Sulaymon Boqirg‘oniy (? – Xorazm viloyati Xazorasp tumani Boqirg‘on qishlog‘i — 1186) — tasavvufning yirik namoyandasi, shoir. Ahmad Yassaviy tariqatining davomchisi. Hayoti haqidagi ma’lumotlar turli rivoyatlar bilan aralashib ketgan. Xalq orasida «Hakim ota» nomi bilan ham mashhur. Yassaviyga murid (shogird) bo‘lgan, o‘z iqtidori va she’riy iste’dodi bilan pirining e’tiborini qozongan.
Sulaymon Boqirg‘oniy ustozining tariqati qoidalarini yanada chuqurlashtirib keng xalq ommasiga yetkazgan. Yassaviyona sodda, ravon uslubda ijod qilgan. O‘z asarlarida islomni, shariat va tariqat qoidalarini targ‘ib qilgan, kishilarni u dunyoni o‘ylab yashashga, Allohning karamidan bahramand bo‘lishga da’vat etgan.
Sulaymon Boqirg‘oniy ma’rifatni Allohni tanish, uning nazariga tushish, deydi. Oliy muhabbatni Allohga bo‘lgan muhabbat, deb tushuntiradi. U tariqat yo‘lini komil insonni tarbiyalash yo‘li, jannatga eltuvchi yo‘l, deb biladi. Sulaymon Boqirg‘oniy o‘z o‘gitlarida davriga xos ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik va boshqa illatlar uchun javobgar shaxslarni u dunyo azoblari dahshatini eslatish bilan tarbiyalashga ham intiladi.
Insofsiz va imonsiz amaldorlar, nopok ishlar bilan shug‘ullanuvchi, xaromxo‘r, nodon va johillar hamda bosqinchi, talonchilarni fosh etadi. Sulaymon Boqirg‘oniy she’rlari «Boqirg‘on kitobi» nomi bilan mashhur. Uning «Bibi Maryam kitobi», «Oxir zamon kitobi» kabi dostonlari ham bor. Bularda tasavvuf to‘g‘risida o‘z fiqolarini bayon etadi.
Sulaymon Boqirg‘oniy turkiy she’riyatning boshlovchilaridandir. She’rlari tatar, boshqird va boshqa turkiy xalklar orasida keng tarqalgan, «Boqirg‘oniy kitobi» 19—20-asr boshlarida Qozonda 3 marta nashr etilgan.
* * *
Sani darding mango darmondin ortuq,
Sanga qul bo‘lg‘onim sultondin ortuq.
Saning yodingni aysam cho‘l ichinda,
Bo‘lur ul cho‘l bo‘stondin ortiq.
Saning yoding agar ketsa tilimdin,
Vujudim quriyur, vayrondin ortuq.
Maning xor bo‘lmishim o‘z g‘aflatimdin,
Magar qilsang nazar, ehsondin ortuq.
Aziz, xor qilg‘uvchi sulton sanuqsan,
Saning lutfing qamug‘ alvondin ortuq.
Na xush bu dunyoda Iymonu Qur’on,
Ne bo‘lg‘ay bu dunyoda Iymondan ortuq.
Maning bu dardimi hech kimsa bilmas,
Agar bilsa Hakim Luqmondin ortuq.
Bu yanlig‘ osiy erkan Qul Sulaymon,
Inoyat umanur borondan ortuq.
* * *
Maning jonim, saning ishqing bilodur,
Tanam ojiz, vale jonim o‘lodur.
Bu ishq gar bo‘lmasa man netgay erdim,
Qamug‘ ohim manim ishqim qilodur.
Zihi holu zihi holu zihi hol,
Man yig‘larman, hama olam kulodur.
Oshiqdan so‘rmangiz dunyovu uqbo,
Oshiq ma’shuqi uchun har dam o‘lodur.
Oshiqni kuydurur ishqnin o‘ti,
Oshiqlar ishq o‘tig‘a mubtalodur.
Maning san boqmag‘il bu suratimga,
Yurogim qon bo‘lub, bag‘rim so‘lodur.
Oyirdi ishq mani elu xeshimdin,
Ko‘zum yoshi oqib mengzim* sulodur.
Ko‘ring na holg‘a tushti Qul Sulaymon,
Qamug‘ ishqim maning ranjim balodur.
