Uyg‘un Ro‘ziyev. Yalpiz terayotgan qizaloq (hikoya)

Ko‘klamning yengilgina shabadasi daraxt gullari va maysalar isini tinmay atrofga taratadi. Bunday havodan nafas olgan kishining bir zumda charchog‘i chiqadi. Maktabdan odatdagidan ertaroq qaytgan Ber­dimurod muallim qiyg‘os gullagan o‘rik daraxti soyasidagi so‘riga chiqib, shoxlardagi marjonday tizilgan gulchalarni havas bilan tomosha qildi. Xotini Hafiza beshikdagi chaqalog‘ini uxlatgach, darrov so‘riga dasturxon yozdi. Keyin oshxonadan bir kosa mastava olib chiqib, dasturxonga qo‘ydi. Mastavadan yalpiz isi ufurdi. Berdimurodning kayfiyati yanayam ko‘tarilib, ishtahasi ochilib ketdi. U yalpizlarni Umida terib kelganini payqadi.
Yalpiz terish qizalog‘ining jonu dili. Bahor kelishi bilan hovli etagidagi soyda buloq suvlari jildirab oqa boshlaydi. Soyning ikki qirg‘og‘ini yam-yashil maysalar qoplaydi. Ayniqsa bodroqdek potirlab chiqqan yalpizlar dilni yayratadi. Ana shunda Umida chelakchasini ko‘tarib soyga yuguradi. O‘zicha qo‘shiq xirgoyi qilib yalpiz teradi. Hatto ular bilan gap­lashadi, erkalab ham qo‘yadi. Chelakchasini to‘ldirib yalpiz terib kelganida uyni kayfiyatni ko‘taruvchi islar tutib ketadi. Berdimurod qizalog‘ining xushbo‘y qo‘lchalarini yuziga bosadi, kaftlaridan o‘padi. Ho­zir ovqatga qo‘shilib dimog‘ini chog‘ qilgan is ham ana shu yalpiz bo‘ylari edi.
U ovqatni xush ko‘rib tanovul qila boshladi. Boyadan beri oftobro‘yada urchuq yigirib o‘tirgan Oysara momo ham asta kelib so‘riga o‘tirdi.
– Vaqtliroq qaytibsanmi? – dedi momo yana ishini davom ettirib.
– Darslar tugadi, ena, ertadan bahorgi ta’til boshlanadi, – dedi Berdimurod.
– Soz bo‘libdi. Shu ta’tilingning ichida Toshkentga borib singlingdan bir xabar olib kelsang bo‘lardi-da, bolam, – deya momo ancha avval aytgan gapini yana takrorladi. – Qish bo‘yi tushimga kirib chiqdi. Ichimda bir xavotir g‘imirlagan edi-ya, kasal bo‘lgan ekan sho‘rlik. O‘zi-ku, tilponda gaplashganidayam bildirmagan edi. Hanifa xolang tunov kuni nabirasining beshik to‘yiga borib kelgan ekan, o‘sha yerda ko‘ribdi. Sovuqda oz-moz shamollagan ekan, deb keldi. Bular oz-moz deb aytaveradi. O‘zing ko‘zing bilan ko‘rib kelganing durust. Jo‘jabirday jon, qayerda, qanday yashayapti, bir hol so‘rab kelsang ko‘nglim xotirjam bo‘lardi-da.
