Xayriddin Sultonov. “Yo, Jamshid!” (hikoya)

«Rabbim!» de, Mariya!
Valentin Rasputin

Birinchi bo‘lib Islomboy keldi.
U chirog‘i charaqlab turgan oynaband, sirkor ayvonda ust-boshidagi qorni qoqish bahonasida to‘xtab, o‘rtadagi uyga derazadan razm soldi: onasi g‘isht pechka oldida taxmonga tikilib o‘tiribdi. O‘rinboy ustarada yaltiratib qirilgan boshini siypagancha yonboshlab yotibdi. Burchakdagi qatorasiga solingan o‘rinda to‘rt bolaning boshi ko‘rinadi.
«Xayriyat!»
Islomboy negadir yengil tortdi.
— Voy-bo‘y, yomon isib ketibdi-ku, — dedi u ichkari kirgan zahoti.
O‘rinboy shoshib o‘rnidan turdi, o‘ng qo‘lini ko‘rishishga uzatarkan, chap qo‘li bilan xontaxga ustidagi do‘ppisini olib boshiga qo‘ndirdi:
— Yo‘g‘-e, uy sovuq-ku.
Shilpiq ko‘zlari olazarak javdiragan kampir poygakka tiz cho‘kib, pichirlab fotiha o‘qigan bo‘ldi.
— Xush kepsan, — dedi O‘rinboy.
U Islomboydan besh yosh kichik, ammo akasini yoshlikdan sensirab chaqirar edi.
— Qalay, tinchmisan? — deb qo‘ydi Islomboy ham mulozamat taqozasiga ko‘ra.
— Shukr.
— Eson-omonmisan? — deb so‘radi kampir. — O‘takang ham yorilib ketgandir, bemahalda…
— Tinchlikmi? Endi yotuvdim, Samar borib qoldi.
Onasi burishiq barmoqlari bilan jigarrang ko‘ylagining etagini tekislab o‘tirarkan, indamadi. Daf’atan og‘ir jimlik cho‘kdi. G‘isht pechka ustidagi ko‘k choygum asta shig‘illay boshladi. Dam o‘tmay bu hasratli xonish Islomboyning g‘ashiga tegdi.
Eshik ochilib, boshini iyagi aralash sholro‘mol bilan tang‘igan Anzirat — O‘rinboyning xotini ko‘rindi.
— Keling, aka, — dedi Anzirat Islomboyga qarab, bo‘g‘iq tovush bilan.
Islomboy joyidan xiyol qo‘zg‘aldi:
— E, kelin, tinch-omonmisan?
Kelini sezilar-sezilmas bosh irg‘adi. Islomboy uning salqi qovoqlari shishib, ko‘zlari qizarganini payqadi.
«E, battol! Xotini bilan yana it-mushuk bo‘pti shekilli! Bu og‘iroyoq narsa bo‘lsa… Hah, eshak!»
— Qalay, yaxshi o‘tiribsanmi? Bola-chaqa? — dedi u kelinidan hol so‘rab.
Anzirat javob qilmay, qora baxmal nimchasining barini torta-torta qaynonasining yoniga cho‘kdi, burnini tortib yerga tikildi va uvvos solib yig‘lab yubordi.
Islomboy shoshib qoldi:
— Iya, hay?
Kelinidan javob bo‘lmagach, avval rang-quti o‘chib, ko‘zida yosh g‘iltillagan onasiga, keyin esa peshanasi tirisha boshlagan ukasiga qaradi:
— Ha?
Endi kampir ham piq-piq yig‘lashga tushdi. Islomboy chidayolmay baqirib berdi:
— E, tildan qoldinglarmi, nima balo?!
O‘rinboy shipga tikilib g‘alati iljaydi, burnining uchini qayta-qayta chimdib, yo‘talga ham, kulgiga ham o‘xshamagan bir ovoz chiqardi, yig‘i bosilavermagach, chaqchayib o‘shqirdi:
— Hovliqma, hovliqma, menga aza ochishga hovliqmalaring hali!
Qaynona-kelin bu gapdan keyin battar o‘krab yubordi.
— Nima bo‘ldi, axir?!
Anzirat ko‘pchigan yuzlarini kaftining orqasi bilan artdi, yig‘i aralash piqillab:
— Ukangiz… ukangiz… — dedi-da, yana boshini burkab yig‘lashga tushdi.
— Astag‘firullo! Meni shu yig‘ixonlikka chaqirdinglarmi, oyi?
Kampir darhol obidiydani bas qildi, o‘g‘liga vahima bilan tikilib, xuddi shunday vahima bilan shivirladi:
— Uyimiz kuydi, bolam! O‘rinboying yutqazib qo‘yibdi!
Islomboy bu gapdan ham ko‘ra onasining vahimali tovushidan qo‘rqib ketdi, ancha vaqt miyasiga jo‘yali bir fikr kelmay, choygumning shig‘illashiga quloq solib o‘tirdi, nihoyat, ukasiga qaramay:
— Qancha? — deb so‘radi.
O‘rinboy xontaxta ustidagi non ushoqlarini jimjilog‘i bilan nari-beri surarkan, beo‘xshov kulimsirashga urinib:
— Ko‘p, — dedi.
Islomboy yetmish ikki tomiri bo‘ylab miyasiga yugurgan bor g‘azab, bor nafrati tiliga kelib to‘planganini sezdi, o‘zini qandoq bosib turganiga o‘zi ham hayron qolib, ovozi deyarli o‘zgarmay so‘radi:
— «Ko‘p»niyam bir son-sanog‘i bordir, axir?
