Abdulla Qodiriy 1894 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi. 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Musulmon maktabida (1904—06), rus-tuzem maktabida (1908-12), Abulqosim shayx madrasasida (1916—17) ta’lim olgan; Moskvadagi adabiyot kursida (1925—26) o‘qigan. Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi (1918), «Oziq ishlari» gazetasining muharriri (1919), Kasabalar sho‘rosining sarkotibi (1920), «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi (1923—26). «To‘y», «Ahvolimiz», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi she’rlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyasi yozuvchining dastlabki asarlaridir (1914-15). «Uloqda» hikoyasi (1916), «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydir?» (1920) kabi satirik hikoyalar muallifi.
«O‘tgan kunlar» (1924-26), «Mehrobdan chayon» (1929) romanlari, «Obid ketmon» (1934) qissasi yozuvchining ulkan mahoratini o‘zida mujassam etgan. Abdulla Shunosiyning «Fizika» (1928), N. V. Gogolning «Uylanish» (1935), A. P. Chexovning «Olchazor» (1936) asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat qamalgan. 1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida ikkinchi bor qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida otib tashlangan.
Uning asarlari 1956 yildan boshlab oqlangan.
Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati (1991), «Mustaqillik» ordeni bilai mukofotlangan (1994).
TO‘Y
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq, hayratila boyon to‘y.
Besh kun to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y.
Ey g‘aniylarimiz, ey faqirlarimiz,
Amr etubdurmi bizg‘a Qur’on to‘y.
Mundayin ishlar shar’imizda yo‘q
Kori maj’us, kori shayton to‘y.
Ishlamas shunday aqllik kishi,
Yo‘lamas aslo ahli vijdon to‘y.
O‘tsa to‘y birla yozu qishimiz,
Aylagay bizni yerg‘a yakson to‘y.
Kelingiz do‘stlar, din qarindoshlar,
Tashlasun bo‘lsa gar musulmon to‘y.
G‘aniy-boy. Ma’jus-nasroniy.
Abdulla Qodiriy, “Sadoyi Turkiston” 1915 yil, 64-son, 20 mart, 2-bet
AHVOLIMIZ
Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulg‘a sotamiz.
O‘g‘limizg‘a na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,
Na xudoni buyrug‘i bulgan ulum o‘rgotamiz.
Korimiz shundan iborat bo‘ldi ushbu vaqtda,
O‘ntadin bedona boqib yozu qish sayrotamiz.
Hamda har kun takyalarda nasha ko‘knori chekib,
Bachchag‘a kokil solib, oh-voh ila o‘ynotamiz.
Qarimiz, boyonimiz, balki bu vaqt oqvondamiz,
Nogahon ko‘rsak agar bir besoqolni qotamiz.
O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi,
Biz ani dahriy sanab, to‘fangcha birla otamiz.
Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g‘ayrat qiling,
Uxlaganlarni agar qodir esak uyg‘otamiz.
Ulum-ilmlar.
1915 yil
MILLATIMGA BIR QAROR
Kel ey millat, bir kun bir maslahat bilan qaror o‘lsun,
Bu kundin o‘tgan ishlarga pushaymon birla or o‘lsun.
Qilaylik bul kuni hayrat hama birdan qilib himmat,
Jaholat cho‘l sahrosida minba’d sabzavor o‘lsun.
Bu nodonlik biza qilmish edi to‘rt faslni qishdek,
Jahonni zimistoni do‘nub fasli bahor o‘lsun.
Ayashmay kumush-oltunni hamma boyonlar aslo,
Solib dorilfununlar ham makotiblar hazor o‘lsun.
O‘qushsun millat avlodi bizni doim duo aylab,
Qilib tahsil ulumlarni fununa yaxshi yor o‘lsun.
Ochayluk jami’atlar, ko‘b yig‘aylik ham inoyatlar,
Ki toki yatim va bechora bekasg‘a mador o‘lsun.
Necha chog‘lar bo‘lubdurkim, qochibmiz biz taraqqiydin,
Bu kun bir iltifot birlan bu yo‘lg‘a bir guzor o‘lsun.
Jaholat sassig‘i bizni hamisha behuzur etdi,
Bu kun ilmning bo‘yi birlan dimog‘lar mushkibor o‘lsun.
Bizning johilligimizni ko‘rib ul shod bo‘lganlar,
Ko‘rib mashg‘uliyatimizni ilmg‘a sharmisor o‘lsun.
Kimikim jur’at aylab, bul kalomlarg‘a amal qilsa,
Jahonda ismi ani pahlavon nomdor o‘lsun.
Bu kun men so‘zladim oz nutq siza to Qodir o‘lguncha,
Ilohi aylasun ta’sir shu so‘z sizga bakor o‘lsun.
FIKR AYLAG‘IL
Oqilo fikr aylag‘il, ki na ishlayur ahli vatan,
Qaysi fosiq, qaysi johil, qaysisi bo‘ldi chapan?
Qildilar bir-birig‘a dushmanlikni har vaqt beibo,
Bir-birini aybin ochmoqg‘a kirishdilar bajan.
Er sotarlar elda necha to‘y bajo etmak uchun,
Chunki bid’atin yo‘lida ham fidodur jonu tan.
Pulni ko‘b isrof etarmiz, bizg‘a to‘g‘ri kelmag‘ay,
To‘libon toshti bu vaqt ul aqchalardin resto‘ran.
Zanlari sohibjamolu ham satang deb o‘ylama,
Eb-ichib jir bitmagan andoq sigiri belabon.
Qizlarin bo‘ynida ko‘rub zebigardon ham tumor,
O‘ylamangiz olima deb jumlasi naf’siz, ziyon.
Tushsa pul qo‘lig‘a gar, soatcha to‘xtab turmagay,
Chunki nodonni qo‘lida musht tufroqdur suman.
Qodiriy nazdingiza oz hasratidin so‘yladi,
Ayb etub qilmang haqorat, muhtaram ahli vatan.
Toshkand, Abdulla Qodiriy janoblaringizdur.
“Oina” jurnali, 1915 yil, 12-son