Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885-1976)

Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li (taxallusi Sog‘uniy; 1885. 21.3, To‘qmoq — 1976.28.2, Toshkent) — din va jamoat arbobi, ulamo. Arabiston (Madina)da va Buxoro madrasalarida tahsil oldi.
Chor ma’muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yili qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yili Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yili adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda yashadi.
Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoe», Darvish Ali Changiyning «Musiqa risolasi», shuningdek «Temur tuzuklari» kabi asarlarni tarjima qildi. Alixonto‘raning «Devoni Sog‘uniy» she’riy to‘plami, «Tarixi Muhammadiy», «Shifo ul-ilal» («Xastaliklar davosi») va b. asarlari bor.
Alixonto‘ra tarixiy me’morlik obidalari va qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolishda jonkuyarlik qilgan. Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etilgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Alixonto‘raning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi o‘rta maktabga, Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi. (O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasidan)

VATAN VA ILM YoKI YeTTI YuLDUZ

Eshit mendin Vatan o‘g‘li nasihat,
Qabul qilsang kelur boshingga davlat.
Jahon ko‘rgan qarining so‘zin olg‘il,
Amal aylab, ani ko‘nglingga solg‘il.
Yigitlik davrini ish vaqti deb bil,
G‘animatdir, kerak ishni bilib qil.
Jahon xalqi o‘likdir yo tirikdir,
Tirik yurgan ilmsizlar o‘likdir.

Hayot ichra urushmoq yo topishmoq,
Ikkoviga zarurdir ilm o‘qimoq.
Ilmsizlik nechuk qildi elingni,
Ilm-chun bog‘lagil emdi belingni.
Siyosatda agar bo‘lsang Temurdek,
Yoqarsan ilmi yo‘qlarni ko‘mirdek.
Ilmsizlar bo‘lur har ishda holsiz,
Urushga kirsa bo‘lg‘aymu qurolsiz?

Ilm bilgil, tilin bil do‘stu dushman,
Ikkovi bo‘lmasa bergay sena pand.
O‘qi har kancha bilsang, kuch ko‘rursai,
Vale bir ishni qilsang kuch bo‘lursan.
Ul ish ersa unutma o‘zligingni,
Tanitkil barchaga o‘zbekligingni.
Birovlar soyasida turma zinhor,
Zaharlin sarkitidan totma zinhor.

Birovlar soyasida kun ko‘rishlik,
Erur yaxshi u ish qilmay o‘lishlik.
Vatan asli seningdur O‘zbekiston,
O‘g‘uzdan kolmish erdi bu guliston.
Vatan ahli Vatan merosxo‘ridur,
Otadin kolsa mol farzandnikidur.
Onadur bu — Vatan aslini so‘rsang,
Seni tug‘mish budur, yaxshi tushunsang.

Chiqarmish sen uchun turlik yemishlar,
Ko‘tarmish yelkasida yozu qishlar.
Tiriklar bu Vatan bo‘yniga mingay,
O‘liklar ham aning qo‘yniga kirgay.
Vatanni do‘st tutish imondan ermish,
Oning-chun haq Rasuldin naql bo‘lmish.
Vatanni sevmaganlar bizdin ermas,
Buni kim bilmasa imonga kirmas.

Hayoting sharti bo‘ldi ilm o‘kimoq,
Ilmsiz mumkin emasdir ko‘z ochmok,
Qaro nag‘uvdir jahon boshdan-oyog‘i,
Ilmdir doimiy yongan chirog‘i.
Dema: «Vaqt o‘tdi, endi foyda bermas»,
Kishi oqil esa bu so‘zni qilmas.
Agar bo‘lsa o‘qi o‘qdon ichinda,
Bo‘lur sayd etsa vaqti kelganinda.

O‘qur bo‘lsang o‘q urgaysan ko‘ziga,
Asaldek bo‘lsa aldanmas so‘ziga.
Kishi umri sanoqlikdur bilursan,
Ani o‘lmaydi debmu shak qilursan.
Jahonning turmushi har turlik ishdur,
Ko‘rursankim, oxiri o‘zgarishdur.
O‘qir bo‘lsang jahonda bilim ko‘pdur,
Kifoya qilmas, umring oz bo‘libdur.

Aziz umringni tanlab sarf qilgil
Va lekin tarix ilmin ko‘p o‘qigil.
Ulug‘ tarix egasi O‘zbekiston,
Qozog‘u, qirg‘izu ham Turkmaniston,
O‘qur bo‘lsang bilursan kimligingni,
Unutmassan yana o‘zbekligingni.
Buxoroda tug‘ildi Ibni Sino.
Aningdek yo‘q edi kimmatli dono.

