Xolmuhammad Karimiy. Cho‘pon (hikoya)

Ilk bahor pallasi. Quyosh hali tik ko‘tarilmagan. Choshgoh mahalida ham qish sovug‘ining zahri sinmaydi. Beozor yelayotgan shabada badanni junjiktiradi. Keng yalanglikda yolg‘iz o‘zi serrayib turgan keksa otaxon sovuqqa deyarli e’tibor bermaydi. Uning qilt etmay turishida bir tashvishni anglagani seziladi. Otaxonning diqqatini tuproqqa ag‘anayotgan qushlarning harakati egallab olgan. Shu alfozda Oxunbobo og‘ir o‘yga tolgandi: “Bu yil ham qurg‘oqchilik bo‘ladiganga o‘xshaydi. Qushlar bekorga tuproqqa ag‘namayapti”.
Urug‘ oqsoqoli bo‘lgach, hech qursa ovuldagilarning kuniga yarab turgan chorvani asrashga chora izlash uning burchi. Mana olti yildirki, qurg‘oqchilik tufayli dala-dashtda qora molu ushoq mol o‘z tezagini kapalab qirilib ketayozdi. Agarda bu yil ham yog‘ingarchilik bo‘lmasa, chorvaning holiga voy. Ana shunday o‘yda oqsoqol shahd bilan ovulga qaytdi-da, kayvonilarni bir joyga jamladi. Ularga dashtdagi voqeani aytib, bu yil chorvani biror tajribaliroq cho‘ponlar bilan toqqa, Hindikushning ulkan o‘rkachlariga borib tutashgan Pomirning oppoq tizmalari etaklaridagi yaylovlariga haydab borish taklifini bildirdi.
Ovulning chorvasini shu atrof-jovonibda boqib yuradigan podavon bu taklifni eshitganida, hayron bo‘lib qoldi… Cho‘pon yigitning ikkilanib turganini ko‘rgan keksalar: “Sen ko‘p o‘ylanaverma falonchi, pistonchi mashhur cho‘ponlar tog‘ning har bir o‘ngir-qirini besh barmog‘iday bilishadi. Shularning ko‘magida toqqa ushoq molni haydab borasan”, deyishdi. Cho‘pon tavakkaliga rozi bo‘ldi.
Buyog‘i endi Cho‘ponning mahoratiga bog‘liq edi. Cho‘pon ham katta otarlarga qorama-qora ergashib, hafta deganda tog‘ etaklariga yetib keldi. Bu joylar xiyla salqin ekan. Cho‘lda suyagi qotgan Cho‘ponni bu hol biroz cho‘chitdi. Lekin qo‘y-qo‘zilarning yayrab ketganini ko‘rgach, ko‘ngli ravshan tortdi. Tajribali cho‘ponlar kun isigan sayin otarini tog‘ daralari sari o‘rlatib, ichkarilab ketardi. Ular bilan qorama-qora borayotgan Cho‘pon ham notanish tog‘ daralari, u yerdagi daraxtlaru butalarga hayratlanib boqar, shu zayl kunlar qanday o‘tganini sezmasda. Ayniqsa, qo‘ylarning kun sayin et olayotganini ko‘rib, quvonardi. Hatto Oxunbobo tanishtirgan cho‘ponlar oldiga kunda, kunora borishga ham ehtiyoj sezmay qo‘ydi. Chunki endi u o‘zini tajribali cho‘ponlardek his eta boshlagandi.
Oy o‘tib qo‘y-qo‘zilarga jir bitib, o‘ynoqlab qolishdi, endi ha, deb cho‘qqilar tomon intiladi. Past-tekislikdagi xas-xashaklarga og‘iz urmasdan ko‘galga chopadi.
Onda-sonda cho‘ponlarga yetkazib beriladigan oziq-ovqatlardan Cho‘pon ham nasibasini oldi. Avval boshda cho‘qqa ko‘mib pishiradigan ko‘mma nonlarini goho tuzsiz pishirsa, goho kuydirib qo‘yardi. Keyinchalik o‘rganib ketdi. Bu yog‘i deng, tog‘ suvi toshlar orasida kumushday tovlanib ko‘zni quvontirsa ham, sovuqligi qo‘lga toshdan-da qattiq tegadi. Sovuq suvda yuvinaverib, Cho‘ponning qo‘l-beti qorayib yorilib ketdi. Lekin barchasiga chidashi kerak, chunki u tog‘ cho‘ponlariday o‘z ovulining chaganasini o‘zi boqib yuribdi. Qo‘ylari semirgan… Osh-nonini ham o‘zi uddalayapti. Birovga muhtojlik joyi yo‘q. Mana, hash-pash deguncha yoz ham o‘tadi. Ozgina bardosh bersa bo‘lgani. Tog‘-toshlarning orasida o‘zini yolg‘iz his etmaydi. Avvalo, ma’shuqasining yodi uning ko‘nglini yoritib tursa, bu yog‘iga vafodor iti doimo yonida, mehnatkash eshagi ham xizmatga shay, xullas, u yolg‘iz emas.
