Tolibiy XVIII asrda yashab o‘tgan o‘zbek shoiri. Uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’lumot kam. XVIII—XIX asrlarda tuzilgan qo‘lyozma hamda bosma bayozlarda shoirning ishqiy g‘azallaridan namunalar joy olgan. Bundan tashqari shoirning ixchamgina «Tolibnoma» axloqiy-ta’limiy xarakterdagi dostoni yetib kelgan. Unda Tolibiy halollik, rostguylik shirinsuxanlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, imon, diyonat, mustahkam e’tiqodni; islomiy ahkomlarni targ‘ib etib, zulm-zo‘rlik, barcha g‘ayriinsoniy xatti-harakatlarni la’natlaydi.
Ne xush xislat erur axloqi neku,
Neki qilding kelur oldinga o‘tru.
Muruvvat pesha qilkim, hayyi sone’,
Eturgay qilmayin ajringni zoe’.
* * *
Kimdakim ahli jahondin bor ilmu ma’rifat,
Qilg‘usi oni barxurdor ilmu ma’rifat.
* * *
Xislati xub hamadin, bas adab o‘rgan zinhor,
Bilimiyu hunari bo‘lgan kishi bo‘lmas xor.
* * *
Erur maqsad avlodi ila farzand,
Ikki dunyoda qilg‘uchi barumand.
Ulug‘lardin bu so‘z bordur muqarrar,
Ki har odamda farzand o‘lmasa gar.
Ani bo‘lmas zamiri komi hosil.
Bo‘lur balkim sabobi dog‘i zoyil.
* * *
Bo‘lgin davomat xo‘blar bilan yor,
Qoch ahli sharrdin, albatta, zinhor.
* * *
Ey yoronlar, norasolar birla qilmang ixtilot,
Mardumi bemarhabolar birla qilmang ixtilot,
Gumrahi berahnamolar birla qilmang ixtilot,
Yo‘l yiturgan nobinolar birla qilmang ixtilot,
* * *
Aqli rasolar yo‘ldan adashmas,
Mardi xiradmand hech haddin oshmas.
Sohib farosat har yerda shoshmas.
* * *
Oqil ulg‘on bilgay oqil qadrini.
* * *
To kajlik ila bo‘yla mador etdi falak,
Berahmlik ishini shior etti falak.
Nodonni aziz ham mukarram aylab,
Dono kishilarni asru xor etti falak.
* * *
Bevafolarga ko‘ngul bersa agar har kimsakim,
Mubtaloyi mehnati hijron ekandur bilmadim.
* * *
Har kimsaki anduh aning ko‘nglida yo‘q,
Tahqiq bil ani yaxshiki, odam emas.
* * *
Jahon gulzorida bo‘yi vafo yo‘q,
Zamon bo‘stonida rangi baqo yo‘q.
* * *
Kelsa qo‘ldin har kim ahdin vafo qilmoq kerak,
Sidq ila oinai dilni safo qilmoq kerak.
* * *
Mag‘ruri dunyo bemarhabodir,
Behuda har so‘z bodi havodur,
Har nomunosib ish noravodur.
* * *
So‘z lazzatini odami nodon bilmas,
Nechunki asal lazzatini hayvon bilmas.
* * *
Qilsang takabbur sharmandadursen,
Har govu xardin ham gandadursen.
* * *
Mashvaratsiz, betafakkur qilsa har ish har kishi,
Ul kishining oqibat bo‘lg‘ay parishonliq ishi.
* * *
Etushmakni o‘ziga qilsa armon,
Kerakkim himmat ila urg‘ay aqtsom.
* * *
Kimki orif ersa o‘z nafsiga,
Dahrni bir zarra ko‘zga ilmag‘ay.
* * *
Gul g‘unchaligida xor ilandur,
Ochildi bir o‘zga yer ilandur.
* * *
Agar odam esang og‘ritma odam ko‘nglini zinhor,
Ki ahli ma’rifat nazdida Ka’ba qalbi mo‘mindur.
* * *
Aqling yitirub bo‘lma jahon mulkiga mag‘rur,
Hukmingda agar bo‘lsa Buxoroyu Samarqand.
* * *
Samarasiz o‘tsa bu umring bo‘lur tamomi abas.
Ishingni puxta qil, aknun har ishning xomi abas.
* * *
Charx zoliki jahonda hech qilmas vafo,
Oqil ersang aylama ul birla aqdi izdivoj.
* * *
Mehnat kamola yetmay, rohat nishoni qayda,
Topmas iloji korin bechora osiy banda.
* * *
Hulqi xushni pesh qil, xalq ichra beozor bo‘l.