Xayriddin Sultonov. To‘qchilik va yo‘qchilik (hikoya)

Rahmatulla xotindan yolchigan edi. Buni do‘stlari ham, dushmanlari ham yakdillik bilan e’tirof etardilar. Chindan ham, Nozimaxon erni er qiladigan ayol edi. U asli marg‘ilonlik, Kumushbibi yurtidan; kulcha yuz, nozik qad, ko‘zlari doim kulibgina turadi, qop-qora, sunbul sochlarini kestirmaganida albatta taqimini o‘pardi. Rahmatulla esa samarqandlik, dashtu dalalar farzandi. Ular Toshkentda o‘qib yurishganida tasodifan bir ziyofatda tanishib, bitirar yili turmush qurdilar, o‘qishni tugatgach, rizq-nasiba ekan, shaharlik bo‘lib, poytaxti azimda yashab qoldilar.
Har bir narsa kabi mehr-muhabbatning ham avvali, avji va poyoni bo‘lishi tabiiy. Rahmatulla to‘ygacha Nozimaxonni telbadek yaxshi ko‘rardi, to‘ydan so‘ng, ne-ne yigitlarni kuydirib uni degan shundoq suluvni butkul o‘ziniki qilib olganidan keyin, ehtiroslar sovib, aql-hushi tinish o‘rniga xotinini ilgarigidan ko‘ra yuz chandon ko‘proq yaxshi ko‘rib qoldi. Nozimaxonning tili shakar edi, ko‘zi, so‘zi, vujudi pok edi, bir tabassum bilan oddiy, nursiz lahzalarni beqiyos bayramlarga aylantirib yubora olardi.
Rahmatulla serfarzand oilada, tuyg‘ular ko‘z-ko‘z qilinavermaydigan, munosabatlar bir qadar vazmin-sipo xonadonda o‘sgan, mehrga zor edi va shu buloqdan simirgan sari tashnaligi tobora ortib borardi.
To‘rtinchi yili — ikkinchi o‘g‘illari Elzod olti oylik bo‘lganida Rahmatullaga ishxonasidan kvartira berildi. Shu kungacha u xotini oldida mudom xijolat chekar, shundoq ayolni ijarama-ijara sargardon qilib yurgani uchun o‘zini gunohkor sezar edi. Lekin shu choqqacha Nozimaxon unga ta’na-dashnom qilish uyoqda tursin, bu to‘g‘rida churq etib og‘iz ochmagan edi. Hisobsiz ko‘ch-ko‘chlar, fe’li tor kampirlarning qosh-qovog‘i, zulukday so‘radigan ijara haqi… bularning barchasiga u matonat bilan dosh berar va shu matonati Rahmatullaga tog‘dek yurak bo‘lar edi. Behzod, tili endi chiqqan paytda, qo‘lchalarini yoniga yozib, boshini qiyshaytirardi-da, ikki gapning birida: «Ana, endi tamom!» deb qo‘yardi. Nozimaxon benihoya zavqlanib, o‘g‘ilchasining shu qilig‘ini o‘zlashtirgan, navbatdagi ijara mojarosi chiqqanida, kulimsirab, «Ana, endi tamom!» deb jilmayar, unga qarab Rahmatulla ham kulib yuborar, shu tariqa ko‘ngilsizlik kulgiga aylanib ketar edi. Kulgi aralashgach esa, har qanday dahshatning ham dahshatlik yeri qolmaydi.
Nihoyat, hammasi ortda qoldi. Endi ularning o‘z uyi — o‘lan to‘shagi bor. Endi ko‘ngillari tusagandek yashaydilar, hech kim ularning mushugini pisht demaydi, deyolmaydi. Ko‘chib kelgan kuni Rahmatulla ich-ichidan niyat qildi: o‘lmasam, bu uyda biror kun ham xafagarchilik bo‘lmaydi!
Darhaqiqat, bu xonadonda to kechagi kungacha biror kishi tovushini ko‘tarib gapirmadi, bolalarning xarxashasidan boshqa biror yig‘i ovozi eshitilmadi.
Hammasi orastalikdan boshlandi.
Nozimaxon katalakdek hujralarda yashagan paytlarida ham ertayu kech hammayoqni qatron qilib yotardi, issiq suv, sovuq suvi muhayyo uyga yetishgach esa, tag‘in xudo berdi: ko‘z ko‘rgandan ko‘z ko‘rguncha atrofni chinni-chiroq qilib yalab-yulqash bilan ovora. Rahmatulla ba’zan kechqurun ishdan qaytib, uyini taniyolmay qolardi: divan u yoqqa surilgan, stol bu yoqqa, guldonlarda anvoyi gullar… Xonalar yorug‘, har tomon orasta, bolalar ozoda, biri-biridan o‘zib salom bergan… Bosh chayqab, miyig‘ida kulimsirab qo‘yardi-da, yuvingani kirib ketardi. Ostonada sochiq uzatib turgan Nozimaxonga shuning o‘zi kifoya, yashnab yasharib, oyog‘i olti bo‘lib oshxonaga yugurar edi. So‘ng, qutichadek televizorni vag‘illatib qo‘ygancha, ovqatlangani o‘tirishardi. Rahmatulla to‘rda, chug‘urchuqdek chug‘urlashgan ikki o‘g‘ilchasi ikki yonida, dasturxonda hil-hil pishgan taom, poygakda — allaqanday bahoriy libosda o‘n sakkiz yashar paytidagidek ochilib ketgan Nozimaxon… Shunda bu xonadonning havosi baxt bilan to‘lar, eshik-derazalardan saodat yog‘dulari knrib kelayotgandek tuyular edi. Behzod bilan Elzod o‘yinchoq talashib, urishib-kulishib, nihoyat, horib-charchab, tappa tashlagancha uxlab qolar, Rahmatulla ularning paxmoq sochlaridan, peshonasidan suyib, joy-joyiga yotqizar, so‘ng divanga yonboshlab, har xil oldi-qochdilar bitilgan yostiqday-yostiqday kntoblarni o‘qishga tutinar va ularda zikr etilmish voqealarga ishonar edi. Nozimaxon narigi xonadan bolish keltirib uning yonboshiga qo‘yar, zum o‘tmay pastak stolcha ustida bir choynak achchiq choy, taqsimchada to‘rtta qora mayizmi, bir bo‘lak halvomi — biror shirinlik muhayyo qilar edida, o‘zi tag‘in kupdalik yumushlarini to‘xtagan joyidan davom ettirardi. Rahmatulla asta choy ho‘plab xayol surib yotarkan, qaldirg‘och uyasidek xonadonini, mo‘jazgina baxtini o‘ylar, ko‘ngli yorishib, nimadir yaxshi ishlar qilgisi kelar edi.