O‘rinboy indamadi.
Islomboy besh daqiqadan so‘ng toqati toq bo‘lib:
— Gapir, itvachcha! — dedi.
Ukasi ilkis boshini ko‘tardi, manglayidagi chiziqlar chuqur tortib, xo‘mraydi. Anchadan keyin o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi:
— Kofir bo‘lma, onang oldingda o‘tiribdi, itga ro‘para qilgani uyal.
Kampir bir oqarib, bir qizardi, yelkalari qunishdi.
Islomboyning jag‘i qaltiradi:
— Kofir bo‘lmasam, battar bo‘lmaymanmi, senga nima, dayus! Sening bu qilmishlaringga odam kofir tugul, chulchut bo‘lib ketar!
Uning dag‘dag‘asiga burchakda yotgan bolalardan biri sachrab uyg‘ondi, uyquli ko‘zlarini yirib ochgancha anqayib qoldi.
— To‘ng‘izning terisi nimayu sen ablahning beting nima?! Yozda «Bu b…ni ikkinchi og‘zimga olsam, yigit o‘lay», deb tazba-tazarru qilganlaring esingdan chiqdimi, qasamxo‘r! — Islomboy joni jahoni o‘rtab baqirarkan, ikki chakkasiga burov solingandek, boshida og‘riq qo‘zg‘alganini sezdi. — Bu kuningdan qasam urib o‘lganing yaxshi emasmi, xunasa!
Anzirat qaynag‘asining vajohatini ko‘rib yig‘idan to‘xtadi, olazarak ko‘zlari bilan goh eriga, goh qaynonasiga qarar va beto‘xtov burnini tortar edi.
O‘rinboy boshini solintirib o‘tirgan ko‘yi vaziyatini o‘zgartirmay, sekin do‘ng‘illadi:
— Ko‘p ham shoshma, o‘ligimni ko‘rishga juda orzumand bo‘lsang, ertalab niyatingga yetasan!
Islomboy bu gapning ma’nosini o‘ylab o‘tirmay, battar shovqin soldi:
— E, dard-e! O‘laman, deb qo‘rqitmoqchimisan meni? O‘lmasang o‘mbaloq osh-a! E, o‘lsang ham kuysam shunchalik kuyaman-da, jonimga o‘t qo‘yvording-ku!
Kampir qo‘rqqanidan o‘rnidan turib ketdi, ro‘moli yelkasiga sirg‘alib tushganini ham payqamay, boshini sarak-sarak qilib titrab-qaqshab yalindi:
— Hay, o‘zingni bos! Jon bolam, o‘zingni bos! Qo‘ni-qo‘shni eshitadi-ya! Bemahalda…
Islomboy onasini g‘azabga oldi:
— E, butun yurtu olam eshitsin-a! Bilsin bu kasofatingizni! «Birov bilmasin, birov bilmasin», deb, «O‘rinboyjon-O‘rinboyjon» qilib, mana, oqibati, hammamizni kafangado qilib o‘tiribdi!
— Qandoq qilay… — deya kampir yig‘lamsiradi. — Qandoq qilay, bolam? Ko‘zimning oqu qorasi O‘rinboy og‘amning o‘rnini bosar, deb O‘rinboy ot qo‘yuvdim. Beva boshim bilan yemay yedirdim, kiymay kiydirdim, shu ikkita norastamni boshi egilmasin, deb it ko‘rmagan kunlarni ko‘rdim. Mayli, meni har qancha urib-so‘ksang roziman, lekin shu qoqvoshni qarg‘ama. Og‘amning arvohi chirqiraydi-ya! Girmonning o‘qiga uchganmi, tirikmi, xudo biladi. «O‘rinboying o‘lsin», deysan, men bunga qandoq chiday? Xudo o‘zi insof bermasa, men qandoq qilay?
Kampir zor-zor yig‘ladi. Islomboyning o‘pkasi to‘ldi, peshanasini qashigan bo‘lib, ko‘z yoshlarini artdi.
Choygum hamon cho‘zib hushtak chalar edi.
O‘rinboy birdan darg‘azab ko‘zlarini akasiga qadadi.
— Nega menga hokimlik qilasan? O‘ynagan — men, yutqazgan — men, to‘laydigan — men, senga nima ketikuydilik?! Aka bo‘lsang, akaligingda tur! Menga agar sariq chaqang o‘tgan bo‘lsa, hammasi hisobli, ha!
— Hoy, hoy, qaqshamagur, akaga shunaqa deydimi?
— Qo‘ying… — deb pichirladi Anzirat ko‘zlarini katta ochib.
— Mayli, gapirib olsin. — Islomboy bor kuchini to‘plab, bazo‘r jilmaydi. — Ichidagi fisqi fasodini to‘ksinchi, qani! Mayli, biz endi ketikuydi bo‘lib qolgan bo‘lsak, sariq chaqa bo‘lib qolgan bo‘lsak… mayli, xudo bordir, ko‘rib turgandir, axir. Eshigimga necha martalab ko‘zining siydigini oqizib borganini o‘zi bilmasa, xudo bilar, xudoga soldim! «To‘ydirganning bo‘g‘ziga…» deb shuni aytadi-da!
Xudoning nomi o‘rtaga sukunat soldi. Choygum biqirlab qaynay boshladi.
