Xiromiy (taxallusi; ismi Mullo Qurbon) (1796, Kitob viloyati Charmgaron guzari — ?) — shoir. Ba’zi manbalarda Mirzo Qurbon, Muhammad Qurbon deb ham tilga olingan. Kenagas urug‘idan.
Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil ko‘rgan. Iqtisodiy tanglik tufayli madrasani tugata olmagan, 25 yoshida Kitobga qaytgan. Xattotlik, tabiblik, charmgarlik qilib ro‘zg‘or tebratgan. Xiromiy Nasrullaxonning bosqinchilik siyosatiga qarshi kurashuvchilar safida turgan, Kitob mudofaasida qatnashgan.
Xiromiy iste’dodli va sermahsul shoirlardandir. U o‘tmish allomalar ijodidan o‘rgangan, zamondoshlari Shavqiy, Hoziq, Vola va boshqalar bilan yaqin ijodiy aloqada bo‘lgan. Dastlab Sa’diy, Navoiy, Zebunniso g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan, ularning badiiy mahorat sohasidagi an’analarini davom ettirgan.
Xiromiy 19-asr hayotidagi yaramas illatlarni, adolatsiz hukmdorlar, noqobil hokimlar, zamin, zamon, kishilar to‘g‘risidagi qarashlari ifodalangan «Chor darvesh» (1834), «Mahfil oro» (1844—56), «To‘tinoma» (1854), «Ra’no va Zebo» (1856), «Yusuf va Zulayho» (1862) dostonlarini yozgan.
Bularning orasida keng tarqalgani «Chor darvesh» dir. Asar qoliplash usulida yozilgan, qoliplovchi xikoya Ozodbaxt hikoyasidir. Ozodbaxt o‘z farzandsizligidan so‘z boshlab, darveshlar sarguzashtini tinglaydi. Doston Ozodbaxtning Baxtiyor ismli farzand ko‘rib, parilarning ulug‘ shoiri Malik Shohboz yordamida murod-maqsadlariga yetishi bilan tugaydi.
Xiromiyning hajman eng yirik asari «To‘tinoma» 12 ming misradan iborat. Asarning bosh g‘oyasi — vafo va sadoqat. To‘tining barcha hikoya va qissalari shu g‘oyani asoslash, isbotlashga qaratilgan.
«Ra’no va Zebo» dostoni ham qoliplash usulida bo‘lib, qoliplovchi hikoya Ra’no va Zebo sarguzashtlaridir. Pok muhabbatni ulug‘lash dostonning asosini tashkil etadi. Unda inson huquqi, ijtimoiy tenglik, adolat, olijanoblik kabi g‘oyalar yoritilgan.
Adabiy merosining umumiy hajmi 30 ming misra atrofida. Asarlari qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida («Chor darvesh», inv.№359, 9251, 1675, 7713, 4819, 7847, 217 (II); «To‘tinoma», inv. №1795; «Ra’no va Zebo», inv. №217; «Yusuf va Zulayho», inv. №1799) va Samarqand davlat universitetining asosiy kutubxonasida saqlanadi.
Begali Qosimov
Necha dam g‘animat yigitlik chog‘i,
Yuz oncha g‘animat tiriklik chog‘i.
* * *
Dedimki, mabodo xijolat yetar,
Xijolat erur yuz o‘limdan battar.
* * *
Demishlarki, har kimni kelganda ko‘r,
Bo‘lubtur masal, so‘zni surganda ko‘r.
* * *
Birovkim senga bo‘lsa gar mehmon,
Ishing bormidur — mehmon ko‘ngli qon.
* * *
Topar kimsa sabr aylamakliqdin mufid,
Erur sabr xursandlikka kalid.
* * *
Hikmatdur manga mahbubu marg‘ub,
Kishi mahbubini maxfiy etmog‘i xo‘b.
* * *
Ikki oshno bo‘lmasa ittifoq,
Ham sirdosh emasdur erur ul nifoq.
* * *
Xush ulkim ani jismi bo‘lg‘och nihon,
Ki andin qolur dahr aro bir nishon.