Abulg‘oziy Bahodirxon (1603-1663)

Abulg‘oziy Bahodirxon (1603.23.8, Urganch – 1663.4, Xiva) – Xiva xoni (1643—1664), shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib. Abulg‘oziy Bahodirxonning og‘alari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qal’asiga qamadilar. Otasining tarafdorlari bo‘lgan katta og‘asi Asfandiyor Eronga, Abulg‘oziy Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi.

1623 yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulg‘oziy Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan o‘rtalarida nizo chiqib, Abulg‘oziy Bahodirxon 1627 yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tursunxon bilan birga bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur bo‘ldi. 1629 yilda turkmanlar Eronga tobe bo‘lgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan cho‘chib, aybni Abulg‘oziy Bahodirxonga to‘nkadi va uni 1630 yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi.

Abulg‘oziy Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qal’asida qamoqda yashadi. 1639 yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Abulg‘oziy Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644 yil Xiva taxtiga o‘tirdi.

Abulg‘oziy Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663 yilda hokimiyatni o‘g‘li Anushaxonga topshirdi.

Abulg‘oziy Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham e’tiborga sazovor. Uning «Shajarayi tarokima» va «Shajarayi turk» asarlari O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulg‘oziy Bahodirxon tib ilmiga oid «Manofi’ul inson» («Insonga foydali narsalar») nomli asar ham yozgan.