Buning ustozi erdi Nasri Forob,
Bilay desang bularning tarixin top.
Tug‘ulg‘on joyi erdi shahri O‘tror,
Bobo Arslon u yerda, bilsang ey yor.
Burun Forob edi bu shahri O‘tror,
Unutma bu so‘zimni, ayla takror.

Uchinchisi, Abu Rayhon erur, bil,
Aning tarixin ayturman, eshitgil.
Erur Ibn Sinolar qatori,
Zamondosh erur, ham erdi yori.
Tug‘ulg‘on joyidur Xorazm, bilsang,
Tuganmas fazlini har qancha qilsang.
Bularning har biri bir yuzdan ortiq,
Yozibdurlar kitob uch yuzdin ortiq.
Borini fan uza yozg‘on edilar,
Jahon ahliga qolg‘izg‘on edilar.
Eshitdikim, na qilmish bu uchovlon,
Tug‘ulg‘on joylaridurkim Uzbekiston.
Alardin bu kitoblarkim qolibdur,
Butun tillarga qolmay yo‘tkalibdur.
Vale qolmish quruq, o‘z ahli andin,
Ilmsiz bo‘lsa haydalg‘ay Vatandin.

Yana chiqqan bu joydin bir ulug‘ er,
Bilur bo‘lsang, aning otin Temur der.
Tug‘ilmishdur bu sher Shahrisabzda,
Bilay desang aning tarixin izda.
Yigirma yetti markaz olmish erdi,
Jahonni ostin-ustin qilmish erdi.
O‘zi tuzgan «Tuzukot»ni o‘qib ko‘r,
Temur qandoq kishidur anda aytur.
Jahonda o‘ttiz uch yil davr surgan,
Emasdir hech urushda u yengilgan.
Jahonda ko‘p bahodirlar o‘tibdur,
Temurdek kahramonni kim ko‘ribdur?

Ikkinchi— Shohruh o‘g‘li Ulug‘bek,
Ilmda hech kim bo‘lmadi aningdek.
Samarqandda munajjimxona soldi,
Rasadxona degan joyni u qildi.
Hisobu handasa ilmiga omil,
Funun hay’at ichida erdi komil.
Shuning-chun «Zij Ko‘ragonni» u yozdi,
To‘liqlab hay’at ilmini chiqozdi.
Jahon xalqi Ulug‘bekni ulug‘lar,
Bo‘lib olimlari har yerda so‘zlar.

Uchinchi dohiy erdi Mirzo Bobur,
Siyosat bobida ko‘p erdi mohir.
Ilmni ham siyosatni olibdur,
Kitob yozib o‘z otin qoldiribdur.
Nabira bo‘lg‘usi Sohibqirong‘a,
Etar besh ota birlan kahramong‘a.
O‘qib ko‘rsang, uning yozg‘on kitobin,
Bilursan, shunda ul qandoq ekonin.
Bilay desang, oning qo‘l yozmasi bor,
O‘qib ko‘r, izla, «Boburnoma»si bor.
O‘qib, yod ayla «Boburnoma»ni san,
Anik o‘zbek tilin shunda bilursan.

Yana aytay, Alisher Navoiy,
Ulug‘ o‘zbek elining rahnamoi.
Quyosh yonglik, desam ham yolg‘on ermas,
Tushunganlar, bu noto‘g‘ri, deyolmas.
To‘liq oy oz erur vasfin qilurda,
Etolmas bizga foyda yetkirurda.
Biza bu er ulug‘ xizmat qilibdur,
Tugamas yaxshilikni qoldiribdur.
Otasi ul erur o‘zbek tilini,
Kishi bilmas oning bilganlarini.
Zamona tillarin yaxshi bilurdi
Va lekin o‘z tilin ortiq ko‘rurdi.
Na yozdi ersa, yozmish turk tilida,
O‘z elin o‘ylamish bu qilg‘onida.
Agar bul bo‘lmasa, til kim bilurdi,
Oning qilg‘on ishini kim qilurdi?!’
Agar ul kutmasa o‘zbek tilini,
Bilolmas erdi hech kim borlig‘ini.
Unutsa o‘z tilin har qaysi millat,
Xiyonatdur, kechilmas bu xiyonat.
Bu ishdin kutkargan bizni Navoiy,
Aning ruhini shod ayla ilohi.