Vaqt allamahaldan oqqanda yotoq bo‘lmasiga kirib qo‘shto‘shakka cho‘zilar, xuddi chillali kuyovday entikib, Nozimaxonning kirib kelishini intizor kutib yotar edi.
Kuta-kuta ko‘zi ilinganini sezmay qolardi.
Nozimaxon qushdek yengil qadam bilan, sassiz kirib kelardi — shunda u muqarrar ravishda uyg‘onib ketar, yuragi bir shirin titrab, xotiniga mo‘jizaga tikilgandek termilar edi.
Nozimaxonning bo‘ynidan, yuz-ko‘zlaridan, sochlaridan sof, sarin bir is anqirdi — go‘yo hozirgina poyonsiz bir chamanzorni oralab, dasta-dasta gul tergandek… Bu muattar, xushbo‘y hidlar uni es-hushidan ayirgudek mast qilib qo‘yardi. Ikki yil burun Moskvaga komandirovkaga borganida bor puliga o‘g‘illariga kiyim-kechak bilan xotiniga atab o‘nta angishvonadek shishada farangi atir olib kelgan, o‘shandan buyon har kechaning o‘z tarovati, o‘z elitguvchi bo‘ylari bor edi.
Biroq, Nozimaxon uni haddidan oshirmas, ko‘zlarini, qovoqlarini silab:
— Uxlang. Ertalab turolmaysiz, — deb muloyim shivirlar edi.
— Mayli, — derdi u quvonchdan, baxtdan, muhabbatdan ko‘ksi tog‘dek yuksalib. — Mayli…
Hammayoq osuda, qorong‘i, faqat xonada tunchiroqning nimtatir za’faron yog‘dusiyu ikki oshiq qalbning bezovta dukuri va suhbat — adoqsiz, aldoqsiz, orzu-xayoldan, kulgi va tabassumlardan, bolalarning shirinligidan, yaxshi kunlar yodi va umididan sharhi hol aylaguvchi suhbat…
Ular kuni kecha qovushgan kelin-kuyov emas, qariyb besh yillik er-xotin, ammo tunlari bir-biriga aytadigan, aytib ado qilolmaydigan gaplari shunchalar ko‘p!..
Ana shunday baxtiyor kechalarning birida Rahmatulla shiftga xayolchan tikilib yotgan xotiniga:
— Ishxonadagilarni bir chaqirsak bo‘lardi. Men ham ko‘p borganman «uy to‘ylari»ga… — dedi.
Nozimaxon, ko‘zlari yulduzdek chaqnab, uning to‘zg‘ib ketgan sochlarini parishon siladi, allanechuk hazin ohangda:
— Hozir-a? Qo‘ying-e, — deb pichirladi.
— Nega?
— Ahvolimizni qarang!
— Ahvolimizga nima qipti?
Nozimaxon beozor kulimsiradi:
— Sal u yoq-bu yog‘imizni tuzatib olaylik. Haliyam studentga o‘xshaymiz.
Rahmatulla qizardi, lekin sir bermay, iyagini beparvo qashidi:
— E, nima qilardi! Bizning ishxonada bunga e’tibor beradigan odamning o‘zi yo‘q.
— Nega yo‘q bo‘larkan? Muattar Zokirovna-chi? Lobarxon-chi?
— Qiziqmisiz! — dedi Rahmatulla boshini ko‘tarib.
— Bilmaysiz-da, ayol zotining bunga e’tibor bermaydigani bo‘lmaydi.
Rahmatulla nimadir deb g‘udrandi.
— Albatta chaqiramiz, chaqirishimiz shart, — dedi Nozimaxon, — men roziman, faqat keyinroq, xo‘pmi? Shu bilan ishxonangizdagilar biznikiga yana qachon kelishadi-yu…
Rahmatulla xotinining haq ekanini ich-ichida tan oldi.
U kichkinagina bir laboratoriyada ilmiy xodim bo‘lib ishlar, hamkasblari bilan salom-aligi joyida, Nozimaxonning magazinma-magazin yelib-yugurib, chaqmokdek kiyintirib qo‘ygani uchunmi, ko‘pchilik uni «boyvachcha bolalardan» hisoblar va ochig‘ini aytganda, bu e’tirof ko‘nglining allaqaysi bir joylariga xush yoqar, o‘zgalar nazaridagi shu martabadan tushib qolish hissi xiylagina ko‘ngilsiz tuyular edi. Nozimaxon to‘g‘ri aytadi, mehmon chaqirgandan keyin biryo‘la manzur bo‘ladigan qilib chaqirish kerak. Dunyoda lab burchiga yashirin muruvvatomuz tabassumdan ko‘ra og‘ir narsa yo‘q. Demak, dastavval u yoq-bu yoqni tuzatish lozim, undan keyin…
Ammo Rahmatulla ertasi uyiga razm solib, durustroq mulohaza yuritib ko‘rsaki, u yoq-bu yoqni emas, hammayoqni tuzatish kerak ekan. Eng avval, tuzukroq mebel darkor — uch xonali uy yutaman deb huvillab yotibdi, devorlar yalang‘och… Topgan-tutgani hozir oiladan ortmaydi, Nozimaxon yana olti oycha uyda o‘tirishi kerak — sentyabrda Elzod bir yarim yoshga to‘lsa, keyin…
O‘sha kundan boshlab Rahmatulla xo‘jalik magazinlarining doimiy tomoshabiniga aylandi. Kiradi, ko‘zi yonib, antiqa xorijiy mebellarga termiladi, fikran uyiga qo‘yib, chamalab ko‘radi, aksi tushib turgan yarqiroq jihozlarni astagina silaydi, so‘ng… jimgina chiqib ketadi.
