Xolmuhammad Karimiy. Ovunchoq tosh (hikoya)

Hamma zamonlarda ham xo‘roz bir xil qichqirgan. Qadimdan tegirmonmi, do‘konmi, choyxonami shunga o‘xshash odam gavjum bo‘ladigan joylarda xoslanmagan-u, lekin barqaror ko‘ngil ochar maskanlar bo‘lgan. Yaxshi-yomonni ham shu yerda ko‘rasiz-eshitasiz, yaxshilik va yomonlik ham shunday joylarda rivojlanar ekan… Katmanda ham kunlar isishi bilan dov-daraxtlarning soya-salqinidagi qo‘lbola so‘rilarda chollar davra qurishadi. Ko‘plari chimga choponini solib o‘tiradi. Ermakka qarta o‘ynaydi, shaxmat yoki nardani tiqirlatadi. Xullas, gurung qiziydi.
Mana shu maskanda boshqalardan barqaror bir davra bor. Sirasini olsang, kayfiyat orqali belgilanadigan mezon bu. Bu narsa aksariyat hollarda o‘z-o‘zi­dan kelib chiqadigan voqelik. Ha-ya, xuddi shundayligini men ham kuzatdim. Yoshligida ko‘pkari chopib, qurlarda olishib suyagi qotgan O‘roq chol hech kimga gap bermaydi. Ertalabdan o‘tgan-ketganni gapga solib o‘tiradi. O‘zining gapi qo‘shiladiganlari kelguncha xuddi shunday bo‘ladi. Tengqurlari kelgandan keyin esa to‘shamchi ostidan qartani oladi. Vaqt o‘tkazish uchun topib olgan ovunchoqlari shu. Yana biri Mengnor sag‘ir o‘zidan oldin tovushi keladi: “O‘roq, joyingda o‘tiribsanma? To‘shamchini sozla, ortiqcha odamni aylantirma”, – deya uzoqdan shovqinlaydi. Meng­nor sag‘ir tikka gapli, qotmadan kelgan mushtdekkina jussali. Ota-onadan erta yetim qolgani sabab sag‘ir laqabini olgan. Hamma uni Mengnor sag‘ir deydi. O‘zi ham ko‘ngliga og‘ir olmaydi. Unga farqi yo‘q, kattami, kichikmi, barini sensiraydi, birovni sizlab gapirganini hech kim eslay olmaydi. O‘zimizning tentak sag‘ir-da, deya odamlar kulib qo‘­yishadi. Shu-shu umri tikka gapli bo‘lib o‘tdi.
Hamon dali-g‘uli O‘roq chol paxta brigadiri bo‘lib umri o‘tganidanmi, joy egallashni yaxshi ko‘radi. “Ey chollar, joy-joying­ni bilib o‘tir, bir ermak qilaylik”, – deydi do‘rillab. Ularning doimiy hamrohlari oltmishdan oshib, yetmishni qoralagan Xo‘shboq chol bilan Omon chol soqollarini kalta kuzab yurishadi. Boshidan ig‘iri chiqqan telpagi, saraton chillasida ham yelkasidan jelagi tushmaydi. Ular o‘tirgan joyda gurung qiziydi. Davrani qizitadigani bu – Mengnor sag‘ir. U nimani o‘ylasa, shuni dangal aytadigan odam. O‘zimga zarari bor yoki foydasi tegadi degan o‘yning o‘zi yo‘q. Boshqa birovni mulzam qilib qo‘ymay degan xayolga ham bormaydi. Taqdir-bitik deganlaridek, boshiga tushgan qora kunlarni ham chapanilik bilan yengib ketavergan. Uning chapaniligini hamma biladi. U bor yerda davra qiziydi. Kulgi to‘xtamaydi. Yana bir yaxshi qilig‘i bor: birovning gapiga chil solmaydi. Eng muhimi, u bor davrada joziba bo‘ladi. Aslida-ku, umri qora mehnatda o‘tgan qorayag‘rinning bilgani nima ham bo‘lardi: o‘tgan-ketgandan, yaxshi-yomondan gurunglashib o‘zlarini ovutishadi. Mengnor sag‘irning gurungiga ne yetsin. Ishqilib ko‘rgani borma, kechirgani borma, eshitgani borma, to‘y-tomosha deganlaridek o‘zidan qo‘shib-chatib gurungga maza kiritadi. Qarta o‘yin ham aslida, ular uchun bir gurung.
