Xoliyor Safarov. Boringizga shukur (hikoya)

Quyosh taftsiz sarg‘ish etagini yig‘ishtirib, ufqqa botdi. Dekabrning oxirgi kunlari. Havo sovuq, etni junjiktiradi. Hafta oldin yoqqan qor shu’lasi ko‘kdagi oy nuri bilan uyg‘unlashib, ajib bir tarovat kasb etgan. Naqd oq tun. Atrof jim-jit. Odamlar shomdayoq barcha ishlarini saranjomlab, uy-uylariga kirib olishgan.
Pechka yoqilgan issiqqina uyda Zaynab momo kelini, nevaralari bilan ovqatlanib o‘tiribdi. Kelin odatdagidek uy ishlari, ertaga kelishi kutilayotgan mehmonlar tashvishi bilan ovora. Biroq, kampir bezovta…
— Yo, tavba, bularga nima bo‘ldi-a? Kechadan beri gum-gurs… — momo shunday deya fotihadan so‘ng dasturxon yig‘ishtirayotgan keliniga bir qarab qo‘ydi-da, ikkala qo‘lini avval yerga, so‘ng ikkala tizzasiga tirab, inqillab o‘rnidan turdi. Eshik yonidan hassasini olib, tashqariga chiqdi va boshiga yopilgan oq ro‘molining uchini yelkasi osha tashlab, ehtiyotkorlik bilan qor yo‘lakdan darvoza tomon yurdi. Ko‘chaga chiqib, yo‘lning ikki tomoniga ser soldi. Tevarak jim-jit. Tiq etgan sharpa, birorta qora yo‘q. “Yo, tavba…”, deya darvozani ochiq qoldirib, yana uyga kirdi. — Kelin, Nabijon senga hech narsa demovdimi?
— Yo‘q, — bosh chayqadi kelin. — Otam bilan bir joyga borib kelishimiz kerak ekan, degandi. Boshqa hech narsa demovdi.
— Yo, tavba, — kampir yoqasini ushladi, — ota-bola qayoqqa yo‘qoldi-a?
— Menam hayronman, — kelinchak ham yelka qisdi. — Yo‘l bo‘lsin, deb so‘ramabman ham.
— Qayerga ketgan bo‘lsayam…
— Buvam sizga biror joyga borayapman demaganmidi? — qaynonaning gapini bo‘ldi kelin.
— Yo‘q-da! — qalqib ketdi kampir. – Uying kuygur oqjol shu sovuqda qayoqda yurgan ekan? Bir og‘izgina aytib ketsa bo‘lardi-ku?
Kelinchak momoning kuyinishidan bir to‘lqinlanib ketgan bo‘lsa, gaplaridan kulgusi qistadi. Keyin barchasini hazilga yo‘ydi.
— Buvam bayram oldi sizni bir sog‘intiray debdi-da.
— Sog‘intirmaygina ketsin, o‘zini sovuqqa oldirmaygina kelsa bo‘ldi…
Qaynona-kelin yarim tungacha televizor bahona uxlamadi. Kampir bir necha bor “chopon” kiygizib qo‘yilgan choynakni ushlab-ushlab qo‘ydi. Kelin bir-ikki tash-qariga chiqib, ko‘chaning u boshiga-bu boshiga qaradi. So‘ng uyga qaytib kirdi-da, orqasiga yostiq qo‘yib devorga suyangancha o‘yga cho‘mib o‘tirgan qaynonasiga dedi:
— Momo, ular qayoqqa ketgan bo‘lishi mumkin? Yana ko‘chaga chiqib keldim, hech kim ko‘rinmaydi. Jim-jit. Tag‘in uxlab-netib qolsak deb, darvozani yopdim-u, ilgagini o‘tkazmay keldim. Momo, sizam endi kirib yoting. O‘g‘lingiz kelsa, o‘zim xabar qilaman.
— Bilasan-ku, bolam, buvang uyda bo‘lmasa, menda toqat qolmaydi. Qani, kelib qolishar, shu yerda o‘tirib turay-chi. Sen kirib yotaver. Bolalaringga qara, tag‘in, usti ochilib qolmasin…
Kelin ming istihola bilan chaqalog‘i yotgan beshikni ko‘tarib, narigi uyga, bolalarining yoniga o‘tdi. Momo joyidan qimirlamadi. U kirtayib qolgan ko‘zlarini ekranga tikkancha tizzasini quchib xayolchan o‘tirar, “Yo, tavbangdan. Ota-bola qayoqqa gum bo‘lishdi-a?”, deya ichikardi.
