Abdulazizxon Akramov 1987 yilda Yaypan shahrida tug‘ilgan. Andijon Davlat tibbiyot institutini tamomlagan (2014). She’rlari matbuotda e’lon qilingan.
Yig‘ilishdan so‘ng…
Majlis tugaydi.
Farrosh
kirib kelar katta saroyga
polyuvgichini olib
qarsaklarni yig‘a boshlaydi.
xom, chala pishgan
pismiq qarsaklar.
nomiga yangragan va yoki
ikki kaft orasida yorilib
shu zahoti jon bergan qarsaklarni
artib olar stollar aro.
minbar ustida esa
pastroq parvozlagan yalong‘och ovoz
turadi hanuz…
Uchinchi xulosa
bu rasmni sevaman uyg‘oq,
bu rasmda yig‘lamli alam:
bola
qo‘lida non.
qonagan
labi qizil va alvon non ham.
xulosalar ingichka o‘tkir
yoki keskir ustaradek tan,
tamakini chekib kuzatib,
xulosalar urchir
masalan:
qiyinchilik qobirg‘asi-la
qismatining ipi bitishgan.
gung ochlikning nihoyasida
labi qonab nonga yetishgan
yoki boshqa xulosa mana:
sag‘irlikda qolgandir omon,
labi maysa kabi yumshoqdir…
lablarini kesgan qattiq non.
uchinchi xulosa qo‘rqinchli
(sig‘may qolar yuvoshroq ongga)
millatini sotgan yovni o‘ldirib,
so‘ng
botirgan nonini qonga!..
bu rasmni sevaman uyg‘oq…
Dilparchalar
1
Ikki ko‘zing – ikkita quduq:
Biriga gul ekdim,
Biriga esa tashladim tanga…
Gul so‘ldi…
Tanga esa hanuz yaltirar…
Tubda…
2
Xush ko‘raman
Chuqur kissali kiyimni.
Ko‘proq narsa yashirsa bo‘lar,
Ko‘mib qo‘ysa bo‘lar kaftimni.
Cho‘ntakka yashirilgan narsa
Bilinmasligi kerak.
Yoki jim bo‘lmog‘i lozim…
Og‘zim – yonboshlagan cho‘ntak.
3
Qorong‘i va sovuq uyda
E’tiqod kuchayar.
Issiq bo‘lsa gunoh istagi…
Yuz yil yorug‘lik ko‘rmagan odam
Kalit teshigidan tushgan nurni
Xudoning yolqini deb o‘ylar tayin…
4
Tongda oyna oldida turib
Ayolingga qilgan xiyonating
Yodingga tushsa.
Galstuk bog‘layotgan qo‘llaring
Titrasa –
Siqishi kerak bo‘lgan bog‘ichni
Bor kuching bilan tortsang…
…ishga ketasan galstuk bog‘lamay…
Bor kuchi bilan seni tortar
Yana xiyonat…
5
Bekatlarni kuzatsang. Ketsang.
manzil istagan odam – chiroyli.
Odam – chiroyli.
Bekatlarni kuzatsang. Tushsang.
Ketayotgan odamlar – go‘zal.
Odamlar – go‘zal.
Bekatlarni kuzatsang. Kutsang.
Kelmasa sen kutgan avtobus.
Kutishga aylansang…
Faqat kuzatsang go‘zal odamlarni…
Seni payqamasa hech kim…
6
Yoniq bo‘lsa sening chirog‘ing
Qush bo‘lsamu oynangga ursam,
G‘ussadan ezilgan vujudni.
Ayoz bo‘lsa tashqari. Sovuq.
Derazangni ochsang baribir.
Qo‘llaringga olsang ohista
G‘ussadan ezilgan vujudni.
Mehribon ko‘zlaring yumilib
Qo‘llaring boylansa bo‘yniga
G‘ussadan ezilgan vujudni…
Qora paltoimga o‘rab shaharni
Darbadar aylantirib qaytaman
G‘ussadan ezilgan vujudni.
Sovuq to‘shagimga yotqizib
Uxlashin kutaman tun bo‘yi
G‘ussadan ezilgan vujudni…
* * *
Bo‘g‘zin yirtib avgust baqirar
mezonlardan daraxt ogohmi?
ayroliqlar raqs tushar mahmur
unga libos bo‘ladi ohim…
nurga nurning soyasi tushmas
sevgim kibrlarda qunishma
qafaslarda ulg‘aygan qushman —
baliqlardan qo‘rqadi mohim.
ishq mayini suzmadi g‘affor…
barmoqlaring nega qon vafo?
bizga furqat azal mukofot
faqat xiyla diydor panohim.
tugab borar barcha qurblarim
qaytar hamma maktublarimni,
azob chirmar dil tublarimni…
muncha shirin bugun gunohim.
ko‘chalarda begonalik avj
hajr ruhda urib borar mavj
sensiz yashash uchun bormi vaj?
seni izlab og‘rir nigohim…
Jafo tashbehi
Tushim cho‘chib uyg‘onar dilgir,
burchagiga suyanar tokcha.
o‘spirin so‘z labida qaqshab —
isming yolg‘iz turar ko‘ylakchan.
intizorlik pardozlarida —
G‘ijimlangan ehtiros ta’bi .
chizilishni istading behis —
tulki tishlab uzgan gul kabi.
