Davlatjon Karim (1991)

Davlatjon Karim 1991 yili tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
She’rlari matbuotda e’lon qilingan.

OLISDAGI YaQIN GO‘ZALIM

Men seni yo‘qotib men seni topdim,
Men seni uchratdim sendan ayrilib.
Sendan yiroq ketib sen tomon chopdim,
Senga yuzlanyapman har yon qayrilib.
Cho‘g‘ kabi sovqotdim qaro kunlarda,
Oq-oydin tunlarda gurladim muzday.
Hayqirdim, dod soldim so‘zsiz – gunglarday,
Ne ajab, barg yozdim bemavrid, kuzda.
O‘ylasam, hayotim tush kabi, ro‘yo,
Tushlarim hayotdir endi men uchun.
Yuksalganim sari cho‘kyapman go‘yo,
Tobora sensizman, huvillar ochun.
Bu qanday azobdir, bu qanday baxtdir.
Sevgi avvalimdir, sevgi azalim.
Sen – achchiq qismatim, sen – yorug‘ taqdir,
Mening olisdagi yaqin go‘zalim.
Men seni yo‘qotib men seni topdim,
Men seni uchratdim sendan ayrilib.
Sendan yiroq ketib sen tomon chopdim,
Senga yuzlanyapman har yon qayrilib…

NAVOIYNING NAVOSI

Zanglagan idrokingni
Naqsh etadi Navoiy,
O‘zingga o‘zligingni
Baxsh etadi Navoiy.
She’riyat osmonida
Yulduz emas, oy emas,
Mangu osmon singari
Aks etadi Navoiy.
O‘rgatadi hayotni,
Qalbingni ko‘rsatadi,
Boyimassan balki, lek
Shaxs etadi Navoiy.

AFG‘ON TOG‘LARI

Afg‘onchi Xoliyigit buvamga

Hamon tushlarimga kiradi Afg‘on,
Yuragimni tirnar iztirob tig‘i.
Eslasam, to‘ladi ko‘zlarimga qon,
Qalbimni o‘rtaydi ko‘hna dog‘larim,
Kechalar qaydandir keladi yig‘i –
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

Yig‘lab qoldi g‘amxo‘r, jonkuyar onam,
Yig‘lab qoldi suyuk qalam qoshligim.
Olis o‘lkalarga bo‘ldim ravona,
Qonlar kechib o‘tdi ma’sum chog‘larim,
Afg‘on tog‘larida qoldi yoshligim,
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

Har kuni falakka boqib ko‘zlarim,
Matonat so‘rardim, duoda qo‘lim.
Go‘dakday yig‘lardi majruh do‘stlarim,
Jangga kirar edi qolgan sog‘lari,
Har kuni jaholat, har kuni o‘lim,
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

Kim uchun kurashdim o‘zi, aslida
Urushni boshlagan befahm gumroh.
Men kuzakka yetdim bahor faslida,
Xazonga ko‘mildi hayot bog‘lari,
Qirqqa kirmasimdan qaridim, ey voh,
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

Urushda mag‘lub yo‘q, yo‘q unda g‘olib,
Urushlar hamisha hissiz, mazmunsiz.
Tunlar uyg‘onaman cho‘chib, to‘lg‘onib,
Yig‘lasam, bo‘g‘zimda qotar ohlarim,
Kechalar yig‘layman tovushsiz, unsiz,
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

Telbani ko‘rganday boqadi olam,
Yuragimda bitmas hasrat, ozorlar…
Holimni bilmaydi hattoki bolam.
Har biri qadrdon do‘st-o‘rtoqlarim –
Jasur botirlardan qolgan mozorlar,
Hamon tushlarimda Afg‘on tog‘lari…

ARAFA

Albatta, ertaga kuladi quyosh,
Albatta, ertaga eriydi muzlar.
Quvonchdan chechaklar to‘kadi ko‘zyosh,
Ohista nozlanar gullar, yalpizlar.
Ertaga daraxtlar ochadi bag‘ir,
Nasimlar barchani erkalar birday.
Kim ham sog‘inmaydi bahorni, axir,
Axir, kim ham sayr qilmas yomg‘irda.
Qor ostidan o‘tlar ko‘taradi bosh,
Boshimizni silar beozor yellar.
Bo‘ronlar tinadi tortishib yuvosh,
Boshlanar ko‘klamgi bayram, sayillar.
Qushlar qo‘shiq aytar erta sahardan,
Nolalar bo‘lmaydi dilni o‘rtagan.
Qaytib kelgan kabi olis safardan
Yurakdan ko‘rishar hamma ertaga…

XULOSA

Bu dunyoninng ishlari chalkash…
Anvar Obidjon

Bu dunyoning ishlari chalkash –
U dunyoning borligi to‘g‘ri.
Imonsizmas har bitta alkash,
Sotqin emas har qanday o‘g‘ri.
Qafas ichra hayqirsa sherlar,
Yuragimni siqadi bir dard –
Nokasga goh omad berilar,
Suyanadi sabriga goh mard.
Inson o‘tar balanddan, pastdan,
Lek bir holat dilni g‘ashlaydi –
Kimdir yashab o‘ladi asta,
Kimdir o‘lib yashay boshlaydi…
Nomard erur nomardga esh kim,
Haq yo‘lida bo‘l sobitqadam –
Erkak bo‘lib tug‘ilmas hech kim,
Erkak bo‘lib ulg‘ayar odam.