Xayriddin Sultonov. Onamning yurti (hikoya)

Nihoyat, onamning yurtiga jo‘nar bo‘ldik.
Onamning yurti!
Esimni tanibmanki, bu so‘z xotiramga olis ertak bo‘lib, ma’yus alla bo‘lib o‘rnashgan. To hanuz quloqlarim ostida so‘nmas bir qo‘shiq yanglig‘ jaranglaydi u.
Shu paytgacha onam tilidan uning ta’rifinigina eshitardik. Shu paytgacha uning qaydaligini, qanday joy ekanini bilmasdik; onamning yurti — onamning o‘tli armoni ekanini sezardik, xolos.
Onam yetti-sakkiz yashar go‘dak chog‘ida yurtidan ayrilgan ekan.
«Adog‘i yo‘q tuproq yo‘ldan aravaga tushib kelganim yodimda, — derdi onam va shu zahoti ko‘zlaridan duvillab yosh oqib ketardi. — Otam bilan onamni elas-elas eslayman. Otam soqollari uzun-uzun, qizil yuzli odam edi. Onam judayam novcha edi, o‘rnidan turganida, boshini kunga urib olmasaydi, deb qo‘rqardim…»
Onamning yurti kunchiqardami, kunbotardami, daryo ortidami, tog‘lar bag‘ridami, dashtu biyobonlar qo‘ynidami — birortamiz bilmas edik. Faqat, uning tengsiz go‘zal bir maskan ekanini anglardik. U yurtda osmon — osmon emas, mushfiq ona; tog‘lar — tog‘ emas, mehribon padar; gullar — gul emas, munis hamshira; u yerda odamlarni xo‘roz qichqirig‘i emas, bulbul navosi uyg‘otadi.
Oradan ne bir zamonlar — oltmish olti yil o‘tganiga qaramay, onam hamon taqdiriga tan bermas, hamon ufqdan ko‘zi va ko‘nglini uzolmas, hamon yurtining ta’rifini tildan qo‘ymas edi. Biz ham bunga o‘rganib qolgan edik. Ba’zan tog‘u toshlar aro ko‘milib yotgan shu kichkinagina qishlog‘imiz zeriktirganda, ba’zan nimadandir ranjiganimizda, goh esa yuragimiz besabab g‘ussaga to‘lganda onamning olis, noma’lum va sirli yurtiga bosh olib ketgimiz kelardi.
Mana, nihoyat, uning daragi topildi!.. Onamning quvonchini sizga qanday tasvirlab beray? Yo‘q, chamalab ko‘rdim, qo‘limdan kelmas ekan. Buni tasavvur qilmoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi, onangiz quvongan kezlarda, aniqrog‘i, uni o‘zingiz bir og‘iz shirin so‘z bilanmi, bir savob ish bilanmi quvontirgan damlaringizda asta kuzating. Afsus, ming afsus, bunday onlar hayotimizda qanchalar kam: biz — farzandlar, onalarimizga shodlik o‘rniga aksar ranju alam yetkazamiz, xolos.
Xullas, yurtining daragini eshitdi-yu, onam bir kechada yasharib ketdi. Har kecha sirqirab azob beradigan oyog‘ining og‘rig‘ini ham unutgandek bo‘ldi. Endi uning yetmish uchga kirganiga hech kim, hatto o‘zi ham ishonmas edi.
«Nahot tug‘ilgan yurtimni bir ko‘rmay ketsam?» derdi onam mudom xo‘rsinib. Men esa, goh kulib, goh jiddiy tortib, endi musofiru muhojir degan gaplar qolmaganini, mana shu bepoyon mamlakat, shu ajib diyor barchamizning yagona vatanimiz ekanini yotig‘i bilan uqtirmoqchi bo‘lardim. Onam gaplarimni jimgina tinglardi-yu, ko‘z yoshi tinmasdi.
