Utojiy (XVIII asr)

* * *

Yuragimni tig‘i hajring tilib etdi pora-pora,
Kima aytayin bu dardim na davo qilay na chora.

Alamingda chiqdi jonim, dam urarga yo‘q majolim
Ragi mag‘zi ustuxonim bo‘lub erdi pora pora.

Na ko‘nguldadur qarorim, na yuzumda sharmi orim
Sanga berdim ixtiyorim, meni qo‘yma ixtiyora.

Nomi jismi rangi gohi g‘amu hasratim guvohi
Chiqaversa ko‘ksim ohi erimasmu sangi xora.

Hama rohatim qoshimdin oquzulda ko‘z yoshimdin
Bu junun suvi boshimdin toshaverdi bora-bora.

Bu faqir, haqir Utojiy qul erur nadur iloji
Sanga ko‘pdur ihtiyoji, karam et bu sharmsora.