Bashorat Otajonova (1986)

Bashorat Otajonova 1986 yil 13 fevralda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida o‘qigan. Hozir «Boshlang‘ich ta’lim» jurnalida bo‘lim muharriri vazifasida ishlaydi.
U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Zominda o‘tkazilgan iste’dodli yosh ijodkorlarning 7-an’anaviy anjumanida «Yuksak badiiy tasvir vositalari uchun» nominatsiyasi bo‘yicha sovrindor bo‘lgan (2003). Ta’lim sohasi muammolarini yoritishdagi salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan (2017). She’rlari va tarjimalari respublika nashrlarida chop etilgan.

* * *

Saraton charchadi…
Eski ko‘ylagin
Yuvib marvartakning shoxiga ildi.
So‘ng mening yonimga — yog‘och ko‘prikka,
O‘zini tashladi horg‘in va dilgir.

Boshimizda osmon — ko‘nglimday ulkan,
Yulduzlar — yuzimga toshgan sachratqi.
Somon yo‘li kezar ko‘zlarimizda,
Yurakni yorgudek hayrat sachratib.

Ariqlarning labi — bir uzuuun ayvon.
Maysalar ko‘ziga qo‘ngan payt tushlar —
Xira bulutlardan berkinib, suvda
Oyning siniqlari rasmga tushar.

Shunday manzarani ko‘ziga qamab,
Shunday manzaraning o‘tib bahridan —
Charchagan saraton xuddi singlimday,
Asta uxlab qolar mening bag‘rimda.

* * *

(Singlimga)

Bizni qishloq tug‘di!
Yashil dalalar,
Ko‘nglimizni varrak qilib uchirdi!
Bulutlarni yordik sodda bolalar,
Osmon ko‘zimizga hayrat ko‘chirdi.

Tobora balandlab uchdik,
Varrakning
Ipi chuvalashdi.
Qishloq mung‘aydi.
So‘ng topa olmadi izlab, daraklab,
Quyoshga yo‘l oldik biz — ikki daydi.

Quyosh — bo‘ydoq shahar —
Olifta va tund!
Orzularni ekdik — xuddi yulduzlar.
Endi biz shaharlik, bolalik unut,
Sochlariga popuk qadalgan qizlar.

Har oqshom yo‘llarga ko‘z tikar qishloq,
Kutvolgani chiqar baqateraklar.
Bizlar she’r to‘qiymiz unga bag‘ishlab,
Shaharda adashgan sodda varraklar.

Poyiga tiz cho‘kib so‘raylik uzr,
Sho‘rtepa — yo‘limiz poylagan vatan.
Varrakday bag‘riga uchaylik,
Axir
Bizni qishloq tuqqan!!!

BOLALIKNI QO‘MSAB…

Yana tol ko‘chaga namozshom cho‘kdi,
Xira tortib qoldi kunlarning ko‘zi.
«Arining iniga cho‘p suqar oqshom —
Hozir ajinalar ketadi to‘zib».

Kalima qaytarib, rangimiz o‘chib,
Asta tarqalamiz bir ko‘cha bola.
Eshiklar yopilar.
Qulf — katta tosh
Bizni ajinadan qilar himoya…

Yillar suvday oqdi.
Tollar kesildi,
Tollarning ortidan ketdi kampirlar.
Bizni qo‘rqitmaydi endi ajina,
Tol ko‘chadan ko‘chib ketgandir sirlar.

Endi tol ko‘cha hech ahamiyatsiz!
Bolalar — olifta! O‘yinlar mulzam…
Temir eshiklarda temir qulflar,
Garchi ajinalar qo‘rqitmasa ham.

Yana tol ko‘chaga sukunat cho‘kdi,
Kunduz yonboshladi ko‘zlari tinib.
Zerikkan namozshom qishloq oralar,
O‘sha kampirlarni sog‘inib…

* * *

Bugun tongda bahor uyg‘ondi!

Derazaning yoriqlaridan,
Sizib kirdi o‘rnimgacha mart.
Tashqarida og‘iroyoq bog‘ —
Daraxtlarni tutayotir dard!

Bugun tongda bahor uyg‘ondi!

Tunda yozni tush ko‘rgan quyosh,
Badanida iliqlik sezdi —
Nim tabassum havoni yorib,
Izg‘irinning zahrini kesdi.

Bugun tongda bahor uyg‘ondi!

Chevar xola — Tabiat tikdi,
Maysalardan yashil dasturxon.
Gul qadadi oralariga
Binafsha va qoqio‘tlardan!

Bugun tongda bahor uyg‘ondi!

Derazaning yoriqlaridan,
Ko‘nglimgacha oqib kirdi mart.
Uyg‘ondim-u…
Hislar uyg‘ondi,
Yuragimda boshlanmoqda dard!

Yuragimni bahor uyg‘otdi!!!

* * *

Quyoshni uyiga kuzatar tuman,
Teraklar poyiga cho‘kib borar nur.
Kuz — bizni ayirgan sariq yosuman,
Bog‘ chetida kuzni qarg‘aydi g‘urur.

Yomg‘irlar qo‘ynidan to‘kilgan tilak,
Sochimni bo‘yaydi kamalak rangga.
Sukunatni quchib mudraydi yo‘lak,
Sarg‘aygan xazonlar — g‘iybatchi yanga.

Bog‘…
Majnuntol osti…
Ikki o‘rindik.
Bag‘rida zerika boshlaydi shamol.
Kuz — yetim qolgan qiz, ko‘ylagi yirtiq,
Kuz — barglar qo‘ynida berkingan xayol…

* * *

Harir bulutlarning chokini so‘kib,
Moviy bo‘shliqlarni yoryapman, ona.
Oyoqlarim yerga ketyapti cho‘kib,
Osmondan-da o‘sib boryapman ona.

