Akmal Tursunov (1988)

Akmal Tursunov 1988 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan.

LOLA

Bir azobda toqqa chiqsam bahorda,
Qiqirlab turibdi tog‘ning lolasi.
Lola, meni yerga urma bekorga,
Anoyimas, menam tog‘ning bolasi!

Egilganim to‘g‘ri sening poyingga,
Chiroying deb bo‘ldim men rosa xarob.
Shu jabrlar haqqi, qizil jomingga
Lolajon, quyib ber bir kosa sharob.

Sipqorib tin olsin bu halak jonim
Yaproq-kokilingni labimga bosay.
Qizil bo‘yanganing – bu jigar qonim,
Yuzim rangini ham olding-ku toza!

Tiz cho‘kib o‘paman yaprog‘ing, mazza,
Sen yal-yal ochilgan, men tili duduq.
Bir silkinib qo‘ysang jahonim larza,
Bir siypalab qo‘ysang, jonim tasadduq!

Qo‘lim tekkizmayman, bo‘lma xavotir,
Sen qiqirlab tursang, qandoq yulaman?
Har bahor qoshingda bo‘laman hozir,
O‘lsam, huzuringga kelib o‘laman!

XONQIZI

Xonqizi, kel, xonga kuyov bo‘layin,
Sen bilan yashnasin bog‘im, xonqizi!
Faqat qaliningni qandoq to‘layin,
Bisotim yetmaydi chog‘i, xonqizi!

Derlar kambag‘alni ori o‘ldirar,
Onam der: shashtingdan qaytgin, jon qo‘zim!
Chorig‘imni sudrab borsam kuldilar,
Zar libos sevgini bo‘g‘ar, xonqizi!

Qop-qora xollaring biram yarashgan,
Boqsam ko‘nglim bayram, egning qip-qizil.
Noshudman topmoqqa tengin adashgan,
Sen kim-u men kimman o‘zi, xonqizi!

Siylov malikaga yarashar, axir,
Men ham Yaratganning yakka, yolg‘izi.
Bir marta kaftimga qo‘nib suyuntir,
Qo‘limni qaytarma faqat, xonqizi!

Xonqizi, kel xonga kuyov bo‘layin…

ShARHSIZ UMR

Ko‘zim qotdi. Tilim qotdi. Qo‘lim qotdi.
O‘zimni aldashga qolmadi hojat.
Yitdi ko‘ksimda in qurgan xavotir,
Xashaki tut chiqdi men ekkan ko‘chat!

Xayrixoh izladim: zarang yerdagi
Majnuntol bosh irg‘ab qo‘ydi ohista.
Oy menga javradi o‘zin ertagin,
Soy menga “davom et” dedi oqishda.

Jo‘yaliroq bilib soyning o‘gitin,
Oqishga tutindim xiyla sharqiroq.
Men ovoz sozladim toshlar yiqitib,
Bori shu – umrimning bo‘lak sharhi yo‘q!

OShIQ

Tomirimda jo‘shqin qonlar gupurdi
Yashashga muhabbat, ishqqa tavoze.
Oshiqlar xokini ko‘zimga surtdim
Zaminiy hislarim bosdi tarozi.

Tashvishga qo‘l siltang!
Bari jo‘n, odmi:
ketmonmas rubobni tutqazing menga.
Eng baland pardada kuylay hayotni:
har on Parvardigor tuhfasi menga.

Ranj-u sitamlarga zarra o‘rin yo‘q,
Qalbimda doira sadosi yangrar.
Ko‘kni davra olib aylanadi ruh,
Er tepinib o‘ynar har bir hujayram.

Ko‘nglim, olamga boq, naqadar ko‘rkam,
Haqning tajallisi mo‘r-u maysada.
O‘zingdan balandroq yashashni o‘rgan,
Go‘zallik topa bil hamma narsadan.

Do‘stim, kel, eskitdan borki bir jumla –
Hayot sharobini baham ko‘r degan.
Yashashni bosh-oyoq jumboqqa ko‘mma,
Haqiqat aks etar kosa sirtida.

Sinovlar achchig‘i tilimda novvot
Haqqa zohidona ishqimni kuylam.
Yalangoyoq qolsam hamki, umrbod
Oshiqlik to‘nini egnimda qo‘ymam!

* * *

Oshiq odam uzolmaydi gul,
Boqib bahra oladi, xolos.
Qo‘ldan kelgan yomon ishi shul –
chertadi tor,
yirtadi qog‘oz!

Oshiq odam buloq suviga
Oyog‘ini chaymaydi hecham.
Daryoni nazr etib so‘figa,
Oftobada yuz yuvar – tejab.

Oshiq odam sunmaydi bo‘yin,
Dunyosiga siltab ketar qo‘l.
Ma’shuqiga oshiqqan ko‘yi
Cho‘bin otga minib olar yo‘l…

BURGUT MONOLOGI

Meni baland tog‘lar uchirma qilgan,
Ushoqning dardida yurgan qushmasman.
Taqdirimda ovchi bo‘lish bitilgan,
Tayyor o‘laksaga sira uchmasman.

Quyoshga tik boqib ulg‘aydim, shundan
erdagi jimitday jon ham namoyon.
Qildim gadotopmas cho‘qqini kulba,
qumursqadan xoli topay deb oshyon.

Xonaki kaptarday o‘ynoqilik yot,
Uchsam qanotimni yozaman vazmin.
Menga yengil-elpi narsamas hayot,
Aslimga mos yashash – yurakning izmi.

Shom kirdi deguncha daraxtda g‘ujg‘on,
g‘iybatchi mayna – qush nomiga isnod.
Pingvin o‘zligidan kechgani hamon
surgun qilgan shimol tomonga qismat.

Men esa yuksakka intildim, zora
balandroq yashashni uqsa deb qavmim.
Erning tortish kuchin yengmoq bahona
Biram xush yoqadi hurlikning ta’mi.

O‘zi uchmaydi-yu, uchsa ko‘rolmas
Qashqirlar tish qayrab turibdi yerda.
Po‘lat tirnog‘im-la ko‘taraman dast,
Yirtib ulgurolmas ular kekirdak.

Nigohimga ko‘char tog‘lardan viqor,
Vaqt bilan basma-bas kelmoq bo‘laman.
Kun og‘ib, qo‘nadi patlarimga qor,
Fursat yetganini o‘zim bilaman.

Burgut o‘limini kutar qushmas, o!
Qartayganin sezsa tirnog‘i sinib,
bori deb o‘laksa titmaydi aslo –
Mardlarcha qoyaga urar o‘zini!

* * *

Bilmadim, qayoqqa qarab chopyapman…
Chopmoq birlamchidir.
Qayon – farqi yo‘q.
It yotib, mirzalar kabi qo‘pyapman,
Oshiqqan manzilim o‘zi balki yo‘q!
Chiqsam tepalikka bor kuchni jamlab,
Aslo o‘sha yerda qolmayman muqim.
Ertakning so‘nggini biladi hamma,
Shu sabab men uchun jarayon muhim!..