Rog‘ib (1865-1935)

Rog‘ib (taxallusi; asli ism-sharifi Muhammad Rahim Shokir o‘g‘li) (1865 — Xorazm viloyati Urganch tumani Qorovul qishlog‘i — 1935) — shoir. Navoiy, Hofiz, Munis, Ogahiy, Komil kabi shoirlar ijodini o‘rgangan, g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan.

She’riyatdagi iste’dodini ko‘rgan Feruz uni saroyga taklif qilgan. U yerda Bayoniy, Avaz, Chokar va boshqa shoirlar bilan tanishgan, ijodiy muloqotda bo‘lgan. Saroydagi mushoiralarda katnashgan. Feruzning amri bilan she’rlarini to‘plab devon tuzgan, «Devoni Rog‘ib» nomida nashr etilgan. Feruz vafot etgach (1910), saroydan o‘z qishlog‘iga qaytib, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Xorazm inqilobidan so‘ng maorif muassasalarida ishlagan.

Rog‘ib lirik va hajviy she’rlar yozgan. Lirikasida ishq-muhabbat, do‘stlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib kilgan, ona Vatan tabiati go‘zalliklarini madh etgan («Tanbur», «Bog‘», «Xivaq», «O‘lsun» va b.). O‘zi tuzgan devoni (1899, 1221 g‘azal, 33 muxammas, 6 tarje’band, 36 ruboiy, 12 qita va bir necha masnaviy, mustazoddan iborat) hamda turli bayozlarga kirgan she’rlari yetib kelgan. Devonning qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida (inv.№6681) va Xiva tarix muzeyi (inv. №2038)da saqlanadi.

G‘AZALLAR

* * *

Vahkim, yana dardu balo boshimg‘a tug‘yon qildilo,
Jismimga tig‘i g‘am chekib majruhu uryon qildilo.

Bormu qutulmoq, do‘stlar, bu dardi muhlik ilkidin,
Man xastadek olam elin chashmini giryon qildilo.

Gulgun badan, g‘uncha dahan, sarvi sihiqadlar tanin
G‘am xanjari birla tilib boshdin-oyoq qon qildilo.

Qaysi tabib yoki qilur bu dardi muhlik chorasin,
Deb barcha ranjidin dame faryodu afg‘on qildilo.

Bu dard javriga nechuk toqat qilur dildorlar,
Ushshoq jismidek borin jismini bejon qildylo.

G‘urbat cho‘lida saf chekib boshimga bu dardu balo,
Jismimning mulkin, voykim, bir damda vayron qildilo.

Qilmay tarahhum holiga bul Rog‘ibi bemorining,
G‘am otashi ichra yoqyb bag‘rini biryon qildilo.

Do‘stlar, har dam yetar olamda ming ofat manga,
Yo‘qdurur dardu alamdin lahzaye rohat manga.

Kimga asrori nihonimni desam chora tilab,
Etkurur holim ko‘rib yuz qayg‘u, yuz zahmat manga.

Istasam ahbob deb kimga g‘amimni chorasin,
Qilg‘usi kinu adovat rasmini odat manga.

Bir nafas shodona so‘rsam maqsadim yakronini,
Nahli paykonin otar hosidi badtiynat manga.

Gohi hijron ranjini chekkum, gahi dardu balo,
To ko‘rib Farhodu Majnun tuzdilar ulfat manga.

Yuz balo boshimg‘a har dam yetkurib charxi daniy,
Bordurur alqissa yuz ming ranj ila kulfat manga.

Dardu g‘am chekkach firoqi ichra ul dildorning,
Ko‘rgan olam ahli aytur rahm etib rahmat manga.

Aylanib davron raqibi ro‘siyoning komig‘a,
Bergusi zoli falak zahrobai xijlat manga.

Bo‘ldi jismim xanjari furqat bila paykar yara,
Lek kelturmas nigorim marhami shafqat menga.

Qolmisham shomi g‘am ichra bo‘lg‘usi komim ravo,
Toki ochsa orazini ul parital’at manga.

Rog‘ibo, faxr etma shoirman debon mundoq nega,
Bordurur shoh lutfi bo‘lsa yuz tuman rag‘bat manta.