Berdimurod bir dam o‘ylanib qoldi. Momo ilgari ham bir-ikki marta shu gapni aytgan edi. Lekin qishning qironli kunlarida Toshkentga safar qilish hazilakam gap emas. Bir yog‘i, ertadan kechgacha maktabda bo‘ladi, ishdan ortib bir joyga chiqishning iloji yo‘q edi. Bahorgi ta’til esa ayni ekin-tikin ishlari qaynagan, hamma chumoliday tomorqada ivirsigan paytga to‘g‘ri keladi. Shu ta’til vaqtida yerni ag‘darib, ekinlarni ekib olmasa, keyin yana maktab ishiga sho‘ng‘ib, qo‘li tegmaydi. Toshkentga borib kelishga kamida ikki kun ketadi. Shunday tig‘iz paytda ikki kun tugul, ikki soat ham g‘animat. Ammo Nazokatni ko‘rib kelmasa o‘zining ham, momoning ham ko‘ngli tinchimaydi. Toshkentga bormaganiga ham ko‘p yillar bo‘lgan. Institutni o‘sha yerda o‘qidiyu, oradan bir necha yil o‘tib, Nazokat eri va bolalari bilan ko‘chib ketayotganida yuklarini ko‘tarishib borgan, shundan so‘ng u yoqlarga qadami yetmagan edi. Endi yana bir borib jiyanlarini ko‘rib kelsa xo‘b ish bo‘lishini o‘yladi. Bahonada Umidani ham shaharda aylantirib keladi. Hayvonot bog‘ini televizorda ko‘rganidan beri meniyam o‘sha yerga olib boring, deb yalinadi. Uni xursand qilsa o‘zi ham yayrab ketadi. Axir, besh yilmi, olti yil deganda Xudodan tilab olgan qizi. Unga Umida deb ism qo‘yganidan keyin, mana, u maktabga chiqay deganda ukasi dunyoga keldi.
– Mayli, ena, borsam borib kela qolay, – dedi u nihoyat bir qarorga kelib. – Umidani ham birga olib borsammikan? Ertaga saharlab poyezdga chiqsak, indinga kechqurun qaytaveramiz-da.
– Baraka top, bolam. Mayli, qizingni ham olib bor, bahonada shaharni bir ko‘rib keladi.
Soy tomondan chelakchasini yalpizga to‘ldirib kelayotgan Umida ko‘rindi. Momo tezroq kel degandek qo‘li bilan ishora qildi. Qizaloq yugurib keldi.
– Qayoqlarda sandiroqlab yuribsan, qizim, kalishingni qara, jiqqa ho‘l bo‘libdi. Tez oftobga qo‘­yib qurit, ertaga shaharga ketasizlar, – dedi momo qizaloqdan suyunchi oladigandek.
– Shaharga?
– Ha, ammangni ko‘rib kelasizlar, chirog‘im, mazasi yo‘q ekan.
– Ammam kasal bo‘libdi? Unda men mana bu yalpizlarni olib boraman, maylimi?
– Mayli, qizim, ammang xursand bo‘ladi.
– Hayvonlarniyam ko‘rsatasizmi, dada?
– Ko‘rsataman, xudo xohlasa, hayvonot bog‘iga olib boraman, – dedi Berdimurod ham o‘zida yo‘q xursand bo‘lib.
Qizaloq benihoya quvonib ketdi. Yugurib borib kalishini oftob qizdirayotgan devor yoniga qo‘ydi. Bosib kiyilaverganidan yirtilib ado bo‘layozgan qora kalish qurigan sayin kulrang tusga kira boshladi. “Shaharga borganimizdan keyin avval oyog‘iga yangi kalish olib beraman, keyin hayvonot bog‘ini aylantiraman, – deb ko‘ngliga tugdi Berdimurod. – Lekin… Pulimiz yo‘l xarjiga yetarmikan? Attang, maoshimni berishmagani chatoq bo‘ldi-da. Endi ta’til tugaganidan keyin qo‘lga tegadi. Ungacha nima qilamiz? Hali qishki namgarchilikda qulab tushgan og‘ilxonani tik­lash uchun ham ancha-muncha xarajat qilishga to‘g‘ri keladi. Enamni xursand qilishga qildimu, lekin cho‘ntak esga kelmabdi-ku”.
– Ena, yoki oylik maoshimni olganimdan so‘ng borib kelsakmikan, a? – deb yubordi u bexosdan.
– Oyliging nimasi, uni kutib o‘tirsang yana ishingdan chiqolmay qolasan-ku. O‘tgan hafta sotgan sholg‘omingning puli turibdi. Shuni yo‘l xarji qilib borib kelasan.