Bilardim, uning dardi pinhon, ko‘ngli yarim, biroq uni butun qilmoqqa ojiz edim: urushda nobud bo‘lgan ikki og‘amni tiriltirolmasam, na yuragidagi, na oyog‘idagi og‘riqni sug‘urib ololmasam…
Onam hademay chevara ko‘radi, lekin hanuz meni himoyasiz go‘dak biladi — xuddi to‘rt yashar bolani asrab-avaylagandek tejab-tergaydi; hali-hozir jindek kech qolsam, iyagini yostiqqa tiragancha yo‘limni poylaydi, qoramni ko‘rishi bilai beozor koyib qo‘yadi: «Namozshom arvohday shu paytgacha tentirab yuribsanmi? Soat necha bo‘ldi?» «Bir», deyman bamaylixotir ust-boshimni yecharkanman. «E, gapirmaye! — deydi onam ranjib. — Bir qoldimi, allaqachon o‘n bo‘lgandir!»
Onam soatni bilmasdi — yurtini, naslu nasabini bilmaganidek.
Avvallari yosh edim, onamning dardi dilini anglamas ekanman. Faqat ko‘p yillar keyin, boshimdan turli savdolar kechib, oq oralagan sochlarim bir-bir to‘kila boshlagandagina bu haqda bot-bot o‘ylaydigan bo‘lib qoldim.
Va shundan so‘ng onamning yurtini izlashga kirishdim.
Onam yoshlik yillari, jamalaksoch qizcha paytida el qatori burchoq tergani chiqqan. Burchoq terib yurib adashgan. Adashganu qaytib na ota-onasini, na yurtini ko‘rgan. Yodida qolgani — baland aravayu uzun tunroq yo‘l.
Onamning yurtini goh intizor bo‘lib, goh umidsizlikka tushib, sabr-chidam bilan uzoq izladim. Qo‘shnimizning Razzoq degan bir o‘g‘li Toshkentda, radioda ishlardi. Shu yigit ko‘p yordam qildi. Birgalashib yozdik, birgalashib kutdik. Astoydil yig‘lagan ekanmizmi, nihoyat, so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqdi — onamning yurtidan darak keldi!
Shunda men onam uzoq yillar mobaynida xo‘rsinib so‘zlagan yurtni xayolan aniq-taniq ko‘rdim, o‘zimni go‘yo ming yillardan buyon o‘sha yerda yashagandek, yashaydigandek his qildim — shunchalar qon-qonimizga singib ketgan edi u.
«Joy bo‘lmay qurib ketsin, — derdi onam ba’zan zorlanib, — loaqal yuz yuvarga suvi bo‘lmasa-ya! Esiz-esiz, yurtimdagi daryo-daryo suvlar…»
Uning ranju koyishlari bejiz emasdi. Tangu tor, tog‘u tosh qishlog‘imizda bir tomchi suv gavharga teng, gavhar nima, odamning xuni bilan baravar edi: ichkilik suvni ham yetti-sakkiz chaqirim olisdan tashib keltirardik. Lekin, taajjubki, onamdan bo‘lak hech kimsaga buning og‘irligi bilinmasdi.
Bilsam, onamning yurti chindan ham ulug‘ daryo sohillarida ekan.
«Do‘zax bo‘lib ketdi-ku, — deb nolirdi onam ba’zan, — Hah, yurtimning shamollari-ya…»
Bu atrof-javonibda bizning qishloqdan ko‘ra salqinroq joyni topmoq amrimahol, saraton kunlari ne-ne shaharliklar shu yerda jon saqlaydi, har nechuk, onamning bu gapi noshukrlik emasmikan?
Bilsam, onamning yurti hur shamollar maskani — zumrad vodiy qo‘ynida ekan…
Xushxabar kelgan kuni uyimizda to‘y bo‘lib ketdi. Faqat, onamning ko‘z yoshlarigina bu tantanani xiyol buzib turardi.
Maktub janubiy vohalardagi qishloqlarning biridan jo‘natilgan, uni onamning ota urug‘i — amakivachchasi Omonqul degan kishi bitgan edi.