* * *

Sayr eting ahbob o‘zni ziynatafzo qildi bog‘,
Har sari anvoi ne’matni muhayyo qildi bog‘.

Hajrida nolon edi shod aylamakka qumrini,
Sarvlarni har taraf qaddin diloro qildi bog‘.

Bodayi ishrat icharga mahvashi gulchehralar,
Bazm etarga sahni gulzorin musaffo qildi bog‘.

Har nafas mavfur aylab mevai jondin laziz,
Rohatafzolikda jannat birla da’vo qildi bog‘.

Ziynat uchun kiyguzib har dam chamanga bulajab,
Turfa rangin xil’atin, aylang”tomosho, qildi bog‘.

Sahni gulshanga bugun rohat nasimin esturib
Oshiqi sodiq dili yanglig‘ mubarro qildi bog‘.

Jilvagar aylab chaman shohidlarini Rog‘ibo,
Gul yuziga sunbuli zulfin mutarro qildi bog‘.

* * *

Bir tun visolin ayladim ul shohi xo‘bondin tama’
Kim, aylagandek bir gado olamda sultondin tama’.

Go‘yoki qilmish qish o‘tib bo‘lg‘onda ayyomi bahor,
Gullar visolin aylagay bulbul gulistondin tama’.

Lab tashnaman Majnun kabi dashti firoqida mudom.
Jomi visolini qilib Layliyi davrondin tama’.

Bir jilva aylab ul pari oldi qaroru toqatim,
Fahmu xiradni aylamang man zori hayrondin tama’.

Sovurdi sabrim xirmanin dardu baloning sarsari,
Diljamlikni kim qilur holi parishondin tama’.

El ta’big‘a maqbul esa nazming ne g‘am Rog‘ib sanga,
So‘z gavharining konidur sen qilma xoqondin tama’.

* * *

Mumkin ermas bu jahon mulkida bo‘lmoq shodmon,
Hodisoti dahri dundin kimsa bo‘ldi shodmon.

Qimni ko‘rsam charx zulmidin erur zoru hazin,
Hasrati birla maningdek jismi bo‘lg‘on notavon.

Shodmonlig‘ raxshini har lahzai yursam minib,
Yuz tuman g‘am yetkurur, ey do‘stlar, borsam qayon.

Otqusidur borho mehnat toshini boshima,
Bilmadim bo‘lg‘um qachon bu charx javridin omon.

Ko‘z tutarman aylabon umid holimni ko‘rib,
Aylasam ahboblar mehru muhabbatlar ayon.

Donai rohat sochib umid etarlarkim samar,
Otqusidur mehnatu anduhini ahli jahon.

Xotirim bo‘lsa parishon yo‘q ajab Rog‘ib kibi,
Soldi savdo boshima yuz nav’ charxi kajravon.

* * *

Nayladim, ey charx zolikim, mani zor aylading,
Har dami yuz dardu g‘amlarga sazovor aylading.

Borho shomi firoq ichra yoritmoq ko‘zlaring,
Vasli ayyomini shomin sen menga tor ayladiig.

Shomi furqatda chekib mehnat, visolin ko‘rmayin,
Guluzorimni raqib, shumlarga sen yor aylading.

Lahzaye bazmi gulandomimg‘a yo‘l topsam agar,
Yuz havodis boshima har yondin izhor aylading.

Bog‘i maqsudim gulistoni gulini ochmayin,
Bulbuli jonimni yuz ming g‘amga duchor ayladish

Bir dame shod etmayin Rog‘ib kibi olam aro,
Nayladim, ey charx zolikim, mani zor aylading.

* * *

Etar mehnat boshimg‘a har damo garduni gardondin,
Netay, ayrilmadi bir dam mihan man zori hayrondin.

Qadam har sori qo‘ysam yog‘di mehnat sangi boshimg‘a,
Gahi adno elidin, goh-goh do‘stonu yorondin.

Jahon ayvoni ichra xurram o‘lg‘an bir kishi bormu,
Jafou javr zulmin ko‘rmagan bu charxi kajrondin.

Icharman zahri g‘am ul guluzorim hajri dashtida,
Xabar bormu, sabb, degil manga ul nomusulmondin.

Bo‘lib hayron ul oy kuyida yursam zor ko‘ksimga,
Etar sangi malomat har dame ag‘yori nodondin.

