Afandixon Axtariy (1870-1946)

Afandixon Axtariy — asr boshidayoq she’rlari an’anaviy ruhdan milliy ruhga yuz burgan shoirlardan. Chunki millat “zindoni zillat ichra” mahbus, istibdodu jaholat iskanjasida tutqun edi. Bunday chog‘da Axtariy “xizmati milliy”da bo‘lgan har qanday zotni “millatni xushro‘si” deb madh etdi. Millat g‘amini yegannigina “odam hisob etgil”, deb o‘git berdi. Demak, shoir uchun milliy she’r bitish ham, nainki zamonning talabi, balki insoniylikning bosh belgisi darajasiga ko‘tarildi. Shundan, Axtariyning “ma’shuq”i o‘zgardi. Millatni ilmga da’vat qildi: “Ilm ma’shuqig‘a bo‘lg‘il volai ham dilfirib”, — deydi shoir. Chunki “ohista-ohista” boriladigan shu yo‘lgina uni pirovard-natijada “muhtaram” qiladi va “maqsudi alam” (maqsad bayrog‘i)ni qo‘lga olishiga kafolat beradi:

Na deb zindoni zillat ichra qolduk ko‘p, demang, mahbus,
Chiqib bir kun bo‘lurmiz muhtaram ohista-ohista.
Umiding uzma, himmatni baland et, sa’yu g‘ayrat qil,
Olursan qo‘lg‘a maqsudi alam ohista-ohista.

Bu o‘ziga xos bashorat edi. Chunki mahbuslikdan chiqib “muhtaram” bo‘lishning ma’nosi milliy mustaqillik, qo‘lga olinajak “maqsudi alam”ning zamirida esa, istiqlol bayrog‘i turibdi. Bunga shoirning: “Millating tobqay taraqqiy, zo‘r bo‘lg‘ay, baxtiyor” so‘zlari ham bir dalil.
Afandixon Ortiqxo‘ja eshon o‘g‘li Axtariy 1870 yili Toshkentning Sebzor daha, Hovuzbo‘yi mahallasida dunyoga keldi. Yetti yoshidan mashhur maktabdor domla Ismatulloh qoriga qatnab xat-savod chiqardi. O‘ttiz pora “Qur’on”ni yod oldi. So‘ngra Beklarbegi madrasasiga o‘tib, Shomahmud Oxundda va Qo‘qonu Buxoro madrasalarida o‘qib, “xatmi kutub” qildi. Yoshlikdan she’riyatga qiziqdi. Shoirlikda ustozi Pirmuhammad A’lam (1858 – 1933) edi. Arab, fors va o‘zbek tillarida ijod qilgan. Mo‘minjon Toshqin: “Butun yozgan she’rlari mingga yaqin keladi. Biroq bular devon holiga kelmasdan tarqoq holda qolgan”, — deb ma’lumot beradi.
Afandixon Axtariy 1946 yili Toshkent yaqinidagi Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida vafot etgan.
Siz bu sonda shoir Axtariyning 1914 yili “Sadoi Turkiston” gazetasida bosilgan she’rlari bilan tanishasiz.

* * *

Jaholat dardidin tegmishdi millat yerga pahlusi,
Ochildi nogahon dor ush-shifoni ikki qopusi.

Bo‘lub behush yotmish, ko‘rdi andak husha keltirdi,
Sepib atrin chiqibon millating ikki Arastusi.

Buyurdi: “Xastaxona ichra elting, doru olsinlar!
Bilingkim, xastaxona — maktab, ilm — dorusi”.

Alina verdi: “Ko‘r aksing, shuuru ravnaqing ketmish,
Tafahhus ayla, xo‘b ibratnamo,—deb, — g‘az(i)ta ko‘zgusi”.

Shijoat qildilar shundog‘ zamonlarda, desak mumkin,
Maorif razmgohin biri Rustam, biri Barzusi.

Maqola yozsalar ahvolimizdin sarzanish aylab,
Yafayluk haqqi dil ichra bergan bizga lo‘lo‘si(n).

Inod etgan bilan cho‘x suflilar yo‘q xavfimiz ondan,
Barobar hech kelolmas g‘az(i)tani jafrig‘a jodusi.

Erur lozim ionat, ham xushomad, ham muhabbatkim,
Kishikim, xizmati milliydur — ul millatni xushro‘si.

Fig‘onkim, tobakay bu bistari g‘aflatda yotgaylar,
Umidim: shoyad uchgay bu “Sado”lar birlan uyqusi.

Egon millat g‘amini, Axtariy, odam hisob etgil,
Yo‘q ersa, har kishi o‘zina loyiq dardu qayg‘usi.


OHISTA-OHISTA

Taraqqiyg‘a qo‘yor millat qadam ohista-ohista,
Ko‘ngildin daf’ bo‘lg‘ay jahlu g‘am ohista-ohista.