Agar qadrig‘a yetsa O‘zbekiston,
Atab nomig‘a qilsun bog‘u bo‘ston.
Sifatin ayladim bu yetti erning —
Bari o‘g‘loni edilar bu yerning.
Falak ustida yetti yulduz o‘xshash,
Bulardin ibrat olsin har qari — yosh.
Kel, ey Sog‘uniy so‘zni ko‘p uzotma,
Ko‘zing och, uyg‘onib g‘aflatda yotma,
O‘tibdur barcha umring dardu g‘amda,
G‘animatdur na qilsang ham shu damda.
Yoshing yetmishdin o‘tmishdur, na chora,
Ko‘ngil xalq kayg‘usidin pora-pora.
Ayiruv bo‘lsalar jonimni shandin,
Vatanning amralmas sevgisi mandin.
Degaylar: Yetti qat bu yerni bilsang,
Chuqur o‘ylab qara, yaxshi tushunsang.
Bobolar so‘ngagi bir qat bo‘lubdur,
Bularning tanlaridin yer to‘libdur.
Ona deydur: Vatanni ondin ortiq,
Bilursang, senga sut bergandin ortiq.
Bosarsan yelkasiga, yurganingda,
Quchog‘ida yotursan o‘lganingda.
Vatanni saqlamabdur qaysi inson,
Ko‘rar turlik balolarni u hayvon.
Ota merosimizdur O‘zbekiston,
Etkandur bizga emdi bu guliston.
Vatandin ajradi-o‘ldi, demakdur,
Boqib dushmanga, termuldi, demakdur.

1962 yil, 26 fevral. Toshkent shahri

BORMIKAN?

Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib,
Bu zulm ko‘rg‘on qopusin sindirar kun bormikan?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur, bizga yopiq,
Ey Xudo, haj yo‘li bizlarga ochiq kun bormikan?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini topdilar,
O‘zbekiston xalqiga bu ish bo‘lar kun bormikan?
Ruslar bosdi Vatanni, kopladi seldek kelib,
Bu falokatdan, Xudoyo, qutular kun bormikan?
Sog‘uniy darddin ezildi, bu Vatanning dardida,
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikan?
……………………………………………………
Kayg‘ulik tunlar o‘zarda tong otar kun bormikan?

1959-1960 yillar

TIL HAQIDA

Mening bu so‘zimni eshitsun G‘ani*
Kirishsin buning chorasin ko‘rgani.
O‘zidin kishi himmati oshmasa,
Jahonda bo‘lurmu bir ish qilgali.
Hayot ichra kimdan asar qolmasa,
Barobar erur yurgani-yu, o‘lgani.
Jahonda o‘tubdur necha yaxshilar,
Oti o‘chmamishdur asar yozgani.
Buxoroda bo‘lmish edi Bu Ali,
U yozgan necha xil kitoblar qani?
Butun tillarda tarjima qildilar,
Yo‘q emdi alar bizga qoldirgani. A
Asar yozding ersa, ona tilda yoz,
Yo‘q esa aning yozgani-buzgani.
Taralmish butun yor yuza ilmu fan,
To‘liq til kerakdir ani bilgani.
To‘liq til qarindosh ona til erur,
Bo‘lurmu kishi andin ayrilgani?
Kishi o‘z tilin yaxshi bilmas agar,
Bilingkim, ham ishdan keyin qolgani.
Agar xo‘rlasa kishi o‘z tilin,
Vatan xoinidur, Vatan dushmani.
Sut emganda kirgan ona til erur,
Onayu ota hakki, saqla ani.
Uyong‘il bu so‘zdin, tiling saqlagil,
Tili o‘zdi ersa kishi o‘zgani.
Yoshi yetmish olti erur bilsangiz,
Yozibdur bu so‘zni Ota Sog‘uniy.

1962 yil, fevral. Toshkent
______________
* Marhum geolog olim, akademik G‘ani Mavlonov nazarda tutilgan.

UYG‘ON

Borlig‘im saqlay desang ilmu hunardin qil yaroq,
Yo‘q esa olg‘ay baringni qilmag‘ay hech kim so‘roq.
Er yuzi o‘zgardi ammo o‘zgarishdin bizda yo‘q,
Sindi Turkiston elining boshida yuz ming tayoq.

Och ko‘zing Turon eli zing‘irt bo‘lurmu qo‘ychivon,
Bormu bu yanglig‘ bo‘lon payqab kara boshdan-oyoq?
Har o‘g‘il voris bo‘lur kolg‘on atoning moliga,
Bo‘ldi Turkiston elining vorisi yuzsiz qaroq.

QATRALAR

«Temur tuyauklari» asarini va uni o‘zbekchaga qayta o‘girgan tarjimonni nohaq tanqid qiluvchilarga so‘nggi javob:

Tosh urib sindirsa oltin kosani,
Toshning qadri oshmagay, oltin bahosi tushmagay.