Tushib boshimg‘a ishqi shomi g‘amda bir necha yillar,
Ko‘zim ravshan emasdur partavi ul mohi tobondin.

Biyoboni baloda qolmisham man xasta Rog‘ibdek,
Kelur ranju alam qasdim uchun ahbob har yondin.

* * *

Partav ermas ul quyoshning orazi anvoricha,
Ham emas jannat guli ul oy yuzi gulzoricha.

Zohido, xuldi barin vasfin dema man zorg‘a,
Huru g‘ilmonin yuzi yo‘q dilbarim ruxsoricha.

Sharbati la’li erur ishq ahliga rohatfizo,
Bo‘lmag‘ay ham kavsari, ham la’li shakkarboricha

Necha yildir ishqida urg‘um sadoqat ko‘sini,
Muddai da’vo qilur, lekin emas man zoricha.

Hajr ila band etgusi ushshoqi bedil ko‘nglini,
Sohiri Kashmir emasdur nargisi ayyoricha.

Dashti hajri ichra har dam yuz balog‘a yorman,
Erdimu Farhodu Majnun Rog‘ibi bemoricha?

* * *

Kuysin dilu jonim g‘ami hajrinda g‘avg‘o aylasa,
Yo sandin o‘zga bir pari shavqini paydo aylasa.

Solmon nazar dildorlar ruxsoriga, ey sho‘xkim,
Yuz ming adou jilvalar oldimda barpo aylasa.

Kuying erur jannat mango, e dilrabo, chiqsin ko‘zim,
Jannatni huri husnini ko‘rmoq tamanno aylasa.

Boqmon qadu ruxsoriga gulchehralarning orazi
Ravshan dili abvobini xurshidoso aylasa.

Netsun nihon o‘lmay Xo‘tan mushki jahonning ko‘zidin,
Mushkin musalsal kokiling sunbulni rasvo aylasa.

Gul xirmani kuymas nechuk otashgahi xijlat aro,
Sarvi qading ko‘rgach, qadin ta’zimiga yo ayl-asa.

Rog‘ib, visolingni ajab ummid qilsa ushbu kun,
Bir necha kunlar, ey pari, kuyingni ma’vo aylasa.

* * *

Jonon, labi xandoninga olam gado, men ham gado,
Mushkin xati rayhoninga olam gado, men ham gado.

Majlis aro may no‘sh etib, soz*elda o‘qursan g‘azal,
Bu nag‘mai xush holinga olam gado, men ham gado.

Goh noz birla o‘ltirib, so‘rding mani holimnikim,
Bu nutqi durafshoninga olam gado, men ham gado.

Jomi muhabbatni sunib, ham bo‘sa ehson aylading,
Etgan bu nav’ ehsoninga olam gado, men ham gado.

Ko‘rgach jamoling mehrini Yusuf sango hayron bo‘lib,
Dedi: sening jononinga olam gado, men ham gado.

Boqgach guli ruxsoringa, ko‘ksimga otdi bor o‘qin,
Ondin mango mujgoninga olam gado, men ham gado.

Kuyingda ko‘p mehnat chekar, Rog‘ibni so‘rgil holini
Jonon, labi xandoninga olam gado, men ham gado.

* * *

Tilar har kim jahon ichra farog‘at,
Kim etgay tangri bersa ne qanoat.

Qanoat ahli ko‘rgaymu jahonda,
G‘amu, qayg‘u, balou dardi mehnat.

Zamona ag‘niyosi qilg‘usidur,
Riyou, ujbu kizb ila saxovat.

Ham ul zohidda yo‘qdur luqmai pok,
Nechuk bo‘lg‘ay duosida ijobat.

Birov bo‘lsa jahon ichra g‘aniroq,
Qilur olimlar ango istitoat.

Bular birla nechuk xilt aylagungdir,
Bu yonglig‘ xasta ko‘nglim qilma rag‘bat.

Tama’ bozorig‘a mayl etma Rog‘ib,
Qanoat maskanida ayla rohat.

* * *

Do‘stlar, olam elig‘a oshno bo‘lmoq abas,
Har dami yuz qayg‘u-g‘amg‘a mubtalo qilmoq abas.

Bazm atob davron elining majlisi ichra kirib,
Qush kibi domi giriftori balo bo‘lmoq abas.