— Bunaqa ta’na-malomatni qo‘ylaring, — dedi kampir anchadan keyin. — Gapni kavlasa, gap chiqadi. Qozilashgan qarindosh bo‘lmas. Aylantirib kelganda ikkitasan, bir-biringdan tonolmaysan, biringni tepkingni biring ko‘tarasan-da, qandoq qilasan?
Anzirat o‘rnidan turib, qaynab-toshayotgan choygumni chetga surib qo‘ydi.
— Sen kattasan, shu ukangga ota o‘rniga otasan, — deya kampir Islomboyga yalinchoq ohangda qaradi. — Buning past-baland gaplariga xafa bo‘lma. Sendan boshqa kimi bor, axir? Nima qilamiz endi, bir yo‘l-yo‘riq ber. Ertalabga obormasa bo‘lmas ekan.
Islomboy siyrak, qizg‘ish mo‘ylovining uchini qimtib, o‘yga cho‘mdi: «Koshki yaxshilikni bilsa bu ablah!»
— Oyi, juda qiziq gapirasiz-da, — dedi u norozi chimirilib. — Axir, ko‘rib turibsiz-ku, buningiz pista po‘choqcha ko‘rmastibdi-ku aka jonivorni! Bir og‘iz gapirsangiz osmonga sanchiydi! Ko‘ppakka o‘xshab odamning betidan oladi! Bundoq yotig‘i bilan arzi hol qilsa, maslahat so‘rasa ekanki, bir yo‘l-yo‘riq aytsangiz. «Qancha?» deb so‘rasam, menga qarab ishshayadi, nima, ochib qo‘yibdimi?
Kampir O‘rinboyning hurpayib olganini ko‘rib, muqarrar dahanaki jangning oldini olishga shoshildi:
— Mayli, bolam, sen og‘ir bo‘l, jahl kelganda aql ketar…
— Ho‘y, menga qara, qancha axir?! — dedi Islomboy bo‘g‘ilib.
O‘rinboy akasining gavdasiga sinchiklab razm soldi, tomoq qirdi va ikki barmog‘ini ko‘rsatdi.
— Qancha buning?
— Yigirma ming.
Islomboyning qulog‘i shang‘illab ketdi:
— Eski pulgami?
Ukasi kulgisini yashirishga urinib iljaydi:
— Eski pul qolganmi shu zamonda?
Islomboy O‘rinboydan ko‘z uzolmay qoldi.
Ukasining naqadar dahshatli ahvolga tushganini birdan yaqqol angladi va uning nochor, asabiy kulgisini ko‘rib, yuragida shafqat uyg‘ondi, lekin zum o‘tmay vujudiga qahr-g‘azab yopirildi: «Battar bo‘lsin!»
To‘rt juft ko‘z Islomboyga qadalgan edi. U ukasining quloq-chakkasiga qulochkashlab tortib yuborish istagida o‘rtanardi, lekin, negadir, to‘satdan ezilib shivirladi:
— Shunchalik ham bo‘ladimi, uka!
Jimlik cho‘kdi. Pechkada nimadir chirs etdi.
— Akalaring bilan ammangni aytib kelsinmi? — dedi kampir Islomboyga.
— Nima karomat qilib berardi o‘shalaringiz? — dedi O‘rinboy xo‘mrayib. Ammo onasi unga e’tibor bermadi.
— Qaydam, bemahalda… — dedi Islomboy chaynalib, moyil bir ohangda.
— Tur, Samar, g‘izillab Salomat ammang bilan Orif amakingni chaqirib kel. — Kampir pechkaga suyanib o‘tirgan naynov nevarasiga qarab, keskin ohangda buyurdi: — Yo‘ldan Zarif buvangni ham ayt. «Tez borarkansiz», de.
Qo‘rqmaysanmi?
Samar, qor urib turgan zim-ziyo ko‘chada yolg‘iz yurishdan qo‘rqsa hamki, uydagi motamsaro ahvoldan ko‘ra tashqarini afzal bilib, indamay chiqib ketdi.
Hamma o‘y surib qoldi.
Islomboy ukasining qanday qilib bu bebosh yo‘lga kirib ketgani haqida bosh qotirardi. Lekin xayoli beixtiyor ukasining boshiga tushgan bu ulkan falokat, bu ulkan falokatning dahshatli oqibati va undan o‘ziga yetadigan zarar-zahmat to‘g‘risidagi fikrlardan nari ketmasdi.
O‘rinboy hanuz hayron edi: avvaliga ustma-ust qo‘li kelib turgan edi, oshdan oldin ham dov urdi, keyin nima kasofat bo‘ldi-yu… Umrida bunday katta o‘yinni ko‘rmagan edi…
Kampirning mushtday yuzi yana ham kichrayib ketgan, chakagini ushlab mum tishlagandek o‘tirar, aft-angoridan nimani o‘ylayotganini bilib bo‘lmas edi.
Anziratning yuragini tag‘in vahima changalladi. Qayerdadir qulog‘iga chalingan gaplar esiga tushdi: agar yutqazgan odam pulni to‘layolmasa, xotinini olib borib berarkan. Uning ich-ichidan titroq yig‘i xuruj qilib kela boshladi: «Sho‘rim qurib…»
Islomboy kallasidan noxush o‘ylarni sidirib tashlamoqchidek, jahl bilan peshanasini siypaladi.
— Endi nima qilmoqchisan?
— Endi… Kim biladi deysan… Hovlini sotsammikan, deb turibman.
— Nima-a?!
— Ha? Boshqa iloji yo‘q. Ertalab hovliga savdo kiradi. Soat o‘nga obormasam, meni o‘ldi deyaverlaring.