– Hey O‘roq, sen ko‘p xirillab, qartani changallab o‘tirma-da, dangal-dangal tashla, – deb Mengnor sag‘ir tanbeh beradi. Boshqalar uning gapini quvvatlab kulishadi. Nimagadir doimo O‘roq chol bilan sherik tushib o‘ynaydi-yu, ammo uni ham hech ayab o‘tirmaydi.
Ora-sira sal go‘lroqlarini gij-gijlab kulgi qilishadi. Xo‘shboq chol xotini o‘lgach, yoshroq xotinga uylanib, peshonasi yarqiraganini yuz-ko‘zidan, qandaydir yoshlarga o‘xshash qiliqlar chiqarganidan bilib olsa bo‘ladi. O‘roq chol mug‘ambirona gapni aylantirib kelib, gurung ravishini shu yoqqa buradi.
– Xo‘shboq oshnaning g‘irromligini qara-ya, bolaligida ham quv edi, – deydi O‘roq chol raqibining aybini ochib, noto‘g‘ri tashlagan qartasini hammaga ko‘rsatib, – Mengnor sag‘ir, sen ham uni yaxshi bilasan (O‘roq chol undan uch-to‘rt yosh katta). Qizarganni ko‘rsa ko‘zi o‘ynoqlab ketardi-ya. Ayniqsa, to‘y bo‘lsa buning joni kirardi. O‘sha zamonda otarchilar o‘yinchi qiz olib yurardi. Chunki o‘yinchi qiz bo‘lmasa, hech kim davraga chiqib o‘ynamasdi. Xo‘shboq o‘yinchi qizni ham mot qilardi. Otarchiga davrani qizdiradigan shunday o‘yinchi kerak bo‘lgan. Gijbada-gijbang avjiga chiqqanda, u besuyak bo‘lib qolar, davrani gir-gir aylanar, o‘yinchi qiz atrofida parvona bo‘lar, qosh-qo‘zlarini qoqardi. O‘sha paytlar juda balo edi-da o‘ziyam. Necha bir o‘yinchi qizga suqi kirib, kasal qilib yo‘q qildi ham.
– Oqsoqolning ko‘p gapi o‘tirik, lekin birda-yarim o‘ynaganimiz chin. Endi ko‘zdan nur ketgan-da, ilg‘amay qolibman, – deya qartasini qaytib oladi, ammo maqtovlardan sorimoydek erib, ustidan kulayotganlarga qo‘shilib hiringlaydi.
Omon chol misoli ayiq. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga kelmaydigan xilidan. Yaxshi gapni ham, yomon gapni ham birdek eshitib o‘tiraveradi. O‘zi gapga aralashmaydi. Qartani yaxshi o‘ynaydi. Ayniqsa, shaxmat joni-dili. Ammo teng­qurlari shaxmatga qiziqmagani uchun u ham qarta bilan ovunishga majbur.
Bu yurtda olti oy ola yoz degan gap bor. Bahorning yarmi bilan kuzning yarmi yozga tobin. Yog‘in-sochinli kunlar o‘tishi bilan birdan kunlar isib ketadi. Chollarning qiladigan ishlari gurung. Saraton kirishi bilan qir-adirlarda ko‘tarilgan chang-to‘zon qishloq ustiga yopriladi. Jazirama kuchaygandan kuchayib dov-daraxtning so‘lini oladi. Daraxtlar bir hafta ostidan suv o‘tmasa shalpayadi. Saratonning chillasida odamlarning ham rang-ro‘yiga chang qo‘nadi, joni tosh odamgina ko‘cha-ko‘yda sang‘iydi. Sal kamdarmonning jonini sug‘urib olishi naq. Ammo…
Mengnor sag‘ir oxirgi paytlari davralarda kam ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Xotinining tobi qochibdi, og‘ir yotganmish… Shunda uning joyi bo‘sh qoldi. Qurdosh­lariga yo‘qligi bilindi.
