Ahmad Xo‘ja (Ahmadjon Toshxo‘jayev) 1952 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Yulduzlar sehri”, “Saboq”, “Biz ikki dunyomiz”, “Sadoqat chashmasi”, “Sarbon va karvon”, “Saylanma” kabi kitoblari chop etilgan.
2022 yil 21 iyun kuni Toshkent shahrida vafot etgan.
* * *
Qish fasli.
Tabiat bazmi ajoyib,
Oynaday yaraqlar muzlagan yo‘llar.
Shunday paytlar kimdir yiqilar toyib,
Uzatilar unga madadkor qo‘llar.
Nogoh, toyib ketsang bu qish chog‘ida,
Nechun xijil bo‘lmoq yoxud chekmoq g‘am?
Hikmatlarga to‘la hayot bog‘ida
Ijozat bor ekan yiqilmoqqa ham.
* * *
Cheksiz ummon aro men sarson kema,
Beshafqat to‘lqinlar sudrar har tomon.
Dengiz garchi sokin,
Garchi vahima,
Har nechuk, bag‘rida yuribman omon.
Men unga izmimni berganman butun,
Mayliga, tebratsin meni to‘lqinda.
Telba bir ko‘ngilning ermagi uchun
Qaylarga eltmasin – ixtiyor unda…
…Men qancha bo‘sh kelsam, quturdi dengiz,
Nachora, chidadim buning bariga.
Gohida yoqasiz,
Gohida yengsiz,
Kirdim to‘fonlarning dahshat qa’riga.
Bunda ham har narsa ko‘rsatdi qurbin,
Neki bor, o‘zicha ayladi farmon.
Men esa barining ra’yiga yurdim,
Zulmatlar qa’rida bo‘lgancha sarson.
Menga biron mayoq sochmadi ziyo,
Na bag‘riga oldi biron bandargoh.
Ne qilay,
beiloj,
bejon,
benavo
Manzilsiz yo‘llarda kezdim sargardon.
So‘ng bahri bemehr qilib masxara,
Go‘yo himmat bilan ko‘nglim g‘ashladi.
Nag‘makor taqdirning o‘yinin qara,
Kimsasiz sohilga eltib tashladi.
Men uning nazdida horidim-toldim,
Go‘yo dengiz oldi bor-yo‘q qasdini.
Lekin u bilmaydi,
Men anglab oldim
Dengiz deganlarin baland-pastini…
* * *
Xayol – rangin dunyo, nurday oq,
Unda kechgan har on nash’ali.
Tush – ro‘yodir, sarobdir, aldoq,
Ojizlarga shafqat, tasalli.
Shundan, tunlar kezamiz jahon
Uchqur xayol – qushlarimizda,
Uchrashamiz sen bilan, jonon,
Ba’zan shirin tushlarimizda.
* * *
Begona bog‘larga qilgilu havas,
Hech qachon ulardan axtarma nuqson.
Qadrdon bog‘ingni yashnat har nafas,
Faqat o‘z bog‘ingdan umid qil ehson.
Tashvish ko‘p,
O‘zingdan ortmagan mahal,
Mayliga, chekmagil dunyoning g‘amin.
O‘z bog‘in gullatsa har kim, loaqal,
Obod bo‘laverar bu yaxlit zamin.
* * *
Zamon yelayotir nur kabi shitob,
Ajib shiddat bilan umr oqmoqda.
Do‘stim, qadahlarga to‘ldirgil sharob,
Yangi yil kelmoqda, eshik qoqmoqda.
Beg‘ubor go‘dakday shirindir dunyo,
Latif ruxsorida ko‘rinmaydi dog‘.
Olam yaralganday qaytadan go‘yo,
Bashar pokligiga qaytganday bu chog‘.
Bugun o‘ylarim ham g‘amlardan xoli,
Ko‘mib ketgan yanglig‘ xoru xasni qor.
Yo‘l boshida turgan o‘smir misoli
Yangi yilga aytar tilaklarim bor…
…Men ko‘p bor ko‘rganman dehqon zahmatin,
Chigit qadaganin takror va takror.
Bu yil ham yashirib zangor tal’atin,
Qaydadir tentirab yurmasin bahor.
Xamirdek ko‘pchisin, bu oltin tuproq,
Oshiq qalbday yonsin, zamin yuragi.
Yangi yil.
Dehqonim uchun ham ko‘proq
Jonajon quyoshdan ziyo so‘ragin.
Soz erur har neki bilsa o‘z haddin,
O‘rnini bilganday har bitta yulduz.
O‘jar qish oldida bukmasdan qaddin,
O‘z taxtida tursin, so‘nggigacha kuz.
Yangi yil, senda ham ko‘rmaylik zinhor
Munis onalarning qatra yoshini.
O‘tgan yillar kabi mehr ayla nisor,
Ma’sum go‘daklarning sila boshini.
Sen omad, iqboldan baxsh etgil darmon
Hijron azobidan zada dillarga.
To boqa olsinlar ular ham shodon
Ko‘m-ko‘k chechaklarga,
Alvon gullarga.
Bejiz darkor emas otlarga jilov,
Yugan solmasdilar bo‘lmasa hojat.
Dunyoga o‘t qo‘ymoq istasa birov,
Sen unga ato et aqlu farosat.
Ezgu orzularim bilmas nihoya,
Senga yuragimda tilaklar bisyor.
Garchi, yolg‘iz istak qilmas kifoya,
Faqat duo bilan sog‘aymas bemor.
Olamga qay tusli libos bicharsan,
Qanday qo‘shiqlarni o‘tarsan aytib?!
Hamma yillar kabi sen ham kecharsan,
Hamma yillar kabi kelmassan qaytib.
Zamon charxpalagi aylanar shitob,
Bir zum ortga boqmay umr oqmoqda.
Qalbimda uyg‘otib rango-rang xitob,
Yangi yil kelmoqda,
Eshik qoqmoqda…