Rishtai ulfat tuzub sirringni ifsho aylabon,
Har kecha afsona, har majlis aro bo‘lmoq abas.

Sarv qomatlarni raftori sori aylab nazar,
Bori g‘am ostinda tokay qaddi yo bo‘lmoq abas.

Ishq dardi chorasidin bo‘lg‘usi ojiz tabib,
Kim asiri bo‘yla dardi bedavo bo‘lmoq abas.

Qilmoyin haqdin tam’a bir-birdin aylab davr eli,
Yo‘q hayo yuzda olordek behayo bo‘lmoq abas.

Rog‘ibo, rozi dilingni xalqg‘a ifsho qilib,
Ko‘hi hasrat ostida qaddi duto bo‘lmoq abas.

* * *

Ey labing shahdi mangodur obi hayvondin laziz,
Qaddi mavzuning erur jismim aro jondin laziz.

Noz ila, ey nozaninim, bir kecha bazmimg‘a kel,
Xasta jonima visoling bo‘ldi darmondin laziz.

Zuhd eli bog‘i visolingni tamanno aylamas,
Bo‘lmasa ruxsori qadding huru g‘ilmondin laziz.

Orazing mehri jahonni ravshan etgach, ey pari,
Ahli olamg‘a erur xurshidi raxshondin laziz.

Furqating dashtidurur bog‘i Eramdin dilkusho,
Bulbuli jonimg‘a ham bo‘lmish gulistondin laziz.

Ey pari, bog‘i visolingdin mango qilg‘il karam,
Ishq eliga shirin ermas har nakim ondin laziz.

Gul yuzingdin bo‘sa istar Rog‘ibo, qilg‘il ato,
Chunki, yo‘qtur bir nima altofi ehsondin laziz.

* * *

Ko‘zim qonin oqizg‘on ul ko‘zi xunxorlardurlar,
Chaman sahnida yurgan ul yuzi gulnorlardurlar.

O‘lur ishqida beshak jon berur ishq ahli jismig‘a,
Bo‘lur zohir labidan shakkarin guftorlardurlar.

Desang olamg‘a to‘lmish mushk isi ul dilrabolarni,
Parishon yuzlarida zulfi anbarborlardurlar.

Raqib ila icharlar may xijolat dashtida mandek,
Hazin ushshoqi sodiq tashnai xummorlardurlar.

Topolmay vasli yo‘lini bo‘lub hayronu sargardon,
Jahon ahli maningdek ko‘zlari xunxorlardurlar.

So‘rar yuz hayfkim komicha shirin lablarin ahbob,
Harimi qurbatida ro‘zu shab ag‘yorlardurlar.

Etolmay vaslig‘a yorini olam ichra sidq ahli,
Chekar g‘am hajrida Rog‘ib kibi bemorlardurlar.

* * *

Olam ahli gul kibi ruxsoringga mushtoqdur,
Bog‘ aro sarv qaddi raftoringga mushtoqdur,

El dumog‘ini muattar aylagach bo‘yi yetib,
Sunbuli tar xatti mushkinboringa mushtoqdur.

Ishq eli jismig‘a jon topmoq uchun, ey dilrabo,
Ruhparvar la’li shakkarboringa mushtoqdur.

Gul havosin tark etib bulbul chekar o‘tlug‘ navo,
Kim, jamoling bog‘ida gulzoringga mushtoqdur.

Bag‘ri qonim oqizur ko‘zdin chamanning nargisi,
Ko‘rmaq uchun nargisi bemoringga mushtoqdur.

Tark etib zuhdu vara’, kuyingda yurmish zuhd eli,
Jannat ichra hurdek atvoringga mushtoqdur.

Otg‘usi har dam ko‘zing o‘qini Rog‘yb ko‘ksiga,
Shukr aylarkim nedin ozoringga mushtoqdur.

* * *

Agar oqil esang bir nozanin jonon o‘lur tanbur,
Mug‘anniy komil o‘lsa nag‘mag‘a shodon o‘lur tanbur.

Chaman sahnida bulbul ingrayur g‘uncha ochilg‘uncha, |
Bolon bo daf g‘ijjak istayon yakson o‘lur tanbur,

Qirar og‘ushinga bir gulbadan ma’shuqi zebodek,
Sanamlar birla ishrat istasang xandon o‘lur tanbur.

