Abdulla Jalil (1948-2021)

Shoir va publitsist Abdulla Jalil (Abdulla Abdujalilov) 1948 yil 15 mayda Namangan shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1972). To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Mash’al» ro‘znomasida adabiy xodim, Pop tuman ro‘znomasida muharrir, Pop tumani jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi kengashining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limining mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan.

1990 yilda Abdulla Jalilning «Quyoshga maktub», 1992 yilda «Uyg‘oq ruhlar», 1993 yilda «Bo‘hton va haqiqat», 1994 yilda «O‘tayotgan kun», «Vatanim onam» nomli kitoblari bosilib chiqdi. Uning «Dunganlar fojeasi», «Uch hukm yoki Sog‘uniyning uch vasiyati» nomli dostoni ham bor. 2021 yil 9 noyabr kuni vafot etgan.

HAMIYaT

Soyalar nurlarning to‘ssa yo‘lini,
Zulmat shu’lalarni bo‘g‘sa bo‘ynidan,
Riyo haqiqatning bog‘lab qo‘lini,
Makr-u hiylalarni sochsa qo‘ynidan.

Iffat, hayo bog‘in fitnalar bulg‘ab,
Toptasa poklikning bag‘rin razolat.
Hurlar xayolini fahsh olsa chulg‘ab,
Ulug‘likka farmon bersa jaholat.

Qanday jim turasan: beparvo, loqayd,
Qanday ko‘rmaganga olib ketasan?
Hamiyating bormi, qani menga ayt,
Tokay sen bularga befarq o‘tasan?!

Beozorman, desa qora ilonlar,
Oh ursa shaytonlar, farishtaman, deb,
Dunyoga hirs qo‘ygan nodon insonlar,
Quzg‘undek yashasa o‘limtikni yeb…

Haqiqat ko‘ksiga minvolib goho,
Pichog‘in bo‘g‘ziga qo‘ysa bo‘htonlar.
Rostlikni o‘ldirib, qolganda tanho,
Qabri uzra bazm qursa yolg‘onlar.

Qanday jim turasan, beparvo, loqayd,
Qanday sezmaganga olib ketasan?
Hamiyating bormi, qani menga ayt,
Tokay sen bularga befarq o‘tasan?!

Halol, pok odamlar yursayu nochor,
Ta’magirlar to‘kis yashasa magar;
Ezgulik poygakda tursayu xor-zor,
Razilliklar to‘rda bo‘lsa mo‘tabar…

Bilmadim, ne sabab, jonidan to‘yib,
O‘spirin o‘zini ossa nogahon,
Alam yonilg‘isin boshidan quyib,
Ayol o‘zin yoqib, ko‘tarsa isyon,

Qanday jim turasan, beparvo, loqayd,
Qanday ko‘rmaganga olib ketasan?
Hamiyating bormi, qani menga ayt,
Tokay sen bularga befarq o‘tasan?!

YaRADOR DUNYo

Zangori maysalar uzra qonli iz,
Xolsiz ketib borar yarador ohu
Shahlo ko‘zlaridan qon oqar, esiz,
Ovchining o‘qidan yaralanmish u.

Toshlar orasidan tomgan mo‘miyo,
Endi yarasiga bo‘lolmas malham.
Etib u chimchigan shifobaxsh giyoh,
Endi tortib olmas og‘riqlarin ham.

Jon-joniga azob bersa-da yara,
Ovchidan qutilmoq uchun urinar.
Uning ko‘zlariga yo‘lbarsdan ko‘ra
Inson ming bor vahshiy bo‘lib ko‘rinar.

Yo‘lbars ham, ovchi ham unga barobar,
Har ikkisi qonxo‘r, kushanda unga.
Uni yirtqich emas, o‘zin dilovar —
Deguchi odamzot solmish shu kunga.

Yarador ohuning qiyofasida
Yarador dunyoni ko‘rdim shu zamon.
Hayhot hamon faqat ohularnimas,
Inson qonini ham to‘kmoqda inson…

U VA SEN

U — tilsiz, zabonsiz, sovuq bir qoya,
Sen — o‘z tarixini bilmas bir inson.
U — doim ergashib yurguchi soya,
Sen — taqlid dardiga chalingan bir jon.

U — yolg‘iz uyasi payxon bo‘lgan qush,
Sen — o‘z vatanida bevatan bir zot.
U — nogahon boshdan uchib ketgan hush,
Sen — yo‘qolgan erkdan noxush xotirot.

U — polaponini ilon yegan sor,
Sen — o‘g‘li sariqdan jon bergan ayol.
U — olis yo‘llarda horib o‘lgan nor,
Sen — mute kallada charchagan xayol.

