Hidoyat yo‘lida umrin o‘tkarar.
Ko‘ngilning to‘rida bir yorug‘ ilinj,
Bu qilichning dami haqqa yetkarar.

NASIMIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Ko‘zingda xilvati posbonni ko‘rdim,
O‘zingda xislati osmonni ko‘rdim,
So‘zingda ismati ismonni ko‘rdim,
Yuzingda surati rahmonni ko‘rdim,
Qoshingda qof val-qur’onni ko‘rdim.

Unutdim bor dunyo saodatini,
Jonim ichra joylab hidoyatini,
Aytib ikki dunyo hikoyatini,
O‘qidim darsi husning oyatini,
Yodi musxabdagi furqonni ko‘rdim.

Ko‘zimning quvvatidin san yaralding,
Tilimning novvotidin san yaralding,
Imonning suvratidin sen yaralding,
Muhammad ummatidin sen yaralding,
Sani go‘zallarning sultoni ko‘rdim.

Yodim siniqlari ko‘ngil ichinda,
Ichima to‘kilmish ashkim ichimda,
Furqatingiz yodi ashkim ichinda,
Halilulloh ila ishqing o‘tinda,
Chu yondim, gul kabi rayhonni ko‘rdim.

Og‘rig‘ing manimdir, san manim kim,
Jonimi jahoni, san manim kim,
Eru-ummonim bir san manim kim,
Salomim Nuha yetar san manim kim,
Uningla g‘arq bo‘lib, to‘fonni ko‘rdim.

Ravodir ming bir o‘tda yonsam mangakim,
Ravodir ming bir o‘yga tolsam mangakim,
Ravodir ming bir ko‘yga solsam mangakim,
Ravodir Xizr ila qolsam mangakim,
Labingda chashmai hayvonni ko‘rdim.

Suvdan inju, dur izlar asli g‘ovvos,
Katta boylik, shon izlar asli g‘ovvos,
Dengizlarda oqqanning ismi g‘ovvos,
Kirib daryoi ishqqa misli g‘ovvos,
Ki la’lu gavharu ummonni ko‘rdim.

Sizni izlab borgan shu yoringizdur,
Ishqni haqqa yo‘ygan dildoringizdur,
Tog‘-tosh kezib topgan diyoringizdur,
Bizim maqsudimiz diydoringizdur,
O‘qidim, daftaru-devonni ko‘rdim.

Cho‘lu-biyobonda gardga giriftor,
Chin so‘zning gadosi mardga giriftor,
Hidoyat izlagan shartga giriftor,
Zulayxodek bir kun dardga giriftor,
Hazaron Yusufi Kan’onni ko‘rdim.

Gullarning ishqida bulbul berur jon,
Bulbulning ishqida har gul berur jon,
Dilbar hasratidan soladi suron,
Nasimiydek bu kun har kim berar jon,
Yaqindir gar desa jononni ko‘rdim.

NASIMIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Hajring devona etdi-ku ey ozorim, qaydasan?!
Buloqdek qaynab chiqqan ul so‘z bozorim qaydasan?!
Dil-dilimni yayratuvchi ey sharorim, qaydasan?!
Jonimni yondirdi hijron, ey nigorim qaydasan?!

Dunyolar zimiston yoqqin chil chirog‘ing, kel yetish,
Menga begonadur ul yaqinu-yirog‘ing, kel yetish,
Ko‘nglimdek duv to‘kildi savti turog‘ing, kel yetish,
Bag‘rimni qon ayladi, achchiq firog‘ing kel yetish,
Ey labi hasrat, sharobi xush quyorim qaydasan?!

Qayga borsam dardu-alam, kulib bororim qolmadi,
Gul yuzingdan rang olurga, ixtiyorim qolmadi,
Osmon yiroq, yer qattiq, ki gul diyorim qolmadi,
Sabrimni yag‘moladi, jo‘shqin qarorim qolmadi,
Ey manim oromim, ey sabri-qarorim qaydasan?!

Subhi sabolar aytmadi, imkon salomat pirima,
Ko‘zlarimning xobida tikon alomat pirima,
Kimga dardim oshkora g‘ilton samovot pirima,
Ayladi ishqing mani qalqon, malomat pirima,
Ey qoshi-ko‘zi yolg‘onchi shahriyorim qaydasan?!

Goh xayolda boshing uzra, uchmisham parvonadek,
Hijron o‘ting otashini quchmisham parvonadek,
Gohi shamshod qaddim egib, ketmisham parvonadek,
Ey uzun shamingdan yiroq, tushmisham parvonadek,
Yonaman layli-nahor ey nuri-norim qaydasan?!

Sochingdek uzun daryo bo‘yini manga har subhdan,
Lablaring shakar, bolin bo‘yini manga har subhdan,
Ko‘zlaring chashmi giryon suyini manga har subhdan,
Ilondek yubor soching bo‘yini menga har subhdan,
Shanki, yondi ketdi haddan intizorim qaydasan?!

Sandan o‘zga dard g‘amim yo‘qdir, safoli yori -do‘st,
Dilda o‘zga hamdamim yo‘qdir, jafoli yori do‘st,
Dildan aytar gaplarim ko‘pdir, qafoli yori-do‘st,
Sendan o‘zga ko‘nglima yo‘qdir vafoli yori-do‘st,
Ey safosiz, husni komil, yodigorim qaydasan?!

Yor uchun borar bo‘ldim do‘st bo‘lur kishan manga,
Dunyoning paykonlari naqd turar nishon manga,
Kuyib, kuyib sarg‘ardim kel, maxliqo ishon manga,
Yor uchun har ko‘chada ming bir bo‘lur dushman manga,
Ey savodi-a’zami mahrami hojarim qaydasan?!

San dilimning oftobi, san muhabbat parvari,
Izlaringga to‘kilgan dunyoning mushki-anbari,
San deb o‘tur jahon aro dilbarlarning Dilbari,
Chun Nasimiydir bu kun ayyomi-ishqing sarvari,
Ey shakar lab, yori shirin ro‘zg‘orim qaydasan?!