– Endi… kasal so‘ragani borganga yarasha…
– Bu yog‘idan xotirjam bo‘l. Olma-anorlardan ortgani bor, mayiz, yong‘oqlardan tugib beraman. Pensiyamdan ham yig‘ib qo‘yganim bor, shuniyam ola ketasan. Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, bolam.
Momoning aytganiday bo‘ldi, tugunlar ikkita katta sumkaga joylandi. Berdimurod ularni zo‘rg‘a ko‘tarib, qizalog‘i bilan hali tong yorishmasdan temir yo‘l bekatiga bordi. Ko‘klam salqini etni junjiktirardi. Berdimurod o‘zi yupun kiyinganiga achinmadi-yu, lekin Umidaning ham yengilroq kiyinib olganini ko‘rib bezovtalandi. Qizaloq paypoq ham kiymagan, ilviragan kalish ichida oyoqlari sovqotayotgani sezilmoqda edi. Xayriyatki, biroz kutganlaridan so‘ng poyezd keldi. Vagon ichi issiqqina ekan, ularning joniga oro kirdi. Poyezd yurishi bilan qizaloq oyna oldiga turib oldi. U ortda qolayotgan qir-adirlardan ko‘z uzmasdi. Dalalar xuddi buvisining urchug‘iga o‘xshab aylanayotgandek tuyulardi unga.
Shaharga yetib borganlarida mashinalarning tutuniyu boshqa islar aralashib ketgan bo‘g‘iq havodan qizaloqning sal bo‘lmasa ko‘ngli ayniy dedi. Lekin u chuqur-chuqur nafas olib, shu havoga ko‘nika boshladi. To‘rt taraf hayratli narsalarga to‘la edi. Odamlar nihoyatda ko‘p, bir-biridan baland binolar, katta-katta chiroyli suratlar, ko‘chalarni to‘ldirib g‘iz-g‘iz o‘tayotgan mashinalar, yo‘lchiroqlar, qayoqdandir eshitilayotgan baland musiqalar… eh-he, qizaloqning bo­shi aylanib ketayozdi. U og‘zini lang ochgancha dadasining sumka ko‘targan qo‘lidan ushlab, atrofni tomosha qilib ketaverdi. Shahar degani xuddi ertakka o‘xshagan sehrli joy edi qizaloqning nazarida.
Berdimurod ham go‘yo boshqa shaharga tushib qol­ganday biroz dovdirab qoldi. Vokzal butunlay yangi bo‘lgan, bekatlar ham, yo‘llar ham notanish, ko‘chalarda ilgarigi avtobuslar ham ko‘rinmaydi, hammasi yangi. Bu ahvolda shahar chekkasida turadigan Nazokatning uyini topib borishi qiyin. U o‘ylab-o‘ylab oxiri taksi to‘xtatsa manzilni adashmay topib borishi mumkinligini chamaladi. Tomiga shaxmat belgisi o‘r­natilgan mashinani to‘xtatib, manzilni tushuntirdi. Haydovchining imosidan so‘ng qizalog‘i bilan mashinaga o‘tirdi. Taksichi musofirni aft-angoridan darrov payqab, xizmat haqini ikki barobar ko‘p aytgan bo‘lsa ham, har holda sarsonlikdan nari. Berdimu­rod mashina oynasidan ko‘chalarni tomosha qilib borarkan, talabalik davridagi shahardan asar ham qolmagani, bu yerlar butunlay o‘zgarib ketganidan hay­­ratda edi.
Nazokatning xonadoni to‘qqiz qavatli uyning oxirgi qavatida edi. Bu yerda liftning borligi Berdimurodning esiga ham kelmadi. Ular to‘qqizinchi qavatga qiynala-qiynala chiqib olishdi. Lekin zinalardan bir-bir qadam tashlab yuqoriga ko‘tarilish qi­zaloqqa yanada boshqacha zavq berardi.