Bedor tuyg‘ulardan sarmast yotibman,
Bosh qo‘yib ko‘ngilning bolishlariga.
Za’faron xazonlar yanglig‘ ko‘ndim man,
Xastako‘ngil kuzning nolishlariga.

Bir kuni bolalik do‘nib ertakka,
Duoga qo‘l ochar sajdagohim — Yer.
Hurlar poklik to‘shab ketgan yo‘lakka,
Mening yuragimdan to‘kiladi she’r…

* * *

Hansiraydi toliqqan kecha,
O‘z o‘tiga o‘zi qovrilar.
Qismati sho‘r bulutlar bebosh,
Orzulari ko‘kka sovrilar.

Qishloq yotar terga belanib,
Kun jonidan o‘tganda rosa.
Rang so‘raydi tundan elanib,
Bag‘ri o‘ngib ketgan darvoza.

To‘qson yoshli hassali cholday,
Mudragancha turar so‘rilar.
Quruq bo‘yin yashira olmay,
Kuymalanar keksa mo‘rilar.

Majnuntollar — yangi kelinchak,
Ko‘zlarida sog‘inchning rasmi.
Osmon — go‘dak to‘la belanchak,
Maysalarning kelar havasi.

Og‘zini cho‘g‘ kuydirgan tandir,
Kiyib olgan motam ko‘ylagin.
O‘choqlarning nigohi taxir,
Ko‘zlarida oqar o‘ylarim.

Choyshabiga o‘ranadi tun,
Mag‘rur titrar mag‘rur daraxtlar.
Qora tundan qo‘rqqani uchun,
Oyning yuzi oqarar battar.

Hansiraydi toliqqan kecha…

* * *

(Shalolaga)

Osmon — muhabbatga limmo-lim yurak,
Yulduzlar — undagi sirlarning aksi.
…Yana paydo bo‘ldi tilsimli yo‘lak
va yana hislarning betakror raqsi.

Sargashta bog‘larga xazonlar cho‘kdi,
Yana ko‘zlarini namladi samo.
Qizning yuragiga armonlar to‘kdi,
Rangin tuyg‘ularga ko‘milgan dunyo.

Kitobda yashadi, sevdi, sevildi,
Umrini basht etdi daqiqalarga.
«Mening bahodirim…» shivirladi u,
Sog‘inchlar to‘kildi sahifalarga.

Deraza ortida… Qizning yonida
Yuragiga joylab butun osmonni,
Mung to‘la ko‘zlarga intizor edi:
Uning bahodiri — uning armoni.

Yana yulduzlarni yashirdi osmon,
Yana derazaga urildi shamol.
Qizning nigohlari o‘t oldi birdan,
«Sen — ko‘ngil gunohi,
ketyapman, xush qol,

mening bahodirim…» shivirladi. U
Sovuqdan junjikib kitobni yopdi.
Deraza ortida… Qizdan uzoqda,
Tanish kipriklarni qirovlar o‘pdi.

…Yana paydo bo‘ldi tilsimli yo‘lak,
Va yana hislarning betakror raqsi.
Yana murodiga yetmadi ertak,
Ko‘ksimga bosh qo‘ydi qiz yana o‘ksib.

* * *

Siz kelasiz — daqiqalar hayajonda,
Dukurlari urib ketar yuragimning.
Kenja botir — yigirma yil sog‘inganim,
Siz kelasiz — ijobati tilagimning.

Ko‘ksamanning tuyoqlari o‘t sochadi,
Chor tarafdan ko‘k toqiga olov uchar.
Kenja botir — yigirma yil sog‘inganim,
Yuragimdan chorlov uchar, chorlov uchar.

«Devlar o‘ldi…» Qof tog‘idan kelgan jarchi
shamollarning tilidagi handasidir.
Kenja botir — yigirma yil sog‘inganim,
Haqning mag‘rur bandasidir, bandasidir.

Qizg‘aldoqlar — olov bo‘lgan tuyg‘ularim,
Boychechaklar sog‘inchimning ranglarimi?
Kenja botir yigirma yil tushdan ko‘rib,
Ertaklarning orasidan tanlaganim.

Yo‘llar uzun…
Manzil olis…
Siz yaqinda…
Yo‘lingizga ko‘zin tikkan ertakchi qiz,
Ko‘ksmanning tuyog‘idan o‘t chaqnatib,
Kenja botir siz kelasiz, siz kelasiz…

* * *

(Hamidulloga)

Bor ekanda yo‘q ekan,
Och ekanda to‘q ekan.
Aslida buvimdayin,
Ertak kitob yo‘q ekan.

Mezon. Oqshom. So‘ritok.
Teraklar orasida,
Berkinmachoq o‘ynardi,
Yulduzlar norasida.

Ertakka ko‘milardik,
Uyiga іaytgach oftob.
Sen, men, Mirahmad, Bahri
Va buvim-ertak kitob.

Tushlarimga kirardi,
Uch og‘ayni botirlar.
Bugun ko‘nglimni buzdi,
O‘sha shirin xotirlar.

Bugun yulduzsiz osmon,
Unutilgan so‘ritok.
Biz ulg‘aydik… Men ketdim,
Toshshaharga kayfim chog‘.

Garchi kitobga do‘stman,
Garchi ko‘pdir ermaklar.
Endi o‘shandagiday,
Sehrlimas ertaklar.

…Bir bor bo‘ldi, yo‘q bo‘ldi,
Bir och bo‘ldi-to‘q bo‘ldi.
Buvimdayin sehrli,
Ertak kitob yo‘q bo‘ldi…