1968 yil, yanvar.

* * *

So‘z qadriga yetmagan yolg‘on olimlar haqida shu quyidagi she’r aytilmishdur:

QOLUR YoLG‘UZ

She’r ta’mini totmagan odam,
Chekidan tash6ari qilur har so‘z.
Xafa bo‘lmang ani eshitganlar,
Gul isini kachon bilur qo‘ng‘iz?
Guli rayhon ochilg‘onin boqmay,
Turtadur yerni har kachon to‘ng‘uz.
O‘z tilini yaxshi bilmagan odam,
Elidin ayrilib qoladur yolg‘uz.

TARIXIY YoDGOR

Farg‘onani o‘rus bosqinchilari olganda o‘shal zamon turk shoirlaridan birovi tubandagi turkona to‘rt misra baytni ularning shum qadamlari yetganiga to‘g‘ri tarix topmish ekandur. Bayt:

Yurtimizni o‘ris kelib oldi,
Hukmi haq deb hamma bo‘yin soldi.
Yig‘lab ustodi aql shomu sahar,
Topdi tarixini «kamoli zarar».

Ma’lum bo‘lg‘aykim, «kamoli zarar» harflari hisobi abjad koidasicha 1291 dur (melodiy 1871 yil). Bu shumoyoqlar kelgan kunidan zararlari boshlangan bo‘lsa ham, ayniqsa, dinsizlar tarixi (1917 yil)dan tortib hozirgi kunda kamoliga yetdi.

1960 yil, Toshkent

ShOBDON BOTIRGA

Tilim, turk xalqiga ko‘p ofarin qil,
Na yanglig‘ maqtasang ozdir, aniq bil.
Yarash chog‘ida mehmondek o‘tirg‘ay,
Urush kunlarida arslondek otilg‘ay.

* * *

Qadri yo‘q gavhar so‘zing olchoq kishilar oldida,
Durni taqsang na bilur, it og‘ziga tashla suyak.

HAZAR QIL

Haqiqat sirriga hech kimsa yetmas,
Shariat ushlaganlar yo‘lda qolmas.
Hasaddin saqla o‘zni, ey birodar,
Bu so‘zni aytdilar barcha payg‘ambar.
Hasad o‘ti jahannam o‘tidir, bil,
Ani ko‘rmay desang mundin hazar qil.

* * *

Nechun «bo»birla «sin» kelmishdi «Qur’on» bosh-oyog‘ida?
Aniq ikki jahonning rahbari-chun «bas» demakdur.

* * *

Sabr qil, bog‘lar zamon dushman qo‘lin orqasiga,
Vaqtin o‘tkuzma o‘shanda, dushmaning ur boshiga.

ME’ROJ YoKI RASULULLOH KELADI
Mashrabdan

Kel endi Jabroil, arshni supurgil ey,
Anda mehmon bo‘lg‘ali, Rasululloh keladi.

«Mozog‘al basar» ko‘zlig, «shamsi vazuho» yuzlig,
Hammadan shirin so‘zlig, Rasululloh keladi.

Shamollarg‘amu aytg‘il, sayr etishini qo‘ysin,
Beadablik qilmasin, Rasululloh keladi.

Daryolarg‘amu aytg‘il, mavj urushini qo‘ysin,
Oldida saqo bo‘lsin, Rasululloh keladi,

Azroilg‘amu aytg‘il, joi olishini qo‘ysin,
Xizmatda muqim tursin, Rasululloh keladi.

Moliklarg‘amu aytg‘il, do‘zax eshigin yopsin,
Yo‘llariga gul tiksin, Rasululloh keladi.

G‘ulmonlarg‘amu aytg‘il, mehnat eshigin ochsin,
Boshlariga dur sochsin, Rasululloh keladi.

«Ufq-ul maqom»ga borib yig‘laydi Jabroil:
Mundan o‘tsam yo Rasul, kanotlarim kuyadi,

Mahshar kuni bo‘lganda yig‘laydi Mashrabo,
Rasululloh keynidan Mashrab qalandaring keladi.

* * *

Buyuk turk xalqiga ko‘p ofarin qil,
Na yanglig‘ maqtasang ozdur, aniq bil.
Yarash chog‘ida mehmondek o‘turg‘on,
Urush kunlarda arslondek otilg‘on.