Nazokat qarindoshlari kelganidan xursand bo‘­lib, yig‘lab yuboray dedi. Uning kattagina bo‘lib qolishgan uch bolasi Umidani nafas rostlashiga ham qo‘ymasdan o‘ynagani tortib ketishdi. Nazokat eriga telefon qilib, mehmon kelganini aytdi va vaqtliroq qaytishini iltimos qildi. Ular mana shu bir xonali katalakday uyda ijarada turishadi. Berdimurod bu tor uyga kirgach, hammomga tushib qolgandek nafas olishga qiynaldi. So‘ng balkonga chiqib, ochiq deraza yoniga turib oldi. Nazokat akasining kelganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay, tinmay gapirardi. Dasturxon yozib, choy qo‘ydi. Umida terib kelgan yalpizlarni ko‘rib, qishloq havosini tuydi, bahri dili ochildi. Pastdagi do‘kondan ul-bul olib chiqdi. Xamir qorib, yalpizdan chuchvara tugishga kirishib ketdi.
Nazokatning eri kechqurun soat to‘qqizlarda kirib keldi (uning ertaroq kelgani shu ekan, boshqa paytlarda o‘n ikkilarda qaytarkan). Berdimurod kuyovi bilan allamahalgacha suhbatlashib o‘tirdi. Bolalar ham uyquni esdan chiqarib, rosa o‘ynadilar. Shuncha odam bu torgina uyning qayerida ham uxlashi mumkin? Qay bir payt o‘tirgan yoki devorga suyangan ko‘yi hammalarining ko‘zlari ilindi. Shunda ham Berdimurod darrov uyg‘onib ketdi. Tong yorisha boshlagan edi. U balkonning ochiq derazasidan ko‘chalarni tomosha qilib, boshqalarning ham uyg‘onishlarini kutdi. Lekin quyosh ancha ko‘tarilib bo‘ldi hamki, ular uyg‘onay deyishmasdi. Bolalarni quchoqlab uxlab qolgan Nazokat yuziga quyosh nurlari tusha boshlagandagina ko‘zini ochdi-da, shoshilgancha erini ham uyg‘otdi. Eri ishga kech qolayotganini bilib, apil-tapil yuvindi-yu, nonushta ham qilmasdan, Berdimuroddan uzr so‘rab xayrlashdi va shosha-pisha ishga ketdi. Bu orada bir-birini uyg‘otgan bolalar ham chug‘urlashni boshlab yuborishdi.
Xayrlashar chog‘i Berdimurod ro‘molchaga o‘ralgan bir dasta pulni singlisiga uzatib:
– Mana buni enam berib yubordi, kam-ko‘stingga ishlatarkansan, – dedi.
Nazokat pulni olmadi.
– Yo‘q, yo‘q, bizning hamma narsamiz yetarli, aka. Kuyovingiz qurilishda ishlayapti, ko‘p-ko‘p uylar quryapti. Men ham hademay jiyanlaringizni bog‘chaga berib, biron ish topib ishlamoqchiman. Bizdan sirayam xavotir olmanglar, – dedi u.
– Enam pensiyasidan ataylab senga deb yig‘ib yurgan ekan. Olmasang yana meni urishib beradi-da, sen bermasdan qaytarib olib kelgansan, deb. Olaqol, dori-darmoningga ishlatarsan.
– Aka, enamga ayting, men soppa-sog‘man. Faqat bu yil qish sal qattiqroq keldi-da, batareyalar yaxshi ishlamay, uyimiz biroz sovuq bo‘ldi. Shunga ozroq shamollagan edim, oyoqlarim ham biroz og‘ridi. Xudoga shukur, tuzalib ketdim. Hartugul bolalarim shamollashmadi, shunisiga xursandman. Bu pulga siz, yaxshisi, enamga ro‘mol sotib oling. O‘tgan safar ko‘r­ganimda ro‘moli ancha unniqib qolgan ekan. Keyin oyoqlariga moydori oling. Doim oyoqlari og‘rishidan qiynalib yuradilar. – U ichkariga kirib, dorilar tu­­radigan qutini titkilab, bir dorining qutisini olib chiqdi. – Mana bu qutini dorixonadagilarga ko‘rsatsangiz xuddi shunaqasini topib beradi. Men mana shu moydorini surtganimdan keyin oyog‘imning og‘rig‘i qolgan edi. Enam ham albatta oyoqlariga shundan surtsin.