Nihoyat, u xayoliy rejalardan charchab, uzil-kesil qarorga keldi-da, bir kechasi xotiniga niyatini aytdi:
— Bunaqada bo‘lmas ekan. Ishimni o‘zgartiraman.
Nozimaxon qo‘rqib ketdi:
— Nega?
U dilidagi hamma gapni oshkor qildi. Nozimaxon ko‘ziga yosh oldi: «Qo‘ying, boriga bozor, oz bo‘lsayam barakasini bersin, bir kun yaxshi bo‘lib ketar…»
— Qachon keladi o‘sha yaxshi kun? — dedi Rahmatulla kulimsirab, — Mana, o‘ttizdan oshdim, umrning yarmi o‘tdi hisob.
— Yaqinda men ham ishga tushaman, hademay, harna… — Nozimaxon yuzini uning ko‘ksiga bosdi.
— Men ko‘p o‘yladim, Nozimaxon, — dedi Rahmatulla xayolchan. — Boshqa iloji yo‘q. Mening ham kechqurun baxmal kreslolarda yastanib, rangli televizor tomosha qilgim keladi. Shanba kunlari o‘g‘illarimni, sizni mashinamga o‘tqazib, dalalarga opchiqqim keladi. Uyga to‘rtta odam kelsa, sizni uyalmasin, deyman.
— Vaqt-soati bilan bo‘lar, — dedi Noznmaxon. — Lekin menga hech narsa kerak emas. Sizu bolalarim omon bo‘lsa bas.
— Bu yurishimda vaqt-soati sirayam kelmaydi, — dedi Rahmatulla qat’iy, — Chol-kampirdan yordam yo‘q, bilasiz. Hali nechta ukamu singillar qatorlashib turibdi. Ilojini topsam, men ularga qo‘l qoqishishim kerak. Xullas, ahvol shunaqa. Hamma umid endi o‘zimizdan.
— Ilmiy ishingiz nima bo‘ladi? — deb so‘radi Nozimaxon ancha jimlikdan so‘ng.
— E! — deb beparvo iljaydi Rahmatulla, — Ilmiy ish deysiz-a, Nozimaxon! Men dunyoga kelib eng zo‘r ikkita kashfiyotimni yaratib bo‘ldim: biri Behzod, biri Elzod!
Nozimaxon uning yuziga ohista urib qo‘ydi.
— Ochig‘i, mana shu kolbalar meni sira-sira qiziqtirmagan, — deb davom etdi Rahmatulla. — O‘qishga kirib, shuncha yil shaharda adashib-uloqib yurishlarim bema’nilikka o‘xshaydi-yu, lekin aslida bunda katta bir ma’no bor: bo‘lmasa, sizni uchratmasdim-da!
U shunday deb xotinining yelkalaridan qizg‘in mehr bilan quchdi.
— Endi nima bo‘ladi? — dedi Nozimaxon sekingina.
— Endimi? Endi yaxshi bo‘ladi. Armiyadagi kasbimni qilaveraman, birinchi klass shofyori, guldek hunar, hamma joyda jon-jon deb ishga olishadi. Ishlayman, ishdan odam o‘lmagan, siz ham birgalashasiz, uy-joyimizni tuzatib olgandan keyin…
— Pensiyaga chiqamiz, — deb kuldi Nozimaxon.
— E, yo‘q, shoshmang-da unaqa! Keyin, bitta puchuq qizchamiz tug‘iladi, otini Qunduz qo‘yamiz, menga shu ism judayam yoqadi…
— Bekor aytibsiz! — deb erkalandi Nozimaxon. — Mana shu ikkita bezoringizning o‘ziyam…
— Bezorilarni uylantirib qo‘yamiz — jazosi shu! Men ham sizga uylanguncha qandoq bezori edim, esingizdami? Qarang, mana endi, binoyidek quyulib…
— Ho-o, qayoqda, suyulib ketyapsiz-ku! — dedi Nozimaxon jilmayib va bir zum o‘tgach: — Soat necha bo‘ldiykina? — deb so‘radi.
— Soat… ayni vaqti bo‘ldi! — dedi Rahmatulla ko‘zlari chaqnab.
— Yo‘q, yo‘q, shoshmang. Shoshmang, rostdan ishni tashlamoqchimisiz?..
— Uf! Tag‘in so‘raydi-ya! Dadangiz temirchimas-ku! Dushanbadan «RAF» minaman, bir qurilish tashkiloti bilan kelishib qo‘yganman. O‘chirmaysizmi chiroqni?
— Menga qarang, — dedi Nozimaxon, — shunchalik zarur bo‘lsa, bitta-yarimtadan qarz olib tura qolaylik? Keyin ishlab-ishlab uzarmiz. Hammayam shunaqa qilsa kerak?
— Kimdan olamiz?
Uzoq jimlik cho‘kdi.
— Oyimlarning oldilariga borib kelsammikan?
— Oyingiz bizni judayam yaxshi ko‘radilar, — dedi Rahmatulla o‘ylanib. — Hatto jonlarini berishga ham tayyorlar, bilaman. Lekin hozir bizga jon emas, besh-olti ming so‘mgina pul kerak, xolos. Ammo oyingizdan olmay man. Nega olmasligimni o‘zingiz yaxshi bilasiz, to‘g‘rimi?
Nozimaxon indamay, indayolmay qoldi va qaytib bu xususda og‘iz ochmadi.
— Bari bir ishingizni tashlamaysiz, — dedi bir mahal. — Shuncha yil o‘qib… Mayli, ko‘p yemasak, oz yermiz, ozginadan jamg‘arib borsak ham…
— Yo‘q, — dedi Rahmatulla keskin qilib, — uy-joy deb bola-chaqani sirmayman. Meniyam o‘g‘illarim hammaning bolasidek sog‘-salomat o‘sishi kerak.
— Ilmiy ishdan ketar ekansiz, unda, shaharda qolib nima qildik? — dedi Nozimaxon picha ranjib, — Qishloqqa keta qolaylik?
— Qaysi qishloqqa? — deb kuldi Rahmatulla. — Samarqanddagi qishloqqa siz arqon bilan bog‘lasa ham bormaysiz, men ham shahri Marg‘ilonga Otabek bo‘lolmayman. Demak, o‘z-o‘zidan ravshanki, biz faqatgina neytral zonada yashashimiz mumkin.
