Noseh (XVIII asr)

XVIII asrda yashab ijod qilgan chimyonlik o‘zbek shoirlaridan biri. Huvaydoning shogirdlaridan.  

TARIXI VAFOTI HUVAYDOYI ChIMYoNIY

So‘rab bir murshidi ravshan nihodi
Yugurub telba yanglig‘ suyi vodiy.

Qarorim yo‘q dema sabr aylamakka
Jahonim tavf etarman misli bodi.

Fig‘onkim, yetmading qadriga chandon
Chiqib Chimyonimizdan ketdi hodiy.

Oti Xo‘jamnazar, ammo taxallus
Huvaydodur ba she’ri nomurodi.

Otasin otlari G‘oyibnazardur
Erur O‘shdin bularni asli zodi.

Bo‘lub vosif qilay avsifin endi
Quloq sol some’a qilmay inodi.

Qizil guldek ochilib el yuziga
Muhiblar ko‘nglin aylab ista yodi.

Tutub suhbat davom umrin boricha
Ba yoron ta’lim erdi fikru yodi.

Dabistonida sa’y aylab tunu kun
Yozilg‘on necha tolibning savodi.

Shohi Norbo‘taxon asrida ul mard
Masokinlarg‘a ko‘p erdi javodi.

Alardin so‘ngra o‘n sakkiz yil umr
Jahong‘a to‘ldi ul shoh adl dodi.

Xirad ustodi tarixi vafotin
Bitibdur g‘oyib o‘ldi qutbi hodiy.

Gadolar topg‘usi shoh davlatini
Ko‘rar xizmatg‘a loyih har ibodi.

Eranlar chokarig‘a qul bo‘lolmas
Shohi Chin birla Rumu Qaykubodi.

Demas o‘z tab’idin Noseh bu so‘zni
Tilig‘o qilmag‘uncha fozli hodi.