Berdimurod jiyanlari bilan xayrlashgach, qiza­log‘ini yetaklab ko‘chadagi avtobus bekati yoniga borib turdi. “Avval shu yerdan bozorga borib Umidaga kalish sotib olamiz. Enamga ro‘mol bilan moydorini ham o‘sha yerdan olaman. Bu yerdan bozorga qaysi avtobus olib borarkan?” deya o‘ylanib qoldi u. Shu payt bekat yoniga oppoq “Lasetti” kelib to‘xtadi. Keyin mashina darrov yurib, Berdimurodning ro‘parasiga keldi.
– O‘v, Berdimurod, – deb chaqirdi haydovchi mashina oynasidan mo‘ralab.
Berdimurod hayron bo‘lib unga qaradi.
– O‘zingmisan? Nega shalpayib turibsan, o‘tir mashinaga, – dedi haydovchi qora ko‘zoynagini yechib.
Berdimurod sinfdosh do‘sti Isoqulni keyin tanidi.
– Ie, Isoq, senmisan, bu yerda nima qilib yuribsan? – dedi Berdimurod shoshib qolganidan boshqa gap topolmay.
– Obbo, ammamning buzog‘i-ey, savoling miltiq­ning o‘qiday bo‘ldi-ku. Mening-ku, kapam shu yaqin at­rofda, sen nima qilib yuribsan bu makonlarda? O‘tir-e, lallaymay.
Ikki o‘rtoq shu bugun mana shu manzilda uchrashib qolishni xayollariga ham keltirishmaganidan ikkovlarining ham hayratlarining cheki yo‘q edi. Berdimurodning kattakon irkit sumka bilan mashinaga o‘tirayotganini ko‘rgan Isoqul tezda mashinadan tushib, uning qo‘lidan sumkani oldi.
– Bu yoqqa ber xurjuningni, yukxonaga solib qo‘yaman, – dedi u. – Voy-bo‘, bu yog‘ bosgan qanorni qayoq­dan olding, bobongdan qolganmi? Ichida hech vaqo yo‘q-ku. – U sumkani ochib, burnini jiyirdi. Haqiqatan ham sumkada bir dasta puldan boshqa hech narsa yo‘q edi (ro‘molchaga o‘ralgan bo‘lsa ham uning pul ekanligi yaq­qol bilinib turardi).
Mashinaga yana ikki kishi o‘tirdi. Isoqul Berdimuroddan qayerga borishini ham so‘ramasdan shahar ichkarisiga qarab mashinani shamoldek uchirib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay haligi ikki yo‘lovchini tushirib qoldirishgach, Berdimurod maqsad-muddaosini bildirdi:
– Isoq, qayoqqa ketyapmiz o‘zi? Biz bozorga, keyin hayvonot bog‘iga bormoqchi edik…
– Ie, afandi, shuni nega boyaroq aytmading?
– Anavi ikkita odam sening rahbarlaringmikan deb indamay turgan edim.
– Qanaqa rahbar, ular oddiy yo‘lovchilar-ku. Har kuni ertalab ishga kelishda quruq bo‘lmasin deb bekatdan uch-to‘rtta yo‘lovchi olvolaman, qaytishda yana shunday, tirikchilik-da. Mashinaning g‘ildiragi tekinga aylanmaydi, taqsir. Benzin sarflanadi, zapchas-papchas deganday. Sen bilmaysan-da, shaharda yashashning o‘zi bo‘lmaydi, jo‘ra. Hamma narsani pulga sotib olamiz. Kimga maza – senga maza. Qishloqda yuribsan, hech narsaga pul sarf qilmay. Meva-chevani tayyorgina daraxtdan terib olasan, sabzavotlar yer ostida yetilib turibdi, sut, qatiq, qaymoq deganiga sigir sendan choychaqa so‘ramaydi.