Kelin qaynonaga, qaynona kelinga yalt etib qaradi va bir-birining ko‘zidagi qo‘rquvni ko‘rib, har ikkisi Islomboyga najot bilan mo‘ltirab, yig‘iga hozirlandi. Islomboy kaftlarini mushtlagancha qizil yakandozga tayayib:
— Xo‘sh? — deya ukasini ta’qibga oldi.
— Nima «xo‘sh»? — O‘rinboyga bu savol nihoyatda malol keldi.
— Keyin-chi?
— Nima «keyin»?
— E, buncha talmovsiraysan?! Yo birato‘la es-hushingdan ham ayrilganmisan? Xo‘p, uyniyam sotarsan, keyin nima qilasan, deyapman? Qish chillada bir etak churvaqang bilan qayerga sig‘asan?
O‘rinboy akasining jahlida qolishmaydigan bir g‘azab bilan javob qildi:
— Yuraging chiqmasin, haliyam senikiga bormayman, qo‘rqma.
— Mana shu-da! — Islomboy qarsillatib xontaxtaga urdi. — Ham g‘arlik, ham peshgirlik, degani shu-da! Qilar ishni qilib qo‘yib, nega yana o‘rkachlaysan, muttaham!
— Muttahamlik qilib birovning xotinini qo‘yniga qirganim yo‘q, bildingmi!
Islomboy sezilar-sezilmas qizardi. Bu — uning faqat ukasigina biladigan yoshlik gunohiga zaharolud sha’ma edi. O‘zini o‘nglab biror nima degunicha bo‘lmay, ayvonda odam sharpasi ko‘rindi, zum o‘tmay, ellik besh-oltmish yoshlardagi semiz ayol eshikdan harsillab-gursillab kirib keldi. Islomboyning so‘zi bo‘g‘zida qoldi.
— Uh, o‘ldim! Namuncha jahannam uylaring! — deb ayol boshidagi tivit ro‘molini yechdi.
— Keling, amma, — dedi Anzirat shosha-pisha o‘rnidan turarkan.
Salom-alikdan so‘ng Salomat xontaxta ustidagi choynakni olib jo‘mragidan simirdi.
— Xalqumim qoq bo‘lib ketdi-ya! — dedi sochini tuzatib. — Shu bugun Dalamahallaga ikki marta borib kelibman-a! Anuv qorang o‘chgur Toji gumbazda ozgina duxobam bor edi, qora terga tushib borsam, «quda chaqiriq»qa ketib qolibdi, pes!
— Yotuvdingizmi, amma? Bezovta bo‘lib… — dedi Islomboy.
— Xudo urdi-ketdi, namozshomdan yotamanmi? Ertaga bozor-ku, olib chiqadigan ul-bullarimni ko‘rib o‘tiruvdim, Samar borib qoldi. Ha, tinchlikmi, ishqilib? Hoy, Anzirat, qatig‘ing bo‘lsa, yarim piyola olib kel, ko‘nglim gumurib o‘layotibdi.
Ayvonda «quv-quv» yo‘tal tovushi eshitildi. Soqol-mo‘ylovi tekis kuzalgan, bir-biriga nihoyatda o‘xshagan ikkita chol eshikdan boshlashib kirdi:
— Assalomu alaykum.
Yuzlari qizarib ketgan Samar anchadan keyin kirib, eshikni yopdi.
Bir piyola choy ichilgach, kampir yig‘lamsirab voqeani bayon qildi. Chollar indamay tinglasharkan, qovoqlari uyilib borardi. Salomatning surma tortilgan ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
— Voy, yashshamagur! — dedi soniga shapatilab. — Bir qop pul-a, uvoli tutmaydimi, juvonmarg?!
Amakilarning kichigi — Zarif nayza cho‘ntagidan nosqovog‘ini olib nos otdi-da, uzoq sukutga cho‘mdi. To‘tiburun Orif baqiroq esa salmoqlab so‘z boshladi:
— Jiyan, mendan xoh xafa bo‘l, xoh xafa bo‘lma, lekin, mana, hammangning oldingda aytaman, bu ishing qip-qizil ahmoqlik! Shu la’natini o‘ynamasang, xotining taloq tushadimi, a?
Anzirat tokchadan kosa olib, tashqariga chiqdi.
— Shunisiga kuyib ketaman-da, amaki! — dedi Islomboy uh tortib. — Nimasiga o‘ynaydi bu badbaxt! Nima baraka topasan shuni o‘ynab, deng!
— O‘zing o‘ynamaganingdan keyin qayoqdan bilasan, dedi O‘rinboy sekin.
— Falokating o‘zingdan beri kelmasin-e, nega o‘ynar ekanman! — deb guvrandi Islomboy.
Zarif nayza namatning chetini qayirib, og‘zidagi nosni tufladi.
— Endi nima qilmoqchisan?
Kampir ro‘molining uchi bilan ko‘zini artib:
— Uyni sotar emish, — dedi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Salomat bir gaz bo‘yi irg‘ib tushdi:
— Sotib bo‘pti! Sotib bo‘pti! Bekorginalarni aytibsan! Ota-buvamizdan qolgan bu hovli! Senga qimorga boy bergin, deb berib qo‘yganimiz yo‘q muni! Qayerdan topib to‘lasang to‘layver, qani, hovliga tekkaningni ko‘ray-chi! Bir tiyinlik haqqing yo‘q, hovli onangning mahriga tushgan!
