Anvar Yunusov (1939-2016)

Anvar Yunus 1939 yil 6 dekabrda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Toshkent avtomobil yo‘llari oliygohini tugatgan. Shoirning “Mening qora ko‘zligim”, ”Oq lola”, Seni sog‘inaman”, “Muhabbat tumori”, “Bir hovuch dur”, “Uyg‘oq dunyo” va rus tilida “Ostrov lyubvi” she’riy to‘plamlari adabiyot ixlosmandlarining katta e’tiborini qozongan.
Anvar Yunus 1983 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Turon Fanlar akademiyasi akademigi. Samimiy qalb sohibi, nafis she’lar ijodkori Anvar Yunusov 2016 yil 31 dekabr kuni vafot etdi.


HAQIQAT

Oh, nechun so‘zladim dardimni karga,
Ko‘ksimga sanchilgan armondur, tig‘mas.
Yuzlab firibgarlar siqqan shaharga,
Tokay, yolg‘izgina haqiqat sig‘mas.

G‘anim ko‘l ko‘tarsa cho‘kib ketmas tog‘.
Zero yulduzlarni etib bo‘lmas g‘arq.
Ba’zilar tilida saqichsan ey, voh,
O, mening bag‘rimda jonim bo‘lgan haq!

Nur so‘ndi qalbimning bir bo‘lagida,
Yolg‘onlar zarbidan shikasta asab.
Baland binolarning tor yo‘lagida,
Imonlar sotildi, sotildi mansab.

Shart emas quyoshni aylamoq ta’rif,
Qayda charaqlasa soyalar kuldur,
Biroq, qaragandim boshim ko‘tarib,
Kimlar boshlig‘iga, kim zarga g‘uldur.

Berkilib qolmagin, umidim yo‘li,
Hayqirib ertakdan chiqib kel, botir,
Bo‘ynida qurigan daryolar qo‘li,
Onajonim Orol jon berayotir!

O, nechun so‘zladim dardimni karga…


KUNLAR SOVIB QOLDI…

Bosib keldi qadim shaharga –
bag‘ri xazon — ko‘zakning dardi.
Xiyobonlar ko‘mildi zarga,
yuragimda fasl o‘zgardi.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Shamollarning kaftida kecha,
beshikdayin tebrandi Qo‘qon.
Eshigimni qoqdi bir qizcha.
atrguldek nozik hayajon.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Tuman tushdi, oqshom-simob rang,
Yo‘llarimga quladi og‘ir.
Men quyoshga intizor bir tong,
tomchiladi oynamga yomg‘ir.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Kengliklarga qor yog‘ar bu payt,
qilich tutib kezib yurar qish.
Borib uyg‘oq daraxtlarga ayt,
uxlasinlar ko‘rib yashil tush.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Yaxlab yotar bu kech dala, qir,
bahorgacha tilayman bardosh.
Sevmog‘ingga meni ishontir,
muzlamasin ko‘ksimda Quyosh.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim!..


ABDULLA QAHHOR XAYoLI

Atirgullarimni uyg‘ot, ey shamol,
Muattar havoga to‘lsin bog‘larim.
Ona tilim — bog‘im, bilmasdan zavol
Ming yil yashashingga umid bog‘ladim.

Yozmoq — qonimdagi uyg‘oq g‘alayon,
Ajdodlar ruhidan topmoqlik xabar.
Osmon chiqib borar minbarga yolg‘on,
Haqiqat tillari tug‘ilgan Babar.

Ne uchun qabohat tantana qurar,
Yashirib yotursan, dunyo, ne sirni?
Hamon davralarda she’r o‘qib yurar
Kecha o‘ldirganlar Usmon Nosirni.

Nuru saodat ber, qudrat ber, hayot,
Shuur ber, farqlashga qoradan oqni.
Xalq suyansa tog‘man deguvchi har zot,
Tog‘ bo‘lib bosmasin muqaddas xalqni.