Xotini to‘shakda, ana ketdi-mana ketdi bilan saratonning qanday o‘tganini bilmay ham qoldi. Dard bekorga kelmagan ekan, tiyramohning o‘rtancha oyida uzildi. Yuzi so‘lib, kesakdek gezargan kampiri betiga qarab, o‘zi ham sil bo‘ldi. Do‘xtirlar aytishicha, kampirining jigari quribdi. Davosi yo‘q emish. Kampiri oyog‘ini uzatgan zamon Mengnor sag‘irning ko‘ngli huvillab qoldi. Janozada uni bilgan-bilmaganning bari qatnashdi. Qabr boshidan g‘arib bo‘lib qaytgan Mengnor sag‘irga dalda berib tarqalishdi. Mengnor sag‘ir chin dunyoga ketgan kampiri ustiga tuproq tortib, yer ustida bir o‘zi yolg‘iz qolgandek garangsidi-qo‘ydi.
Ko‘cha-ko‘yda avvalgi Mengnor sag‘ir endi yo‘q. Gurunglarda ham shashti past. Keyin-keyin onda-sonda ko‘rinish beradigan bo‘ldi. Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi, musibat eskirdi. Qorlar yog‘di, dardlarni ko‘mib yubordi, yomg‘irlar yog‘di, alamlarni yuvib ketdi. Bir kuni Mengnor sag‘ir paydo bo‘ldi. Avvalgi shashti yo‘q. Gaplari ham siniq. Mavridini topib, O‘roq cholga ko‘nglini ochdi.
– O‘roq, sen odamlar bilan murosa qilib umring o‘tdi. Bizning o‘g‘illarga ham bir nasihat qil, – der ekan, Mengnor sag‘irning kirtaygan ko‘zlari yoshga to‘ldi. – Bolalar gapimni qulog‘iga ilmayapti.
– Uylanishingga qarshilik qilayapma, – dedi O‘roq chol, hayron bo‘lib.
– Kampirning o‘rni qattiq bilinayapti. Yolg‘izlanib qoldim. U yaxshi xotin edi. Bir umr sen-menga bormadik. Ammo shu bolasi tushmagirlar kimga tortgan, bilmayman. Nima jin urdi ularni. Hammasi menga o‘qrayib qaraydi.
O‘roq cholga dardini dasturxon qildi.
– Mana, Xo‘shboqning bolalarini qara, mo‘min-qobil ekan, otasini tezda uylantirdi-qo‘ydi. Qora kiyib yurgani yo‘q. Hammasini taqdir-peshonaga yo‘yishdi. Otasining duosini olib o‘tirishibdi. Menchi, men bolalarga yoki onasiga bir yomonlik tilaganmidim. Men uni o‘lsin debmanma? Yo shu xotinning peshonasi sho‘r ekan, yo mening peshonam sho‘r ekan, – deydi battar ezilib. – Hayotda odamga o‘xshab yashagan bo‘lsam, shu xotinga uylanib, uy-imorat qilgandan so‘ng bildim. Bolalar bu gaplarni qaydanam tushunadi.
Ikki chol anchagacha gurunglashib o‘tirdi. Odam taftini odam olishi chin ekan, Mengnor sag‘ir ancha yengil tortib uyiga ketdi.