* * *

Qayg‘uliq tunlar uzardi, tong otar kun bormikin?
Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib,
Bu zulm qo‘rg‘on qobusin sindirar kun bormikin?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur, bizga yopuq,
Ey Xudo, haj yo‘li bizga ochilar kun bormikin?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini topdilar,
Bizning Turon elig‘a bu ish bo‘lar kun bormikin?
Kofir el bosdi Vatanni, qopladi seldek kelib,
Bu falokatdin Xudoyo, qutular kun bormikin?
Sog‘uniy bag‘ri ezildi bu Vatanning dardida,
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikin?

1948 yil, 16 yanvar, Toshkent.

* * *

Oqil odam har ishdan ibrat olur,
Qaysi hol ichra tursa foydalanur.

Yaxshilik kunlarda barcha do‘st bo‘lur,
Qora kun tushganda kimdur ajralur.

Muhabbatdin ko‘ngullar nurg‘a to‘lg‘ay,
Sakkiz jannat oningdin hosil o‘lg‘ay.

Kishini saqlasa ul xoliqi pok
Zahar og‘zida bo‘lg‘ay misli tar’yok.

* * *

Qadri yo‘q gavhar so‘zin olchoq kishilar oldida,
Durni taqsang na bilur, it og‘zig‘a tashla suyak.

Qo‘lg‘a kelmas ishlaring hargiz sharoit bo‘lmasa,
Qancha qilsang jon fidolik foydasizdur ishlaring.

Umidsiz bo‘lma, Sog‘uniy, umidning ko‘zgusi bordur,
Qorong‘u kecha so‘ngidin quyoshning chiqqusi bordur.

Davlat boshdan ketarda keng kiyiming tor bo‘lur,
Qo‘y deganga ko‘nmagan orachiga zor bo‘lur.

Yaxshiliq qilg‘an kishini hech unutmas Sog‘uniy.
To hayoti boricha doim duo qilg‘ay oni.

* * *

Jarqanoq yo‘q der ekan yog‘du quyoshning nurini,
Qancha ko‘p aytqonlaridin nuri kam bo‘lmas quyosh.
Ko‘rlar bozorida yo‘qdur so‘rovchi surmani,
Dardi yo‘qlardin topilmas ko‘zlarida tomchi yosh.
Aslida javhar ko‘ron ermas ekandur har kishi
Qayda bilgay farqini, gavharmidur yo qora tosh.
Ilmu hikmat durlarini sochma nokas oldida
Kirma ul majlisgakim, iflos oyoqlar bo‘lsa bosh.
Gul hidi sassiq emish badbo‘y qo‘ng‘izning burnig‘a,
So‘zi sassiqdin yiroq yur, xoh qaridur xohi yosh,
Uzma Sog‘uniy umiding, yetkazur Tangring seni,
Tarqalur olam aro bir kun haqiqat bo‘lsa fosh.

* * *

Ko‘rgulik bo‘lsa qadarda ani ko‘rmay chora yo‘q,
Tuz-nasibang qayda tushsa ani totmay chora yo‘q.

Och kishiga non yuzi yorning yuzidin yaxshiroq,
Chanqamish odamga suv hurning ko‘zidin yaxshiroq.
* * *

Yaxshiliq kunlarda Olloni unutma, Sog‘uniy,
Boshingga tushsa qaro kun tashlamas ul ham seni.
O‘shlig‘ing o‘tdi g‘ururliq birla, toat qilmading –
Keksalikda ketdi kuch, solg‘an imorating qani?
O‘sh yetibdur qon yutib, g‘am-qayg‘udan ayrilmading –
Barchasi haq yo‘lida bilgil, xudoning bergani.
Oq soqoli haqqi kim Sog‘uniy bechoraga
Ko‘rsat o‘lmasdan burunroq ul Muhammad qabrini.
Kim o‘qusa har qachon Sog‘uniy otoning she’rini,
Bir og‘iz Qur’on o‘qib, shod aylasin arvohini.