— O‘ligim shu hovlidan chiqsa, devdim, — dedi kampir piqillab, — qandoq qilay…
— E, akillayveradi-da, kennoyi! — dedi Salomat bobillab. — Hovliga siz xo‘jayin. Sizga hech kim xo‘jayin emas!
— Buncha pulni qayerdan oladi?..
— Yutqazishni bilgan errayim to‘lashniyam o‘ylasin, sizga nima! E, sadqai ko‘z yoshingiz-a!
O‘rinboy Salomatga yeb qo‘ygudek o‘qraydi:
— Amma…
— Nima «amma»? Nima «amma»?! Ho‘, ammang o‘lib, ammasiz qol!
O‘rinboyning dami ichiga tushib ketdi.
— Rostdan ham, hovli — onangning mahri, — dedi Orif baqiroq. — Otang rahmatlining vasiyati shundoq bulgan edi. Endi, tag‘in bilmadim…
— Voy, nega bilmaysiz? — dedi Salomat akasini g‘adablab, — Nega bilmaysiz? Ota rozi — ollo rozimi, axir?
— Bunaqa bekorchi gapdan foyda yo‘q, — dedi Zarif nayza. — Har balo bo‘lgandayam, shu yomon jiyan — jigarimiz. Ho‘kizning shoxiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi. Hozir buni har qancha so‘kib-so‘zlagandan tariqcha naf yo‘q. Qani, nima qilamiz, shundan gapiringlar. To‘g‘rimi, kennoyi?
Tashvish va g‘am-koyishdan esini yo‘qotayozgan kampir:
— Qandoq qilay, shu ko‘rgiliklar ham bor ekan, dedi.
Churq etmay o‘tirgan Anzirat birdan tilga kirdi:
— Xudo xayringlarni bersin… Sizlardan boshqa kimimiz bor? Kafangado bo‘lib ko‘chada qolmaylik, bir narsa qilinglar…
— Qirqqa kirding, uka, qirqqa! — dedi Orif baqiroq uvishib qolgan oyog‘ini uqalab. — Yerdan qor ketgandan qor tushguncha tuproq tirnab dunyo orttirsang-u, nahot, oborib daryoga oqizsang!
— E, aka, — dedi Zarif nayza, — bu gaplardan foyda yo‘q dedim-ku. Bo‘ladigan ishni aytinglar. Bu sho‘rlikning hozir ming joyiga pichoq ursangiz, bir tomchi qon chiqmaydi-yu, nima qilamiz hadeb ezg‘ilayverib? Nima deysan, Islomboy?
Islomboy pechkaga qarab, tomoq qirdi.
— Nima derdim… Menga qolsa, hovlini sotishiga qarshiman.
— Voy, hovlini og‘zingga olmalaring, dedim-ku! — deb baqirdi Salomat. — Ota-buvalarimning arvohi… Hovlidan umidlaringni uzlaring, dedim-ku!
— Ha, xo‘p, ana hovliga savdo kirdiyam, deylik, — dedi Zarif nayza. — Xo‘sh, chamangda qanchaga oladi?
Salomat akasiga olayib qaragan edi, Zarif nayza:
— Joning chiqmay tursin, misolga aytyapman, — dedi.
Islomboy o‘ylab-o‘ylab:
— O‘n beshtaga olar, — dedi.
— Olmaydi o‘n beshtaga! — Zarif nayza og‘ir qo‘zg‘alib qo‘ydi. — O‘n ikkitaga olsayam katta gap. O‘tgan juma To‘ra cho‘tirning hayhotdek hovlisi o‘n to‘rttaga savdo bo‘ldi-yu!
Orif baqiroq ham ukasining fikrini ma’qulladi. Amakilarining bu borada omilkor, puxta kishilar ekanini bilgani uchun Islomboy indamay qoldi.
— Xo‘sh, hovling o‘n ikkitaga borsin, — dedi Zarif nayza endi O‘rinboyga qarab. — Qolganini nima qilasan? Ul-buling bormi?
O‘rinboy, qilmishining butun dahshatini endi tushungandek, rangi quv o‘chib, amakisiga betlab qarayolmadi, ne mashaqqat bilan bosh chayqadi.
— Ha, unda… Sen nima deysan, Salomat?
Salomat labini burdi:
— Ukam oshiq otayotganda menga maslahat solgan emas! O‘zi pishirgan osh, o‘zi aylanib-o‘rgilib ichaversin!
— Xo‘p. Shoshma, ko‘p qaqshama. Erta bir gap bo‘lib qolsa, achinmaysanmi?
— Qanaqa gap?— deya Salomat siyrak kipriklarini
pirpiratdi.
— Endi-da… shu pulni vaqtida obormasa, jiyaning sog‘ qolmaydi, shuni bilasanmi?
Salomat akasiga qarab baqraydi.
— Ha? Nega ko‘zingni lo‘q qilasan?
— Voy, xudo asrasin, nega achinmayman, jigarim…
— Xo‘sh…
Islomboyning tanglayigacha muzlab ketdi: «Yo‘g‘-e, o‘lmas… o‘ldirmas…»
Anzirat ho‘ngillab yig‘lagancha uyni boshiga ko‘tardi, unga avval kampir, keyin Salomat qo‘shildi, hamma O‘rinboyni go‘yo oxirgi marta ko‘rayotgandek, mung‘ayib qarab qoldi.
Shu vaqtgacha atrofidagilarga yovqarash qilib o‘tirgan O‘rinboy, o‘yinning mudhish qonuniyatlarini esladi shekilli, birdan ko‘ziga yosh oldi.