Isoqul mashinasini maktabning sport zaliga o‘xshagan katta bir binoning yonida to‘xtatdi.
– Mana shu kaminaning ishxonasi, dedi u. – Qani, yur, birga kirib chiqamiz. Qizchang mashinada o‘tirib turadi.
Berdimurod mashinadan tushdi-yu, lekin qizining mo‘ltirab turgan ko‘zlariga qarab ikkilanib qoldi.
– Biz… haligi… bozorga… – Uning gapi og‘zida qoldi.
– Qo‘yib tur o‘sha bozoringni, – deya jerkib tashladi Isoqul. – Bozor ko‘rmaganmisan? Ozib-yozib bir kelib qolibsan, bunday bir otamlashaylik-da endi. Chaqqonroq yur, shalpayma.
Ular bino ichkarisiga kirishdi. Bu bosmaxona ekan. Uskunalar shovqin solib ishlab turibdi. Qog‘oz o‘ramlarini yumalatib yurgan ishchilar ham, uskunalarni yurgizayotganlar ham Isoqulni ko‘rishlari bilan salom berishdi. Isoqul bu yerda o‘zining obro‘yi baland ekanligini namoyish qilib, hali u ishchiga, hali bunisiga turli topshiriqlarni berib ketaverdi. Sexni oralab uzun yo‘lakka o‘tishdi, undan so‘ng yaltiroq qora charm qoplangan eshikka kirishdi. Bu Isoqulning kabineti ekanligini uning xona to‘ridagi kursiga borib o‘tirganidan ham bilsa bo‘lardi. Berdimurod deraza yonidagi stulga omonatgina o‘tirib, Isoqulning ishlariga xalaqit bermaslik uchun bir og‘iz ham gapirmadi. Isoqul goh stol ustidagi telefonlardan, goh qo‘lidagi telefondan odamlarga qo‘n­g‘iroq qilib, har xil masalalarni gaplashar, qizig‘i, har kim bilan turlicha ohangda suhbatlashar edi. Uning bunday uzundan-uzoq suhbatlari tugaguncha kun choshgoh bo‘ldi. Berdimurod bezovta bo‘lib u yoq-bu yoqqa qimirlab qo‘yaverdi.
– Zerikib qolding-a? – dedi Isoqul nihoyat telefonlaridan bo‘shab. – Mana, ko‘rdingmi, ishimiz shu­naqa, oshna, bir daqiqa tinim yo‘q. Har holda bu senga maktab emas, bolalarni og‘zingga qaratib gapirib o‘tirib vaqtni o‘tkazadigan. Mana bu telefonlar bemalol nafas olishingga qo‘yarmidi. Sexni ko‘rding, gazeta, jurnal, kitoblar peshma-pesh bosilyapti. Ha, aytgancha, sen ham bir paytlar durustgina she’r­lar yozib yurarding, a? O‘shalarni to‘plab bir kitob qildirib qo‘ymaysanmi?
– E, ular talabalikdagi shunchaki havasaki she’r­lar edi, esimdan ham chiqib ketgan. Kitobga yo‘l bo‘l­sin.
– O‘larday uyatchansan-da. Uyalgan hamma narsadan quruq qoladi. Yotoqxonani boshingga ko‘tarib she’r o‘qiganlaring haliyam esimda. Hamma maqtar edi. Menday jo‘ralaringning borida otingni qamchilab qolmaysanmi? Kitobingni mana shu o‘zimizning bosmaxonada chop etamiz, arzonroq bahoda. Nashriyotda ham tanishlar bor, ular ham qimmat aytishmaydi. Xullas, bu yog‘ini kelishib ketaveramiz, jo‘ra. – U qo‘l soatiga bir qarab oldi. – Hozir kafega boramiz, o‘sha yerda bir miriqib suhbatlashamiz. Keyin qayoqqa boraman desang ham mayli. Hozir Toshtemirni, Asom bilan Shodini ham chaqiraman, maktab davrlarini bir eslaymiz.
– Eh-he, mendan boshqa hamma shu yerda ekan-ku.