Nimagadir u yana qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. Shu gurungdan beri O‘roq cholning ichi kuyadi. G‘amga botgan odamga yordam bergisi keladi-yu, yo‘lini topolmay garang. Bir kuni uning uyiga bordi. Har doimgi ikki xonali tomidan topdi. Kampiri bor paytlarda necha kelgan bo‘lsa, bu uy fayzli bo‘lardi. Yayrab-yayrab gurunglashib qaytardi. Hozir esa qo‘qidiq, eski-tusqi gilam-to‘shaklarda kuchuk bolasidek o‘z kuniga g‘ingshib yotibdi ekan. Mengnor sag‘irning katta bolasi Alimni chaqirtirdi. U xuddi shaharlikdek o‘ziga ikki qavatli uy qurib olgan, ota uyi yetimchadek mung‘ayib turibdi. Chol ertaroq o‘lsa-yu, bira-to‘la qutulsa. Ko‘zga yomon ko‘rinib turgan munov kulbani ham yo‘q qilishi aniq. Kelin ham qisir baytaldek quniyaveradi. Ko‘z qiri bilan barini kuzatib bilgan O‘roq cholning zardasi qaynadi: “Otangning yotishini qara, bilib qo‘y, bu qaytar dunyo, ertaga sening boshingga shu kun tushsa, keyin birovdan o‘pkalab yurma, ho‘ bola”, – deya qattiq tanbeh berdi. Ahvol chindan ham achinarli edi. Ammo o‘g‘il ham o‘zini oqlaydigan gap topdi. Bu dunyoning o‘zi shu. Hammaniki o‘ziga to‘g‘ri. Otasi ertayu kech so‘kinarmish, nolib, hammadan norozi bo‘larmish. Goho qarg‘anaverganidan kelin ham, nevaralar ham bezillab qolibdi. Xullas, past-baland gaplar aytilgach, O‘roq chol hammasini bolalariga havola qilib chiqib ketdi. Lekin ko‘ngil to‘ladigan bir ish chiqarolmadi. Bo‘yni xam bo‘lib, yuragi achishgani qoldi. Xudo peshonaga bitmasa, qiyin, o‘zingdan chiqqan baloga qayga borasan davoga.
O‘roq chol uzoq tinch yotolmadi. Mengnor sag‘ir ko‘z oldiga kelganda, o‘zining ham boshiga shunday kunlar tushishidan qo‘rqadi. Qo‘rqqani sayin sag‘irni o‘ylaydi. Yana uni ko‘rgali jo‘nadi. Harqalay farzand-farzand ekan. Jillaqursa, odamlar oldida uyalmaylik degan. Nima bo‘lganda ham bir qarining sharoitini sozlabdi. Olam-jahon o‘zgarish. Biroq sag‘irning ko‘ngli orom top­gani yo‘q.
– Bobo, otamga hamma narsani muhayyo qilib bergan bo‘lsak. Joy-to‘shagini ozoda qilib qo‘ygan bo‘lsak, osh-ovqati vaqtida bo‘lsa…
– Otang oshdan o‘ldim deyayotgan yo‘q. O‘ziga bir mahram kerak. Qari ham go‘dak bo‘lib qolar ekan, bilsang agar. Gapi qo‘shiladigan bir tengini topib beringlar.
– Gapingiz to‘g‘ri, lekin unday ayolni qayerdan topamiz. Bir bedavoga yo‘liqib, bundan battar bo‘lishidan andishadaman. Keyin hammamizni notinch qiladi.
Xullas, O‘roq chol unday desa, u bunday dedi. Bunday desa, u unday dedi. Otasini uylantirishni bo‘yniga olmadi. Mengnor sag‘ir bu gapni eshitib batamom cho‘kib qoldi. Qo‘lida tayoq, o‘zi bilan o‘zi gap­lashib, tentakka o‘xshab sermaljiydi. Kundan-kun endi ko‘zlari ham xira tortib boraverdi. Alim otasini ikki-uch bora ko‘z do‘xtirga olib bordi. “Bu yog‘i qarilik, davolataman deb yugurib yurma”, – deyishdi do‘xtirlar. Shu-shu ko‘zdan qoldi. Endi ko‘r otani yetalab yuradigan bo‘lishdi. Chollar undan ko‘ngil so‘rashga kirganda sag‘ir bechora yig‘lab qoladi.
– Sag‘ir o‘sdim, birov menga oq-qorani tanitmadi. Bir umr suv kechib, loyqa tortdim, faravon hayot quramiz, ishla derdi Mayram sho‘ro dag‘dag‘a bilan: hali shunday kunlar keladiki, yeganing oldingda, yemaganing ortingda. Ko‘ngling tusagani bo‘ladi, deb aldagan ekan enag‘arlar. Mana Mayram sho‘ro ham o‘lib ketdi, bosh­qalari ham. Ammo va’da qilgan narsasidan bir nishon ko‘rmadik. O‘shanaqa dayuslarning gapiga chippa-chin ishonib, eshakdek ishladik, ko‘rgan kunim qurisin avvali, faravon hayoti shuma? Shuytib­lar bo‘lmagan gaplarga ishonib, sag‘ir bo‘lib qolaverdim. Xotinim o‘ldi, yana sag‘ir qoldim. Bolalar suyanchim bo‘lama degandim, bular ham meni yetimdek turtkilaydi. Boladan ham xudoyim solmagan ekan. Ko‘zimning nuri qochdi, endi hayotdan ham sag‘ir bo‘lib o‘tiribman.