Demushdurlar, farang sozi ajab xush husni dilkashdur,
Maqomoti navoda anga ming chandon o‘lur tanbur.

Bo‘lub anga muzayyan tori noxun xolis oltindek,
Shahu shahzodalarning bazmida sulton o‘lur tanbur.

Olar ahbobi g‘amginu hazin dillarg‘a olamda,
Farahlik yetkurub go‘yoki bir Luqmon o‘lur tanbur.

G‘amu anduhi bemor yuzlari har dam sanga Rog‘ib
Agar bilsang, saning dardingga ham darmon o‘lur tanbur.

* * *

Yuzing och, bog‘ aro gul toza gulzoringdin aylansun,
Qading qil jilvagarkim sarv raftoringdin aylansun.

Yurib bog‘ ichra qilg‘il noz ila har sori nazzora,
Chaman nargislari ul chashmi bemoringdin aylansun.

Latofat ko‘sin urgan olam ichra Yusufi Misriy,
Mango olam bori ayturki, dildoringdan aylansun.

O‘lik jismimg‘a topg‘ach jon ko‘rib zohid mango aytur,
Kim ul kavsar suvi la’li shakarboringdan aylansun.

G‘izoli Chin muattar aylagan olam dumog‘ini,
Labi jonbaxshing uzra mushki totoringdan aylansun.

Navo tuzding o‘qib dilkash g‘azalni nozlar birla,
Kim ul Dovud lahni birla setoringdan aylansun.

Malohat taxtida ko‘rgach, sani ahli farosat der,
Jahon dilbarlari Rog‘ib sevar yoringdan aylansun.

* * *

Sayr etar gulistonda gul uzori jononlar,
Har birisi husn avji uzra mehri raxshonlar.

Goh chamanning sahnida no‘sh etib mayi rangin,
Aylabon takallumda g‘uncha bag‘rini qonlar.

Ilgiga olib tanbur, barchasi o‘qib abyot,
Ko‘rmamush zamon ahli bu sifat g‘azalxonlar.

Har birini bulbullar gul yuzining shavqnda,
Tinmayin chekar ohu nola birla afg‘onlar.

Ishqim etgali afzun nola birla qildilar,
Otashin uzorig‘a sunbulin parishonlar.

Lek arosida bir sho‘x men sari qiyo boqib,
Oldi aqlu hushimni, ketdi dinu imonlar.

Ul nigori zeboning otashi firoqida,
Kuymayin netar Rog‘ib, ey rafiqu yoronlar?!

* * *

Kim oshiqi sodiq esa bir lahza rohat istamas,
G‘am dashtida po‘ya urub bir dam farog‘at istamas.

Eldin muhabbat rishtasin qat’ aylabon cho‘lni kezar,
Go‘yoki nodon suhbatin ahli fasohat istamas.

Ruxsorini aylab xazon yaprog‘idek hijronida,
O‘zga pariro‘lar bila oylarg‘a ishrat istamas.

Ishq ichra kim sodiq esa anduhi mehnat lashkari,
G‘orat qilur mulki dilin lek ul imorat istamas.

Bir nonni tengrim ato qilsa ango yuz shukrkim,
Go‘yo g‘anilar minnatin ahli qanoat istamas.

Jilva qilib ag‘yor eli bazmi aro hijronida,
Qumri kibi istab mani bir sarvi qomat istamas.

Ko‘rsa jahon aro yuzi mavzun qadini Rog‘ibo,
Ko‘yida mandek zor o‘lib zuhd ahli jannat istamas.

* * *

Jahonda hech kim mendek balog‘a muftalo ermas,
Ham ul ishqingda sodiq oshiqing, ey dilrabo, ermas.

Ko‘zim javri firoqingdin to‘kar yosh o‘rnig‘a qonlar,
Bu yanglig‘ shum raqibimg‘a ishing jabru jafo ermas.

Mani ko‘rgan chog‘i javru sitamlar aylading pesha,
Muningdek zulmni ishq ahliga qilmoq ravo ermas.

Urib po‘ya necha yillar ko‘rarman bu jahon ichra,
Nigori ishq elini sen kibi nooshno ermas.