Shunday deb, o‘zining topqirligiga o‘zi ham hayron iljaydi.
Shu-shu, ularning pod’ezdi qarshisida havorang «RAF» dam-badam ko‘zga tashlanadigan bo‘lib qoldi.
Kuzga borib Nozimaxon ham ishga tushdi. Uylaridan ancha olisdagi loyiha idorasida ishlay boshladi. Endi er-xotinning murod-maqsadi yagona — tezroq u yoq-bu yoqni tuzatib, «odamlarga o‘xshab yashash». Endi tungi suhbatlar ham qisqargan, soatlab bolalarning og‘ziga zavq bilan termilib o‘tirishga deyarli fursat yo‘q, shoshib ishga borib, shoshib qaytishar edi.
«Dom»chilik, sirtdan hamma o‘zi bilan o‘zi ovoradek ko‘rinsa-da, bari bir ayollar qo‘shnisinikiga dam-badam «elak so‘rab» chiqib turar, shu bois to‘qqiz qavat aholining turish-turmushi bir-biriga ayon, havas, hasad, raqobat, g‘iybat, mishmish — barchasi bunda aralash-quralash edi.
— Zahrolar uyini remont qildiribdi, sakkiz mingga tushibdi, — deb qoldi Nozimaxon bir kuni. — Ko‘rsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi.
Rahmatulla piyoladagi choyini ho‘plab, esnadi.
— Og‘zim ochilaverib-ochilaverib, allaqachon yopilmaydigan bo‘lib qolgan. Zahroingiz kim?
— Beshinchi qavatdagi-chi, Umar akalar?! «Nol sakkiz»i boru o‘n yettiyu yigirma to‘rt?..
Nozimaxonning raqamga xotirasi zo‘r edi, bir eshitgan-ko‘rgani miyasiga muhrdek o‘rnashardi-qolardi.
— Ha-a… — dedi Rahmatulla bir ozdan so‘ng xayolchan. — Qiziq, odamlar qayerdan toparkin pulni? Shular ham bizga o‘xshagan oila, er-xotin ishlaydi… — deb qo‘ydi.
— E, ishlagan bilan… Harakat qiladi-da, — dedi Nozimaxon ma’nodor chimirilib.
— Biz ham o‘shalardan kam harakat qilmasmiz?
— Bari bir ularga yetib bo‘lmaydi, — dedi Nozimaxon va choynakni olib, oshxonaga chiqdi. Qaytib kelib, choyni shopirdi-da: — Zahroning qulog‘idagi brilliantning o‘zi besh ming turadi, — deb qo‘shimcha qildi.
Rahmatulla boshini eggancha xotinining tovushini, holatini tahlil qilib, yengil tin oldi: xayriyat, ming shukrki, hasad yo‘q, malomat yo‘q, shunchaki… axborot!
— Qayerda ishlarkanlar besh ming so‘mlik brilliant taqib? — deb so‘radi azbaroyi ermak uchun.
— Voy, bilmasmidingiz hali… — Nozimaxon ahli ayolga xos ishtiyoq bilan so‘zlay ketdi.
Zahro asli pedinstitutni tugatgan ekan, yuragi chatoqligidan, shovqin-suron to‘g‘ri kelmay, o‘z sohasida bir kun ham ishlayolmabdi, maoshi oz bo‘lsayam mayli, deb aeroportda kassirlik qilarkan. Umar aka — jarroh, buyrak kasalliklari bo‘yicha mutaxassis ekan. Ikkita qizlari bormish, Behzod bilan Elzod tengi, xuddi Fotima-Zuhra emish…
— Yaxshi, kelin ham oyog‘imizning tagida ekan, quda bo‘lib qo‘ya qolamiz, — deb kulimsiradi Rahmatulla.
— E, ular… — Nozimaxon birdan gapini yamlab, xomush tortib qoldi, anchadan so‘ng: — Choy ichasizmi? — deb so‘radi allaqanday begona ohangda.
— Yo‘q, — deb bosh chayqadi Rahmatulla horg‘in — xotinining tili uchida qolib ketgan gapni u juda yaxshi tushungan edi.
Joyiga kirib yotgach, qattiq charchaganiga qaramay uxlayolmadi — uyqusi o‘chib ketdi. Boyagi gap turib-turib endi nash’a qila boshladi. Xotini: «Ular sizni bir tiyinga olmaydi», demoqchi edi, demadi — ayadi… Nega bunaqa? Nima uchun bunday? Aslida, u — faqat peshona teri bilan, halol kun ko‘radigan odam, ularni bir tiyinga olmasligi kerak emasmi? U, ularning oldida emas, ular buning oldida uyalishi kerak emasmi? Axloqan, mantiqan shunday bo‘lishi kerak-ku? Nega unda…
Yo‘q, u hech qachon haromxo‘rlar, kazzoblar oldida tili qisiq bo‘lib qolmaydi! Mehnatning, mehnatkashning nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘yadi! Mehnat — halol va xalos bo‘lishining yagona yo‘li; u hali ishlaydi, vijdonan, qora terga botib ishlaydi va imoni komilki, hademay chekkan zahmatlarining rohatini albatta ko‘radi! Shundagina u hozir salomiga bazo‘r alik oladigan o‘sha beshinchi qavatdagilar bilan teppa-teng, hatto baland kelib gaplasha oladi. Lekin, buning uchun tezroq, ko‘proq harakat qilish kerak, jon koyitish kerak, tanballikka, beg‘amlikka o‘t ochish kerak!
«Yigit kishi qirq yoshgacha biror nimaga erishsa — erishdi, bo‘lmasa — tamom-vassalom, — deb o‘yladi u, — naryog‘i ma’lum — yo‘l tadorigi…»
Bir haftadan keyin o‘t o‘chirish komandasiga ishga kirdi. Uch kunda bir boradi, kechasi. Kunduzlari «RAF»ni haydab yuraveradi.
Vitya amaki bilan u yangi ishxonasida tanishdi.