Qo‘ylar semirib, tog‘ havosiga o‘rganib qoldi. Endi kechalari Cho‘ponni bezovta qilmaydi. Faqat shu echki deganlar noshukur bo‘larkan. Qorni to‘ysa ham chopgani-chopgan. “Shu echkilarni qishloqda egalariga topshirib kelaversam ham bo‘larkan”, deb o‘ylab qoladi ba’zan Cho‘pon. O‘zi-ku toqqa jo‘nash payti ham shu fikr kallasiga bir keluvdi. Nimaga o‘sha paytda shu ishni qilmadikan?
Jon kuydirmasang, jonona qayda, toqqa chiqmasang, do‘lana qayda, deb mana do‘lanalarning daraxtda duvullab turganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Nasib bo‘lsa, bir kun jonona ham bo‘lib qolar, degan niyatda jon kuydirib yuribdi.
Toqqa bahor xiyla kech kelarkan. Bahorning shiddatli yomg‘irli fasli ham tugadi. Bu yog‘iga amallasa bo‘ldi. Qishloqqa borsa, uylanadi. Albatta, Toshtemir maxsido‘zning qiziga-da. Toshtemir usta ham endi Cho‘ponga tan beradi. Nimaga, deysizmi? Axir, ustaning qo‘ylari emas, echkilari ham semirib qoldi. Bundan ortiq yana nima qilib bersin? Usta qoyil qolmay iloji yo‘q. Hali ko‘rasiz, o‘ylab o‘tirmay to‘yni boshlab yuboradi. Endi Cho‘pon ham jaydari emas, tajribali cho‘pon.
Shunday o‘ylar bilan u o‘ziga-o‘zi tasalli bera-bera qiyinchiliklarni yengardi. Ozgina sabr qilsa, keyin yallo qilib kayfini suradi. Kim ham unga monelik qilishi mumkin? Butun ovulning kuniga yarab turgan chorva uning ilkida. Ay, bundan ortiq qahramonlik bo‘lmasa kerak. Tundagi beoromliklar, kunduzgi toliqishlarni yengishda maxsido‘zning qizi ko‘z oldiga kelib, shirin xayollar Cho‘ponga dalda bo‘lardi.
Shunday totli xayollar og‘ushida yotarkan, tun qorong‘isida yuziga sovuq tomchi tushayotganini payqab, sergak tortdi. Yozda yomg‘ir yog‘ishi dasht bolasining aqliga sig‘masdi. Tog‘da yoz yomg‘iri oddiy yomg‘irlardan farqli bo‘lishini u bilmasdi ham. Shuning uchun bu holga e’tibor qilmadi. Asta-sekin tomchilar ko‘payib, yiriklasha boshlagach, nima qilarini bilmay, sarosimaga tushib qoldi. Yaqin-atrofida inson zoti yo‘q… Bu yog‘i zim-ziyo tun bo‘lsa. Tunning bunday zulmatga botganini ham eslolmaydi. Yomg‘ir esa shiddatli tus olib, jalaga aylandi. Cho‘pon yomg‘irda g‘uj bo‘lib turgan qo‘ylardan ajralib, iqtirmaga intilayotgan echkilarni qaytarishga tushdi. Qancha tirishmasin, biqinib olgan echkilar qoyaning panasiga intilardi. Zulmat ichida biron narsani ilg‘ash qiyin. Tusmollab harakat qilgani bilan nimaning uddasidan chiqayotganini o‘zi bilmasdi. O‘lg‘iz o‘zi bir daraning ichida yog‘iga qovrilib yotganida, eshakning hangrashi va itning vahimali uvillashi qo‘shilib, alamini oshirgandan oshirdi.
Bir mahal osmon dahshatli gumburlab, aks-sadosi yurakka hovur solib, ketma-ket yangradi. Ko‘p o‘tmay daraning boshidan sovuq shamol esa boshladi. Shamol bilan izma-iz shaldiragancha toshlarni surib, zulmat qo‘ynidan bir ajdaho chiqib kelayotganga o‘xshadi. Sarosimaga tushib qolgan Cho‘pon qoyaning o‘ng‘ay kamariga joylashgan qo‘shxonasi tomon jon holatda yugurib ketdi. Shovqin-suronda jalaning do‘lga aylanganini ham sezmasdan, o‘zini u yoqdan bu yoqqa urarkan, soyda vishillab oqayotgan suvni payqadi. Shunda qo‘y-qo‘zilarning nolali ma’rashlari eshitildi. Suruvni sel oldi… Suruv tomon yugurmoqchi bo‘ldi-yu, ammo zulmat qo‘ynidagi shiddatli jala bunga izn bermadi. Batamom sarosimada qolgan Cho‘pon eshagining bo‘g‘iq-bo‘g‘iq hangrashini eshitdi.