BAHORGA BAG‘IShLAB

O‘tib qish kunlari to‘qson bahorning bo‘yi kelmishdur,
Ochilgay yer yuzi, guldek parirular ochilmishdur.
Yaxshi tun sarvning bo‘yiga andoq kim yorashibdur,
Satang qiz ustiga go‘yo zumurraddin yopinmishdur.
Bulutlar tebranib ko‘k ichra ko‘z yoshin to‘kar bo‘lsa,
Biling hijron tuni oshiq ko‘zidin dur sochilmishdur.
To‘kar bo‘lsa bulut gavharlarin bog‘ ustidin o‘tgach –
Qizil gul qizlarining bo‘yniga durlar taqilmishdur.
Bahordur yoki ko‘klam, turk-tojiklar, g‘animat bil –
O‘tar bu yil bahori ham, nechun kim oldin o‘tmishdir.
Turar bo‘lsang jahonda har yili kelgay bahor, ammo –
Necha bizdek kishilar ko‘rmayin ko‘klamni ketmishdur.
Hayot ichra ko‘rursankim kelur har yil bahori bor,
Bahorning ne bahosi, bebaho umring tuganmishdur.
Bahor bo‘lsa ochilgay gul ko‘rib ko‘ngil chaman ichra,
Na bo‘ldi ko‘nglima hargiz ochilmas g‘amga to‘lmishdir.
Ochilmas bu ko‘ngilni ochqali bo‘lgay aningchun kim –
Ochuq yuzluk parivashlar bahor sayiliga chiqmishdur.
Yangi yil keldi ersa yangidin ko‘nglimga g‘am to‘ldi,
Jahonni yangiliklar bosdi, ammo rangi so‘lmishdur.
Yangi yilga bag‘ishlab, Sog‘uniy bu so‘zni nazm etdi –
O‘qib bilgay buni ul kim so‘zing qadriga yetmishdur.

Toshkent, 1962 yil.

