Abdumajid Azim (1957)

1957 yilda tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetida o‘qigan. Shoirning “Qalbimning Vatani”, “Quyosh bolasi”, “Yorug‘lik olami” singari she’riy to‘plamlari chop etilgan. Ayni paytda “Hurriyat” gazetasida faoliyat yuritmoqda.

* * *

Ko‘ngil, sen o‘zingni ovutib yasha,
Taqdiri azalning ishiga ko‘ngil.
Umrning past-baland yo‘llari osha,
Sendayin qadrdon topmadim, ko‘ngil.

* * *
…ga

Yigirma yil – qisqami, uzoq,
Biz sog‘indik bir-birimizni.
Ko‘p yosh edik va o‘yinqaroq,
O‘ylamabmiz taqdirimizni.

Sen sarvqad, sochlari anbar,
Parilarga nasabing tutash.
Men alplarga go‘yoki navkar,
Chaqnar edi ko‘zimda otash.

Behishtlarda yashardik go‘yo,
Jannatlardan terardik gullar.
Baxtga to‘liq edi bu dunyo,
Baxtli edi biz yurgan yo‘llar.

Tilsim aytgan kokillaringni,
Tortqiladi beadab shamol.
Baxtli qildim men yillaringni,
Sen dunyoda eng baxtli ayol.

Yigirma yil – qisqami, uzoq,
Sog‘inchlarni aylading tavof.
Har nigohing ming bitta so‘roq,
Menda qani bo‘lsaydi javob.

Yigirma yil, bu mening sirim,
O‘zimdan ham saqlayman nihon.
Ko‘zlaring der: “Garchi siz erim,
Ammo sevmaganman hech qachon”.

Yana bahor

Yana bahor, olam uyg‘ondi,
Maysalar ham oftobga qondi,
Qirlar uzra qizg‘aldoq yondi,
Yana bahor, olam uyg‘ondi.

Yana baxtga chorladi yo‘llar,
Iforini taratdi gullar,
Yashnab ketdi sahroyu cho‘llar,
Yana baxtga chorladi yo‘llar.

Mening baxtu bahorim kelmish,
Ol yanoqli nigorim kelmish,
G‘unchalarda diyorim kulmish,
Mening baxtu bahorim kelmish.

Yana qaytib bola bo‘lsaydim,
Boychechakni suyib o‘psaydim.
Yomg‘irlarda yalang chopsaydim,
Bolaligim qaytib topsaydim.

Ey, yoshligim, pokiza tuyg‘u,
Uzoqlarda qolib ketmish u,
Muhabbat ham qo‘l yetmas orzu,
Yuragimni olib ketmish u.

Yana bahor, uyg‘ondi borliq,
Ko‘klam tutar qo‘limga boda.
Do‘stlar, sizga tilayman sog‘lik,
G‘am ko‘rmangiz asti dunyoda.

Bu qiz

Ko‘zi chiroylidir, ko‘zi bu qizning,
Buxor ohusidek hurkak, yovvoyi.
Besh asr lol etib turkiy ulusni,
“Qaro ko‘zum”, deya yig‘lar Navoiy.

So‘zi chiroylidir, so‘zi bu qizning,
Har gal tinglaganda, qilaman huzur.
Go‘yo to‘kiladi har kalomida
Ul sanam og‘zidan novvot ila dur.

O‘zi chiroylidir, o‘zi bu qizning,
Bir umr termilsam nigohim uzmay.
Bu xilqat misoli tuzoqning o‘zi,
Domiga tushganim qolibman sezmay.

* * *

qAy, bodom qabog‘im, yupqa tomog‘im,
Yozning o‘rtasida gullagan bog‘im,
Mangu osmonimni tark etgan mohim,
Oh ursam, O‘ziga yetmasmi ohim?!

Aqiq lablaringga lablarim qo‘yib,
Seni bir quchoqlab o‘pgim keladi.
Sen esa o‘tasan qabog‘ing uyib,
Ko‘zing ummoniga cho‘kkim keladi.

Sen nochor holimga kulib ming bora,
Yillarkim, yonimdan o‘tding beparvo.
Yillarkim, dardimga topolmay chora,
Sening yoding bilan yashayman tanho.