Tamom, eshakni ham sel olib ketdi, deb so‘kindi. Itning nimanidir qattiq tishlab tortayotgan kabi irillashi eshitildi. Eshakning jabdug‘idan tishlab tortayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi Cho‘pon. Ha, bu jonivorlar ham selga g‘arq bo‘ldi shekilli, deya tusmolladi u. Momoqaldiroq vahimali gumburlab, chaqmoq chaqnaganda, chor-atrof bir yorishib ketardi. Shu lahzalarda selning vahima bilan pishqirib oqayotgani, unda-bunda toshlarning yumalab, archalarni sindirib, suvga qo‘shilib ketayotgani ko‘rinib qolardi. Qisqa muddatli do‘lu jala, seldan esxonasi chiqib ketgan Cho‘pon dir-dir titrar, vahima ichida u qo‘y-qo‘ziyu echki-uloq selda ketdi, eshak bilan itni ham oldi bu sel, degan fikrdan karaxt holga keldi. Butun a’zoyi badani titrab, qattiq qo‘rquv ichida qolgach, chaqmoqning olovli tilidan go‘yo o‘zini panaga olarkan, archaning butoqlariga bekindi.
Uning ust-boshi shalabbo bo‘lib ketgan, shox-shabbalarga mahkam yopishib turardi. Qo‘rquvdan esi og‘ib qolgandi: ”Qo‘y-qo‘zini, echki-uloqni olding, eshak bilan itni olding, xurjun bilan qo‘shxonani olding, ey nomard, endi chirog‘ingni yoqib meni qidirayapsanmi…” derdi osmonga boqib.
Tong g‘ira-shira oqarib kelardi. Cho‘pon shox-shabbalarni changallagancha o‘likdek qotib qolgan. Qancha vaqt o‘tganini idrok qilolmasa-da, yonida iti cho‘nqayib o‘tirganini ko‘rib ajablandi. Tushimmi, o‘ngimmi?..
Novdalarga yopishib qolgan barmoqlarini zo‘rg‘a ajratib, vafodorini quchoqladi. Uning tirikligiga amin bo‘lgach, aqlini yig‘ib olishga urindi. Bir-bir hammasini eslay boshladi va hammasini sel olganigacha esladi. Vafodori seldan qutilib qolib, unga madadga kelganidan vujudiga iliqlik yugurdi. Ey jonivor, sen haqiqiy vafodorsan. Endi menga o‘lim, chunki men butun ovulimning omonatini boy berdim. Sen esa menday notavonni so‘roqlab kelib o‘tiribsan-a… U sandiroqlay boshladi. So‘nik nigohlar bilan chor-atrofga umidvor olazarak boqdi.
Nigohlar… nigohlariga-da ishonmadi. Axir, axir… barchasini sel olib ketgandi-ku… Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, jabdug‘i qiyshaygan eshagi novdalarni kavshab turardi. Undan sal nariroqda esa suruv sekin-asta yoyilib, o‘tlardi. Cho‘ponning ko‘zlarida o‘t chaqnab ketdi. Go‘yo o‘lik vujudi qayta tirildi. Yashin urgandek, turgan joyida qalqib ketdi. Ko‘z o‘ngida gavdalanayotgan manzarani daf’atan anglayolmayotgan Cho‘pon yuzini chimchilab ko‘rgach, ovozining boricha baqirib, jar sola boshladi. Quvonchi tanasiga sig‘may, hayqirig‘iga daralar aks-sado berib, ovozini bosib ketmagunicha baqirdi. Biroz o‘ziga kelgach, suruv tomon xuddi bolalardek shataloq otib yugurdi. Borib suruvidagi qo‘y-qo‘ziyu echki-uloqning duch kelganini bag‘riga bosardi.
Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi, deganlaridek, ilk marotaba tog‘ bag‘riga qadam bosgan Cho‘ponga tabiat hazili juda dahshatli tuyulganidan u vos-vos bo‘lib qolgandi. Aslida ham tog‘da shiddatli jala bo‘lib, sel ham kelgandi-yu, ammo Cho‘pon qo‘rqqanchalik vahimali emasdi. Ha, bu voqea sharoitga moslashib ulgurmagan Cho‘pon uchun daralarning aks-sadosi bilan qo‘rqinchli tus olgandi, xolos. Shu-shu Cho‘pon tog‘da bo‘lib turadigan bunaqangi vahimali holatlarga ham ko‘nikdi.
