Yusuf Amiriy (XV asr)

Yusuf Amiriy (15-asr, Hirot) — shoir. Boysunqur Mirzo himoyasida yashagan. Turkiy va forsiyda ijod qilgan. Alisher Navoiy «turk erdi va turkcha she’ri yaxshi voqe bo‘libtur» («Majolis un-nafois») deb yozsa, Davlatshoh Samarqandiy «Shohrux davrida katta shuhrat qozondi» («Tazkirat ush-shuaro») deb ta’riflaydi.

Yusuf Amiriyning turkiydagi bir devoni hamda «Dahnoma», «Chog‘ir va Bang munozarasi» asarlari yetib kelgan. Forsiydagi asarlaridan 2 baytgina ma’lum: biri «Majolis un-nafois», ikkinchisi Yaqiniyning «O‘q va yoy munozarasi»da saqlangan.

Devoniga kirgan she’rlarida shoir hayot haqida chuqur falsafiy fikr yuritadi, ishq-muhabbatni ulug‘laydi («Ey ko‘za…», «Telbaman», «Ey ko‘ngul» va b.). «Chog‘ir va Bang munozarasi» bilan munozara janri imkoniyatlarini boyitdi. Ubayd Zakoniy ta’sirida yozilgan bu asarda amaldorlarning salbiy axloqiy-ma’naviy qiyofalari, xislatlari hajv qilinadi, adovat, johillik, o‘zaro qirg‘in urushlar qoralanadi.

Yusuf Amiriy «Dahnoma» (1429) asari bilan noma janrini rivojlantirdi. Bu devon nusxasi Turkiyada, «Dahnoma», «Chog‘ir va Bang…» nusxalari Britaniya muzeyida, fotonusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik va Qo‘lyozmalar institutlarida saqlanadi.

* * *

Ey, ko‘zda yuzung hayrati osori tomosha,
Nazzorayi husning guli behori tomosha.

Ko‘nglum tepishi ayladi savdo elini xush,
Devona rur ravnaqi bozori tomosha.

Muft o‘ldi havas ahlina savdoyi visoling,
Bemoya topar sud xaridori tomosha.

Ko‘nglum qushini zog‘laring qildi muzayyan,
Shavq etti bu tovusni gulzori tomosha.

Mohiyati xurshedni xuffosh na bilsun,
Har dila emas mahrami asrori tomosha.

Ko‘nglumni qilib qasri vafo ishq, Amiriy,
Ko‘z manzarasin ayladi anvori tomosha.

* * *

Xayoling xayli,ey jonim charog‘i,
Turur ko‘zumdavu ko‘nglumda dog‘i.

Yuzung ko‘rar ko‘zumdur,gar raqibing,
Ko‘ra olmas oni chiqsin qarog‘i.

Qachon zulfung ko‘ngul birlan tuzolgay –
Kim,egridur aning boshtin-ayog‘i.

Fig‘onimni rubob olig‘a, ey do‘st,
Ne aytoyin chu eshitmas qulog‘i.

Ko‘zung ko‘ngulda ekmas mehr tuxmin,
Ajab yo‘q,tushmadi ekin yirog‘i.

Yuzung ko‘rar ko‘zumdur,gar raqibing
Ochilg‘il gah-gahe,ey husn bog‘i.

Amiriy olidin to o‘tti ul zulf,
Nasimidin mushavvashdur dimog‘i.

TUYuQLAR

* * *

Telbaman shahlo ko‘zung olusidin,
Uzmadim bog‘ingda vasl olusidin.
Hajr dashtida yugurmog‘lig‘ bila,
Etmadim vaslingga yo‘l olusidin.

* * *

Gar desam, bog‘i visoling nori bor,
Olma deb achchig‘lab aytur: Nori bor!
Ishq naxli ko‘z yoshimdin suv ichib,
Bargu borini shararlig‘ nori bor.

* * *

Ey ko‘ngul,bu kecha ul oy sori bor,
Oh o‘tin yorutmakim, ag‘yori bor.
Tuxmi mehr etkim muhabbat bog‘ida,
Dard barg ochti-yu g‘am kelturdi bor.

* * *

Sham’ yanglig‘ yonadur boshimda o‘t,
Ko‘z yoshimdin yer yuzinda undi o‘t.
Qon yoshim qildi yo‘lungni lolazor,
Muncha taqsir ayladim, qonimdan o‘t.

* * *

Bodasiz betobmen bu kecha men,
La’ling istab emdi jondin kechamen.
Sohili maqsadg‘a yetgaymanmu deb,
Ko‘z yoshim daryosida suv kechamen.

* * *

Jilva aylab sakraturda sarkash ot,
Noz o‘qin javlon etib jonimg‘a ot.
Itlaring xaylig‘a xizmat ayladim,
Qo‘ydilar ahli vafo deb manga ot.

* * *

Dilrabo, hajring o‘tida yonamen,
O‘rtanib vasling tilarman yona men.
Ka’ba azmidin manga san muddao,
Bo‘lmasang,albatta,andin yonamen.

* * *

Hamnishin ag‘yor to ul yoradur,
Ko‘kragim hasrat o‘qidin yoradur.
May bila soqiy himoyat bo‘lmasa,
Shahnayi hijron yurakni yoradur.