Abdusattor Jumanazar (1961)

Yofas Alpin (Abdusattor Jumanazar) – 1961 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) sharqshunoslik fakultetini tugatgan. “Xilvat ahli”, “O‘rgimchak kitobi”, “Nasaf”, “Mashrab”, “Vaxshuvor”, “Buxoro ta’lim tizimi tarixi” kabi asarlari nashr qilingan.

Tiriklik madhiyasi

Sahar chog‘i
Minoradan taralayotir
Jonlarni uyg‘otuvchi ohang.

Jonim,
O‘rningdan tur,
Muazzin sasida,
Tiriklik madhiyasi yangrayotir.

Yashamoqqa tayyorlan.

Mitti lavhalar

Ulkan voqealar,
Hasratlar,
Muzaffariyatlar,
Sevgi,
Bir umr izlayotganingiz
Mardlik…

Yana nima qoldi?

Xohlagan,
Xohlamaganingiz ham bor
Bu mitti lavhalarda…

Tasavvuringizni sindiradigan.

Tugayotgan voqea

Inson vujudini
Zavq, shavq, joziba,
Latofat, husn
Tark etmoqda.

Bunday mudhish makonda endi
Ilohiy sirni
Saqlab bo‘lmaydi.

Ont

Oyoqlarim chuqur qilgan
Shu joydan
Sen Mag‘rib tarafga yurganding.

Men hech qayga ketolmadim,
Muhabbat atrofidan.
Undan uzoqlashib bo‘lmadi.
O‘rtamizda pishiq arqon singari
Go‘yo bir ont bor.

Qoziq tegrasida aylangan
Ayg‘irday,
Sevgidan uzoqqa ketaolmayman.

Adashsam shu yerda adashay

Xayr de menga,
O‘tinaman.

“Ko‘rishguncha”
Yo “alvido” dema.

Hech kimi yo‘q
Bu muhtoj so‘zlar bilan
Meni yolg‘iz tashlab ketma.

Xayr –
Hamma tarafi jannatga tutashgan,
Qushlarning huzurbaxsh chug‘uri
Va g‘unchalar ifori to‘lib-toshgan
Yam-yashil vodiydir.

Adashsam shu yerda adashay.

Tashlandiq

Hamma narsa o‘z joyida turibdi.
O‘rnidan siljimagan birortasi.
Devordagi soat millari
Yurishga mushtoq, shay,
Kimningdir ishorasin kutayotganday.

Tepadagi darchadan
Hozir kakku
Ko‘rsatadi bo‘y.

Yana sal sinchiklab qarasang,
Birdan sezib qolasan,
Bu joy
Sog‘inchga aylanib qolgan uy.

Ikki narsa

Menda
Ikkalasi ham yo‘q.
Ularning nimaligini bilmayman.

Nima uchun azoblash kerak,
Hech narsasi yo‘q odamni?

Eng zarur ikki narsani
Mutlaqo bilmayman rostdan ham.

Hadik

Koinotga ishonolmayapman,
Boshimda tartib bilan aylansada,
Har kuni hayotimga yulduzlar
Yog‘du sochib turgan bo‘lsada.

Quyosh borlig‘imni nurga to‘ldirar,
Oy azaliy muhabbat qissasin so‘zlaydi.

Osmonu tog‘,
Dashtu shamollar
Nega meni ovutmoqda?
Koinotga nimadir bo‘ldimikan?