Uch qurdosh chol ham mulzam uydan chiqdi.
– Mengnor sag‘irning kuni qurisin, – deydi O‘roq chol chim ustida joylashib olgach. – Mening bolalarim ham ulardan o‘tsa o‘tadiki, lekin qolishmaydi. Ishdan kelib xotinchasining oldiga kirib oladi, ota yoki ona qanday o‘tiribsan degan gap yo‘q. Agar shu bolalar non-oshingni berib tursa, xudo biladi boshimizga ne kunlarni soladi. Xudoga shukr osh-suvimizni kampirning o‘zi eplaydi. Birdan-bir narsa, kampirdan oldin ketaverishni xudodan tilab yotibman. Kelinga kunim qolmasin iloyim. Shu ullarni uch kundama, to‘rt kundama bir ko‘raman, qartadan chempion bo‘layapsizma, deb hashuva qiladi enag‘arlar. Yaxshiyam nafaqa puli bor. Biz ham bola boqdik, ularning birovi qo‘limga to‘rt tanga berganini eslayolmayman. Hushi tutganda birovi yarim kilo novvot, birovi ikki shapati non ko‘tarib keladi. Nimasini gapiray, hammasini ichga yutamiz-da, – deydi-yu, peshonasini silaydi. Keyin achinib qo‘yadi. – O‘zimni qo‘yib, shu sag‘irni o‘ylab ichim eziladi.
– Biziki ham sho‘l, ammo o‘g‘illardan qizlar tuzuvga o‘xshaydi, – deydi indamas Omon chol ham ensasi qotib. – O‘g‘illarning ko‘rgani ham, bilgani ham sochi uzun, o‘shaning chizgan chizig‘idan chiqolmaydi. Tag‘in gapirsang yomon ko‘radi-ey.
Biroq Xo‘shboq chol indamay qo‘yadi. Chunki uning bolalari qobil. Boshqalarga o‘xshatib, katalakdek uyga tiqib qo‘ygani yo‘q. Kastryulidan go‘sht-moy arimaydi, asal, holva, mag‘iz, o‘rik, qand-qursdan sandig‘ini to‘ldirib qo‘yadi. Kelinlar ham qobilgina. Nevaralar ham atrofida parvona. Xo‘shboq chol yo‘lga otlansa, mashinani ko‘ndalang qiladi. Munov o‘gay deb, otasining xotinini ham silkilamaydi. Otasining ko‘ngliga qarab, uning ham hurmatini qiladi. Shu bolalarning ham bosh­qalardan kam joyi yo‘q, lekin ortiqligi bor bo‘lsa bordir. Teng­qurlari kuyib kul bo‘layotganda, maqtanib o‘tirishi yaxshima?
Ularning qarta o‘ynashga ham ko‘ngillari chopmay uzoq o‘tirishdi. O‘ylay-o‘ylay bir chora topolmay tarqalishdi. Oradan ikki-uch kun o‘tib O‘roq chol yolg‘iz o‘zi Meng­nor sag‘irning oldiga bordi. Burungi sag‘ir qani? Tikka-tikka gaplar qayda qoldi, endi go‘rga ko‘milgandek shobirsiz o‘tiribdi. Yig‘lashdan bosh­qasini bilmaydi. Buni ko‘rib O‘roq cholning battar ichi ezildi. Soch-soqoli o‘sgan, uni kuzab qo‘yadigan odamning o‘zi yo‘q. Nima qilib bo‘lsa ham uning ko‘nglini ko‘tarishni xohlaydi. Bu haqda uyida ko‘p o‘ylab ko‘rdi. O‘zi ham bir ko‘rsavod bo‘lsa, hech tomonga boshqarolmay xo‘p garang bo‘ldi. O‘ylay-o‘ylay boshi qotdi.