Qarsaklangan tovushday sovuq —
havoladi o‘lik bo‘salar.
qabog‘imga yechinib olib —
ko‘zlarimda suzar g‘ussalar.
sendan keyin…
she’rlarim rangli,
tuyg‘ularim kulrang, qiziqqon…
…ustarani labin ko‘ray deb —
tomirimdan
mo‘raladi
qon…
***
Bizni bog‘lar xorijiy kishan,
ruhni zo‘rlar uzluksiz tarmoq.
tutqun baliqlarmiz,
holbuki-
qo‘limizda turadi qarmoq.
ko‘k dalani sog‘ingan tovon,
bedazorni dimog‘ tusagan
muzday soyni qo‘msagan badan
hammasini kishan ushlagan.
ey jo‘mard, ey qaynagan shiddat
ko‘zlaringga ne soldi ko‘lka?
obod bo‘lmish atrof mukammal,
yuragingda buzilgan o‘lka.
ey suluv, ey dilbari jahon,
gullik umri nahotki bitdi?
ul kimlardir mavhum. Noma’lum —
ko‘zguingni sindirib ketdi?
ozod vatan, ozoddir jur’at,
ajdodlarga ming bora qulluq…
…kishan bog‘lab baravar deymiz:
‘’Assalomu alaykum, qullik!’’
Rangli kutubxona
Chalg‘igan til kerak suringan
Idrokimda g‘ayrisaf pushta.
Hozir kerak! Hozir aynan shart —
Qonatguvchi kitobning mushti.
Ko‘k miyada mavhumlik junbush,
Til chaynaydi betoqat qullar.
Zaxarlangan kulrang dalada-
Alaf bilan qovushdi gullar.
Mantiq do‘mbirasini sindir!
Taroqlansin ul ko‘krak qafas.
Bu aynigan, buzuq xavodan —
Fikrlarim ololmas nafas.
Ey olchoq pat sen yozgan har so‘z
Vujudlansin, og‘risin, sinsin.
Ko‘z yosh to‘ksin, kulsin dildirab —
Sukut ichra raqs tushib tursin.
Taroshlangan chalkash qarashlar
Kurtak urar ko‘zimdan bo‘rtib.
Kitobxonam — zim jannatimda
Daydib yurar bir ko‘zli bo‘ri.
Daf qiladi dambadam hushda
Tushda tishlar qilmayin shafqat.
Chavaqlangan vujudim kular —
Xar tish izi betimsol lazzat…
Chalg‘igan til kerak suringan-
Qonatguvchi kitobning mushti.
Fikrlarim oladi nafas.
Kiprigim oq, ko‘zlarim pushti…
Esnayotgan yo‘lbars
1
Suvarakday yashovchan fikr
Isyonimga et berar tinmay
qora qozon ilhomga sapchib
Kapgirlandi qalamlaru nay.
o‘ tijoriy maddoh, lattaqalb
paytavangni ijodga tiqma.
sendan boshqa adabiyotda
etarlidir qanjiqu ta’ma.
puf deganda boldiring titrab
Qofiyangdan qochar tuturuq.
Ovozing kar, baqirig‘ing mo‘l,
ehtirosing, hislaring quruq.
Nafrat gullab borar gul ochib
bo‘sh g‘azabda uyg‘onar kibr.
farahingdan yuqar dilimga
Suvarakday yashovchan fikr.
Qiyin bo‘ldi
uni o‘ldirdim.
chetdan qarab turdi yaxshi hulq.
Sen tiriksan, hanuz tiriksan
Suvarakdan battarroq mahluq.
2
Turna kabi tumshug‘i uzun
Turna kabi oyog‘i ingich-
ka
judayam,
hushi buzilgan
qahqahasi yig‘isidan zich
kimsa.
Yana haroba bozor,
inlarini buzib turar qush-
im,
ag‘darib qaboqlarimni-
Yalab turar chanqagan bir tush.
Sekinlayman, tig‘ shaklida so‘z
Bo‘yin aro izlar o‘zini.
tush ortidan hayqirib kimsa
Ko‘rsatmaydi menga o‘zini.
ko‘rinmaydi, qora devor bor
har gal kelsa tongni qirg‘og‘i
uyg‘onaman,
devor ustida
turar faqat qonli barmog‘i..
3
«Tars yorilish.»
o‘pkami yo tosh
yo yurakmi muzlagan, tingan.
yumaloq bir havo orqali —
Kirib kelding mana ichimga.
vulqon kabi ihraysan ichdan
etilasan ulkan bir tikan.
Tars yorilish…
O‘pkami yo tosh?
bo‘g‘zim ekan, ay bo‘g‘zim ekan…
4
Jimlan, kimlan, duduqlan tinmay
Qo‘ling ishlab chiqarsin qarsak.
Bo‘yning pastga,
Qorning ichiga
sal qattiqroq botsin so‘ng tirsak.
Tavoze va takalluf aro
Lablar harakatdan tinmasin.
haqiqatday bo‘yning egilib —
ammo sira , sira sinmasin.
titrab turgin, mayli nafas ol
Faqat sekin…
Sekinmas arang…
Yo‘q bu yo‘lbars esnamayapti
faqat sening qulog‘ing garang…