Azimjon Rahimov 1935 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti, Moskva Davlat universiteti, M. Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutida tahsil ko‘rgan, maktabda o‘kituvchilik qilgan, yoshlar tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. U «Milliy adabiyotlar ravnaqi», «Zamin ve zamon sadolari», «Hayot haqiqatini izlab» kabi 7 kitob, 150 dan ortiqroq maqolalarning muallifidir.
Uning she’riy mashqlari ham muxlislarga manzur bo‘lgan, ba’zilari kuyga solingan.
U filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
SONETLAR
* * *
Mayli, meni sevmasang, dilbar,
Mayli, menga qilmasang vafo.
Mayliga, yuz o‘girsang agar,
Mayli, ming bor aylasang jafo.
Mayli, meni darbadar etsang
Mayli, senga sevgim tufayli
Har baloga daf bo‘lsam, mayli.
Mayli, meni tanimay ketsang…
Mayli, kuyib kul bo‘lsa bag‘rim.
Mayli, yaram bitmasa ishqdan,
Mayli, yoyday egilsa yag‘rim.
Mayli, Majnun holiga tushsam,
Faqat, faqat, aylab malomat,
Meni badnom qilmagil faqat…
* * *
Bu yil havo past keldi, derlar,
Injiqligin qildi tabiat.
O‘zimizni qahramon o‘ylab,
Tabiatni aybsitish g‘alat.
Sobit emas tabiat, o‘ktam
Har faslning o‘zgacha nozi,
Kuzi to‘kin, issiqdir yozi.
Shuning uchun go‘zaldir o‘lkam.
Sen ham sobit emassan, erkam.
Kuydiradi nozu firog‘ing.
Sitamingda hoksor ersam,
Shahzodaman visoling chog‘i.
Ayriliqda yer quchaman, yer,
Sitam qilsang, she’r yozaman, she’r.
* * *
Binafshagul kitob qatida,
Jonlantirar xotirotingni.
Yuraklarim zirqiratadi
Eslar bo‘lsam dilda otingni.
Tuman yanglig‘ ketasan tarqab,
Ayon bo‘lib tong sabohida.
Seni eslab gohi-gohida,
O‘tmoqdaman taqdirni alqab.
Umid kabi juda uzoqsan,
Yoshlik misol qaytmaysan butkul,
Miltillagan mangu chiroqsan.
Porlamaysan, o‘chmog‘ing tugul..
Ilk muhabbat qalbda tosh yotar,
Yodi bilan har kun tong otar.
G‘AZAL
Qaroligi bu tunning qoshing qarosidanmu?
Ko‘zingda yongan otash ishqning balosidanmu?
Gul g‘unchasin yulibsan, qo‘lga xino qilibsan,
Etdingmi bag‘rini chok tutib yaqosidanmu?
Mehr bilan tikilsam, qo‘l birla yuz yashirding
Yuzingdagi qizilliq qo‘ling xinosidanmu?
Fig‘onim otashidan yugurdi qon ufqqa,
Shafaq qizilligi yo yuzing jilosidanmu?
Azim — buyuk demak so‘z, lekin buyuk emasman,
Ishqim buyukligi rost, firoq jafosidanmu?