Ot juda aqlli jonivor. Azaldan yigitning hamrohi, yo‘ldoshi. Bu ikkisi go‘yo egizakday gap. Bir zamonlar ana shunday bo‘lgan. Ammo hozir udumlar ancha o‘zgarib ketdi-da. Yigitlarning otga mehri ancha pasaydimi, deyman. Har holda bu gaplarni aytishimda jon bor…
Shuncha yashab otning yomonligi haqida deyarli hech narsa eshitmabman. Ammo ba’zi gap-so‘zlar yuradi. Ot dev naslidan bo‘lib, vaqti kelganda asliga bir qaytar emish. To‘g‘risi, buni men otning sha’niga zo‘r tuhmat deb bilaman. Shunday bo‘lsayam bir voqea esimga tushdi, aytayin-da, qutilayin. Gap yo‘g‘ida bir gap, deyman-da.
Toshpo‘lat chobag‘onni bilasilar. Uning dovrug‘i har yoqqa ketgan Chibor oti bo‘lardi. O‘-o‘, nimasini aytayin, jonivor o‘z vaqtida egasining orini yerda qoldirmagan. Ko‘pkarilarda ne-ne otlarni changida qoldirib, kimning havasini, kimning hasadini keltirmagan, deysiz. Odamlarning aytishicha, ko‘pkari boshlandi, deguncha ot o‘zini tutolmay qolarkan, o‘ziyam. Buni sezgan chobag‘on jilovni qo‘yib yuborsa, bas, uloq ustida uymalanayotgan uyurga o‘zini urar ekan-da, egasiga uloqni olishga yordam berarkan. Uloq taqimga bosilgandan so‘ng yeldek yugurar, to “Halol!” deyilmaguncha chopaverarkan-chopaverarkan. Shu zayl jonivor Toshpo‘latboyni elga tanitgan. Ko‘p yillar ikki qadrdon odamlarning nazarida yurdi.
Dunyo bevafo-da! Ikkisi qaridi. Na unisi, na bunisi ko‘pkariga yaramay qoldi. Odamlar-chi, odamlar, umuman unutdi. Ha, ular o‘zi shunaqa! Ortda qolganni unutadi, unutmaganlari tildan chiqarib tashlaydi. Shu narsaga kuyaman-da, shu narsaga…
Toshpo‘latboy chobag‘on nima qilardi, odamlar unutayotganligini sezgach, davralardan o‘zini tortdi, poxir. Odamlarga bo‘lgan fikriyam o‘zgargan-ov, menimcha. Lekin qari oti, sodiq do‘stiga mehrini hech ayamagan. Gaplashsayam u bilan gaplashgan. Kunlarini uning oldida uymalanib o‘tkazarkan, o‘ziyam.
Bir-ikki yil burun shu ikki do‘st o‘rtasida ajab voqea bo‘lgan. Buni eshitgan odamlar yana gapirishga tushgandi o‘shanda. Aytishlaricha, shundan bir-ikki kun burun jonivor o‘zini g‘alati tuta boshlagan. Egasini ko‘rsa, mehri jo‘sh urganidanmi, yo o‘rganib qolganidanmi, o‘ynoqlab kutib oladigan jonivor nimagadir sovuq tikilarmish. Buning ustiga uning ko‘zida kishini seskantiradigan qizil nurmi-ey, allambalolar bor emish-da, ishqilib. O‘sha kunlari ot hech nima yemagan, ichmagan. Toshpo‘latboy esa paytavasiga qurt tushganday tipirchilab qoladi. Bir uyga kirar, bir oti oldiga borarmish. Bu hol ko‘p qaytarilgan. Endi o‘ylasam, uning otga mehri bo‘lakcha bo‘lgan ekan-da, boshqa bo‘lganida, bilmadim-ov, shunday qilarmidi, yo‘qmi.
Shu zaylda ikki kun o‘tadi. Toshpo‘latboy ko‘proq uning oldida bo‘lgan. Uchinchi kun esa otining oldidan bir qadam ham jilmagan. Ayrimlarning aytishicha, u ot bilan nimanidir gaplashganmish. Gaplashsa gaplashgandir, nima bo‘pdi! Shuni gap deb ko‘tarib yurganlarga hech qoyil emasman. Buning ustiga Chiborni gap-so‘zni tushunadigan jonivor edi, deyishadi.
Odam otning yollarini silagan, bo‘ynidan quchoqlab, yig‘lagan, yig‘lab yorqin o‘tmishini bir-bir eslagan.
…Chiborjon, bir paytlar ikkimiz qancha yorqin kunlarni o‘tkazganmiz. Uloqni taqimga bosib, chopayotgan damlarimda ko‘nglimdan kechgan g‘ururni, sevinchni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Sen ham sevinganmiding? Bilardim, sevingansan! Buni boshqa otlarning oldidan to‘shingni cho‘qqiday qilib o‘tishlaringdan bilardim, Chiborjon!..
…Endi hammasi ortda qoldi: sen ham, men ham, ikkimiz bilan bog‘liq gap-so‘zlaru shuhrat cho‘qqilari ham…
…Agar sen o‘zingni g‘alati tutmaganingda, balki bu haqda o‘ylamagan, gapirmagan bo‘larmidim. Balki bugun bilan emas, o‘tmish bilan yashab yurarmidim. Sen ko‘zimni ochding, Chiborjon, sen ko‘zimni ochding! Endi holimni bilayapman. Tan olish og‘ir bo‘lsayam tan olayapman, Chiborjon!..
