Barot Boyqobilov 1937 yil 14 martda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1997). SamDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1962). «Samarqand satrlari» (1962), «Visol» (1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970), «Sonetlar» (1982), «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» (1990) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon» (1981), «Notinch Xuroson» (1985), «Sokin Xuroson» (1992) va «Qonli Xuroson» (1992) dostonlari, «Hayrat ul-Abror» (1997) she’riy romani ham bor. B. Petrarka, V. Shekspir, P. Neruda, R. Hamzatov sonetlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2006 yilda Toshkent shahrida vafot etgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994).
* * *
Yur, chiqaylik sayrga, do‘stim,
Sog‘inganman Siyob bo‘yini.
Tark etaylik shaharni bir zum
Ko‘rmoq uchun ko‘klam to‘yini.
Kapalakday aylab sayri gul,
Bog‘lar aro kezaylik xurram.
Sendan faqat iltimosim shul,
Bizdan rizo bo‘lsin bu ko‘klam.
Qo‘lingdagi chinni piyola,
Mayli, menga tutmasin sharob.
Yur, azizim, tezroq Siyobga,
May o‘rnida ichaylik gulob.
Yoshligimiz o‘tgan gul bog‘lar
Har bahorda bizni so‘roqlar.
* * *
Urgut chinoridan mening qalamim,
Qalbimning sofligi – buloqlaridan.
Odamlarin mehri – o‘tli kalomim,
Qaddim rasoligi – alp tog‘laridan.
Ko‘klam xandasidan – tabassum, kulgim,
She’r bitgan qog‘ozim – saxiy dalasi.
Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim,
Nafasim – shifobaxsh subhi sabosi.
Bedor soylarida – umrim kemasi,
Charx urgan kaptari – o‘y-orzularim.
Tilidagi g‘azal – sevgim shevasi,
Cho‘qqiga ketgan yo‘l – mening izlarim.
Tarjimai holim – Urgut qissasi,
She’rim – urgutliklar oltin bo‘sasi.
* * *
Mevali daraxtga tosh otar,
Toshlardan butog‘ing sinmasin,
Shoxingga kalxatlar qo‘nmasin,
Qismating o‘ylasam bosh qotar.
Ko‘zimda qurg‘oshin yosh qotar,
Mayli, tosh otganlar tinmasin.
Mevangni yeb turib, tig‘lansin,
Boshingda bir kuni tong otar.
Vale tong otguncha, otib tosh,
Tutundek o‘rlatsa ohlaring,
Dardingga bo‘lgandek qayg‘udosh.
Xazondek yonsa gar bog‘laring,
Sen bo‘lib o‘rtada jon talash,
Qirqishib ketmasin shoxlaring.
* * *
Ey mening go‘zalim, mening farishtam,
Senga tushganida dastlab nigohim,
Yulduzday beshumor balki gunohim,
Ey mening go‘zalim, mening farishtam.
Qalbingta tutashdir mening jon rishtam,
Ey mening dilbarim, chashmi siyohim,
Bu chigal dunyoda sensan panohim.
Qalbingga tutashdir mening jon rishtam.
Jonim rishtasini uzma qalbingdan,
Samoni tutundek tutmasin ohim,
Oftob ham kuymasin sening qahringdan.
Sevmaklik ayb emas, ey mening mohim,
Ishqimni haydama ko‘ngil qasringdan,
Qalbingdir topingan mening mehrobim.