Barot Isroil (1938)

Barot Isroil 1938 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini (hozirgi TDPU) tamomlagan. “Boychechak”, “Nay navosi”, “Sufhidam”, “Ona yer atri” kitoblari, “Onaizor” roman-essesi nashr etilgan.

UMRIMNING TO‘RT FASLI
To‘rtliklar

ShARAF

Elu elat, Vatanga xizmat qilish sharafdir,
Yurtdan ayru tushganning turmush tarzi xarobdir.
Xalqing uchun yashashning o‘zi katta mukofot,
Bundan ortiq martaba barchasi bir sarobdir.

TABIAT MO‘’JIZASI

Tabiat mo‘jizasin anglay olmadik,
Ko‘kdan ham, yerdan ham izlab tolmadik.
Allomalar umrbod axtarib o‘tdi,
Bizlar ham izladik, sirin bilmadik.

SEN O‘ZING

Sen o‘zing ruhingni boshqar, idrok qil,
Shunday ish tutganlar, shubhasiz, oqil.
Buning uddasidan chiqmasang agar,
O‘z hayotingga o‘zing bo‘lasan baxil.

SUHBAT

Dono birla suhbat qilsang, diling yayraydi,
Xushnud damlar yodga kelib, tiling sayraydi.
Bilimdonlar muloqoti rohati jondir,
O‘tmaslashgan zehningni suhbat qayraydi.

BIROVLAR

G‘aflat uyqusida yotar birovlar,
G‘oyibdan mo‘jiza kutar birovlar.
Qilgan xato ishin sabog‘in uqmay,
Shunday kelib, shunday ketar birovlar.

KURMAK

Yuz yil yashash, yuz yil zahmat demakdir,
Nodonlarga umr o‘tishi ermakdir.
Maqsadi yo‘q, orzusi yo‘q odamlar,
Bamisoli guruchdagi kurmakdir.

JAHON ChARXPALAGI

Jahon charxpalagi aylanaveradi,
Umr rishtasi unga boylanaveradi.
Ertaga ne bo‘lar, bilolmas inson,
Yangi marra sari shaylanaveradi.

QIShI HAM bOShLANDI

Yoshligim bahordek o‘tdi, beqiyos,
Umrimning gullagan payti erur yoz.
Kuzida yetilib to‘lishdi jismim,
Qishi ham boshlandi, sokin, qanday soz?

G‘URURING

Yuraging urar ekan harakatda sururing,
Yashash uchun kurashar, egilmayin g‘ururing.
O‘tkinchi xayollarning zanjirin uzib, toki,
O‘zliging anglaguncha tugaydi bitta umring.

DO‘STINGMAN DEGANLAR

Do‘stingman deganlar yuzin o‘girdi,
Borish-kelishlikni asta chegirdi.
Suhbatni sog‘inib qo‘msagan chog‘da,
Xayolan ko‘ngilginam xeshga yugirdi.

MUG‘AMBIR

Mug‘ambir hizmatin pesh qilaveradi,
Bo‘lar bo‘lmas ko‘zga yosh olaveradi.
Xayrli ishlar uchun yo‘qlasang agar,
Bir bois topib, chetlab qolaveradi.

ARMONING YoDGA KELAR

Hech qachon dunyoning ishlari bitmagay,
Xayolingdan hayot tashvishi ketmagay.
Barini uddaladim degan paytingda,
Armoning yodga kelar, aslo, unutmagay.

KUNLAR O‘TAVERADI

Samarali va besamar vaqting ketaveradi,
Gohi bedor, goh uyquda, tonglar otaveradi.
Quyosh chiqar, shomda botar, mangu takrorlanadi,
Xohlasangu xohlamasang umring o‘taveradi.

GERDAYIB KETMA

Boylik ham, xorlik ham yodingda tursin,
Ta’ma qilib yurma, o‘zida bersin.
Omonat omaddan gerdayib ketma,
Ko‘rmagan odamning ko‘rgani qursin.

HAR HUNARNING

Har hunarning sir-asrori bor,
Uni anglab olishlik darkor.
Agar eplay olmasang, afsus,
Sening umring o‘tibdir bekor.

QALOV YaXShIDIR

Uzoq safar qilganda ulov yaxshidir,
Qahraton qish faslida olov yaxshidir.
Har narsaning o‘z payti, mavridi bo‘lak,
Gulxan yoqsang o‘tingga qalov yaxshidir.

KO‘NIKDIM

Ko‘nikdim tabiatning issiq, sovug‘iga ham,
Ba’zida rohatijon, ba’zida bo‘ldim mulzam.
Bariga shukrona aytib, yo‘limda davom etdim,
Bir kun ma’murlik kelsa, bir kun g‘ariblik mubham.

TAQDIR

Taqdirda neki borki, barini ko‘raverdim,
Qay tomonga yo‘llasa, chekinmay boraverdim.
Juda ko‘p muammolar yo‘limga g‘ov tashladi,
Baribir belni bog‘lab maydonda turaverdim.

QARINDOShLIK

Qarindoshlik rishtasin saqla, uzmagil,
Elu elat udumini zinhor buzmagil.
Bir kuni yakkalanib, nadomat chekib,
Xazon yaprog‘i misol har yon to‘zmagil.

PEShONA

Peshonaga yozgandan ortig‘i bo‘lmas,
Zahmatsiz hayotning tortig‘i bo‘lmas.
Qilmishi qidirmish, degay, yaxshilar,
Pok ezgu niyatning yirtig‘i bo‘lmas.

O‘ZIMGA SO‘YLADIM

Umrimning to‘rt tomonin to‘rtliklarda kuyladim,
To‘rt faslda qad rostlab, hayot sari bo‘yladim.
Hamon orzu yetaklar, armonlarim dilimda,
Hayot so‘qmoqlari aro o‘z-o‘zimga so‘yladim.