Xolmuhammad Karimiy. Karquloq (hikoya)

Loy supada uyulib turgan eski-tuski poyabzallardan birini usta charm fartugining etagiga soldi-da, mum surtilgan shordozni juvoldizga o‘tkaza boshladi. Supaga soya berib turgan zardoli barglarining shabadada sekingina shitirlashi go‘yoki shivirlab gurung berayotgandek, usta esa boshini egib uni tinglamoqda. Goho uning diqqatini bo‘lib pishib yetilgan meva har-har zamon yerga «tap» etib tushgach yangi qabrga o‘xshab do‘ppa­yib qoladi. Supa chetidagi olachalpoq soyada mushuk old oyoqlari bilan charm qiytig‘ini turtkilab sichqon bilan o‘ynayotgandek irg‘ishlab umbaloq oshadi.
Oldidagi poyabzal uyumini usta bozordan yig‘ib kelgan. Katmanda har payshanba bo‘ladigan bozorning kirish yo‘lagiga toqa temir oyoqni teskari o‘rnatib, poyabzalga mix qoqib o‘tiradi. Erinmagan mijoz shu yerning o‘zida poyabzaliga mix qoqtirib yoki yengil ta’mirlatib olsa, ko‘pchiligi kelasi hafta olish sharti bilan qoldirib ketadi. Bozor haftada bir kun bo‘lganidan usta, asosan, yig‘ish bilan mashg‘ul. Unga qishloq oradagini ham qo‘shsa, har kuni ustaning qo‘lida bigiz-so‘zon. Bunday arzon-garov poyabzalning yirtilishi qancha oson bo‘lsa, uni yamab-tuzatish shuncha qiyin. Afsuski, eskini yamayman-eplayman deb, ustaning esi ketgani bilan xizmat haqi arzimas: ipak shordozni mumlab ishlataman, yamoq solaman, vaqtim ketadi, xizmat haqim «falon» bo‘ladi desa, mijozning ensasi qotadi; usta, botinkaning xunini so‘rayapsiz, siz aytgan pulga yana shuncha qo‘shsam, bilasizma, naq yangisini beradi-ya deyishadi ular. Kim ko‘p, bozorda yamoqchi ko‘p. Sal qaltisroq gapirib yuborsa, mijozdan ajrab qolishi hech gapmas. Shu bois tilni tiyadi-da, mijozning berganiga rozi bo‘lib qolaveradi. Tirikchilik haminqadar bo‘lganidan so‘ng uydagi ming‘ir-sing‘irlarga chidash osonmas.
– Hoy otasi, choy sovib qoldi. Nimaga o‘z vaqtida ichmaysiz? – deya xotini o‘dag‘aylagancha ustaning oldida paydo bo‘ldi bir oz oldin qo‘yib ketgan dasturxoni hamon joyida turganidan jahli chiqib. – Shu palakatni kamirmasdan siz ham odamlarga o‘xshab bunday boshni ko‘tarib atrofga qarang. Bolalarimning ertasi nima bo‘ladi deb o‘ylab ko‘rasizma hech?
Oilaga yetarlicha daromad keltirmaydigan ish bilan ustaning ivirsishi xotiniga yoqmaydi, goho eriga nisbatan odamlar nopisand munosabatda bo‘layotganini sezib ori keladi, bor kuchi tiliga yig‘iladi, ta’na-malomat yog‘diradi: odamlar birni birga urishtirib ikki qiladi, qator-qator uy solib, dabdabali to‘y beradi. Avvali, peshonam qursin, tengim shu tepsa tebranmas bo‘ldi deya manglayiga shapatilaydi.
– Manavi to‘kilgan zardolilarni bolalar bilan terib olinglar, keyin qaynatasanmi yoki yoyib quritasanmi, o‘zing bilasan, ishqilib, uvol bo‘lmasin, – dedi usta go‘yoki xotinining gapini eshitmagandek.