Dehqonni kuydirsa saraton, sahro,
Balki bir piyola suv tutmadim men.
Gavhar donasidek tuproqlar aro,
Uvol yotgan xalqni unutmadim men.

Mungli toleimsan, dardimsan Vatan,
Zero, o‘tmishingdan qilmasman nomus.
Janggohlar o‘tida yonib, kuymagan
Ochunda bir xalqsan misoli qaqnus!

USMON NOSIR SO‘ZI

Ostonamga qo‘ymading qadam,
Ming yil bo‘ldi seni kutaman.
Baxtga yolg‘iz yetmaydi odam,
Men ertaga yonib ketaman.

To‘kilmoqda xazon — kuz ohi,
Ruhim qaqshab kechib o‘taman,
Yig‘lamoqda daraxtlar shoxi,
Men ertaga yonib ketaman.

Otash izlab, izlab muhabbat,
Chaqmoqlarga ko‘ksim tutaman.
Nigohingni samoga qarat,
Men ertaga yonib o‘taman,

Egalladim she’rim — duldulni,
Yulduzlarga noming eltaman,
Mahkam quchib yuragim — gulni,
Men ertaga yonib ketaman.

Men yonaman, kuyadi g‘anim,
Ona quyosh, senga yetaman,
Toleimda qolar Vatanim,
Men ertaga yonib ketaman!

BIR YaShIL YaPROQ UZILSA…
(Muxammmas)

Bir yashil yaproq uzilsa, dardi ko‘nglimda qolur,
Nogohon yulduz to‘kilsa dardi ko‘nglimda qolur,
Ki xazon topgan daraxtlar bargi ko‘nglimda qolur,
Yangragan savtu navo ohangi ko‘nglimda qolur,
Dilbarim, o‘ynatma xanjar zangi ko‘nglimda qolur.

Ishq hayot ummoni ichra benazir dur, gavharim,
Shul sabab ko‘nglimga kelmas bo‘lmasa simu zarim,
Ishq imonim, ishq panohim, ishq suyangan sarvarim,
Telbavash shabbodalarga ochma yuz gulu tarim,
Boshimga ag‘yorlar otgan sangi ko‘nglimda qolur.

Ganji dunyodin balanddur ahli ushshoqqa vafo,
Ayla yuzdin bir vafokim, solma boshimga jafo,
Dilga vaslingdin najotdur, Qaysga Laylidin shifo,
Har kecha vasling tilab to subh qildim iltijo,
Cheksa oh sahroda Majnun changi ko‘nglimda qolur.

Yam- yashil ochun tabarruk, gul berur bulbulga roz,
Bag‘rida chaqmoq tug‘ilsa, keldi osmondin ovoz,
Sevgi kimga baxt beribdur, kimga bermish ehtiros,
Soldiku ko‘nglimga armon qora zulfing sarvinoz,
Kiprigimda kiprigingning jangi ko‘nglimda qolur.

Anvaro, oshiq emassan, jon- jahoning kuymasa,
Qilma da’voi muhabbat ustixoning kuymasa,
O‘tga kirgin gar samandardek imoning kuymasa,
Yozma ash’or oshiqona so‘zda qoning kuymasa,
Umri zoye lolalarning rangi ko‘nglimda qolur.

NE UChUN YaShADING

Nochorlar holiga dil uvushmasa,
Haqiqat so‘ziga lab qovushmasa,
O‘zingdan o‘zgaga soyang tushmasa,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Hayot kuvonchlari etmasa sehr,
Yoru do‘stlaringdan topmasang mehr,
Sevgi deb yonmasa ko‘zlaringda nur.
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Noming keltirmasa yurtga iftixor,
Mag‘rur qoya kabi to‘kmasang viqor,
Gul ochmasa ko‘ngil bog‘ingda bahor,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Vatan xizmatida turmasang har vaqt.
Poklikka etmasang ostonangni taxt,
Xumodek qo‘nmasa peshonangga baxt,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Boshingda evrilur zangori osmon,
Ruhingda yashaydur zaminu zamon.
Olib o‘tolmasang imoning omon,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Ona sayyoraga bo‘lib ko‘zu qosh,
Zulmatni yengishga topmasang bardosh,
Ko‘ksingda lovullab yonmasa quyosh,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

Elga nafing tekkan chog‘lar qolmasa,
Izingda yam- yashil bog‘lar qolmasa,
Ortingda farzanding- tog‘lar qolmasa,
Dunyoda ne uchun yashading, inson.