VATAN VA ILM – O‘KI YeTTI YuLDUZ

Eshit endi vatan o‘g‘li mendin nasihat,
Qabul qilsang kelur boshinga davlat.
Jahon ko‘rgan qarining so‘zin olg‘il,
Amal aylab ani ko‘nglinga solg‘il.
Yigitlik davrini ish vaqti deb bil,
G‘animatdur, kerak ishni bilib qil.
Jahon xalqi o‘likdur yo tirikdur,
Tirik yurgan ilmsizlar o‘likdir.
Ilmsizlik nechuk qildi elingni
Ilmchun bog‘lag‘il endi belingni.
Siyosatda kerak bo‘lsang Temurdek
O‘qarlar ilmi yo‘qlarni ko‘mirdek.
Ilmsizlar bo‘lur har ishda holsiz,
Urushga kirib bo‘lg‘aymu qurolsiz?
Ilm bilgil, tilin bil do‘st-dushman,
Ikkovi bo‘lmasa bergay sanga fan.
O‘quv har qancha bilsang kuch ko‘rursan,
Usiz bir ishni qilsang puch bo‘lursan.
O‘l ish ersa unutma o‘zligingni,
Tanitqil barchag‘a o‘zbekligingni.
Birovlar soyasida turma zinhor,
Zaharlik sarqitidin totma zinhor.
Birovlar soyasida kun ko‘rushlik
Erur yaxshi u ish qilmay o‘lushlik.
Vatan asli seningdur, O‘zbekiston,
O‘g‘uzdin qolmish erdi bu guliston.
Vatan ahli vatan merosxo‘ridir,
Otodin qolsa mol farzandnikidur.
Onodur bu vatan aslini so‘rsang,
Seni tug‘mush budur yaxshi tushunsang.
Chiqarmish sen uchun turli yemishlar
Ko‘tarmish yelkasida yozu qishlar.
Tiriklar bu Vatan bo‘ynig‘a mingay,
O‘liklar ham oning qo‘ynig‘a kirgay.
Vatanni do‘st tutish iymondin ermish,
Oningchun haq Rasuldin naql bo‘lmish.
Vatanni sevmaganlar bizdan ermas,
Buni kim bilmasa iymonga kirmas.
Hayoting sharti bo‘ldi ilm o‘qimoq,
Ilmsiz mumkin ermas ko‘zni ochmoq.
Qorong‘udir jahon boshdin-oyog‘i,
Ilmdur doimiy yong‘on chirog‘i.
Dema vaqt o‘tdi endi foyda bermas,
Kishi oqil esa bu so‘zni qilmas.
Agar bo‘lsa o‘qi o‘qdon ichinda,
Bo‘lur sayd etsa vaqt kelganinda.
O‘qur bo‘lsang o‘q urg‘aysan ko‘ziga…
Aziz umringni tonlab sarf qilg‘il,
Va lekin tarix ilmin ko‘p o‘qug‘il.
Ulug‘ tarix egasi O‘zbekiston,
Qozog‘u qirg‘izu ham Turkmaniston.
O‘qur bo‘lsang, bilursan kimligingni,
Unutmassan yana o‘zbekligingni.
Buxoroda tug‘ildi Ibni Sino,
Oningdek yo‘q edi qimmatli dono.
Buning ustozi erdi Nasr Forob,
Bilay desang bularning tarixin top.
Tug‘ilg‘an joyi erdi shahri O‘tror,
Boboarslon u yerda, bilsang, ey yor.
Burun Forob edi bu shahri O‘tror,
Unutma bu so‘zimni, ayla takror.
Uchinchisi Abu Rayhon erur, bil,
Oning tarixin ayturman eshitgil.
Erur bu Ibn Sinolar qatori,
Zamondoshi erur ham erdi yori.
Tug‘ulg‘an joyidur Xorazm – bilsang,
Tuganmas fazlini har qancha aytsang.
Bularining har biri bir yuzdin ortiq,
O‘zibdirlar kitob uch yuzdin ortiq.
Borini fan uzra yozg‘on edilar,
Jahon ahlig‘a qolg‘izg‘on edilar.
Eshitdikkim na qilmish bu uchovlon,
Tug‘ulg‘on joylaridir O‘zbekiston.
Olardin bu kitoblarkim qolibdur,
Butun tillarga qolmay yutkalibdur.
Vale qolmish quruq o‘z ahli ondin,
Ilmsiz bo‘lsa haydalg‘ay vatandin.
Yana chiqqan bu joydin bir ulug‘ er,
Bilur bo‘lsang aning otin Temur der.
Tug‘ulmushdir bu er Shahrisabzda,
Bilay desang aning tarixin izla.
Yigirma yetti markaz olmish erdi,
Jahonni ostin-ustun qilmish erdi.
O‘zi tuzgan tuzukotni o‘qib ko‘r,
Temur qanday kishidur unda aytur.
Jahonda o‘ttiz uch yil davr surgan,
Emasdir hech urushda u yengilgan.
Jahonda ko‘b bahodirlar o‘tibdur,
Temurdek qahramonni kim ko‘ribdur.
Ikkinchi Shohruh o‘g‘lidir Ulug‘bek,
Ilmda bo‘lmadi hech kim oningdek.
Samarqandda munajjimxona soldi,
Rasadxona degan joyni u qildi.
Hisobu handasa ilmiga omil,
Funun hay’ati ichra erdi komil.
Shuningchun Zij Ulug‘bekni u yozdi,
To‘liqlab hay’at ilmini chiqazdi.
Jahon xalqi Ulug‘bekni ulug‘lar,
Bo‘lib olimlari har yerda so‘zlar.
Uchinchi dohiy erdi Mirzo Bobur,
Siyosat bobida ko‘p erdi mohir.
Ilmni ham siyosatni olibdur,
Kitob yozib o‘z otin qoldiribdur.
Nabira bo‘lg‘usi Sohibqirong‘a,
Etar besh oti birlan qahramong‘a.
O‘qib ko‘rsang oning yozgan kitobin,
Bilursan shunda ul qandoq ekonin.
Bilay desang onin qo‘lyozmasi bor,
O‘qub ko‘r, izla, Boburnomasi bor.
O‘qub yod ayla Boburnomani sen,
Aniq o‘zbek tilin shunda bilursen.
Yana aytay Alisher Navoiy,
Ulug‘ o‘zbek elining rahnamoyi.
Quyosh yonglig‘ desam ham yolg‘on ermas,
Tushunganlar bu noto‘g‘ri deyolmas.
To‘liq oy oz erur vasfin qilurda,
Etolmas bizga foyda yetkizurda.
Biza bu er ulug‘ xizmat qilibdur,
Tuganmas yaxshiliqni qoldiribdur.
Otosi ul erur o‘zbek tilini,
Kishi bilmas onin bilgonlarini.
Zamona tillarin yaxshi bilurdi,
Va lekin o‘z tilin ortiq ko‘rurdi.
Na yozdi ersa yozmish turk tilida,
Uzunni o‘ylamish bu qilg‘anida.
Agar ul bo‘lmasa til kim bilurdi,
Anin qilg‘on ishini kim qilurdi.
Agar ul kutmasa o‘zbek tilini,
Bilolmas edi hech kim borlig‘ini.
Unutsa o‘z tilin har qaysi millat,
Xiyonatdir, kechilmas bu xiyonat.
Bu ishdin qutqaron bizni Navoiy,
Onin ruhini shod ayla ilohiy.
Agar qadrig‘a yetsa O‘zbekiston,
Otab nomig‘a qilsin bog‘-bo‘ston.
Sifatin ayladim bu yetti erning,
Bori o‘lg‘oni erdilar bu yerning.
Falak ustida yetti yulduz o‘xshash,
Bulardin ibrat olsun har qari yosh.
Kel ey Sog‘uniy, so‘zni ko‘p uzatma,
Ko‘zing och uyg‘onib, g‘aflatda yotma.
O‘tibdur barcha umring dardu g‘amda,
G‘animatdur na qilsang ham shu damda.
O‘shing yetmishdin o‘tmishdir, na chora,
Ko‘ngil xalq qayg‘usidin pora-pora.
Oyirur bo‘lsalar joningni tandin,
Vatanning ajramas suygusi mandin.
Degaylar yettiqot bu yerni bilsang,
Chuqur o‘ylab qara, yaxshi tushunsang.
Bobolar so‘ngaki bir qot bo‘libdur,
Bularning tanlaridin to‘ldiribdur.
Ono deydur vatanni ondin ortuq,
Bilursan senga sut bergandin ortuq.
Bosarsan yelkasiga yurganingda,
Quchog‘ida yotursan o‘lganingda.
Vatanni saqlamabdur qaysi inson,
Ko‘rar turli balolarni u hayvon.
Oto merosimizdur O‘zbekiston,
Etkandur bizga emdi bu guliston.
Vatandin ajradi o‘ldi demakdur,
Boqib dushmanga telmurdi demakdur.