Vitya amaki — ellik-ellik besh yoshlar chamasidagi oriq, qoqchakak kishi, qorovul. Bu olamda uning qo‘lidan kelmaydigan hunar yo‘q — duradgorligu suvoqchilik, chilangarlngu ustachilik… Ichkilikni xush ko‘rishini va kayf qilgan chog‘larida bir oz ezma, maqtanchoq bo‘lib qolishini hisobga olmaganda, beozor, ulfat odam. O‘zining maqtanib aytishicha, velosipeddan tortib atom bombasigacha tuzata oladi.
Tanishgan kuniyoq ikkalasi ham bir-biriga benihoya kerakligini angladi. Vitya amaki uch kunda bir navbatchilikka kelar, qolgan vaqt odamlarning shaxsiy buyurtmalarini bajarar edi. Hojatmandlar orqasidan gala-gala bo‘lib yalinib yurishardi: «Viktor Andreevich, Viktor Andreevich…» Biroq, Vitya amaki keyingi ikki yil ichida o‘zining xiyla qarib qolganini payqagan, avvalgi kuch-quvvati yo‘q, to‘rt marta randa tortsa, qora terga tushib ketadi. Xullas, unga yosh, baquvvat, mo‘min-qobil bnr yordamchi havodek zarur edi. Rahmatullaning ichmasligi ayni muddao bo‘ldi. Sarxush ustaning yonida hushyor shogird tursa yaxshi-da: ish ham unumli bo‘ladi, hisob-kitob ham.
Shanba kuni ular shahar tashqarisiga — bir mansabdor odamning dala-hovlisiga fin hammomi qurishga bordilar. Usta tomoq ho‘llab olgach, ish yurishib, ota-bola bo‘lib ketdilar. Vitya amaki haqiqiy usta edi, har bir qoqqan mixini bir san’at asari, desa arzirdi.
O‘rkach-o‘rkach adirlar qo‘ynidagi bu mo‘jazgina chorboqqa, qulf urib yotgan turli-tuman gul-chechaklarga termilib turarkan, Rahmatullannng havasi keldi, yana ohista xo‘rsindi, dilidagi qat-qat orzular yoniga tag‘in bir niyat tugun bo‘lib tugildi…
Nozimaxon ziyrak ayol emasmi, erining xatti-harakatlarini ko‘rib, qo‘l qovushtirib o‘tiraversa bo‘lmasligini darhol angladi. Kechqurunlari bichish-tikish kursiga qatnay boshladi va ko‘klamga chiqib, bir kuni kechasi Rahmatullannng qulog‘iga:
— Bozorning ichidagi magazinga zo‘r tikuv mashinasi kepti, nemislarniki, — dedi. — Bittasini olib berasiz-a?
Rahmatulla chala mudrab yotgan edi, ko‘zlarini ochishga erinib:
— Qo‘ysangiz-chi, — dedi.
— Yo‘q demang, — dedi Nozimaxon uning yelkalariga suykanib, — oberaqoling, menga judayam zarur. Xo‘pmi? Xo‘p, deyqoling endi, maylimi?..
Ayolning tungi g‘amzalariga qaysi erkak dosh beribdiki, Rahmatulla dosh bersin!
Rahmatulla endi uyda kamdan-kam bo‘lar, ba’zan u ishxonasidan bunisiga yugurib ketayotib, besh-o‘n daqiqaga bosh suqib o‘tganida, bolalarini mudom hovlida, Nozimaxonni esa mashinasini shaqirlatib o‘tirgan holda ko‘rar edi. Goh uning atrofida notanish ayollar uymalashib turar, Nozimaxon esa birpas ishini qo‘yib, u bilan ikki-uch og‘iz gaplashardi-da, tag‘in mijozlari yoniga shoshilardi. Hademay u zo‘r chevar bo‘lib dong chiqardi, endi shaharning narigi chetlaridan ham qiz-juvonlar, kelinchaklar «Nozimaxon tikkan ko‘ylaklar»ni orzu qila boshladilar. Rahmatulla xotinining bu ishiga boshda shunchaki bir havas deb qaragan edi, ammo kundan-kunga uning shuhrati tom baravar oshib borayotganini ko‘rib hayron qoldi-yu, mamnun iljayib qo‘ydi.
Uydagi har bir o‘zgarish, har bir yangi jihozga ular xuddi yosh boladek quvonishar, xonalari to‘lib ko‘rki ochila borgan sari o‘zlari ham tobora ochilib borishmoqda edi.
Bir yakshanba Vitya amaki shamollab, Rahmatulla uyda qoldi. Ertalab xotinining oldida ikkita qiz ko‘ringandek bo‘luvdi, kechga borib ham ular ketmadi. Rahmatulla oshxonada choy ichib o‘tirganida Nozimaxon kirib keldi.
— Jo‘natdingizmi mijozlarni? — deb so‘radi Rahmatulla yarim o‘girilib.
Nozimaxon javondan piyola olib, uning ro‘parasiga o‘tirdi.
— Mijozmas ular.
— Ie?
— Sizga aytmadim-a, hali, tunov kuni kechki payt joy so‘rab kelib qolishdi. Biri Bo‘kadan ekan, biri gulistonlik, medtexpikumda o‘qisharkan. Rahmim kelib… Yo‘q deyolmadim… — Nozimaxon unga gunohkorona tikildi.
Rahmatulla qattiq achchiqlandi, to‘ng‘illadi:
— Bir og‘iz maslahat…
— O‘zingizni bir haftadan beri endi ko‘rib turibmanu qanday maslahat qilaman? Jahlingiz chiqmasin, vaqtincha. Kichkina xona bari bir bo‘sh yotibdi-ku… Siz doim ishda bo‘lsangiz, qo‘rqaman ikkita bola bilan…
Rahmatulla indayolmay qoldi.
Nozimaxon, o‘zi ijara azobini ko‘p tortganidanmi, qizlar bilan tinch-totuv yashab ketdi. Faqat, Rahmatulla anchagacha norozi bo‘lib yurdi: «Qizlar eshitadi!» deb, Noznmaxon uni endi yaqiniga yo‘latmas, ijarachilar uyiga ketgan ahyon-ahyon kechalardagina u xotinining visolidan bahramand bo‘lar edi…
Gulsara bilan Dildor ochiq, sodda-samimiy qizlar edi, bir yil turib, xayr-xo‘shlashib chiqib ketishdi. O‘sha kuni kechqurun Nozimaxon unga olti yuz so‘m tutqazib:
— Mana, Gulsara bilan Dildordan esdalik, — dedi…
Umuman, Nozimaxon endi butunlay o‘zgarib ketgan, uni ustma-ust hayratga solmoqda edi: bir oqshom qarasaki, yap-yangi «Optima» mashinkasini chiqillatib o‘tiribdi.