«… Tog‘amning Ulbo‘sin otliq bir qizi mundan ko‘p yillar burun yo‘qolib edi. Bizning xeshlar bari, dom-daraksiz ketgan, deb yurgich edi. Qay bir kun radiodan aytib qoldi. Avlodimizdagi qari-qartanglar o‘y o‘ylab, o‘sha Ulbo‘sin bo‘lsa kerak, dedi. Agar chindan ham egachimiz Ulbo‘sin bo‘lsa, keling, diydor ko‘rishaylik, biz boraylik, topishaylik, qaytadan xesh bo‘laylik.»
So‘ng, onamning qay yo‘sin adashganiyu qanday g‘oyib bo‘lgani xususidagi bizga yod bo‘lib ketgan tafsilotlar hijjalab bayon etilgan edi.
Onamga qolsa, hoziroq — ko‘z yoshi qurimasdanoq qanot bog‘lab uchmoqqa shay. Ammo Razzoq ikkalamiz maslahatlashib, gapni bir joyga qo‘ydik: u ishxonasidan ikki-uch kunga ijozat olpb, biz bilan birga boradigan bo‘ldi. «Ajoyib taqdirlar» degan ocherk yozaman, zo‘r chiqadi», dedi.
Indini tong saharda yo‘lga tushdik.
Poyezdda yurdik, avtobusda yurdik, yengil mashinalarda yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik, dashtu biyobonlardan, shahru qishloqlardan o‘tdik, poyonsiz paxtazorlar, yashil tutzorlar, bog‘u bog‘chalar, qadimiy sardobalar, past-baland qirlar ortda qoldi va bir kuni choshgoh chog‘i onamiing yurtiga kirib keldik.
Shalog‘i chiqqan taksi shag‘al karerining ko‘hna binosi oldida to‘xtadi. Birin-ketin tushdik.
— Shu yerdan so‘rarsizlar, — dedi zanjidek qop-qora shofyor va mashinasini ortiga burib, yov quvgandek jo‘nab qoldi.
Ko‘z o‘ngimda ufq qadar cheksiz, sarg‘ishtob bir yalanglik yastanib yotardi. Unda-bunda pastak ihota daraxtlari yakkam-dukkam tikkaygan.
Avtobus bekati ham shu yerda ekan. Maydoncha kimsasiz. Olislarda hovur jimirlaydi, ko‘z tinadi. Yog‘och o‘rindiqda qalpog‘ini bostirib kiygan bir chol qopchig‘ini yonboshiga qo‘yib mudraydi.
Asta onamga razm soldim: to‘rt tomonga hayron boqadi, mijjalari nam, lablari titrab-titrab qo‘yadi.
— Keldik, ona! — dedim atay bardam tovushda.
Onam shoshib bosh irgadi, kulimsiragandek bo‘ldi.
Bekat maydonchasida bir zum gangib turdik. Qo‘limdagi adresda bundan boshqa gap yo‘q edi. Boshim qotib Razzoqqa qaradim, Razzoq menga. Shu payt yerdan chiqdimi, osmondan tushdimn, bilmayman, qarshimizda bir to‘da odam paydo bo‘ldi-da, olag‘ovur boshlanib ketdi. Darrov ko‘nglim sezdi: onamning qarindoshlari… qarindoshlarim!
Mudrab o‘tirgan chol cho‘chib tushdi, ko‘zlarini ochib, norozi xo‘mraydi, so‘ng shartta ters o‘girilib oldi.
Shovqin qanday boshlangan bo‘lsa, birdaniga shunday tindi. Hamma bir-biriga alanglar, gap-gapga qovusha qolmas, yotsirash hukmron edi. Onam Omonqul amaki bilan ko‘rishayotganida barcha o‘zini tutolmadi, ayollar oshkora yig‘ladi, erkaklar ko‘z yoshini yashirib, teskari qaradi.
Onam asta engashdi, qoqsuyak kaftini yerga tekkizib, yuz-ko‘zlariga surtdi:
— Yetkazganiga shukr! — dedi o‘pkasi to‘lib.