Jahon mulkida bordir bir necha dildor ishq ahli,
Biri sandek sitamgar, zulm pesha, bevafo ermas.

Mani ko‘rgach chog‘i tavsifini zohid qilur naylay,
Jinon huri saningdek qaddu yuzi dilkusho ermas.

G‘amingda, ey pari, o‘ldim, o‘likni tirgizur ersa,
Masiho mo‘jizi Rog‘ibni dardig‘a da’vo ermas.

* * *

Ayo Laylim, mani hajringda zor etmak nedur, bilmon,
Junun sahrosida Majnun shior etmak nedur, bilmon.

Solib furqat o‘tiga, kuydirib jismi nizorimni,
Necha turluk baliyatg‘a duchor etmak nedur, bilmon.

Raqibim bodai vaslingni no‘sh aylab erur masrur,
Ki bo‘lib tashnai doim xumor etmak nedur, bilmon.

Yorutmay ko‘zlarimnikim yuzing xurshididin, e sho‘x,
Mudomo zarra yanglig‘ beqaror etmak nedur, bilmon.

Bu majruhingni furqat shomi ichra so‘rmay ahvolin,
Jamoling sham’iga parvonavor etmak nedur, bilmon.

Xarobimg‘a qadam ranjida bir tun aylamay, e sho‘x,
Hamisha yo‘ling uzra intizor etmak nedur, bilmon.

Sulaymonim adolat birla Rog‘ib holini so‘rmay,
Bir ojiz mo‘r yonglig‘ bemador etmak nedur, bilmon.

* * *

Mumkin ermas bu jahon mulkida bo‘lmoq shodmon,
Hodisoti dahri dundin kimsa bo‘ldi shodmon.

Kimni ko‘rsam charx zulmidin erur zoru hazin,
Hasrati birla maningdek jismi bo‘lg‘on notavon.

Shodmonlig‘ raxshini har lahzaye yursam minib,
Yuz tuman g‘am yetkurur, e do‘stlar, borsam qayon.

Otg‘usidur borho mehnat toshini boshima…
Bilmadim bo‘lg‘um qachon bu charx javridin omon.

Ko‘z tutarman aylabon ummid, holimni ko‘rib,
Aylamas ahboblar mehru muhabbatlar ayon.

Donai rohat sochib, umid etarlar kim samar,
Otg‘usidur mehnatu anduhni ahli jahon.

Xotirim bo‘lsa parishon, yo‘q ajab Rog‘ib kibi,
Soldi savdo boshima yuz nav’ charxi kajravon.

* * *

Falak zolini zulmidin ajab yo‘q aylasam afg‘on,
Qilur javru jafo tun-kun to‘kar olam yuzidin qon.

Chekib ishq ahli mehnat yetsa har dam yor vaslig‘a,
Chekar qatlimga oning javri birla xanjari hijron.

Qayu har kimsa yordir bu jahon ayvonida xurram,
Meningdek barcha eldur vodiyi g‘urbatda sargardon.

Banogoh har kishi gar no‘sh qilsa bodai maqsud,
Quyar jomiga ul dam do‘stlar zahrobai hijron.

Sunib g‘am sharbatini jomi mehnat birla olamg‘a,
Qilur har damda turlik boshig‘a zulmu sitam tug‘yon.

Jahonni arsasida, do‘stlar, ushbu falak zolin,
Jafou javr ila zulmidin o‘lmish barcha el nolon.

O‘zingga, Rog‘ibo, qil faqri g‘urbat kulbasin maskan,
Bu vodiyda xayoling markabini surmagil har yon.

ROJIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Topmayin bir dam jahon mulkida ofatdin farog‘,
Kechdi yillar manga bo‘lmay zarra kulfatdin farog‘,
Bermayin zoli falak anduhi hasratdin farog‘,
Ohkim, umr o‘tdi bo‘lmay lahza kulfatdin farog‘,
Bermadi davronki bu bir lahza mehnatdin farog‘.

Manga zulm etmak falakka doimo odatdurur,
Zulmidin boshimda yuz ming qayg‘u-g‘am qurbatdurur,
Naylayin dardu g‘amim afzuni har soatdurur,
Der edilar har mashaqqat keynidin rohatdurur,
Etdi shiddat gar dame topdim mashaqqatdin farog‘.