— Ho‘y, azani to‘xtatinglar, — dedi Zarif nayza hamon xotirjam ohangda. — Bemahaldagi yig‘iyam bexosiyat bo‘ladi. Aka, nima qilsak ekan, o‘zingiz bir narsa deng.
Orif baqiroq ko‘k sallasini orqaga surib:
— Endi… O‘rinboy ming yomon bo‘lgani bilan o‘rtada akamizning arvohi bor, — dedi, — Ertami-indin, axir boramiz akamizning oldiga… Mayli endi, yorilgan bosh — yorilgan, qiyin bo‘lsa ham, og‘irchilikning ozrog‘ini olamiz-da bo‘ynimizga, qolib ketmas, axir.
Uy jimjit bo‘lib qoldi.
— Odamlar savob uchun machit soladi, yetim boqadi…
— E, buni sekinroq aytasizmi, aka, — deya uning gapini ma’qulladi Zarif nayza. — Kecha namozda domla aytdi: umr bo‘yi boshi sajdaga tegmagan bir yigit bor ekan. Shu bir kuni ko‘chadan o‘tib ketayotib mundoq yoniga qarasa, bir devorning teshigidan ichkarida zino qilayotgan erkak bilan ayol ko‘rinib qolibdi. Shartta qo‘liga bitta kesak bilan bir changal loy olib, teshikni suvab tashlabdi. Shu yigit keyin o‘lganda jannati bo‘lgan ekan. Sababki, birovning aybini bekitgan ekan.
— Albatta, xudoyimning dargohi keng.
— Lekin zino qilgan, birovning haqini yegan, qimor o‘ynagan odam do‘zaxi bo‘lar ekan, — dedi Zarif nayza pisanda bilan. — Mayli, mana, axir, ko‘plashib… Lokin, men bitta gapni ochiq aytaman: O‘rinboy shu qilig‘ini tashlaydigan bo‘lsa, mayli, qo‘ldan kelgancha qarashib yuborarmiz. Illo-billo, yo‘q, deydigan bo‘lsa…
— Tashlaydi, o‘ziyam tavbasiga tayangandir.
— O‘g‘il-qizi bo‘y yetib qoldi, shularning tashvishini qilsin…
Islomboyni qora vahm bosdi: «Men nima deyman?»
— Nega indamaysan? — dedi u O‘rinboyga o‘qrayib.
O‘rinboy muntazir nigohlarga dosh berolmay, yana yerga qaradi.
— Jon bolam, qilmayman, de, rostini ayt, — deb yalindi kampir. — Tashladim de.
— Mayli, tashladim… — dedi O‘rinboy xuddi yosh boladek va battar xo‘rligi kelib, boshi yerga tekkudek egildi.
Qarindoshlar bir-birlariga ma’noli qarab olishdi.
— Xo‘sh, bo‘lmasa, gapiring, aka, — dedi Zarif nayza.
Orif baqiroq chakagini qashib qo‘ydi:
— Endi… Men hali uyga borib Akbar bilan ham maslahat qilay-chi. Nima bor, nima yo‘q, o‘zim tuzuk ham bilmayman.
— Mayli, axir, qurbingiz yetgancha-da, aka, himmatingiz.
— Xayrli ishga qancha himmat qilsang ham oz-ku, lekin… Hay, mayli, u yoq-bu yoqni qoqishtirib, uch ming amallab berarmiz.
Islomboy amakisiga qarab angraydi.
— Xo‘p, aka, uch ming… Bu, hammamiznikiyam qarz, O‘rinboy shu falokatlardan eson-omon qutulib olsa, yeb ketmaydi, albatta. Xo‘sh, men… Yozda uzumning pulidan bir yarim ming qolgan edi, sakson kilocha toza mayizim bor, xo‘sh, uning ustidan ham bitta-yarimtadan ikki ming ko‘tarib tursam bo‘ladi. Juma vavaqdayam ming so‘mim bor, bultur olgan, ertaga so‘rattiraman. — Zarif nayza hisob-kitobini yakunlab, atrofga sinovchan qarab qo‘ydi. — Xo‘sh-sh… Salomat, sen nima deysan?
Salomat etagidagi non ushoqlarini kaftiga qoqib oldi.
— Jahlim chiqib, shundoq kofirligim tutuvdi-ku… Bu sho‘rtumshuqning ko‘z yoshini ko‘rib, yuragim o‘lgur tag‘in ezilib ketdi. Har balo bo‘lsayam, hovli sotilmasin. Bir etak bola-ya!
— Hovlini qo‘yaver, naqd gapni gapir.
— Naqd gap ham o‘lsin… Endi, ochig‘i, yo‘q emas, xudoga shukr, uch-to‘rt tangam bor. Nasiba bola ko‘rsa, beshikto‘yi qilarman deb tugib yuruvdim. Qolgani o‘limlik bo‘lar, desam, bu yashshamagur kuyov Nasibaniyam yo‘ldan uribdi, er-xotin kunora kelib: «Moshina olib berasiz», deb hiqillaydi. Bittayu bitta qiz, tinib-tinchib ketishini o‘ylab… Ukamning boshiga mundoq ish tushib turganda, moshinaga balo bormi! Oxir-oqibati bari bir kuyov-da, kuyov — yov, o‘g‘il bo‘larmidi menga!
— Ha, yasha! — Orif baqiroqqa bu gap g‘oyat xush yoqdi.
— Ha, jigar — jigar, digar — digar! Mayli, besh ming so‘m meni tanimdan, azonda opkelib beraman!
