Baxtiniso Mahmudova 1993 yili tug‘ilgan. “Yurt kelajagi – 2015” iqtidorli yoshlar tanlovi g‘olibasi. “Hovuchdagi yurak”, “Ufqqa yo‘l” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
VATAN
Men she’rday o‘qidim daraxtlarini,
Yodladim bargining xollarigacha.
Zaminin bahor deb, dunyoni kuz deb,
Quchdim yozlariyu qorlarigacha.
Ko‘zimni nimadir avaylab o‘pdi –
Shamol bo‘sasida yondi kipriklar.
Ikki jahonlarni tutashtirguday
Yuragimga undan bunyod ko‘priklar.
Bobomni ko‘raman tog‘iga qarab,
Momomning kaftiga o‘xshar hayoti.
Uyqumga ko‘chgani sira tushlarmas, –
Daladan dil tergan qushlari yodi.
Boshoqqa boylanib o‘sar umrlar,
Yulg‘unday shoxlanib, rostlanar dehqon.
Xohlasa, tandirday gullaydi tuproq,
Xohlasa, yomg‘irday to‘kilar osmon.
Bu afsunni kimdan o‘rgandi ekan?
Nurlar to‘shab borar quyosh iziga.
Koshki, vatan bo‘lsam ko‘nglimdan o‘tgan
Ulug‘vor Vatanning bitta hisiga…
DIL BONGI
Bir go‘zal qo‘shiqlar kuylagim kelar,
Nigohlari so‘lim, ohangi sokin.
Lek ichimga singmish shamollar, yellar,
Yuragimda shovqin, ruhimda shovqin.
Kimning ismidir bu ilhaq, titrak sas,
Hayot qaysi dildan chalayapti bong?
Haddidan o‘tolmay, kunlarimgamas,
Tushlarimga shoshib kirayapti tong.
Men ham shoshayapman betoqat va zor,
Qadamin tezlatar ko‘zimdagi yosh.
Faqat… ketmasa-yu bog‘lardan bahor,
Botgani shoshmasa bo‘ldiydi quyosh.
Turnalar qaytadi, ha, ular qaytar,
Kelarim, ketarim bir yo‘l mening ham.
Dunyo ermak uchun yozmasin qaydlar –
Yuzingni bekitgin, bekit, peshonam…
Bir go‘zal qo‘shiqlar kuylagim kelar…
IShONCh
Zaminning ko‘ziga joylashganimda,
Yuragimni tutsa qushlar ko‘z yoshi.
Mening benaf, bedod og‘riqlarimdan
Aylanib ketganda dunyoning boshi.
Mezonlari menga safarga chiqsa,
Yodimning ko‘nglida chalkashaversa.
Daraxt odam bo‘lib, sabo tilida
Nafaslarim bilan gaplashaversa.
Dard yomg‘irday yuzga to‘kilganida
Boshimni silasa Ayyub bardoshi.
Majnuna hislardan iltifot kutib,
G‘ashlanib botganda ruhim quyoshi –
Siz yetib kelasiz orzular bilan…
QAYTISh
Agarda qaytmasam…
Kuzgi bog‘larga
Bir nasim bo‘laman, chekinar og‘riq.
Ko‘zimning oldida yuksalasan sen,
Ko‘zimning oldida ulg‘ayar borliq.
Men singib boraman maysaga, yerga,
Qayg‘ular ko‘ksimni toptamas bevaqt.
Mening yuragimda chayqalar dunyo,
Mening ovozimda chuchkirar daraxt.
Agarda qaytmasam,
Qaytolmasam men,
Yana jim ketaman nurafshon bo‘lib.
Bir ichkin nolada, ezgin nolada
Ko‘zlarim qaytadi namozshom bo‘lib…
BARHAYoT SO‘Z
Fasllar almashinur, kimlarga qalam yo‘nib,
Dildan chiqqan kalomning begonasi bo‘lmagay.
Yurak derazasining oldida oppoq bo‘lib
Gullar Hamid Olimjon – kech kuzda ham so‘lmagay.
Dunyo yukli karvondir – ko‘zi yoshli, biri kamli,
Bag‘ridagi kemtiklar zari bilan to‘lmagay.
Hayot! Seni kuyladi goh suyib, goh alamli,
Aytgan so‘zi – barhayot, Zulfiya hech o‘lmagay.
ShAMOL
Bu shamollar tinim bilmaydi,
Bu shamollar – erka shamollar.
To‘rt faslida yursa ham daydib,
Adirlari olmas malollar.
O, men shamol edim bir paytlar,
Qirlarida sapchib o‘ynagan.
Kuyim o‘sdi… ko‘paydi dardlar,
Va… o‘ylaganim o‘ylagan.
Dunyolarim oddiydan oddiy,
Men-da malol bilmasman, netdim.
Sen ham bitta erka shamolday
Yuragimda esdingu ketding…
TILAK
Rangin tushlar ko‘ring, azizim,
Rangin bo‘lsin dunyolaringiz.
Menikidir oq va qoralar,
Menikidir endi yodingiz.
Endi menman xatodan ado,
Endi men eng toza jazoman.
Siz ranjimang, tushuning, axir,
Men baxt emas, Baxtinisoman.
Goh bezdirsa, oqu qoralar,
Dil yig‘lasa mendan narida.
Rangin qo‘shiq kuylasangiz bas,
Yuragimning qiblalarida…