Abduvali Qutbiddin 1960 yil 20 iyunda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1983). Dastlabki she’riy to‘plami — «Nayson» (1988). Shundan so‘ng shoirning «Humo» (1989), «Baxtli yil» (1991), «Xayol kechasi» (1994), «Sen va sen uchun» (1996), «Uzoqdan olisga» (2007) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997). 2019 yil 8 dekabrda vafot etgan.
* * *
Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,
Kunduzi parisiz, tunda okqushsiz.
Ruhi ravonimiz sizga baxsh etdik,
Izingiz yoniga labni naqsh etdik.
Puflasangiz o‘chdik, silasangiz okdik,
Ufq naryog‘iga imladingiz, bokdik.
Qonimizni to‘kdik barmog‘ingizga,
Ko‘nglimizni urdik tirnog‘ingizga.
Yot desangiz, yotdik suvdek jimirlab,
Bir-bir o‘ynadingiz ko‘zlarimizda.
Shivir-shivir kildik sizga shivirlab,
Tosh bosib qo‘ydingiz so‘zlarimizga.
Qalqidik, yulduzga uzatsangiz qo‘l,
Chor-atrof rasvodir, bezatmadingiz.
Tinchlandik, boshi berk bo‘lsa hamki yo‘l,
Biz hamon xastamiz, tuzatmadingiz.
Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,
Shudring oqartirdi yuzlarimizni.
Muztog‘ni eritgan muqaddas tushsiz,
Qaytaring, titragan bo‘zlarimizni…
* * *
Osima,
Ne qilay ko‘nglim ushmundoq,
Bir cheti osmonu, bir cheti tuproq.
Bir tunda podshoman ikki kishvarga,
Bir kunda zordirman bir qur nazarga.
Hilvirab, simillab bo‘zardi ruhim,
Xohla portlatib qo‘y, xohla parchala,
Esiz, har tomonga urdi shukuhim,
Esiz, o‘tolmadim shum darichadan.
Osima,
Roziman, mendan asar yo‘q,
Ista, men haqimda boshqa xabar yo‘q.
Ammo dilim erka dilingni istar,
Mendek xushxabar yo‘q,
Mendek xatar yo‘q.
Osima,
Alarga ko‘p ham ishonma,
Ular qush ko‘mganlar xiyobonlarga.
Qumlari zarlangan
Bo‘lsa ham bordir,
Lek harom o‘rmalar tavonlarida…
Osima,
Sen haqsan,
Men tugab botdim,
Bu qissa so‘ngida, shudir qasida.
Men go‘zal borlig‘im maydalab sotdim,
Yo‘g‘imni qaytardim
O‘z egasiga…
NAFAS
Nafasing yuzimda uxlasin endi,
Qaynoq so‘zlaring ham tinsin shu muddat.
Qo‘llaring qo‘limni tinglasin endi,
Shoshilma, muvaqqat, bari muvaqqat.
Yuragim, yuraging vasl topsinlar,
Nigohim, nigohing yoshlansin, jono,
Bo‘salar qadalib sabza ursinlar,
Ohlarim ohingdan boshlansin, jono.
Marvarid qorlarga boraylik, sevgim,
Bag‘rimiz yuksakda to‘lsin havoga.
Cho‘qqida zumgina turaylik, sevgim,
Suvratday qulaylik zilol ma’voga.
Yoshligim bo‘ysunmas, chiqqan izmimdan,
Qistaydir ketmakka so‘rab ijozat.
Xayrlashayapman lolaligim-la,
Jonim, nafasingni yuzimda uxlat.
To‘xtamas hech narsa: uryon, lahzalar,
Jismimda larzalar olgan halovat,
Bu ne tilovatdir bo‘g‘zimga qadar,
Jonim
Nafasingni
Yuzimda
Uxlat…
EY, DILBARIM
Ohumiding yobonimda suv izlagan,
Yohumiding tomonimda lab izlagan,
Dalligina jahonimda
Siymu zarim: –
Ey, Dilbarim…
Chashmamiding toshlar uzra to‘kilasan,
Ufqmiding quyosh ketgach yiqilasan,
Yamoq tushgan hayotimda
Sen chevarim:
– Ey, Dilbarim…
Biy dalada quyun ila sochilding-a,
O‘rtasida yavshan ila ochilding-a,
Yuragimga qadab qo‘ygan
Oq gavharim:
– Ey, Dilbarim…
Koshkiydi, to qiyomat biz yonma-yon,
Koshkiydi, to qiyomat biz jonma-jon,
Gulxan yoqib uzun tunning etagida
Bilagimiz tilib qo‘ysak ust-ustiga.
To qiyomat
Zikr aytsam,
Mohpaykarim,
To qiyomat zikr aytsam, mohpaykarim:
– Ey, Dilbarim…
* * *
Baliqning tishi-la tilimni tildim,
Yuragim urchuqday uch aylantirdim.
Ko‘zimni qiynadim, Qiynog‘im qiziq…
Yayradim.
Indamay ruhimga ergashib oldim,
Devona xayolim g‘ilmon sanadim.
Tuf dedim botqoqqa,
Guliston qildim…
Yayradim.
Qaldirg‘och loisuvoq qilgan ochunda
Sevgim yo‘llariga zor-zor qaradim.
Yoshlarim yal-yali
taraldi tunda…
Yayradim.
Majnuntol darchasin ochdi, kiritdi,
Yuz bitta qizidan birin tanladim.
Xivich qasrlarda
Barglandim biram…
Yayradim.
Dunyoni tark etdim, hur safar etdim,
Yorim-la tuyqusu bexabar ketdim.
O‘n besh kun to‘y berdim
Dorulbaqoda…
Yayradim,
Yayradim,
Yayradimaaa!
* * *
Qora qoshing qasdima xunxorlar chaqirmishdir,
Birlashib zulmat bilan ag‘yorlar chaqirmishdir.
Ruhi ravonim aro mijgonlar uchmish o‘q kibi,
Etgali mahv umidim, ozorlar chaqirmishdir.
Dunyoi dun makrning sharobidin badmastdur,
Zardobig‘a cho‘ktirib hushyorlar chaqirmishdir.
Andalib qabog‘inda jamolin ko‘z-ko‘z etib,
To‘kilib sadog‘indin bahorlar chaqirmishdir.
Naylayin sahrodir ishq, qaqraganlar qoldimu,
Mungragan chiltor tutib, abgorlar chaqirmishdir.
Sirim oshkor aylasam, tong yaqin bu Valiyni,
Mash’alalar ko‘tarib bedorlar chaqirmishdir.