Erining odatdagidek talmovsirashidan uning battar alami keldi. Shunday odamga sadqai gap, aslida, manavi mushuk ham undan avlo, bir tepsa miyov deydi, bu erkakka gapirding nima-yu, toshga gapirding nima deb o‘yladi-da, jahl bilan mushukni tepib yubordi. Haqiqatan ham, mushuk ustadan avloroq ekan, bir dumalab tushib «vag‘» deya qochib qoldi. Shundan so‘ng sal xumori bosilgandek, har qalay, ortiq g‘ingshimasdan bir siltanib keng ko‘ylagi pirillagancha oshxona tomon ketdi. Mushukni tepayotganda xotini ustaning ko‘ziga alvastidek ko‘rindi. Alvasti degani ham shu xotinga o‘xshasa kerak deya usta miyig‘ida kuldi-da, tufliga qadalib turgan bigizni sug‘urib teshikka juvoldizni suqdi. Yana bir-ikki bor bigiz bilan yamoq ustidan teshib shordozni tugun qilgach bilinmaydigan qilib kesib, botinkani aylantirib tekshirib ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Qo‘lini chayqaganidan so‘ng sovuq choyni «ho‘r-ho‘r»latib, non kavshashga tushdi. Bir ozdan keyin zahri-mahringga yut degandek xotini bir kosa zardolini «do‘q» etkazib qo‘yib ketdi. Beparvolik bilan usta kosani oldiga surib: «Osh bo‘lsin, yamoqchi», – deya o‘z ko‘nglini o‘zi xushlab ovqatlandi. Bozorgacha ishini tugatib qo‘yish maqsadida yana qayta joyiga o‘tirdi. Navbatdagi botinkaning yirtig‘iga chamalab charm­dan bir parcha qirqdi. Yamoqni tekislab joylashtirgach bigiz bilan so‘zonni qo‘lga olib astoydil ishga berildi. Bu orada qancha vaqt o‘tgani bilan qiziqqani ham yo‘q. Birini tugatib, ikkinchisini qo‘lga olish bilan andarmon. Biroq qadam tovushidan xotinining kelayotganini sezib hushyor tortdi. Qani endi imkon bo‘lsa-yu, quloqni berkitib olib tinchgina ishingni bitirsang, hech qanday tovush xalal bermasa deb o‘yladi.
– Bolalarning ichi shilinib ketdi, ertayu kech yegani meva-cheva. Shildir sho‘rva badanga yuqmasa, bozor kuni qo‘y go‘shti oling, bolalarga darmon bo‘lsin, – deya u das­turxonni yig‘ishtirarkan, tepsa tebranmas er hamon miq etmaganidan keyin bobillab berdi. – Ho‘ erkak, siz o‘zi meni eshityapsizma?.. Go‘dakkinalar maktabdan sumkasini zo‘rg‘a sudrab kelishyapti. Borib bolalarning holini ko‘ring, qorako‘rday yerga qarab singalamang-da.
Ro‘zg‘or deganlari eski to‘rvadek gap ekan, qay joyiga barmoq ursang teshiladi. Kambag‘alning xotini shu eski to‘rvani teshib o‘yin qilishdan rohatlanadimi, bilmay qoldi. Xudoyima, bu dunyoda xotinni erkakning ko‘zini ochirmaslik uchun yaratganmisan deb o‘yladi-yu, miyasiga kelgan o‘ydan qo‘rqib ketib astag‘firulloh deya pichirladi.
– Nega mum tishlagandek gung bo‘lib oldingiz yoki gapim noto‘g‘rima? – dedi erining hamon ishdan bosh ko‘tarmayotganidan g‘ashi kelib.
Xotini toza oshqinlayvergandan keyin noiloj usta ishidan to‘xtab, ajablangan ko‘yi unga qaradi.
– Bozorga borish uchun ishimni tugatib qo‘ymasam, pulni qayerdan olaman? Go‘shtni pulga beradi, xonim, – dedi. Yana nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagandi, xotini o‘girila solib shipillab qoldi. Achchiq ustida ketayotib jahl bilan ro‘molini boshidan yulib olib, qayta tang‘iganini kuzatib turgan usta boshini sarak-sarak qilgancha yana ishga kirishdi.
Bu xotin tushunmaydi yoki tushunishni istamaydi. Ro‘zg‘or degani o‘z nomi bilan g‘or bo‘lsa. Nafs ber deyishdan charchamagandan keyin qancha topmagin, g‘orga tushib yo‘q bo‘lib ketaveradi. Dunyo dunyo bo‘libdiki, ro‘zg‘orning g‘orini to‘ldirdim degan inson bo‘lgan emas. Shunday odamni topsam, oyog‘ini tavof qilaman. Ana shu g‘orning tepasida turgan odam menga o‘xshab toparman-tutarman bo‘lmasa, uning ado bo‘lgani shu ekan. Qizlarning ham bo‘yi yetib qoldi, ularni uzatish uchun sarpo-suruq g‘amlash kerak. Yiqqan-terganini xotiniga tutqazyapti. Albatta, u bechora ham tejab-tergab latta-putta yig‘adi, tushunish kerak.