Na deb zindoni zillat ichra qolduk ko‘p, demang, mahbus,
Chiqib bir kun bo‘lurmiz muhtaram ohista-ohista.

Umiding uzma, himmatni baland et, sa’yu g‘ayrat qil,
Olursan qo‘lg‘a maqsudi alam ohista-ohista.

Agar eksang nihole, daf’atan bo‘lmas ulug‘ oxir,
Yozar ul bargu shoxin dam-badam ohista-ohista.

Sipohi ilm tortib, askarin chiqg‘onda ko‘rgaysiz,
Qilur har yon jaholat ram ohista-ohista.

Tajaddud ahliga bo‘lg‘on muqobil harzago‘larni
Haqiqat o‘zi aylar muttaham ohista-ohista.

Do‘nub milliyga ash’ori hama shoirlaring minba’d,
Dimog‘idin ketar “Jonim, ukam” ohista-ohista.

Tanazzul, na taraqqiy farqin etmas soddadillar ham,
Bilib holin, bo‘lur sohib nadam ohista-ohista.

Jaridamiz nufusimizga ozdur deb, yemang qayg‘u,
Chiqar maydona cho‘x ahli qalam ohista-ohista.

Jaholat sarbaland o‘ldi deb, o‘lma, Axtariy, dilxun,
Qilur oxir bu bori ilm ham ohista-ohista.


FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Jahla do‘nding, millat, urfoning kerakmazmi sango?!
Shabda qolding, mehri raxshoning kerakmazmi sango?!
Rag‘bating nishtargadur, qoning kerakmazmi sango?!
G‘amzasin suyding, ko‘ngul, joning kerakmazmi sango?!
Tiyg‘a urding, jismi uryoning kerakmazmi sango?!

Ma’rifat gulzoridin, sad oh, qolmishmiz yirog‘,
Lola yanglig‘ jahl sahrosida siynam dog‘-dog‘,
Zulmati zillatda istarman, fig‘on tortib, chirog‘,
Otashin ohim-la aylarsan bani taklifi bog‘,
Bog‘bon, gulbargi xandoning kerakmazmi sango?!

Vodiyi g‘aflatda uyqu bitdi, millat, emdi tur,
Tashnasan, jahd aylab o‘zni ilm bag‘rig‘a yetur,
Husha kelmazsak o‘zimiz, o‘zgalarmi o‘rgatur,
Ela verma dog‘ edub, har dam ayog‘lardin ketur,
Ey pari, zulfi parishoning kerakmazmi sango?!

“Utlub ul-ilma va-lav bi-s-Siyni” demishdir ul habib,
Ilm ma’shuqig‘a bo‘lg‘il volai ham dilfirib,
Oyg‘il anga biz qadrdonlar kelibmiz beshikib,
Ey kamonabro‘, raqiba verma g‘amzangdin nasib,
O‘q urarsan dosha, paykoning kerakmazmi sango?!

Turfa millat menga, bilmam, do‘sti davlatxohimi,
Menga dushmandur kime, ko‘rsatsa to‘g‘ri rohimi,
Bahsi ilmu jahl etib, qon qilma dilogohimi,
Yondurub jonim, jahonso‘z etma barqi ohimi,
Osmon, xurshidi raxshoning kerakmazmi sango?!

Haqni katmon aylaganni, bil, dili foiq dagil,
Millating xizmatchisin sab aylagan sodiq dagil,
Buzma kayfing, to‘g‘ri yo‘l birlan yuran soriq dagil,
Kufr zulfidin mani man’ aylamak loiq dagil,
So‘fi, insof ayla, iymoning kerakmazmi sango?!

Axtariy, millatga har so‘zni dema beixtiyor,
Xohishi Ollohga boqg‘il, har ishing bir vaqti bor,
Millating tobqay taraqqiy, zo‘r bo‘lg‘ay, baxtiyor,
Dutalimkim, ashki selobina yo‘qdur e’tibor,
Ey Fuzuliy, chashmi giryoning kerakmazmi sango?!

IZOHLAR
Pahlu — yon, biqin; ikki Arastu — “Sadoi Turkiston” va “Cadoi Farg‘ona” gazetalarining muharrirlari Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘ja o‘g‘li va Obidjon Mahmudov ko‘zda tutilmoqda; tafahhus aylamak — tekshirmoq; lo‘lo‘ — marvarid; inod — o‘jarlik; “Sado”lar — “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Farg‘ona” gazetalari; tajaddud ahli — jadidlar, yangichilar; Hadis: Xitoyga borib bo‘lsa-da, ilm o‘rgan; katmon — yashirish; foiq — yaxshi, afzal; dagil — emas; sab — haqoratlash.

Nashrga tayyorlovchi: Olim Oltinbek