Onamning avlodi o‘ziga o‘xshash suyagi buzuq, dali-g‘uli odamlar ekan. Omonqul amaki ayniqsa menga ma’qul bo‘ldi: qizilmag‘iz, barvasta, yurt so‘ragan odamligi ko‘rinib turibdi.
Boya negadir payqamagan ekanmiz: bekatning shundoq orqasida chog‘roq bir qishloq bor ekan. Qirq-ellik uy qator tizilgan. Hovlilar tegrasida devor-tosh yo‘q, na eshik, na qulf ko‘rinadi.
Yangi topishgan qarindoshlarimiz bizni shovqin-suron, izzat-ikrom bilan olib ketishdi. Hayhotdek bir hovliga kirdik. Tumonat odam, qo‘ylar so‘yilgan, doshqozonlar qaynagan… Bu — Omonqul amakimizning hovlisi ekan.
Uyma-uy, xonadonma-xonadon tinmay ziyofat.
To‘rtinchi kuniga borib men charchadim, Razzoq zerikdi. Biroq onam…
Ertalab choydan keyin asta hovliga chiqdik. Omonqul amakimning o‘g‘li — o‘ttiz beshlar chamasidagi malla yigit, yo‘lakdagi «Belorus»ni kavlashtirayotgan ekan, bizni ko‘rib, xush-xandon iljaydi.
— Ha, bo‘la?
— Bo‘lar endi, Fayziqul, — dedim horg‘in kulimsirab. — Safarimiz ham qaridi.
— E, qo‘ying-e, bo‘la! — Fayziqul qo‘lini moylattaga shosha-pisha artib, yugurgilab oldimga keldi. — Nima bu! Hali munday bir gurung qilganimiz ham yo‘q.
— Mana, topishib oldik, gurunglashaveramiz-da. Bu yoq ishga boradigan, — dedim Razzoqqa imo qilib.
— Ish bo‘laveradi-da, aka, — dedi Fayziqul Razzoqqa yuzlanib. — Hali sizlar uxlab yotganingizda Bobonazar aka bilan Mahkam kelib aytib ketdi. Bir piyola choy ichib chiqmasangizlar, uyat bo‘ladi.
Yana «bir piyola choy!» Yana ziyofat! E, tavbangdan ketay! Nahot dunyoning bor gapi dasturxondan iborat bo‘lsa?!
— Menga qarang, bo‘la, — dedim bari bir muloyim ohangda, — biz endi bugun qaytamiz. Ha, bo‘lak iloji yo‘q. Shoshmang-da. Agar bizga juda himmat qilmoqchi bo‘lsangiz, bir aylantirib kelmaysizmi?
— E-e, jonim bilan-e, mana hozir! — Fayziqul hovli o‘rtasida turgan sariq «Jiguli»ga qarab yurdi.
— Mashinani qo‘ying, bo‘la, — dedim yengidan tortib. — Ha, shunday bir, piyoda… Yo‘q-yo‘q, shu ma’qul. A, Razzoq?
— Ulbo‘sin xolamni ham olaylik, bo‘lmasa? — dedi Razzoq o‘ylanib.
— Unda, men mashinani opchiqay, — dedi Fayziqul kissasini kavlab.
— Qani, oldin onamdan bir so‘raylik-chi, — dedim.
Onam ichkari uyda, xotin-xalaj davrasida tashvishmand o‘tirgan ekan.
— Bir yurtingizni aylanib kelaylik endi, — dedim.
— Sobiringni tush ko‘rib yuribman, — dedi onam. — Tinchmikan ishqilib? Qaytaqolsak ham bo‘lardi. Ko‘zlaring kirtayib qopti, issig‘ing bormi? — U qoqsuyak kaftini peshonamga qo‘ydi.
Ona, onajon!
— Bir aylanib kelsak, devdim…
Onam ayvon ustuniga suyanib o‘tirdi.
— O‘tgan kuni Omonqul amaking bilan atroflarni ko‘rib keldim.