— Xudo xayringizni bersin, amma, imonboyi bo‘ling, — dedi Anzirat va yana yig‘i boshladi.
— Ho‘y, ho‘ngillamay tur! — dedi Zarif nayza uni jerkib. — Xo‘sh, yetti yarim mingu besh ming — o‘n ikki ming. Xo‘p! Qani, Islomboy?
Islomboyning badaniga titroq kirdi.
— Menga oldin bir narsani hal qilib beringlar, amaki, — dedi u. — Qani, aka-ukachilik shunaqa bo‘ladimi? Men aka bo‘lib buni na tergay olmasam, na nasihat qilolmasam… Bir og‘iz gapirsam, itdan battar behurmat qilib tashlasa… Men tag‘in…
— Diydiyongni qo‘y, — dedi Zarif nayza. — Aka-uka keyin surishib ketaverasanlar. Alam ustida har balo bo‘ladi, shunga tirtayib o‘tiribsanmi? Qani, qancha berolasan, shundan gapir?
Islomboy bor kuch-quvvatini to‘plab:
— Meni to‘rt tangayam beroladigan qudratim yo‘q, — dedi.
— Nima?
Salomat qo‘lini paxsa qilib chaqchaydi:
— Xudo urdi-kegdi, uyat-e! Shunchalik o‘lar joydamisan! Kimsan usta Islomboy, qadaming pul-a!
Islomboy ammasiga qaramasdan ming‘illadi:
— Hamma sizga o‘xshab chayqovning o‘rdagimi, amma!
— Voy, ta’na qilmang, Islomboyvachcha! G‘arlik uyat, o‘g‘rilik uyat, tirikchilik ayb emas!
— Hoy, qaqillayverasanmi hadeb! — deya mojaroni kesdi Zarif nayza. — Xo‘sh, Islomboy, rostdan ham qurbing kelmaydimi? Yo‘q, ochig‘ini aytaver, axir, birovdan o‘tganini birov qayoqdan biladi!
— Qurbim yetmaydi, amaki, — dedi Islomboy ovozi ma’yuslanib. — Qurbim yetsa, nahot, jigarimdan ayasam? Xabaringiz bor, kichkina qizimni fotiha qilib qo‘yganman. Qudam hech hol-jonimga qo‘ymayotibdi. «Ko‘klam chiqsin», desam ham ko‘nmayotibdi. Qiz uzatishning o‘zi bo‘lmasa…
— Hoy, betafviq, miyangni yeganmisan? Ukangni so‘yib ketay deb turibdi-ku, to‘yingni gapirasan-a, toshmehr! — Salomat yana bobillab gapga aralashdi. — Qizing biron yil sabr qilib turar, ersirab ketmas juda!
— Og‘zingizga qarab gapiring, amma! — Islomboy ko‘zlari olayib, Salomatga dahanini cho‘zdi. — Og‘zingizga qarab gapiring!
— Ha? Og‘zimga nima qipti?
— Qo‘y, aylanay, tur, uyingga ket, — dedi kampir Islomboyning yengidan changallab. — Xudo xayringni bersin, uyingga boraqol.
— Haydayapsizmi? Haydayapsanlarmi? — deya vahshat soldi Islomboy. — Bunaqa ekan, nega chaqirib keluvdilaring?!
— Hech kim seni haydayotgani yo‘q, uka, — dedi Orif baqiroq jerkib.
— Yo‘q, Islomboy, xafa bo‘lma, ammang ming qilsayam, bari bir ayol, ayolligiga boradi, — dedi Zarif nayza. — Qurbing yetmasa, nima qilamiz, mayli, o‘zing bilasan. Zorimiz bor-u, zo‘rimiz yo‘q.
Bu gap so‘nggi tomchi bo‘lib, Islomboyning to‘lgan sabr kosasini toshirib yubordi.
— Amaki! — deya vishillagandek g‘alati ovoz chiqardi u. — Nega meni qiynayverasiz, amaki?! Nega mundoq holi kunimni so‘ramasdan, hammangiz har tarafdan talayverasiz? Birortangiz bilmaysiz, ko‘rgan kunim itnikidan battar, axir! Mana, ukam bir kechada yigirma ming boy berib kepti. Yigirma ming! Yoshim qirq beshga chiqdi, lekin shu paytgacha xotinimdan beso‘roq bir so‘m sarf qilolmayman, bilasizlarmi shuni?! Shu paytgacha buni inson zotiga aytgan emasman! Men ukamga bugun bir so‘m opkelib beray — ertaga uyimda qiyomat!
Og‘ir sukunat cho‘kdi. Allaqaysi bo‘g‘ot tagida mov mushuklar yurakni tatalagudek yoqimsiz uvilladi.
— Bu savdo har kimning uyida bor, uka, — dedi Orif baqiroq.
— Kelinning bunchaligini… yopiray, hech sezmagan edik-ku, — dedi Zarif nayza.
«Xotiningni sotib bo‘lsa ham qutulding-a, eh, rasvo!» deb o‘yladi O‘rinboy.
Salomat esa tap tortmay dilidagini tiliga chiqardi:
— Hali shu ahvolda erkakman, deb do‘ppi kiyib yuribman, degin? Xotindan xarob bo‘lib yurgan ekansan, ro‘mol o‘rab qo‘ya qolgin edi birato‘lasi!
