Asqar Mahkam (1958-2007)

Asqar Maxkam 1958 yil 27 noyabrda Tojikistonning Kofarnihon tumanida tug‘ilgan. Xo‘jand davlat pedagogika institutini tamomlagan (1981). «Navro‘z» (1988), «Tazarru» (1982), «Tavajjuh», «Ishq» (1994), «Ibodat» (1993), «Haq» (1998), «Analxaq», «Tabriz daftari», «Oqkitob» (2003) kabi asarlari nashr etilgan. «Avesto», Xoja Abdulloh Ansoriyning «Kashf ul-asror» (Qur’oni Karimning adabiy-irfoniy tafsiri), J. Rumiyning «Ma’naviy masnaviy» (1-daftar)sini, Shams Tabriziyning g‘azallari hamda Eron shoirlari she’rlaridan namunalar tarjima qilgan («Tuyg‘ular yaprog‘i», 2005). 2007 yil 6 martda Toshkent shahrida vafot etgan.

* * *

Bu uyda bir paytlar buvim yashagan,
mehrsiz kelinin dastidan yonib.
Poydevor toshini o‘zi tashlagan,
Bizlarga non yopgan tunlar uyg‘onib.

O‘zi yer chopardi, o‘zi ekardi,
nevara tashvishi, besh mahal namoz.
G‘am oshib ketganda nos ham chekardi.
Qo‘shnilar goh yarash, gohi payt araz.

Ayriliq dardida oqargan sochi,
sarg‘ayib borardi kun o‘tgan sayin,
turmushga yetardi bazo‘r qulochi,
bu davru zamonga yetmasdi tayin.

Men esa shoirman –
boru yo‘g‘im shu…
Ba’zan she’r to‘qiyman o‘shanga atab.
She’r nima bilmagan va bilmaydi u,
o‘ylab ham ko‘rmagan yetmish yil yashab…

Bu uyda bir vaqtlar buvim yashagan.

* * *

Ey pokiza xilqat, xush kelding,
vojib bo‘lsin Ishq duolari.
Tirnog‘ingga arzimas sening
bu dunyoning bor dunyolari…

Bafing zahar-zaqqumga to‘lar,
kimdir otar so‘nggi toshini
va poyingga tashlaydi ular
muqaddas deb bilgan loshini…

Sen ketasan… Ko‘kda yolg‘iz oy,
pastda uvlar nobakor itlar…
Tumshug‘i qon, panjalari loy,
potirlaydi qonxo‘r burgutlar…

Sen ketasan tanho va dilxun
girdob uzra oq gul misoli…
Pok tanangni asramoq uchun
lashkar tortar yulduz qiroli…

Ey pokiza xilqat, xush kelding!
Vojib bo‘lsin Ishq duolari!
Tirnog‘ingga arzimas sening
bu dunyoning bor dunyolari!..

SO‘Z JONI

Bugun so‘zlar Ayyubdek xasta
yo barchadan u ham to‘ydimi…
Menga barglar shivirlar asta:
«Endi birov she’r o‘qiydimi!..»
Nahot So‘zdan qolmadi nishon,
garchi ular bozorda lak-lak…
Menga gullar shivirlar giryon:
«Bugun she’ring kimga ham kerak!..»
Osmon o‘sha…
Qadimiy osmon…
Yulduzlar ham yonar to‘kilmay…
Odam bo‘lmas hech kim, hech qachon
buyuk Qur’on so‘zin o‘qimay!..
Garchi kajdir charx –
bordir osmon,
u aylanar azal shu yo‘sin…
Odam bo‘lmas hech kim, hech qachon
Navoiyning o‘qimay so‘zin!..
Er ailanib turar har qalai,
kutargancha inson zotini.
Odam bo‘lmas hech kim o‘qimay,
Mavlononing Kulliyotini!..
Va Payg‘ambar Rahmat tog‘ida
tinglamoqda ilohiy vahiy.
Butun olam ahlin og‘zida
«Iqro bismi Robbikal-lazii!..»
Qiyomatga qadar shu xullas
g‘ov bo‘lolmas hech kim yo‘lida.
So‘z o‘lmaydi! O‘ldirib bo‘lmas!..
Suz joni ham Olloh qo‘lida!..

EY IShQ – BALOYI JON!

Sen menga jazo bergil, oshkora sazo bergil,
Ko‘yida ado bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Qismatki azal shuldir, yondir, meni kuydirgil,
Dardimga davo bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Gar yo‘qmanu paydoman, yo‘qsilmanu doroman,
Sozimga sado bergal, ey Ishk – baloyi jon!

Menkim adashib sendin, ayro tushayin eldin,
Ming qatla xato bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Dunyosi qilib torlik, poyimga ilib choriq,
Ilkimga aso bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Devonalarim basdur, afsonalarim basdur,
Bir aqli raso bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Vaslingta yetolmasdan poyingda agar o‘lsam,
Bir pora mato bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Yonsam chidamas mahshar, kuysam chidamas mashhar,
Ruhimga safo bergil, ey Ishq – baloyi jon!

Gar Yor jafo istar, payvasta xato istar,
Umrimga qazo bergil, ey Ishq – baloyi jon!

* * *

Ko‘nglim mening istagan yor yo‘q,
Ruhim mening istagan yor yo‘q.

Men qatldan ko‘rqmasmen hargiz
Og‘ochlari balandroq dor yo‘q…

Hama gullar oyoq ostinda
Ani asray deguvchi xor yo‘q.

Muxabbat ham shahvatdir asli
Magar bunda parda yo‘q, or yo‘q…

Bihamdillah o‘lim ayirgay
Qo‘shay dema hech qo‘shmozor yo‘q…

Tortib bo‘ldik barini butkul
Biz tortmagan g‘amu ozor yo‘q.

Sotib olay desam bir hamdard
Buxoroda bunday bozor yo‘q…

* * *

Iymonning kiftida turar osmonlar.
Iymonsiz kimsaning qoshiga kelmang!
Bunday zot qo‘liga, ey musulmonlar,
Qilich ham bermangiz, Qur’on ham bermang!.

* * *

Iymon deb dunyodan yuzni o‘girdik,
Harom deb hammadan ko‘zni o‘girdik…
Na halol, na harom neligin bilmay
Ikkisin ortidan itdek yugurdik…

* * *

Iymon sotilganda bozor qolmasdi,
Benomus qolmasdi, beor qolmasdi…
Bir zumda sotilib eski o‘liklar,
Keyinroq o‘lganga mozor qolmasdi…

Iymonni nur derlar, nurdir, nurdir u,
Bu nurni ko‘rmagan ko‘rdir, ko‘rdir u…
Bu nurni ko‘rmagan odammi ajab
Ehtimol yo‘kdir u, yo‘kdir, yo‘qdir u…