– Oshna, men bir gap topib keldim. Ataylab borib eshonbobolardan so‘radim.
– Nima gap? Eshon deysanma? – deya Mengnor sag‘ir birdan sergaklandi. Bir lahza zorlanishlarini unutdi.
– Ha, sening uchun maslahat so‘rab bordim.
– Nima ekan? – deya Mengnor sag‘ir xuddi ko‘zlari ko‘rayotgandek uning og‘ziga tikilib qoldi.
O‘roq chol nimadan gap bosh­lashni bilmay duduqlandi. Yuzta desam kamlik qilar, ko‘proq aytsam bechora shunga ovunib kunning o‘tganini bilmay qoladi. Ko‘rga kecha-kunduzning nima farqi bor. Bolalarni bezor qilmay o‘tirgani ma’quldir. O‘ziga yaxshi. Keyin unda-bunda eshitgan gaplarini to‘qib-bichib tushuntira ketdi.
– Qo‘yning qumolog‘idek keladigan toshdan mingta. Bolalar toshlarni yuvib-tozalab bersin, kelin ikki xalta tiksin. Hammasini biroviga solib, qiblaga qarab o‘tirib, har bitta toshga “Allohu akbar” deb “suf”lab bo‘sh xaltaga solaverasan. Shuytib birini ikkinchisiga o‘tkazib bo‘lganingdan keyin dam ol. Choy-poy ichgandan keyin charchagan bo‘lsang uxla. Shunday qilib bir kunda besh marta toshlarni bunisidan-unisiga almashtir. Oq-qorani tanimay o‘tdim deb kuyinib o‘tirma. Mana, shu ish besh vaqt nomoz joyini bosar ekan, deb tushuntirib berdi.
– Shundayma!? Shunday qilsa bo‘lamakan? – Mengnor sag‘ir ota-onasini topib olgandek xursand bo‘lib ketdi. O‘roq cholga yaqinroq surilib o‘tirdi.
– Bu gapni bolalarga o‘zing tushuntir. Hammasini hozir menga qilib bersin. Keyin o‘zing o‘rgat. Umringdan baraka top, O‘roq. Bu dunyoda meni ham o‘ylaydiganlar bor ekan-a. Xudoyimga shukr.
O‘roq chol o‘zining o‘ylab topgan kashfiyotini osongina qabul qilishini xayoliga keltirmagan edi. U Alimga tushuntirdi. Gapning oxirida eshonbobo aytganini alohida ta’kidladi. Bunga o‘xshagan ovomlarning eshonga ixlosi balandligini bilgan O‘roq chol shu gapga mahkam yopishib oldi. Alim ham bu ishni tezda bajarishga kirishdi. Bu ish otasiga xotin olib berishdan oson. Buning ustiga eshonbobo aytgan bo‘lsa-ya. O‘roq chol gurung berib o‘tiraverdi.
Oradan ikki soatcha vaqt o‘tib, Alim selgadan roppa-rosa ming dona tosh solingan satilni keltirdi. “Otam uchun shaxsan o‘zim bordim. Selgadan terdik, birdan yuvib kelayapmiz”, – deb uyga kiritib berdi. Kelin ham xaltalarni tikib ulgurgan edi. O‘roq chol farosat qilib o‘rgatishga kirishdi.