1962 yil, Toshkent.

* * *

1912 yil Haj safariga ketganicha kelmagan, 55 yillar o‘tgan, bir-birimiz bilan ko‘rusholmagan ukam Sattorxonhojini eskarganimda ko‘zum yoshga, ko‘nglim qayg‘uga to‘lub, shu so‘zlarni nazmg‘a kelturub yig‘lag‘on kunlarim bo‘ldi.

Saksonga yetib yoshim,
Qordek oqarib boshim,
Rahm ayla ilohim san
Ko‘zdin to‘kilur yoshim.
Ko‘nglum senga zor o‘ldi,
Ko‘rmakka xumor o‘ldi,
Qayg‘u birla hasratga
To‘lmishdi ichu toshim.
Yig‘laymi navo aylab,
Hasrat kuyi soz aylab,
O‘dimga tushar bo‘lsang
Sattorto‘ra qardoshim.
Bir tug‘ma akang ketdi,
Er qo‘ynida joy etdi.
G‘amxona jahon ichra
Erdi mening mungdoshim.
Ketgonda yigit erding,
G‘urbat yerida ko‘rding,
Ey, koshki ajal yetmay
Bo‘lsang edi yo‘ldoshim.
Qo‘rg‘ong‘a qamalg‘onmiz,
Chin yo‘q, bori yolg‘onmiz.
Bo‘lsang edi ko‘rgayding
Ko‘z birla emakdoshim.
Tor bo‘ldi mening ko‘nglim,
Saqla oni, ey Tangrim,
Bo‘lg‘aymu nasib bizga
Ko‘rmakka qarindoshim.
Sog‘uniy yoshing yetdi,
Yaxshi-yomoning o‘tdi.
Ko‘nglimda to‘la mung bor
Yo‘qdur meni sirdoshim.

1967 yil, Toshkent.

O‘YG‘ON

Borlig‘im saqlay desang ilmu hunardin qil yaroq!
Yo‘q esa olg‘ay boringni qilmayin hech kim so‘roq.
Er yuzi o‘zgardi ammo o‘zgarishdin bizda yo‘q
Sindi Turkiston elining boshida yuz ming tayoq.
Har o‘g‘ul voris bo‘lur qolg‘on otoning molig‘a
Bo‘ldi Turkiston elining vorisi yuzsiz qaroq.
Baxtsiz bo‘lg‘on kishiga o‘z uyi g‘urbat bo‘lur,
Mol egasidur qaroqchi bu ajoyib ishga boq.
Baxt ochilmas ul kishilarkim erurlar ilmsiz,
Ilmsizlar xo‘r bo‘lur, xohi qarodur xohi oq.
Qaysi millat ustidin hokimlik etsa boshqalar,
Bu kabi xorlik hayotdin o‘lganidur yaxshiroq.
Ilmu iymon ikkisidin bahralik bo‘l, ey o‘g‘il!
Bu ikkovlon birla olg‘aysan qo‘lingga shamchiroq.

1968 yil, Toshkent.

ChIN KO‘NGILDAN TAVBA QIL

Har gunohni qilgan ersang chin ko‘ngildan tavba qil,
Chin ko‘ngildan tavba qilsang har gunohni yuvg‘usi.
Sen yaratqan amrini ushlar esang rohat kuni,
Boshinga mehnat kuni tushdi esa qutqarg‘usi.
Ey o‘g‘il-qizlar, xudo amrini qoldirmay tuting,
Bo‘lsa mushkul ishlaring yordam Xudodin bo‘lg‘usi.
Sog‘uniy qilg‘ay nasihat to ajal yetkunchalik
Chin ko‘ngillik do‘stlarig‘a esdalik qoldirg‘usi.