— Ha? — dedi u taajjublanib.
— Muborak bo‘lsin, demaysizmi? — dedi Nozimaxon o‘rnidan turib. — «GUM»dagi bir tanish ayolga tayinlab qo‘ygan edim, kecha ishxonaga telefon qilib qoldi, opkeldim. Qarang, eng zo‘r markasi! — U yarqirab turgan mashinkani mehr bilan silab qo‘ydi.
— Nima qilasiz buni?
— Roman yozaman, — deb piq etib kuldi Nozimaxon.
— Yo‘q, behazil? Birov so‘raganmidi?
— O‘zimga oldim, o‘rganaman.
— Nega?
— Kerak-da. Voy, qo‘lingizdagini bering, go‘shtmi?.. Bilmas ekanman, hamma pul mashinkada ekan! Bir beti qirq tiyin-a! Xolida opa aytdi, o‘rgataman, dedi.
— Xolida opangiz kim tag‘in?
— Siz tanimaysiz, ko‘ylak tiktiruvdi. Redaktsiyada ishlaydi.
Rahmatulla nima deyarini bilmay stulga cho‘kdi.
— Charchadingizmi? Hoznr ovqat opkelaman.
— Yo‘q, ketaman. Vitya amaki kutib turibdi, Tezikov tomondan ish olganmiz. Ertalab o‘shanaqasi ishga o‘taman, kechqurun navbatchiman. Bolalar qani?
— Ha-a… — Nozimaxon muhim bir gap esiga tushgandek, unga sinovchan termildi. — Bolalarni bog‘chada qoldirdim, haftalikka.
— Nima-a? — Rahmatulla o‘rnidan turib ketdi.
Nozimaxon uning avzoyini ko‘rib, kapalagi uchdi:
— Ishim ko‘payib ketib… vaqtinchaga…
— Nega unday qildingiz?! Nega?! — deya bo‘g‘ilib shivirladi Rahmatulla. —Etimchami sizga? Otasi o‘lganmi, onasi o‘lganmi?! Boqmayman, desangiz, mayli, ayting, detdomga topshirvoray!
Nozimaxon, quralay ko‘zlari jiq yoshga to‘lib, yolvordi:
— Meni nimaga qiynaysiz, men…
Rahmatulla o‘zini bosolmay qo‘l siltadi, asabiy tutaqib, oshxonaga kirdi, negadir xolodilnnk eshigini ochib-yopdi, ostona oldiga qaytib, tuflisini kiyayotganida, ichkaridan Nozimaxon mung‘ayib chiqdi, indamay, egilib uning tuflisini arta boshladi… Rahmatullaning ko‘ngli buzilib ketdi, bu bechorada ne gunoh, deb o‘yladi, aybi — senga qo‘shilib arava tortayotganimi, o‘zi uchun qilmayaptiku, shu ro‘zg‘or deb, bola-chaqam deb… Vaqtincha-ku axir bularning barchasi, oz qoldi, keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketar…
Biroq, qovog‘ini ochmay, eshikni qarsillatib yopdi.
Payshanba kuni Vitya amaki bilan o‘sha ishni tugatib, kayfi chog‘ qaytdi. Nozimaxon hech gap bo‘lmagandek, ochiq yuz bilan qarshi oldi, aylanib-o‘rgilib, atrofida parvona bo‘ldi, bolalar hamon bog‘chada ekan, u indamadi — turmush tag‘in iziga tushib ketdi.
Shu orada uylarining yonginasida kechki maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. Rahmatulla bir kuni shu yerdan shoshib o‘tayotib, simyog‘ochdagi e’longa ko‘zi tushib qoldi: maktabga zudlik bilan qorovul kerak. E’lonni yirtib oldi, uyga kirib, Nozimaxonga ko‘rsatdi:
— Yana bir kecha bo‘shman-ku, shuni sizning nomingizga rasmiylashtirsak, nima deysiz?
Nozimaxon qarshilik qilmadi, vaqtincha bo‘lsa, mayli, o‘zingiz bilasiz, dedi, agar juda qo‘rqsam, yana birorta o‘quvchi qizlardan yonimga olarman, kelib yurishuvdi, dedi. Uning hozir bosh ko‘tarib qarashga fursati yo‘q, stol ustida qo‘lyozmalar — birovning kitobi, birovning diplomi, allakimlarning dissertatsiyalari uyulib yotar edi.
Shu tariqa Rahmatulla uyidan ixtiyoriy «badarg‘a» bo‘ldi. Endi u asosan ishxonada istiqomat qilardi: birida yotib turar, ikkinchisida ovqatlanar, yana birida soqol olar edi. Ba’zan bularning barchasi ko‘ziga hirsi dunyo kabi ko‘rinib ketar, ammo endi biror nimani o‘zgartirishga jur’ati yetmas edi.
Kunlar o‘taverdi, oylar o‘tdi.
Yozga borib, Rahmatulla ishni katta qilib yubordi: Nozimaxonning nozik didiyu Vitya amakining oltin qo‘llari va o‘zining kuch-quvvati qo‘shilib, uyida g‘aroyib bir mo‘jiza ro‘y berdi. Pul bo‘lsa, miyaning ham yangi-yangi tarhlari ochilib ketarkan. Qariyb to‘rt oy davom etgan «fundamental remont»dan so‘ng uylari ajoyibxonaning o‘ziga aylandi-qoldi. Hojatxonagacha dub eshiklar o‘rnatildi. Rahmatulla joniga tegib ketgan eski qaqir-ququrlarni — almisoqdan qolgan jihozlarni mamnuniyat bilan axlat uyumiga uloqtirdi. «Orxid» yugoslav mebeli, uch ming so‘mlik yapon stereosistemasi, frantsuzcha kineskopli rangli televizor, har bir xonada shiftga qadar qoqilgan shohona arabi gilamlar — hamma-hammasi naq uning xayolidagidek, balki xayolidan o‘n chandon ziyoda edi.