Kampir choli bilan o‘g‘lini kuta-kuta tongga yaqin burchakda “o‘z holiga sayrab yotgan” televizorni ham unutib, boshini devorga suyagan ko‘yi uxlab qoldi…
Ertasi kechga yaqin, ayni shom mahali darvoza ortidan ustma-ust mashina signali eshitildi. Mol-holni saranjomlab, endi uyga kirgan va ovqatni suzsammi-suzmasammi, deya qaynonasiga maslahat solmoqchi bo‘lib turgan kelin buni eshitib, eshik tomon yurgan edi, diqqinafas bo‘lib o‘tirgan Zaynab momo irg‘ib o‘rnidan turdi.
— To‘xta, o‘zim chiqaman!
Kampir hassasini to‘qillatgancha darvozadan chiqdi-yu, raqamsiz yap-yangi oppoq “Neksiya”ni ko‘rib dong qotdi. So‘ng salon chirog‘ini yoqib, sukut saqlab turgan mashinadagilarga tikilib qaradi.
— Nabijonmi? — dedi momo o‘ziga o‘zi. Sekin mashinaga yaqinlashib bordi-da, old o‘rindiqda miyig‘ida kulib o‘tirgan ota-bolani ko‘rib, negadir birdan o‘zini orqaga oldi. Yuragi shig‘ etdi: “Bular moshinni qayerdan oldi?”
Kampirining kalovlanib qolganini ko‘rib, Raim bobo atay mashinaning yon tomon oynasini tushirib, dedi:
— Kampir, darvozani och, ichkariga kiraylik!
Momo bir darvozaga, bir oynadan boshini chiqarib turgan choliga qaradi. Bu vaqtda Nabijon tushib darvozani ochdi-yu, yana qaytib mashinasiga o‘tirdi-da, otaning ishorasi bilan ostonada oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab turgan momoning yonidan o‘tib ketishdi.
— Hay? U-ey? — kampir qo‘l silkigancha ularning ketidan yurdi va hali mashinadan tushishga ulgurmagan cholidan so‘radi. — Bu moshin qayerdan keldi?
Raim bobo javob berish o‘rniga mashinadan tushdi-da, orqa eshikni ochdi.
— O‘tir!
— Nimaga? — momo hayron bo‘ldi.
— O‘tir degandan keyin o‘tir-da! — dedi qariya buyruqnamo qilib.
Zaynab momo bir mashinaga, bir choliga, yana narigi tomonda jilmayib turgan o‘g‘liga qaradi-da, hassasini cholining qo‘liga tutib, “Yo, bismillay rahmoni rayim”, deya mashinaga o‘tirdi.
— Nariroq suril! — dedi Raim bobo.
— Yo, tavba… — momo yoqasini ushladi. — Mana-e…
Zaynab momo nariroq surilgach, Raim bobo ham orqa o‘rindiqqa joylashib, kampirining ma’yus ko‘zlariga, ajin tushgan yuziga, qorasidan oqi ko‘payib ketgan sochlariga, yetmishni qoralayotgan bo‘lsa-da, o‘ynab turguvchi kulgichlariga tikildi.
— Ha, tinchlikmi? — ajablandi momo.
— Bugun qanday kun?
— Yangi yil…
— Yana?
— Yangi yil, — dedi momo ensa qisib. So‘ng “buni nega so‘rayapsiz”, degandek yovqarash qildi.
— Yaxshilab o‘yla-chi, yana qanday kun ekan?
Momo xuddi o‘yga botgandek boshini xiyol orqaga tashladi-yu, shart yoniga o‘girildi.
— Uch kundan beri qayerda yuribsizlar o‘zi? — dedi dabdurustdan. So‘ng mashina ichidaligi endi yodiga tushganday so‘radi: — Aytgancha, bu moshin qayerdan chiqdi?
— Bizdan! — kuldi chol.
— Boshimni og‘ritmang, mashina kimniki?
— Hay, o‘zingni bos! Savolimga ham javob berolmading. Qaribsan. Endi quloq sol: bu kecha Yangi yil kiradi, ammo bugun yana bir muhim kunni nishonlaymiz. Shuning uchun senga bir “syurpriz” qilmoqchi bo‘lgandim!