Hozircha ustaning bilgani shu: orta-tosha topmagandan keyin ko‘zni chirt yumib yashayveradi. Ammo vaqt o‘tgan sayin oila tashvishi kattalashib, xotinining egovi ham o‘tkirlashmoqda. Qo‘lidan kelgancha temtinib yotibdi. Holva degan bilan og‘iz chuchimasa, biror narsa bo‘lar degan umidda joni boricha bigiz-so‘zonga yopishadi. Boshqa nima ham qilsin? Bolalar ulg‘ayaversin-chi, xudo poshsho, rizqini yetkazar deya ovutadi o‘zini.
Tushdan keyin havo dim bo‘lib qoldi. Engashib borayotgan quyosh nurlari supaga to‘liq tushgan, soya esa tomorqa oralab cho‘zilib boryapti, usta isib ketayotgan bo‘lsa ham, bugunga ajratgan so‘nggi poyabzalni hafsala bilan yamamoqda. Bira-to‘la ishini yakunlab o‘rnidan turganida g‘arq terga botgan edi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib boshi gir-gir aylanganidan daraxtga suyanib ancha vaqt joyida turdi. Ko‘z oldini qoplagan tuman tarqaganidan keyin qo‘lansa hid taratayotgan fartugini yechib shoxga ildi. Ust-boshini qoqib, u yoq-bu yoqqa yurib oyoq chigilini yozdi. Quyosh tafti pasayganiga qaramay, hamon mud­roq holat hukmron. Tek qotgan daraxtlar xuddi g‘amga botgan ustadek qovoq uyib chuqur o‘yga tolgan. G‘ir etgan shabada yo‘q, ammo terak barglarining qaltiragancha devonadek g‘ing‘illashi, hasharotlarning horg‘in chirillashi kishini battar lanj qiladi. Usta horg‘in holda atrofga siniq nazar solib, supa chetida yotgan ketmonni ushlagancha tomorqa oraladi. Shig‘illab gulga o‘tirgan pomidor pushtalarida yakka-dukka ko‘kargan begona o‘tlarni chopib, qotib qolgan mushaklarini bo‘shashtirishga harakat qildi. Tayinli bir ish qilmasa ham tomorqada kechgacha ketmon ushlab vaqt o‘tkazdi.
Kechki dasturxon atrofida oila yig‘ilib, shildir sho‘rvani «qur-qur» ichib bo‘lishganida ro‘zg‘orning yana bir yorig‘i ochildi.
– Ota, ota, – deb o‘g‘li erkalanib arzi holga o‘tdi. – Dam olish kuni shaharga tomoshaga borarkanmiz. Hayvonot bog‘ini, muzeyni ko‘rsatishar ekan. Shungacha sinf­doshlarim «zebra» mayka olishmoqchi. O‘g‘il bolalar bir xil kiyinishga kelishdik. Menga ham obering. Ularga men ham olaman deb qo‘ydim, ota-a. Oberasiz-a?
Tashvishli jaranglagan bu gapdan ustaning eti jimirlab ketdi. Uning go‘sht va bozor-o‘charga mo‘ljallab turgan xarji nima bo‘ladi? Bu savil oti mayka bo‘lgan bilan falon pul turadi. O‘g‘liga nima deb javob qaytarishni bilmay qoldi; go‘sht puliga mayka olib bersa, haftalik bozor-o‘char xarjini yo‘l puliga beradi. Shildir sho‘rva yana suyuqlashadi-yu, ming‘ir-ming‘ir ko‘payadi.
Ikki o‘t orasida qoldi. Uzun-kalta, yo‘g‘on-ingichka qilib o‘ylayotgan edi. Og‘ziga tolqon solib olgan erining qilig‘iga xotin chidolmadi. Buning ustiga, bola otasining og‘ziga maxtal mo‘ltirab o‘tiribdi, indamasni chaqib-o‘yib gapirdi.
– Bolam, sen g‘am yema, axir ustaning bolasi bo‘lsang, – dedi onasi zaharxanda qilib, – eski maykangni kun chalgan bo‘lsa ham binoyidek butun. Otang teri-po‘staklarining qiytig‘idan quroqlab beradi. Kiyik zebraning o‘zi bo‘lasan qolasan.
Usta xotinining kesatiqlariga mutlaqo e’tibor qilmadi. Unga yarashiqli javob berganda ham, bir narsa o‘zgarib qolmaydi, shu bois odatdagidek o‘zini eshitmagan yoki anglamaganga soldi.
– Hey polvonim-ey… bozor kuni ertalabdan avval senga «zebra» olamiz, keyin menga yordamlashib yuborsang, birga-birga qaytaveramiz. Ma’qulma?