Er-xotinning quvonchi cheksiz. Bularning barchasi ularning o‘z mehnati bilan bunyod bo‘lgan, uyqusiz tunlar evaziga, huzur-halovatdan, bola-chaqadan kechib tortgan zahmatlari evaziga kelgan, bundagi har bir buyumning o‘z tarixi bor, bu tarix qon va ter bilan sug‘orilgan, ular uchun benihoya aziz, muqaddas!
Endi bu uylarda rohat-farog‘atga cho‘mib, faqat yashash lozim edi, biroq, afsuski, Rahmatullaning bunga vaqti yo‘q: tong sahardan it quvgan mushukdek ishxonadan ishxonaga chopadi, shanba-yakshanba kunlari uni Vptya amaki betoqat kutadi.
Kuz oqshomlarining birida «uy to‘yi» qilib berishdi. Juda ko‘p odam keldi: Rahmatullaning uchala ishxonasi, Nozimaxonning kollektivi, laboratoriyadan Muattar Zokirovna boshchiligida sakkiz kishi, Samarqandu Marg‘ilondan qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shni, mijozlar, ijarachilar… Ziyofat oliymaqom bo‘ldi, hamma ularga havas qildi, hamma ularga qoyil qoldi.
Mehmonlar tarqab, eng yaqin odamlar qolgach, Rahmatullaning otasi aytgan gap shu bo‘ldi:
— Boshqa uyga ko‘chganmisan, o‘g‘lim?
Rahmatulla kulib, Nozimaxonga qaradi, Nozimaxon gul-gul yashnab, dasturxonni noz-ne’mat bilan to‘ldirarkan, jilmaydi:
— O‘sha uyimiz, faqat o‘g‘lingiz u yoq-bu yoqni sal tuzatib berdilar.
Ertasiga ota yo‘lga otlandi. Rahmatulla uni pastga kuzatib tushganida, shunchaki aytgandek:
— Zerikdim, o‘g‘lim, — dedi. — Uying xuddi magazinga o‘xshab qopti. Qandoq yashaysizlar bunda?
Rahmatulla yana kulib qo‘ya qoldi.
— Hay, omon bo‘linglar, — dedi otasi vokzalda, xayrlashayotib. — Ishqilib, harom yo‘lga yurma, bolam. Harom buyurmaydi.
— E, nima deyapsiz, ota! — dedi Rahmatulla ranjib.
— Hozir zamon to‘qchilik, — dedi otasi uiing gapini eshitmagandek, — hamma narsa bor. Sizlar yo‘qchilikni ko‘rmagansizlar, iloyo ko‘rmanglar. Lekin yo‘qchilikka dosh bersa bo‘ladi-yu, to‘qchilikka… Bilmadim-da, bolam.
Rahmatulla ko‘ngli g‘ash bo‘lib qaytdi.
Ertasi kechqurun Nozimaxon mashinkasini chiqillatib o‘tirib, bir gap aytib qoldi:
— Tag‘in ozgina harakat qilsak, yanagi yil ko‘klamga mashina olsak ham bo‘ladi.
— E, bas endi! — dedi Rahmatulla ensasi qotib. — Charchadim, yashash ham kerak. Necha yildan beri otpuskasiz ishlayman. Siz ham ko‘p urinavermang, bolalarga qarang, o‘zingizga…
— O‘zimga nima qipti? — deb kuldi Nozimaxon, — Yo… — Boshini ko‘tarib, unga karashma bilan tikildi.
— Tirikchilik deb juda qatordan chiqib qoldik. Qancha bo‘ldi qo‘limga bir kitob olmaganimga.
— Mashinayam juda zarur-da, — dedi Nozimaxon o‘zining ganini ma’qullab. — Mashina olaylik, keyin, mayli, ilmiy ishingizga qaytasiz.
Rahmatulla hushtak chalib yubordi.
— O‘ylab gapiryapsizmi? Ilmiy ish — ilm, hammom qurish emas sizga!
— E, agar siz xohlasangiz…
— Men endi tinchgina yashashni xohlayman.
— Mayli, oldin mashina olib bering.
Rahmatulla, bir ko‘ngli, xotiniga juda ko‘p gaplarni aytmoqchi bo‘ldi. Nozimaxon, yodingizda bo‘lsa, talay qiyin kunlarni ham boshimizdan kechirdik, siz bilmaysiz, Elzodni kasalxonada olib yotganingizda, bir kun ovqat qilib borishga ham pul topolmagan paytim bo‘lgan, yo‘qchilikni ham ko‘rdik, shularga ham dosh berdik, hammasi o‘tdi, endi unday qilmaylik, boriga shukr qilib, tinch-totuv yashaylik, men ham charchadim, jonim temirdan emas, azbaroyi shu uyim-joyim deb, bola-chaqam deb… Lekin hozir Nozimaxonning qulog‘iga «08» markali «Jiguli»ning signalidan boshqa narsa kirmas edi.
Kunlar kunlarni quvib, ular esa dunyo quvib o‘ta boshladilar.
Noyabr bayrami arafasida nihoyat niyatlariga yetishdi: pod’ezdlari tagida sutrang «Jiguli» paydo bo‘ldi. Ozgina yetmaganiga Vitya amaki qarashib yubordi.
Shanba kuni Rahmatulla yillab orzu qilganidek, o‘g‘illarini, xotinini mashinasiga o‘tqazib, dalaga olib chiqdi. Parkent tomonlarga borib, ikki kun rosa maza qilishdi: qimiz ichishdi, tog‘lar-bog‘larni ko‘rishdi, qaytishda bir qog‘oz quti to‘ldirib husayni olib kelishdi. Shu safarning o‘zidayoq Rahmatullaning hamma charchoqlari tarqab, dilida zig‘irdak ham g‘ubor qolmadi.
Dushanba kuni ertalab stul suyanchig‘idagi jinsi shimini shosha-pisha olib kiyayotgan edi, Nozimaxon to‘xtatdi:
— Qo‘ying, kiymang endi shuni.
— Nega? — dedn Rahmatulla hayron bo‘lpb.
— Bearmon kiydingiz-ku, haqqingiz qoldimi!
— E, qo‘ysangiz-chi! — Rahmatulla shimiga qo‘l cho‘zdi.
