A’zam Ismoil (1952)

A’zam Ismoil Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘ida 1952 yili tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat pedagogika institutining chet tillar fakultetini tamomlagan. Farg‘ona politexnika institutida ishlaydi.
U jumhuriyat ijodkor yoshlari V seminar kengashida qatnashgan, she’rlari turli matbuotlarda e’lon qilingan.

DUNYo, DUNYoLARING SUVGA OTAMAN

Qalandar libosin kiydirding menga,
Ketarman molimdan, mulkimdan kechib.
Mol-dunyo qullarin hayratga solay
Egnimdan zar-kimxob to‘nimni yechib.

Bu juldur xurjunni yelkamga tashlang,
Qo‘limda sarbutoq bir aso bo‘lsin.
Dunyoni so‘rasin dunyosi ko‘plar,
Shoiri zamonlar hur gado bo‘lsin.

“Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek”
Bilmam qancha sahro, cho‘ldan o‘taman.
Shunday kun keladi — men ham nor bo‘lgach,
Dunyo, dunyolaring suvga otaman.

Men jilovin uzib uchgan zo‘r tulpor,
Qalbimga quloq sol, kelar bir nido:
«Egar-jabduqlarim garchi tillodan,
Molparast chavandoz, endi alvido!»

Men g‘azab oldidan tug‘ilgan bir musht,
Botir kamonidan uzilgan o‘qman.
Boyvachcha, nokaslar, qurbonim bo‘lmang,
Men bir oz telbaroq, men bir oz sho‘xman!

Bu dunyo — dumaloq tanga to‘plagich,
Yarim oy — qutining sirli tirqishi.
Yulduzlar — to‘plangan tilla tangalar,
Bu endi seningmas, egamning ishi.

MUHABBAT

Kimdir
oshkor tan oladi,
tahsin o‘qir, shukrona.
Kimdir
seni sir tutadi —
o‘tda yonar pinhona,
Kimlarga sen
kulib boqsang —
tepkilaydi mastona.
Kimlar uchun
osmondasan —
sig‘inadi devona.
Anglolmadik to abad,
Anglolmaymiz to abad,
Xom sut emgan bandamiz.
O‘zing kechir, muhabbat.