Qimsalar andak chekib mehnatni rohat topdilar,
Ko‘rmayin hajr ofatini komi vuslat topdilar,
Vodiyi g‘urbatni kezmay barcha izzat topdilar,
Har baliyat ichra qolg‘onlar farog‘at topdilar,
Bir mani g‘amzadag‘a yo‘qdur baliyatdin farog‘.

Jonu ko‘nglumdur zamona ahlidin ozorlig‘,
Oshnolar doimo aylar manga makkorlig‘,
Aylamay man xastag‘a faryodkim, g‘amxorlig‘,
Etsa a’dodin sitam, ahbob qilmas yorlig‘,
Xotirim topmas jahon ahliga ulfatdin farog‘.

Dahr bo‘stoni aro boqmay guli ra’no sari,
Qilmayin nazzora sarvi nargisi shahlo sari,
Solmayin ko‘z jilva qilg‘ach har qadi zebo sari,
Ey ko‘ngul, mayl etma dunyo birla mofiho sari,
Istasangkim topg‘asan ranju uqubatdin farog‘.

QIT’ALAR

Sarig‘ chehrang desang har lahza yuz javri havodisdin,
Xarob o‘lg‘on dilimda yuz tuman g‘am dardu pinhondur.

Berurlar keldi qish deb har dami yuz ming tuman qayg‘u,
Buzuq ko‘nglum kibi maskan manga bu ko‘hna vayrondur.

Ham ul atfollarkim, bo‘lg‘usidurlar manga dilband,
Biri telpak, etuk deb qilmoq ishi ohu afg‘ondur.

Zaruriy asrudur bu barcha ish, holim erur mushkul,
Qadim xam, qarz xavfi ostida mundoq ko‘zim qondur.

Mushavvash xotiri zorim demang mug‘laqdur ash’orim,
Sarig‘ yuz muncha g‘amdinkim emas albatta nodondur.

Manga dushvoru sab’ o‘lmish bu holat xisravi olam
Muruvvat birla boqsa holima bu ishlar osondur.

* * *

Bordur ikki kimsakim davron aro,
Elga ozoru vahshat xislati.
Biri mullou biri asru g‘aniy,
Bo‘lsin ikkisiga ham xalq la’nati.

* * *

Xush ul mutrib mug‘anniy ahliga ustod erur komil,
Jahon mutriblaridin bazmu ishratda xush ilhondur.
Ko‘tartib chakmanin o‘g‘lig‘a gohi aylabon kohish,
Yo‘l uzra aylar af’oliga olam ahli hayrondur.
Muloqiy kimki bo‘lsa qilg‘usi takror ming yo‘q-yo‘q,
O‘zin dono tutar barcha oning oldida nodondur.

* * *

Falon bu shahr ichida ag‘niyolardin g‘ani bo‘lgach,
Yoqor yontoshg‘an elni aylabon necha tuman bo‘hton.
Qanoat aylamay o‘z molig‘a eldin olar nohaq,
Tanini aylagay haq tongla do‘zox o‘tida so‘zon.


RUBOIYLAR

* * *

Eldin qilur ul zohidi nodon tama’,
Izzatli qilib chekkisidur jon tama’,
Ozdurg‘ali makr ila jahon ahlini,
Har sori qilib surgusi yakron tama’.

* * *

Borg‘ay bu jahondin bari el armonlig‘,
Ming yil agar aylar esa ham sultonlig‘.
Iskandar ochib ketdi jahondin qo‘lini,
Aylab necha yil olam aro xoqonlig‘.

* * *

Ushshoq eli jannatni tamanno qilmas,
G‘ilmon ila hur sari parvo qilmas.
Vasfini manga aylamagil, ey zohid,
Aql eli beho‘da tamosho qilmas.

* * *

Haq rizqiga qilmayin qanoat, ey shayx,
Qilg‘ingdurur har sarig‘a sur’at, ey shayx.
Maqbul duong o‘lmag‘usikim, qilding
Eldin qilibon tama’ ibodat, ey shayx.

* * *

Zohid qiladur ul mohtal’atni havas,
Ishqida qilur joniga mehnatni havas.
Ko‘yida nega men kabi hayron yurmish,
Gar aylar esa gulshani jannatni havas?