U — Orol tubidan to‘zg‘igan sho‘ri,
Sen — o‘z dengizini quritgan nodon.
U — bog‘larni kesgan johillar zo‘ri,
Sen — bozordan meva izlagan bog‘bon.

U — cho‘lda ko‘l bo‘lib ko‘ringan sarob,
Sen — unga intilib toliqqan sayyoh.
U — yolg‘on yuzida chiroyli niqob,
Sen — laqma, aldanib bo‘lgan dilsiyoh!

U — kuzga sochilgan bir hovuch qumdir,
Sen — ko‘zi berkilib qolgan bir buloq.
U — qo‘rqoq, og‘zida tishlangan mumdir,
Sen — dardlarim yutib sarg‘aygan yaproq.

U — chiroqdir, pastlab ketgan piligi,
Sen — sabr ko‘zida qolmagan mador.
U — chilparchin singan ko‘za sinig‘i,
Sen — suvni keltirib xor bo‘lgan dastyor.

u — suvning betida qotib qolgan muz,
Sen — muzdek mehrga umidvor odam.
U — shamolga bekor sovurilgan so‘z,
Sen — qashshoq dehqonning yuzidagi g‘am.

Etar! U — uyg‘onib suron solgan ong,
Sen — xabar bergani shoshilgan jarchi.
U — endi yorishib otayotgan tong,
Sen — endi maydonga kirgan bir jangchi.

ARMIYaDAN KELGAN TOBUTNI
KO‘RIB O‘YLAGANLARIM

1

Bu Turondan esgan sabomidi,
Shunday yigit go‘rga ravomidi?
Yulingan bu sochlar kimniki?..

2

Mo‘ylavi ham endi sabza urgandi,
U yorug‘ dunyoda nima ko‘rgandi?
Tobutni quchoqlab yig‘layotgan kim?..

3

Ularga ham boqqan balolar bordir,
Qirg‘inli, qironli vabolar bordir —
Bu yigitni o‘ldirganlarga…

4

Bu kulfat — tosh kabi zil-zambil axir,
Bu dard — Tyan-Shan tog‘idan og‘ir.
Qanday ko‘taradi uning onasi…

5

Bobong Jahongirga jangchi bo‘lgandir,
Qonga qon, jonga jon, deya o‘lgandir,
Sen qanday bekorga o‘ldingu ketding…

6

O‘ldirib, o‘zini o‘lgan deyishdi.
Aslida o‘zidan o‘tgan deyishdi,
Bu riyoni qanday ko‘tarar zamin?..

7

Hokimlar yurishar beparvo, loqayd,
Ularning ham o‘g‘li bormikin, hey, ayt
Zora ularga ham tobut kelsaydi…

8

…So‘nggi dam nima deb nido etdiykin,
U qanday armonlar bilan ketdiykin?
Bu armon qabrga qanday sig‘adi?.

9

Navqiron qaddingni past qilibdilar,
Begunoh joningga qasd qilibdilar,
Qon ichsang ham rozi bo‘lardi otang…

10

O‘spirin qo‘shnilar g‘amnok turishdi,
Ular ham tobutni ochib ko‘rishdi.
Ularning ko‘nglidan nima kechdiykin?

11

Bu qadar qabohat olamda yo‘qdir,
Razillik razilning o‘ziga o‘qdir.
O‘zi bilarmikin razilligini…

12

Bu — qismatmi, qismat, begunoh o‘ldi,
Jangchi jangsiz bugun qabrga to‘ldi,
Ey dunyo, ishingga qoyil qolmadim…

13

Shak keltirmam, Rahim, Rahmonsan Alloh?
Nega bo‘lolmading sen unga panoh?!
Axir unda nima gunoh bor edi…

14

Shu qadar sovuq, shum bo‘larmi xabar,
Yurakka sanchildi dudama xanjar…
Qo‘lida xat bilan o‘tirib qoldi…

15

Bir qiz uzoqroqdan jim qarab turdi,
So‘ng tobut ortidan bebilim yurdi,
Birdan u devorga qoldi suyanib…

16

Endi bu bosh uzra qand sochilmaydi,
Unga yangi eshik hech ochilmaydi.
Hali tug‘ilmagan bola ham o‘ldi…

17
Shuncha yigit o‘ldi, kamaymoqdamiz…
Butun Turon, tun-kun yig‘lamoqdamiz.
Ey dushman, shumidi seni muroding?!

18

Bir kun bu tobutlar so‘rovi bordir,
Qotillikning tovon, to‘lovi bordir.
Chidaysanmi o‘znng qasos olsalar?..

19

Shahidlar ortida yoronlari bor,
Jonajon do‘stlari, polvonlari bor.
Ular musichadek beozor emas…

20

Ko‘zim qarog‘ida ko‘zyosh tugadi,
Yuragim tubida bardosh tugadi.
Hech narsa qolmadi, qahrdan bo‘lak.