— Uch kundan beri bular qayoqqa yo‘qoldi, deb syurprizim chiqib o‘tiribman-u…
— Mana, eson-omon keldik.
— Ha, Xudoga shukr! Boringizga shukr! — dedi momo. So‘ng gina qildi. — Xavotirdan o‘lay dedim. Qirchillama qishdayam odam shunday yo‘qoladimi? Sizga biror nima bo‘lsa, syurprizingizning kimga keragi bor?
— Shu gaplaringga bormanda, kampir! — dedi bobo.
— Ha, aytgancha syurprizingiz nimaydi?
— Mana shu “Neksiya”-da! — dedi bobo old o‘rindiq suyanchig‘iga urib, — To‘yimizga ellik yil bo‘pti, shunga senga sovg‘a-da!
— Nima? — momo choliga tikildi. So‘ng ikkala qo‘lini ko‘ksi baravar ko‘tardi-da, tizzasiga urdi. — E, ha-ya esim qursin?! To‘yimiz bo‘lgandi-ya?!
— Ha-da? — dedi bobo quvonib. — Bugun to‘yimiz bo‘lganiga naqd ellik yil to‘ldi. Bu — bizning oltin to‘yimiz-da! Qay bir mamlakatda ellik yil birga yashagan bo‘lsa, to‘y qilarkan! Oltin to‘y-da! Gazetada o‘qidim… Shunga sengayam bir xursandchilik bo‘lsin dedim-da!
— E, qo‘ying, gazetda nimalarni yozmaydi, — dedi momo. So‘ng cholining oppoq soqoliga, ajin qoplagan yuziga, tiyrak ko‘zlariga tikilib qoldi va o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi: — To‘yimizgayam ellik yil bo‘ldimi-ey? — Keyin yana kutilmaganda so‘radi: — Chol moshinga pul qayerdan chiqdi?
— Kampir, senga bir sirimni aytaymi? — dedi bobo beg‘ubor jilmayib. — Bu lekin naqd ellik yillik sir!
Momo «Qani, ayting-chi», degandek cholining ko‘zlariga tikildi.
— Sening bir ajoyib odating bor, — deya so‘z boshladi bobo, — meni yanada yaxshi ko‘rib, mehring iyib ketganida boyagiday “Boringizga shukr” deysan. Bu menga juda yoqadi. Men ham ichimda “Shuning ham boriga shukr!” deyman. To‘yimizdan keyin bir kuni sening bu gapni juda ko‘p takrorlayotganingni sezib qoldim. Ana shunda miyamga bir fikr kelgan. Sen har safar “Boringizga shukr!” deganingda bir joyga oz-ozdan pul tashlab qo‘ya boshladim. Rosti, o‘shanda bu tashlab qo‘yayotgan pullarni vaqti kelib nima qilishni ham bilmasdim… Shular yig‘ilib-yig‘ilib, mana oxir bitta “Neksiya” bo‘ldi-da, kampir. Syurprizim mana shu!
— Voy, o‘lmasam! — momo xuddi bo‘y qizlardek ikkala qo‘li bilan chakkalarini ushladi-yu, jim bo‘lib qoldi. So‘ngra o‘zi ham choli dilini og‘ritgan vaqtlarda yostiqchaga bittadan igna sanchib kelayotganini aytmoqchi bo‘ldi-yu tilini tishladi…
Bobo kampiridagi o‘zgarishga parvo qilmay jilmayib so‘radi:
— Endi sovg‘amni qabul qildingmi?
— Ha! Boringizga shukr! — Momo choliga mehrli nigoh tashladi.
So‘ng ular uyga kirishdi. Boboning kayfi chog‘, momoning kulgichlari o‘ynab, ko‘zlari chaqnab turardi.
Kelin damlab qo‘yilgan oshni suzib keldi. Birin-ketin boboning katta o‘g‘illari, kelinlari, nevaralari kirib kelishdi.
Mehmonlar boboni qutlab, mashinaning qanday olinganidan hayratda ekanliklarini bot-bot takrorlashayotganlarida momo davradan sirg‘alib chiqdi-da, o‘z xonasidagi sandiqdan qo‘yniga nimanidir solib, oshxona tomonga ketdi. So‘ng atrofiga bir qarab oldi-yu, son-sanoqsiz igna sanchilgan yostiqchani hali cho‘g‘i o‘chmagan o‘choqqa tashlab yubordi…

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 1-son