— Amma, — dedi Islomboy og‘riq zarbidan tishini tishiga bosib. — Oltmishga kirdingizmi? Dunyoga tovuqfahm bilan kelib, tovuqfahm bilan ketar ekansiz-da! Hadeb menga pisqon uchirguncha, suyuk jiyaningizga bir og‘iz nasihat qilsangiz bo‘lmaydimi? Shu xunasa qimor o‘ynamasa, bu g‘avg‘olar yo‘q edi.
Salomat birdan ko‘pirib-toshib shovqin soldi:
— O‘ynagan bo‘lsa, ajab qipti! Xo‘p qipti! Buniyam erkak o‘ynaydi, qani, xotin o‘ynab ko‘rsin-chi!
Islomboy qaltirab o‘rnidan turib ketdi, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib, ammasining ustiga bostirib bordi.
— Amma! — dedi hirqirab. — Yo siz keting, yo men ketaman! Xudo haqqi, keting, ko‘zimga ko‘rinmang bir balo qilib qo‘ymasimdan!
— Voy xudoyim-ey! — deya qahqaha urdi Salomat. — Ruxsor chillashirga kuching yetmagan, menga yo‘l bo‘lsin!
Islomboy qattiq so‘kindi, eshikni siltab ocharkan, qarsillatib peshonasini urib oldi.
— Chiqmalaring! — dedi Salomat uning orqasidan qo‘zg‘algan kampir bilan Anziratga. — Qorasi o‘chsin!
— Bekor qilding, — dedi Orif baqiroq sekin.
— E, battar bo‘lsin! Xudo urdi-ketdi, bir qorindan tushgan jigar-a! Mayli, hech tashvish qilma, akang bo‘lmasa, mana, men — ammang bor! Yetsa — molim, yetmasa — jonim! E, yig‘lamang, kennoyi, sadqai ko‘z yoshingiz-a! O‘limliksiz qolsam ham mayli, yurtu el to‘rt gaz kafan topib ko‘mar. Ertaga siz o‘lsangiz: «Voy, onam», deyishgayam yaramas ekan bu toshbag‘ir! Aka, qancha yetmayotuvdi?.. Bo‘pti, ertalab men uydan olib beraman! Voy, aka bo‘lmay go‘rga borgur, to‘ng‘izdan to‘q-a!
«Hijja-reja» ertalabgacha davom etdi.
Ertalab ko‘zlari qizargan O‘rinboy uyidan sudralib chiqdi-da, to‘g‘ri kechagi joyga yo‘l oldi. Qor tingan, quyosh yiltiraydi.
U shaxdam borib tanish eshikni ochdi. Kechasi bilan yana o‘yin bo‘lgan shekilli, xona tamaki va aroq isiga to‘lgan edi.
To‘rda yag‘rindor bir kishi maykachan bo‘lib ko‘k duxoba bolishga yonboshlab yotar, dasturxon yonida ikkita yigit mastava ichib o‘tirar edi.
— Hormanglar-r! — dedi O‘rinboy imkoni boricha o‘zini bepisand tutishga urinib.
— E, keldingizmi? — dedi maykachan kishi shiftdan ko‘z uzmay. Xiyoldan so‘ng yonboshiga ag‘darilib, iljaydi. — Yaxshi yotib turdingizmi?
— Mana, olib qo‘ying, — dedi O‘rinboy va qo‘ynidan qora ro‘molga o‘ralgan tugunchak chiqarib, ko‘rpachaga tashladi. Mastava ichayotgan yigitlar unga qarab qolishdi.
— E! — deb qo‘ydi maykachan kishi hamon iljayib, — Shunaqa bo‘luvdimi?
— Shunaqa bo‘luvdi, — dedi O‘rinboy g‘ijinib.
Uning oldiga bir kosa mastava surib qo‘yishdi. Ro‘parasida o‘tirgan xoldor yigit piyolaga aroq to‘ldirib uzatdi. O‘rinboy indamay simirib, bir parrak sho‘r bodring tishladi.
— Shu pulni judayam olgim kelmayapti-da, — dedi maykachan kishi yag‘rinini ko‘tarib. — Menga qarang, bir ish qilsak-chi: yana bir ko‘rmaysizmi? Tole-da, «Ol, qulim!» deb yuborsa, tamom-vassalom. Hech narsa ko‘rmagandek bo‘lasiz-qo‘yasiz. A?
— Hammasigami? — deb so‘radi xoldor yigit.
— Bo‘lmasa-chi! A?
O‘rinboy bu gapni bema’ni hazil deb bilgan bo‘lsa-da, zada yuragiga titroq tushdi.
«Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Xudo saqlasin!»
…Qasos, lazzatli qasos tuyg‘usi uning yurak-bag‘rini o‘rtab borardi.
Qani endi, hozir, shu lahza, shu daqiqa qo‘lida dasta-dasta pul bo‘lsayu to‘g‘ri akasining uyiga bostirib borsa, qo‘ynidan dasta-dasta pul olib oldiga tashlasa, bo‘zraygan yuziga dasta-dasta pul bilan bir tushirib: «Pul topiladi!» desayu jismi jahonini yondirayotgan alangai otashdan qutulsa!
Qasos, lazzatli qasos!..
Birdan u o‘zini idora qilolmay qoldi: qo‘llari bo‘ysunmay olg‘a cho‘zildi, qaynoq qon vijir-vijir to‘lqin urib, tomirlari bo‘ylab yugura ketdi.
Oshiqni kaftiga olib mahkam changalladi, nafasini ichiga yutib, ko‘zlarini chirt yumdi:
— Yo, Jamshid!

1981