Kun peshindan oqqanda Meng­nor sag‘irni qiblaga qaratib o‘tirg‘izib, ikki xaltani oldiga qo‘yib, o‘zi to‘qigan o‘tiriklari uchun tavba qilib-qilib uyiga jo‘nadi. Ammo yolg‘oni elga oshkor bo‘lmasligi uchun bu gaplarni birovga bildirmadi. Hech narsani bilmagandek gurungini qilib yuraverdi. Shundan keyin Mengnor sag‘irnikiga borishga betlamay qoldi. Ko‘rni aldaganiga ko‘p afsus chekdi. Qariganda o‘tirik gapirgani o‘ziga ham og‘ir botdi. Oradan saraton butunicha o‘tib ketdi. Ko‘ksida toshdek bir narsa osilib, dilini og‘ritib yuraberdi. Oxiri chidamay qoldi. Tiyramoh boshlangandan keyin elning ko‘pi dalada, qolganlari ham yog‘in-sochinga qoldirmasi xas-xashagini, don-dunini yig‘ishtirishga kirishib ketgan. Gavjum davralar o‘rnida faqat uch-to‘rt chol qoldi. Bir kuni gurungni tugatib, O‘roq chol hammadan keyin o‘rnidan qo‘zg‘oldi. U yo‘lini uyi tomon emas, boshqa tomon burdi. Shu vaqt oralig‘ida undan bir xabar eshitgani yo‘q. O‘lding-o‘chding degandek gumi-gurs bo‘lib ketganidan alag‘da. Chang qoplagan dov-daraxtlar jo‘gining to‘rvasidek hilpiraydi. Alanglarda ajriqlar sarg‘aygan, yo‘l chetidagi yontoqlarni mollar po‘ntoq qilib yeb ketgan, kimsasiz ko‘chalar shamolda to‘zg‘igan, qishloq qarimsiq tusga kirgan, O‘roq chol tuproq kechib imillab, oyog‘ini sudrab bosadi. Mengnor sag‘irga aytgan o‘tiriklari uchun yaqinlashgani sayin ichida aytayotgan tavbalari kuchayib, ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi.
Mengnor sag‘irning hovlisida burilib, Alimni chaqirdi. Ishga ketgan ekan, uning katta o‘g‘li chiqdi. O‘spirin ko‘rishib-so‘rashib bobosining oldiga yo‘l boshladi. Uning gapiga qaraganda, bobosi mutlaqo o‘zgarib ketganmish. Shundan beri toshga suflash bilan ovora bo‘lib qolibdi. Qulog‘i ham og‘irlashibdi-yu, ammo shu nevarasining gapini eshitarmish. Shu nevara hojatgami, yuvintirishgami, tahoratimi, ishqilib bobosi bilan yetaklashib yurarkan. Bobosi ham faqat uning otini tutarmish. Boshqa bilan gaplashmay qo‘yibdi. Uyga qamalib olib, ovunchog‘i, toshga suflash.
O‘roq chol bu gaplardan avvaliga hayron bo‘ldi. Ammo ichidagi qo‘rquv bosilib, sal o‘zini yengil sezdi. Baribir o‘tirik gap bilan ko‘rni aldagani uchun ichida tavba qilishni qo‘ygani yo‘q. Mengnor sag‘ir oppoq to‘shak ustida, oppoq libosda, misoli farishtadek bo‘lib, pichirlab-pichirlab toshchaga suflab xaltaga solardi. Bu holga ko‘zi tushgan O‘roq chol: “Yo parvardigori egam tavbangdan, tavbangdan”, – deya qo‘rqib ketdi. O‘tirik aytib katta gunoh qilib qo‘ygandek qaltiraydi. Yoshligida gunoh qildima, savob qildima o‘zi ham farosatiga bormaydi. Ammo qariganda xudoni ham, bandani ham aldab o‘tirganidan badanlari titrab ketdi. Mengnor sag‘irning nevarasi: “Bobo siz choydan ichib o‘tiring, sanoqni tugatsa, o‘zi turadi”, – deb ko‘rpachaga taklif qildi. O‘roq chol ichidan zil ketib o‘tirib qoldi. Mengnor sag‘ir bir umr izlagan narsasini topgandek dunyoni unutgan, jon-dili bilan toshga suflashga berilib ketgan. Ostonada bo‘layotgan gap-so‘zlar karning qulog‘iga kirayotgani ham yo‘q. O‘roq chol oshnasiga tomosha qilib hayratlanib o‘tiraverdi. Toshlar bir xaltadan ikkinchisiga o‘tib ham bo‘ldi. Mengnor sag‘ir uzoq duo qildi. Va bo‘sh xaltani paypaslab og‘zini ochib qo‘ydi-da, yana boshidan toshga sanashni tushdi:“Allohu akbar, suf-ff-f”…

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 5-son