Bobomurod Rahmatullayev (1979)

Bobomurod Rahmatullayev 1979 yil 2 noyabrda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh (hozirgi Batken) viloyatining Laylak tumanidagi Cho‘yanchi qishlog‘ida tug‘ilgan. BatMUning filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi.
She’rlari “Ata Jurt”, “Diydor”, “Batken tonggi”, “Demos tayms”, “Mezon”, “Suley info” va Tojikiston Respublikasidagi gazeta va jurnallarida bosilib chiqqan. 2012 yilda “ Moviy hislar” nomli ilk she’riy to‘plami nashrdan chiqdi.
“Do‘stlik bayozi”, “Adabiyot gulshani” nomli almanax kitoblarga turkum she’rlari kiritilgan.
2015 yilda Tojikiston Respublikasining yosh ijodkorlari orasida o‘tkazilgan Shukurullo Avliyozoda nomidagi adabiy mukofot tanlovi g‘olibi bo‘lib, laureatlik diplomi bilan taqdirlangan.

TALABALIK DAFTARIDAN

Sog‘inchning ko‘liga cho‘kkan bedavo,
Visol saxrosida qulman adashgan.
Hijronga hamxona, sabrga g‘anim,
Sherikman kufforga zino talashgan.

So‘qirman- faqirlik to‘nini kiygan,
Tavbada qo‘llarim, topganim xazon.
Qulog‘im ostida hamon tanish kuy,
Ketsam ham ruhimni allalar Azon.

***

Sizni uzoq o‘ylayveraman,
O‘ylaysizmi siz xam men xaqda.
Sizni desam, daryoda oksam,
Kutasizmi meni qirg‘oqda?

Har soniya siz deb yashasam
Bir qayrilib qaramaysizmi?
Ortingizdan yursam, yiqilsam,
Siz korimga yaramaysizmi?

Yoningizga yugurib borsam
Ozor berib haydamaysizmi?
Men sho‘rlikni mayna qilishni,
Qo‘ymaysizmi, charchamaysizmi?

Gulday nozik guzal malaksiz,
Kiynadimmi tutib so‘rovga.
Fakat gulim sizdan iltimos,
Berib qo‘ymang meni birovga.

***

Ko‘ngling shoddir,
Ko‘zlaring-chi berk.
Bilmam, nima kutding ertadan.
Seni hanuz tanimaydi Erk,
Yillar esa o‘tar bittadan.
Dong taratmoq istading betin,
Topolmading qarg‘ishdan bo‘lak.
Kuylab yording bulbullar o‘tin,
Umr sen-chun oddiy bir yo‘lak.
Ko‘ngling shoddir,
Yo‘llaring-chi berk.
Seni hanuz tanimaydi Erk.

* * *

Kun burkalar, dimiqar nafas,
Sukunatga cho‘kar nigohim.
Tashqariga qilmayman havas,
Tashqarida o‘sar gunohim.

G‘irchillaydi mensimay eshik
Va sabrimni sinar deraza.
Sen kelmaysan aytaman qo‘shiq,
Yo tutaman gullarga aza.

Sen kelmaysan, tilimlanar dil,
Rashkmikan bu yo g‘alat g‘avg‘o.
Hafsalam pir, eshikni ochib…
Tashqarida bir dunyo ig‘vo

***

Menku faqir,
Menman alamnok.
So‘nggi rishta uzildimi yor.
Adog‘i yo‘q bu qora tunlar,
Ko‘z yoshingday buzildimi yor.
Nega buncha xolis bo‘lasan?
Sellaringda oqmadimmi yor.
Maysalarday mungli shivirlab
tushlaringday yoqmadimmi yor.

***

Gulxan o‘char, asta chirsillab,
Nigohlaring oyga qadalgan.
Tun siringni qo‘yadi gullab,
Peshonangga boshqa atalgan.

Umidlarim sarobday so‘nar,
Ko‘zlaringga qarab bo‘lmaydi.
Ko‘ngil ko‘nar, azobga ko‘nar,
Biroq uni aldab bo‘lmaydi.

Oxirgi tun, ketasan izsiz,
Men qolaman tun bilan yakka.
Ko‘nikaman yashashga sensiz,
Dalda berib kuygan yurakka

SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ

Jiyda guli silar yuzimni
bog‘da bulbul nolasida dod.
Qo‘llarimda sara guldasta,
meni kutar begona hayot.

Beboshligu sho‘xlik, qaysarlik,
bilmas edim qaytmas ekanin,
qo‘limdagi gulisafsarning
yuragimga botdi tikani.

Lahzalarga singidi borliq,
men bog‘daman haliyam giryon.
Bezanaman nursiz kunlarga,
Qo‘llarimda sochilar xazon.

IG‘VOGAR

Meni yozganlarim seni yodingda,
Qo‘shiqqa aylanar har kuni qayta.
Kitobga muk tushib izlaysan ig‘vo,
Senga achinaman bunday paytda.

Ustimdan har kuni ig‘vo changini
Sochaver, ayama rahming kelmasin.
Oqlarga burkansam, suysa bilganlar,
Sig‘insang mayliga, rashking kelmasin.

Jonimni bo‘laklab tashlagin yerga,
Haqqinga duolar qilay yiqilib.
Mevali daraxtman- toshlar otilgan,
Kun sayin soyamda qolma siqilib.

Ikkimiz tariqat ostonasidan
Injular teramiz poyma-poy yurib,
Men xudo emasman, xo‘rsinma rafiq,
Qalbingda yashayman avliyo bo‘lib.

***

Qayg‘ular gullaydi kunlarimizda,
Halovat, orom yo‘q tunlarimizda,
To‘siqlar, tikanlar yo‘llarimizda,
Buyog‘iga qanday yashaymiz, gulim.

Hatto maysalarda umid nishi bor,
Bahorning ortidan kuzu qishi bor,
Sevishganlar bilan kimni ishi bor,
Buyog‘iga qanday yashaymiz, gulim.

Bizni tinglab kelmas oyning uyqusi,
Shumikan haqiqiy sevgi tuyg‘usi,
Dardga taskin berar bolam kulgusi,
Buyog‘iga qanday yashaymiz, gulim.

G‘animlar qo‘lida qopqon va tuzoq,
Yur jonim men bilan, ketaylik uzoq,
Yaqinlar bizni deb cheksalarda oh,
Buyog‘iga shunday yashaymiz, gulim

***

Baridan ko‘z yumib ikir-chikirning,
Qo‘l silkib ro‘zg‘orning tashvishlariga.
Ruhga madad bergan ilohiy ishqning,
Aylangim keladi oq qushlariga.

Uniqib boradi eskirgan umid,
Yurakda muzlaydi-topganim armon.
Xuddi kechagiday xo‘rlanadi dil,
Ketaman, bir yo‘l bor, eltar u tomon.

Bilaman, hech kimning ko‘nglida qolmas,
Men topgan, men tutgan umidsiz mayoq.
Haytovur bir dasta ozod she’rlarim,
Tunma-tun izg‘iydi mag‘rur va sayoq.