U otga uzoq gapirgan. Yig‘lab-yig‘lab gapirgan, so‘zlab-so‘zlab yig‘lagan. Chibor bee’tibor. Balki bee’tibor, desam to‘g‘ri bo‘lmas, g‘alati ekan. Egasi diqqat qilib qarasa, u nimanidir kutarmish. Bu paytda vaqt allamahal bo‘p qolgan ekan. Shunda, deng, jonivor uzoq-uzoq uch marta kishnaydi. Hammasi ana shundan keyin boshlangan. Kishnab bo‘lgan Chibor zarb bilan arqonni uzadi. Keyin pishqira boshlaydi. Ajab tomoni shundaki, uning burnidan chiqayotgan haqiqiy olov ekan-da. Chobag‘on buni ko‘rib, hushini yo‘qotadi. Shunday bo‘lsayam jonivorning harakatlarini kuzatavergan. Qarasaki, ot endi xuddi odamga o‘xshab orqasi bilan yerga o‘tirib olgan, oldingi ikki oyog‘i odamning qo‘liday ko‘tarilib turganmish. Ko‘z esa bir baloi bad bo‘lib ketgan. Ko‘z soqqasida oqiyam, qorasiyam yo‘q, ularning o‘rnini sovuq qizil rangmi, nurmi egallagan. Keyin og‘zini ochibdi. Tishlari ayricha bo‘p ketgan. Bu – otning tishlari emas, qoziq tishlar ekan.
Chiborning bir damda ko‘zidan sovuq nur, burnidan olov sochib, tishini shaqillatib turgan maxluqqa aylanib qolganligini ko‘rgan chobag‘on turgan joyida toshday qotadi. Endi uning yonida turgan Chibor oti emas, tayyor dev emish-da. Kutilmaganda maxluq odamga tashlanadi. Odam chap bermaganda uni biron xasta qilib qo‘yishi hech gap emaskan. Lekin u ko‘p tashlanmapdi. Balki jonivor shu holidayam egasini tanigandir, balki chobag‘onning qo‘rqmay qarab turgani sabab bo‘lgandir. Ishqilib, bir-ikki urinishdan so‘ng maxluq tinchlanadi. So‘ng asta-sekin o‘ziga keladi.
Ko‘pchiliklaring gapimga ishonmayapsilar-a, sezayapman. Ishonasilarmi, yo‘qmi, bunisi o‘zlaringga havola. Axir, Toshpo‘latboy mayda gap, qo‘shib-chatadigan odam emas, u chin so‘zli, mard odam. Nimani ko‘rgan bo‘lsa, borini uydagilariga aytgan. Men esa undan-bundan eshitganlarimni aytayapman…
Shuytib, buni eshitgan ayrim kayvanilar otni yo‘q qilishni maslahat beradi. Fahmlashimcha, chobag‘on otidan ozroq xafa bo‘lgan, shekilli, ularga darrov qarshilik qilmagan. Avvallari shu gapni eshitganda bormi, maslahatgo‘yning boshini yorgan bo‘lardi. Chobag‘onning shu qilig‘ini uncha tushunmadim. Nega otidan xafa bo‘ladi. Axir, jonivor maxluq bo‘laman, deb bo‘lgan emas-ku. Uning qismatida shu narsa bor ekan, u sho‘rlik nima qilsin. Haliyam shukr qilish kerak, maxluqligiga borib, biron xasta qilmabdi…
U hech narsa demasdan maslahatgo‘ylarni kuzatadi. Hech kimga bir og‘iz so‘z demay o‘rniga kirib yotadi. Balki oti bilan kechgan shirin damlarini eslagandir, balki jonivorni nima qilish kerakligi haqida o‘ylagandir. Bunisiga biron narsa deyish qiyin. To‘g‘ri-da, bandasi ichidagini Yaratgan Egamdan bo‘lak kim bilardi. Ammo shu kecha uning yotib yotganday, uxlab uxlaganday bo‘lmaganligi rost. Bunga ishonsa bo‘ladi. Ertasiga kallai sahar turadi. Hech vaqt o‘tmay bir-ikkita tomoshatalablar yetib kelibdi, deng…
Ular uch-to‘rt kishi bo‘lib otxonaga o‘tadi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, ot o‘lib yotarmish. Chobag‘onning bovri to‘lib turgan ekan, shekilli, “Chiborjon! Chiborjon!” deb olamni buzib yig‘layveribdi. Yig‘ilganlar hech narsa deyisholmabdi. Oxiri, yig‘lab ko‘zyoshlari tugagach, jonivorning jasadini kafanlab toza joyga olib borib, ko‘mib keladi. Shu-shu, chobag‘on dunyodan, odamlardan yuz burdi. Uf-uf, Chibor hasrat qilsa bo‘ladigan ot bo‘lgan-da, dog‘ida kuydiradigan ot bo‘lgan-da, o‘zi… Yana nimasini aytayin.
Yaqinda eshitdim, Toshpo‘lat chobag‘on yotib qolibdi. Ishqilib, Xudoyim shifo bersin, sabr bersin! Bandasining qo‘lidan tilashdan boshqa yana nima kelardi.
…A, Chibor-a, Chibor, shuytib kuydirib ketasanmi? Chibor-a, Chibor…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son