* * *
Yo‘l boshiga kelibon, yo‘lin surg‘on darveshlar,
Uqbo xabarin esh(i)tib, yo‘lg‘a kirgon darveshlar.
Asolari ilginda, himmat qo‘ri belinda,
Mavlim yodi ko‘nglinda, Alloh degan darveshlar.
Tavba qilg‘on Ahadga,q ulliq qilg‘on Samadga,
Ilik so‘ng‘on hazratga irodatlik darveshlar.
Yozuq etib yulinmas, uyub uchmox bo‘linmas,
Ko‘zda yoshi tiyilmas, yosh oqizg‘on darveshlar.
Ko‘zda yoshlari oqib, dargoh qapug‘in ochib,
Mehnatga tizin cho‘kub, qarshi turg‘on darveshlar.
Bir-birilan sir so‘zlar, mung birla hikmat tuzar,
Ishq birla jahon gezar, bengzi sorig‘ darveshlar.
Arslon minib yelarlar, yilon qamchi qilurlar,
Boshin kirpichga qo‘yub, tizin quchon darveshlar.
Bosib nafsingni o‘ltur, qizil mengzingni so‘ldir,
Hakim Sulaymon quldur, sotib yesun darveshlar.
* * *
Qachon bo‘lg‘ay visoling, jamolingni ko‘rsam man,
Mansur yanlig‘ bo‘lubon, dorda majlis qursam man.
Nazar teksa ul zamon, ochilur chechak ming alvon,
Farah qilur munda jon, jondin kechib o‘lsam man.
Jondin kechmay ish bitmas nafsi ammoratima,
Qurug‘ da’vi sud etmas, yolg‘on ko‘ngil bersam man.
Da’vi tilim soni yo‘q, ishqsizining joni yo‘q,
Dardsizlarga davo yo‘q, tabibimdan so‘rsam man.
Tabib sansan,davo qil, hojatimni ravo qil,
Fazling birla yoriy qil, yo‘lsiz qadam ursam man.
Qul Sulaymon so‘zladi, sirin xalqdan gezladi,
Suratsizin izladi, kerak diydor ko‘rsam man.
HIKMATLAR
Ma’rifat daryosinda g‘avvos bo‘lub,
Muhabbat gavharlarin olg‘um kelur.
Tariqat maydoninda parvoz qilib,
Ul tubo daraxtiga qo‘ng‘im kelur.
* * *
Oshiq bo‘lub,daryosiga cho‘msam, botsam,
Mosuvalloh pardasini kechib o‘tsam,
O‘zdin kechib muhabbatda sizib oqsam,
Sofiy bo‘lub, hazrat tobo borg‘im kelur.
* * *
Alloh yodi oshiqlardin xoli bo‘lmas,
Haqiqat er bu dunyog‘a mayl qilmas.
Hayron bo‘lub bu dunyoni ko‘zga olmas,
Man taqi bu dunyoni qo‘ygum kelur.
* * *
Alloh yodi ko‘ngillarni qildi xurram,
Balx mulkini qo‘yub gilim kiydi Adham,
Gilim kiyub hidoyatg‘a urdi qadam,
Hidoyatg‘a undoq qadam urg‘um kelur.
* * *
Salim bo‘lub,sofiy bo‘lub Junayd yanlig‘,
Xalqni qo‘yub, Haqqa yonsam Zunnun yanlig‘,
Nafsim bosib, qahr qilsam Hasan yanlig‘,
Azizlarg‘a mutibiat qilg‘um kelur.
* * *
Hu-hu – tedi ma’siyatlar tuzdog‘ tuzdi,
Alloh – tedi,takabburning uyin buzdi,
Mashoyixlar bu halqani ko‘rkluk tuzdi,
Man taqi Subhon tobo borgum kelur.
* * *
Shavq sharobi yetilib mani qildi xarob,
Muhabbatning o‘ti birla bag‘rim kabob,
Diydorini ro‘za qilsa Izim Vahhob,
Dorussalom saroyig‘a kirgum kelur.
* * *
Qul Sulaymon gavhar yanlig‘ hikmat tuzdi,
Azizlarning madhi birla so‘zin yozdi.
Uzun tunni kunga ulab qoyim turdi,
Duo o‘qub, ravon hikmat ayg‘um kelur.