Ukasining xursandligini ko‘rgan ikki opasi ham shodlanib ketdi. Chunki erta-indin qizlarning ham arzi holi bor. Ammo beo‘ylarcha va’da berayotgan eridan nafratlangan xotini kesakday gezarib o‘tirardi…
Oradan bozor o‘tib usta zardoli soyasida bir uyum poyabzallarni saralayotganida xotinining sharpasini sezib afti bujmayib ketdi.
– Kattangizga ko‘ylak kerakmish, bitiruv kechasiga, – tashvishli xabar bilan xotini kelib supaning bir chetiga omonat cho‘kdi. – Men yemay-ichmay qizlarning sepini butlayman deb o‘lib-tirilsam, siz o‘ylamay sochasiz. O‘g‘il bola bir tomoshadan qolsa kindigi chiqmasdi, biroq qiz bolaning yo‘rig‘i boshqa, bu yog‘i bo‘y yetib turgan bo‘lsa, teng-to‘shlaridan ortda qolsa, nomus bo‘ladi. Oldindan aytganim shu bozor kun matosini olishi kerak, chevarning ham odami ko‘payib yotibdi ekan, o‘shangacha zo‘rg‘a tikib bersa ham. Bundan tashqari, tufli olishi bor, mayda-chuydasiga ham pul kerak.
– Pul o‘zingning qo‘lingda-ku, birga boringlar-da, bolalaring ko‘ngliga yoqqanini olsin.
– Bolalar nima desa olaver deyishingizga qaraganda, biz bilmagan xazinangiz borga o‘xshaydi, usta. Bigiz-so‘zonga ishonib katta gapirmayotgandirsiz?.. Siz o‘ylab gapiryapsizma hech, buncha pulni qayerdan olaman yoki bir hafta tishning kirini so‘rib o‘tiramizma? Xuddi olam-jahon pul tutqazib qo‘ygandek og‘zini to‘ldirib gapirishini qarang-a. Men shuncha eplamasam, allaqachon oyog‘ingizdan jitib ketardingiz, shuni bilasizma? Og‘zi-boshi qiyshaymay tag‘in pul berib qo‘ydim deyishiga o‘layma?
Usta jilmaydi. Yo‘q desa ham baloga qoladi, xo‘p desa ham. Nima qilish kerak?
Xotini javrab-javrab ketganidan keyin ustaning qo‘li ishga bormay qoldi. Asboblarini bir tomonga qo‘yib tomorqa oraladi. Shu yoshga kirguncha ancha-muncha joyga bosh suqib ko‘rdi. Achinarlisi, hech biridan naf chiqarolmadi. Peshonada bori shu ekan deb, bigiz-so‘zonni qayta qo‘lga oldi. O‘zi ham xuddi bigiz-so‘zondek turmushni yamab-yasqash bilan ovora, gohida…
Go‘yo butun borliq to‘xtab qolgandek, o‘simliklar tek qotgan, ahyon-ahyonda qora chigirtkaning chirillashi quloqqa chalinadi. Og‘ir yuk ostida qolgan usta bazo‘r oyog‘ini sudrab tomorqada maqsadsiz sermaljiydi. U aylanib yurib nafas olishga-da holi yo‘qligidan ne qilarini bilmay terak soyasiga kelib to‘xtadi. Terak barglari o‘z-o‘zidan qaltirar… Nimadan buncha bezovta bu terak­lar, axir shamolning epkini ham sezilgani yo‘q-ku deb o‘ylanib qoldi. O‘ylagan sayin battar yuragi siqilib, quloqlari chippa bitib, miyasi achigan xamirdek ko‘pchigandek bo‘ldi. Turgan joyida cho‘kkalab rangsiz, hidsiz va tovushsiz olamga nursiz ko‘zlari bilan baqraygancha o‘tirdi. Bir dam o‘tib asta-sekin qulog‘ida shang‘illash paydo bo‘lib o‘ziga keldi. Hammasi o‘z o‘rniga qayta bosh­ladi. Qulog‘idagi shang‘illash terak qaltirashiga o‘xshash ovozga almashdi, ammo bu tovush tashqaridan emas, o‘z ko‘ksidan kelardi. Yuragi duk-duk etibmas, go‘yoki terak bargidek dir-dirlardi. Noxush sukunat qo‘ynida usta o‘z qalbining qaltirayotganini tingladi. Juda tanish, ammo shu paytgacha umuman eshitmagan bu ovozdan ajab­landi. Ajablandi-yu… o‘rnidan irg‘ib turib, o‘zini ham eshitmaslik uchun ming‘irlab xirgoyi qilgancha ildam yurib borib joyiga o‘tirdi-da, bigizni qo‘liga oldi.