Onamning qiyofasi, rang-raftorida shu paytgacha ko‘rinmagan xushnudlik bor edi.
— Xursandmisiz, axir?
— Xursand bo‘lmaymanmi, bolam? Otamning mozorini ziyorat qildim, onamning… Ota avlod, ona avlodimning diydoriga to‘ydim. Yetkazganingga shukr!
Tushdan keyin jo‘nar bo‘ldik.
Fayziqul bizni aylantirib kelgani boshladi.
Qishloq sirtdan kattagina ko‘ringan ekan, xolos. Bitta uzun ko‘cha, o‘n besh minutda adog‘iga yetdik. Etakdagi so‘nggi uydan narida cheksiz-chegarasiz yalanglik.
— Bundan narida nima bor? — deb so‘radim Fayziquldan.
— Dasht.
— Undan narida-chi?
— Men bormaganman. Yetimtog‘ bor, deyishadi.
— Jiydatepa qayerda, Jiydatepa?
— Jiydatepa? Ha, u… huv temiryo‘lning naryog‘ida, — dedi Fayziqul kaftini peshonasiga soyabon qilib.
— Boraylik, — dedim.
— E, ancha uzoq-da?
— Mayli, mayli.
Jiydatepa — do‘ppidek keladigan pastak bir tepalik ekan. Yonboshida o‘tinga aylangan uch tun qari jiyda.
«… bir jiydazor bog‘ki, boshi-adog‘i yo‘q. Jiyda gullaganda ichiga kirsang, adashib qolasan. Gullari sap-sariq, gurkirab yotadi, boshlaring aylanib ketadi…»
Onamning yurti!..
Nahot onam shu yaydoq yalangliklarga, shu zebsiz maskanlarga umr bo‘yi ta’rif topolmay o‘tgan bo‘lsa? Shu befayzgina ovulning afsonamakon ekaniga nahot o‘zi ham ishongan, bizni ham ishontirgan bo‘lsa?
Daryo-daryo suvlar degani — shu bo‘tana ariqmi?
Hur shamollar degani — shu quturgan garmselmi?
Oydin oqshom degani — chivin to‘la kechalarmi?
Bir jiydazor bog‘ degani…
Onamning qarindoshlari… qarindoshlarim bilan xo‘shlashdik.
Sarpo-suruq, izzat-ikrom bilan kuzatib qoldilar. Endi ularning borar va’dasini olib, jo‘nadik. Fayziqul mashinasida poyezd stantsiyasigacha kuzatib qo‘ydi.
Poyezd dashtu biyobonlarni, shahru qishloqlarni, poyonsiz paxtazorlar, yashil tutzorlar, bog‘u bog‘chalar, qadimiy sardobalar, past-baland qirlarni ortda qoldirib, onamning yurtidan ona yurtim sari yelib bormoqda.
Nega yuragim orziqib ketyapti? Vo ajab! Ona yurt degani — onaning yurtigina emas ekan-da?
Chidayolmadim, onamga ko‘nglimni ochdim:
— Yurtingiz yaxshi ekan, ona lekin bari bir o‘zimiznikicha kelmaydi, a?
Onam yarq etib qaradi, shodumon kulib kelayotgan ko‘zlarida g‘alati bir hayrat uchqunlandi, uzoq o‘ylandi:
— Yurtning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, bolam.
Shunda men onamning bezovta ko‘zlariga tikildim va nigohim qarshisida shovillab yotgan hududsiz bug‘doyzorlarni, g‘arq gullagan jiydazor bog‘larni, zumrad adirlar uzra xandon otib kulayotgan baxtiyor bir qizaloqni ko‘rdim!
Razzoq deraza oldida jimgina o‘tirar, taajjub bilan bizga termilib qolgan edi.
…Qishloqqa yarim kechasi yetib keldik. Hammayoq qorong‘i, tog‘lar, bog‘lar sukutda — go‘yo nafasini ichiga yutib, bizni xavotirlanab, intizor kutayotgandek.

1985