Selning daragi ovuldagilarga ham yetib borib, oqsoqol xavotirlanib toqqa odam yubordi. Shu bahonada Cho‘ponning non-tuzidan ham xabar olishdi. Shundan keyin ham bir necha do‘l-jala va sel bo‘lib o‘tdi. Cho‘pon uchun barchasi yaxshilik bilan tugadi.
Sershovqin va sertashvish yoz ham o‘tib ketdi. Kuz kelishi bilan tog‘dan suruvlar qayta boshladi. Cho‘pon ham chaganani haydab vodiyga tushdi. Buni qarangki, oqsoqolning buyrug‘iga ko‘ra ovuldan kelayotganlar bilan shu yerda uchrashishdi. Qattiq sog‘ingan Cho‘pon hamqishloqlarini hech qo‘yib yubormay bag‘riga bosardi. Uzoq diydorlashuvdan so‘ng, gangur-gungur qilishib chaganani to‘g‘ri ovul tomon hayday boshladi.
— O‘-ho‘, — derdi ular. — Xuddi bo‘rdoqiga boqilganday semirtirib yuboribsan-ku. Ovulga borsang seni naq oqsoqol qilib ko‘tarishadi-ya, — deya hazillashardi. Cho‘pon esa boshqa mujdaga intiq. Ammo buning iloji yo‘q. Axir, ikkalasidan boshqa kimsa bilmaydi-ku ahdu paymonlarni. Cho‘ponning gapga e’tibor bermayotganini sezib qolganlardan biri ma’nodor qilib, oqsoqolimiz agar Cho‘pon suruvni sog‘-omon ovulga yetkazib kelsa, o‘zi xohlagan qizga unashtirib, to‘yni boshlab yuboramiz, deya butun ovulga eshittirdi, deganida u entikib ketdi. Ana shunda oshiq yigitning yetmish ikki tomiri zirillab, qoni ko‘pirib to‘lqinlandi. Buni sezgan hamrohlar o‘zlarini bilmaslikka olib, gapni boshqa tomonga burdi.
Tog‘dan tushgan suruv yaydoq dalada yo‘l bosayotganining to‘rtinchi kuni kechga tomon osmonga bulut chiqdi. Tunga borib shivalabgina yomg‘ir yog‘a boshladi. O‘qingarchilik sabab bularning yurishi ham biroz susaydi. Cho‘ponga bunday ezilib yurish azob edi. Axir, u ne-ne mashaqqat, sog‘inchu hijron bilan tog‘dagi kunlarni sanab o‘tkazmadi. Endi esa cho‘lda ham yomg‘ir. U sheriklariga suruvni tashlab, ovul tomon oshig‘ich yo‘lga tushmoqchi ham bo‘ldi. Ammo ovulga suruvsiz kirib borish, o‘ljasiz qaytgan ovchiday gap. Shularni o‘ylab, shashtidan qaytdi. O‘mg‘ir esa yo‘ldoshlarni ham hayajonlantirib qo‘ygan. Axir, necha yildan buyon yomg‘irning kunlab yog‘ishini kutardi. Qaqrab yotgan yerlar yomg‘irga to‘yinib, bo‘g‘riqib ko‘pchib ketgandi. Hattoki, maysalar nish ura boshlagan. Yerdan taralayotgan xushbo‘y hiddan ular ham oshiq Cho‘pon kabi mast edilar.
Tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘ir uchinchi kuni ham davom etardi. Kun peshindan oqqanda ovulning qorasi ko‘rindi. Cho‘ponning yuragi hapriqib ketdi. Ovulning boshida esa g‘uj bo‘lib turgan qora ko‘rindi. Yaqinlashavergach, boyagi qora tarqalib, ular tomon kela boshladi. Ovulning kattayu kichigi bularning istiqboliga chiqardi. Kutib olish uchun yomg‘ir tagida anchadan buyon ularning yo‘liga qarab o‘tirgan xabarchilar butun ovulni oyoqqa turg‘izgandi.
Barchaning yuzida tabassum, qalblar hayajonga to‘lgan holda “tog‘liklar” istiqboliga chiqdi. Kutuvchilar orasida bir qalb bor ediki, u sog‘inchdan qanot bog‘lab, xayolan barchadan ilgari borardi. Ammo uning alangayu otash vujudi ayollar orasida, asira holda tipirchilardi… Ovul oqsoqollari esa yetti yildan keyingi bira-to‘la uch kunlab yog‘ayotgan yomg‘ir xosiyatini yaxshilikka yo‘yib, endi Yaratganning irodasi bilan qurg‘oqchilik balosi bizdan ko‘tarildi, yaxshilikning alomati “cho‘ponning tayog‘idan”, derdilar. Qadaming qutlug‘ bo‘lsin, Cho‘pon, deb duoga qo‘l ochishdi ovul ulug‘lari.