Xayoliy (XIX asr)

Xayoliy – Qarshi shahrida XIX asrning ikkinchi yarmida yashab, ijod qilgan. Xo‘jaxayol mahallasida tug‘ilgan. Buxoro madrasasida saboq olgan. Shoirning to‘rt yuz o‘n olti sahifali devoni topilgan.

* * *

Oyo, mahvash, sani ul tiri tirkoningga sallamno,
Yuzung ustundagi ul donai xolingga sallamno.

Ochilsa oftobi tal’ating Sharq maskanidin
Yorutub yer yuzini burji arkoningga sallamno.

Takallum chog‘ida fahmdin shiru shakkar sochib andog‘,
Qilib mo‘m sangi dillarni durboringga sallamno.

Ko‘zungni halqasi jism xonasidek jilva aylabkim,
Tushub yuz safhasiga pech uron toringga sallamno.

Tabassum birla har dilni o‘zunga rom etib ul kun,
Sochib duri guhar ul nav’i guftoringga sallamno.

Niholi qomatingni sarvu yo shamshod etmishlar,
Bu boisdin deyurman tarzi raftoringga sallamno.

Xayoliy, har zamon, har lahza, har dam ko‘z tutib sandin,
Degaykim, ey nigoro, chashmi xummoringga sallamno.

* * *

Jamoling ko‘rsatur bo‘lsang, ul gul yuzdin niqobing ol,
Muhabbat rishtasig‘a pech o‘ron gulgun tanobing ol.

Mani mahzun dil ayla, har sahar nolon o‘lurmankim,
Ki, mandin yuz o‘gurmay, o‘rtadin ul ijtinobing ol.

Yuragim qaynayur har soati girdobi daryodan,
Yuzumg‘a parda solg‘on sarbasar rangin hijobing ol.

Kel, ey soqiy, damodam kosa bergil, mast o‘lay, ammo,
Mayi mastona tutgil, lek, mandin ul gulobing ol.

Mani o‘ldurmog‘ istarsen, jarang tig‘i bilan o‘ldur,
Xunumg‘a zomin o‘lg‘ung, gardanimdin ul tanobing ol.

Minib tavsan, istasang jununvor sayd etgali ko‘nglum,
Yuzum surtay oyog‘ingga, oradin ul rikobing ol.

Xayoliy, san havas girdobiga tushsang, jadal qilgin,
Dema sahroyi g‘amdin har zamone ul sarobing ol.

* * *

Hech bulbul bo‘lmasun, yo Rab, ul gulistondin judo,
Bo‘lmasun hech to‘ti bu kun shakkaristondin judo.

Umr bog‘ida xazon etganda fursat topmayin,
Hech mo‘min bo‘lmasun ul damda iymondin judo.

Sihhati dillarga o‘zin hamroh qilmay sarbasar,
Bo‘lmasun hech odam o‘g‘li ko‘nglu vayrondin judo.

Jon qushikim parvoz qilsa oshyonidin agar,
Bo‘lmasun, yo Rab, o‘shal jonu jonondin judo.

Har shoh, shahzodakim o‘z vaqtida sayr aylayur,
Yurmishida bo‘lmasun ul taxti kayvondin judo.

Shodlig‘ini ixtiyor etma, birodar, sarbasar,
Bo‘lmag‘uncha ushbu holat chohi zindondin judo.

Istama hargiz, Xayoliy, dahr bog‘idin umid,
Gul berar deb, toki, bo‘lmay ul zimistondin judo.

* * *

Jahonni lazzatiga qilmag‘il zamonni talaf,
Zamona sho‘xi uchun qilmag‘il jahonni talaf.

Kimiki qildi talaf umrini nishotinikim,
Anga musofiy erur, qilsa kim shodmonni talaf.

Nafsi g‘animat erur, yaxshi ishlarga boshqargin,
Aning bahosi ulug‘dir, chu qilmag‘onni talaf.

Talaf jahonni arzin qil, baqosi yo‘qtur aning,
Tilingni to‘g‘ri qilu qilma nuktadonni talaf.

Qo‘lungga bersalar xazinaning kalidin zinhor,
Suxanni qulfiga ur, qilma begaronni talaf.

Samandi himmatingni surmagil izzu joh uchun,
Bu izzu johi hazardurki, qilsa jonni talaf.

Bu yerda g‘ayrat etu ilgariga oting surgin,
Nechukki, qildi zamona yaxshi-yomonni talaf.

Xayoliyo, sanam o‘z holatinggacha urg‘il kom,
Bu dahr bog‘i uchun qilma bog‘bonni talaf.

* * *

O‘zin qurbon qilur har kim, chamanda gul yuzung ko‘rgach,
Parishon o‘lur bisyor, ko‘ngul tori sunbuling ko‘rgach.

Tushubdur xol, kim dono nuqtalar oro oq yuzung uzra,
Sochilg‘ay har taraf anbar suvidek ul o‘tung ko‘rgach.

Ko‘zung sarchashmasi yuz gulshaning obod qilmishdur,
Bu boisdin xating har sori rang solmish, o‘zing ko‘rgach.

Ajib qad, ajib qomat, ajib sarv, ajib shamshod,
Taajjubga qolur har nihol bog‘ ichra yuzung ko‘rgach.

Tabassum birla olam ko‘ksini gul yanglig‘ vo qilding,
Ochilg‘ay dillar taha-taha, ochilg‘on ul gulung ko‘rgach.

Qaro shomim qaror etib, boshima solding qaro qayg‘u,
Qaroi yo‘q o‘lur har sori torga gulung ko‘rgach.

Xayoliy, sarbasar ovvora bo‘ldi tog‘u cho‘llarga,
Kechib o‘zdin, sani yuz nag‘ma birla bulbuling ko‘rgach.