— Yo‘q, kiymang. Ko‘chada mundoq atrofnngizga qaraysizmi o‘zi?
— Nima bo‘pti?
— Hammaning egnida jinsi. Qadriyam qolmadi. Siz kiymang endi. Boshqa narsa olib beraman o‘zim.
Ikki kundan keyin Nozimaxon unga xitoyi jujundan o‘zi antiqa qilib tikkan shim sovg‘a qildi. Rahmatullaning boshi ko‘kka yetdi.
— Narigi hafta uyimizga telefon tushadi, — deb xushxabar aytib qoldi Nozimaxon, u chiqib ketayotganida. — Qiynalmaysiz endi. Suyunchini cho‘zavering.
— Rostdan-a? Ana bu zo‘r ish bo‘pti! Darrov navbatimiz kepti-da?
Nozimaxon xandon tashlab kuldi:
— Soddasiz-ey, xo‘jayin! Navbatingiz o‘ttiz yildayam kelmaydi.
— Ha-a? — dedi Rahmatulla gangib.
— E, bir xonasi kelib qoldi-da.
Ma’lum bo‘lishicha, Nozimaxon telefon idorasida kattakon bo‘lib ishlaydigan Susanna Vladimirovna degan bir ayolga «kechki» ko‘ylak tikkan ekan, opa-singil bo‘lib qolishibdi, u yordam berishga va’da qilibdi, albatta, ozgina sovg‘a-salom ketsa kerak, lekin o‘sma ketar, qosh qolar, degandek, bahonada telefonli bo‘lib qolishadi.
— Ammo, bizning «dom»ga hali telefon kelmaganku? — dedi Rahmatulla boshini qashib.
— Nega kelmas ekan? Zahrolar ikki yil bo‘ldi-yu, tushirib olishganiga…
E, padariga la’nat! Yana o‘sha Zahro! Yana o‘sha beshinchi qavatdagilar! Qachon tugarkin bu poyga?!
Rahmatulla shoshib borarkan, o‘zicha o‘yladi: qarzdan qutulishi bilan o‘t o‘chirishni ham, qorovullikni ham, Vitya amakini ham tashlaydi-yu, to‘yib-to‘yib uxlaydi!..
Ammo Nozimaxonning rejalari butunlay boshqacha ekan, xafa bo‘ldi: yotib yeganga Sulaymon tog‘i ham chidamaydi, yangini eski asraydi, hali kamchilik ko‘p, bu besh yillikda videomagnitofon olamiz, undan keyin ikkalamiz Yaponiyaga sayohatga borib kelamiz, dunyo ko‘rish kerak, axir…
Rahmatulla u bilan tortishib o‘tirmadi.
Chorshanba kuni bir soat bo‘sh vaqti bor edi, uyiga kirib, endi choy qo‘yib turganida, Nozimaxon ishdan kelib qoldi.
— Kecha pechene pishirgan edim, shanba kuni bolalar kelsa yeyishar, — dedi xalatini kiyib chiqqach, uning oldiga dasturxon yozarkan, — Oling. Ovqat qilaymi?
Rahmatulla hushi og‘ib, xotiniga tikilib qoldi.
— Ochilib ketibsiz… —deb shivirladi uning xipcha belidan quchib.
— Qo‘ying, hali bir dunyo ishim bor. Qo‘ying…
— Men Qunduzni sog‘indim. Judayam… — deb shivirladi Rahmatulla. — Qachon…
— E, nima keragi bor? Endi o‘lsam ham tug‘mayman.
— Bekorlarni aytibsiz! — Rahmatulla po‘pisa qildi. — Hali…
— Tug‘moq osonmi sizga? Bo‘lar, shuncha azob tortganim. Men ham odamdek yashay endi. Ovqat qilaymi, nega indamaysiz?
— Yo‘q, — dedi Rahmatulla allanechuk bo‘shashib, ruhsiz. — Ketaman hozir.
Bu voqea chorshanba kuni bo‘ldi. Payshanba kuni kechqurun Vitya amaki uni Chilonzorga ishga olib ketdi, ertalab o‘shanaqasi ishxonasiga bordi. Kecha ish juda qattiq bo‘lgan, o‘tgan kuni Eski shahardagi yong‘inni tong otguncha o‘chirishgan, boshi cho‘yandek og‘ir edi.
Kechga tomon Yunusoboddan ishchilarni olib kelish uchun yo‘lga chiqdi. Kun qaytgani bilan havo issiq, xuddi qo‘rg‘oshin yog‘ayotgandek, nafas olgan sari kishining ichi yonadi. «Qozog‘iston» kinoteatri yonida svetoforning qizil chirog‘iga to‘g‘ri kelib, mashinani to‘xtatdi, yo‘lga tikilib turarkan, silkib-silkinib, tosh osgandek pastga bosib ketayotgan qovoqlarini ochdi, G‘alaba bog‘i oldiga yetganda, ko‘zi bir lahza, bir lahzagina ilindiyu…
Uni shanba kuni peshinda chiqarishdi. Samarqanddan ertalabki reys bilan qarindoshlari uchib kelishdi. Qiyomat bo‘lib ketdi. Yig‘lagan ham yig‘ladi, yig‘lamagan ham.
Uchala ishxonasidan odam keldi. Hamma joyda uni nihoyatda yaxshi ko‘risharkan. Uchala idoraning ham mahalliy komitetlari yordam puli ajratib, Nozimaxonga topshirdi.
Nozimaxon bir kechada adoyi tamon bo‘lgan, ko‘zlari odamga ma’nisiz boqardi, puldan bosh tortdi.
— Hech narsa kerak emas, — deb shivirladi u, — hech narsa…
Erining «uch»i o‘tgach, Nozimaxon qora kiyinib ishga tushdi. Otpuska berishmoqchi edi, rad qildi. Odatdagidek, yana kechqurunlari goh mashinkasini, goh tikuv mashinasini yurgizib allamahalgacha ishlab o‘tiribdi. U Rahmatullaning «yigirma»sini juda katta qilib o‘tkazmoqchi — ikki yuz kilo guruch damlab, yetti mahallaga osh bermoqchi, uchala ishxonasidan, Samarqandu Marg‘ilondan odam chaqirmoqchi…

1985