FARG‘ONADA KUZ

Yuz yillik chinorlarning kiftida jilolanib,
Chiqayotgan quyoshning kaftida tillolanib,
Vodiyning nafasidan sarhush bo‘lib, sollanib,
To‘kilgan yaproqlarni o‘ynar tonggi sabolar.

Ipak kabi eshildi sumbulaning suvlari,
Ko‘chalarni to‘ldirib sayr etar ohulari,
Etti iqlimga mashhur Farg‘ona suluvlari,
Kuz, so‘lim bog‘lar aro gullar to‘kar qabolar.

Uchar olis ellarga mungli kuylab turnalar,
Bu achchiq ayriliqdan qushlar ko‘ksi tirnalar,
Moviy osmondan boqib yulduz bo‘lib nurlanar,
Malika, Matlubaning she’ridagi ibolar.

Qahrabo ranglar ichra ko‘miladi Farg‘ona,
Yarqirab suzib borar ummonda gavhar dona,
Atlas kiyib tabiat pardoz bilan ovora,
Atir purkab olamga ufuradi havolar…

2

Bog‘larda boshlangan xazonlar fasli,
Derazang ortida kuylaydi sim-sim,
Xayol qushlarining sindi qafasi,
Qo‘shiqlar tug‘ildi bu kech beism.

Ayoz sipoh tortar rangin chamanga,
Hazin navolarga to‘ladur bag‘ir.
O‘ranib bormoqda oppoq tumanga,
Ufqqa qorishgan daryo, dala, qir.

Kuzakning chaqmog‘i- oq turnalarni,
Yashil sohillarga kuzatar zamin.
Tungi oy hovuchlab to‘kkan nurlarni,
Qushlar kechib borar havoda g‘amgin.

Barglarin to‘kmoqda olov rang bog‘lar,
Kelmoqda qish hidi, ketmoqda mezon.
Samoga bosh urib shovullar shoxlar,
Yulduzdek jaranglab to‘kilar xazon.

3

Suvlar tinib qoldi, sumbula kelib,
Qoshiga chorlamas zumrad buloqlar.
Yozning etagidan tutmoqchi bo‘lib,
Yo‘lkalarda chopar oltin yaproqlar.

Salqin sa’arlarni etadi zebo,
Gulzorlarda so‘nggi g‘unchalar faqat.
Ona tabiatga berib ko‘rk, oro-
Bog‘larda kuz gulxan yoqar bu fursat.

Olma hidi to‘lgan havoda kezar,
Bobom kiprigidek oqargan mezon.
Yulduz chanoqlardan ko‘piradi zar,
Dalalar boshida tunaydi de’qon.

Quyosh chiqar ko‘kka mash’al yondirib,
Tog‘lar etagida vodiy nurlanar.
O‘tgan yo‘llarida qo‘shiq qoldirib,
Olis manzillarga uchar turnalar…

4

Kechagi yam-yashil bog‘’arda bugun,
Oltin rang ardoqli rang bo‘lib qoldi.
Oyog‘ing ostida o’imdek beun-
Xazon yaproqlari to‘kilib qoldi.

Shamolga yolvorib ingraydi og‘och,
Zaminning bag‘rida kichraydi kunduz.
Mezon qilichini tutib yalang‘och,
Qo‘li yetgan yerni bosib oldi kuz.

Sen ham shahd qilursan yo‘llarga boqib,
Mehrsiz bir so‘zday qular jahonim.
Yuragim kuzakning bargiday yoqib,
Bu xazon faslida ketmagin, jonim…