– Ha, shunday. Jo‘ralarning hammasi zo‘r, ko‘­ri­shib, gaplashib turamiz. Toshtemir firmada ishlaydi, asosan qog‘oz olib sotadi. Aytgancha, haligi, chiqaradigan kitobingga undan qog‘oz sotib olsang bo‘ladi, arzonga tushadi. Asom bozorda pattachi, tushumi zo‘r. Shodi do‘kon ochib olgan, har oy xorijga borib keladi. Yaqinda “Jip” oldi, ko‘rsang og‘zing ochiladi.
– O‘zimam sizlarni juda sog‘ingan edim. Se­ni uchratib qolganim yaxshi bo‘ldi-da, bahonada jo‘­ra­la­rimni bir ko‘rib ketarkanman. Rahmat senga.
– Rahmating nimasi, qirq yillik qadrdonlar bir ko‘rishib qolibmiz. – Isoqul qo‘l telefonini olib, raqam terdi. – Tosh, qalaysan, shu desang, senga syurpriz bor, – dedi u telefonda Toshtemir bilan gaplashib. – Nima? E, qog‘ozingni qo‘yib tur. Berdi kelgan, qishloqdan. Ko‘chadan topib oldim. Ha, tangaga o‘xshab dumalab yotgan ekan. Biz hozir tushlikka chiqayapmiz. “Ayoz” kafesida o‘tiramiz. Har holda chekkaroqda, xotirjam o‘tirganga nima yetsin. Asom bilan Shodini ham olib borarsan. Bo‘pti, kutamiz.
Ular ko‘chaga chiqishganda Umida beton ariqcha yonidagi krandan hovuchiga suv olib ichayotgan edi. Berdimurod o‘rtoqlarini o‘ylab, qizalog‘ini butkul unutib qo‘yganini fahmladi.
– Nega mashinadan tushding? – dedi u xavotirlanib.
– Suvsab ketdim, – dedi Umida kaftining orqasi bilan labini artib. – Endi hayvonot bog‘iga boramizmi?
– Hozir… bir joyda tamaddi qilib olaylik, keyin boramiz.
“Ayoz” kafesi haqiqatan ham xilvatgina joyda ekan. Unga yetib borguncha yo‘l-yo‘lakay yoqilg‘i quyish shoxobchasiga to‘xtab o‘tishdi. Isoqul mashinasini benzin quyadigan uskuna oldida to‘xtatib, Berdimurodni turtdi:
– Hov anavi tuynukchaga borib ayt, o‘n litr benzin quyib yuborsin, men ungacha bakning qopqog‘ini ochib turaman.
Berdimurod borib aytdi. “Falon so‘m bo‘ladi”, dedi sotuvchi tuynukchadan mo‘ralab. Berdimurod bir zum kalovlanib turdi-da, so‘ng cho‘ntagidan pul chi­qarib uzatdi. Keyin mashina yanayam tezroq yurayotganday tuyuldi unga.
Kafening shinamgina hovlisiga kirib, shun­doq­qina darvozaning ro‘parasidagi joyga o‘ti­rish­lari bilan Isoqul allambalo salatlaru ov­­qatlarga buyurtma berib tashladi. Uning rostakamiga ishbilar­mon, dadil odam ekanligi har bir harakatida se­zilardi. Berdimurodning unga havasi keldi. Hov­lining o‘rtasidagi ariqdan sharqirab suv oqayap­ti. Daraxt shoxlariga ilingan to‘rqovoqlardan say­­roqi qushlarning yoqimli ovozlari eshitiladi. Lekin o‘z­lari ko‘rinmaydi. Qi­zaloqqa esa bu ovozlar juda yoqdi. U atrofga ko‘z tashlab, hayvonot bog‘i degani mabodo shu yer emasmikan, deb bir zum o‘ylanib ham qoldi.
– U yoq-bu yoqni qo‘y, qishloq qalay? – dedi Isoqul stakanlarga sharbat quyarkan. – Muallimning ishi oson, bizga o‘xshab kunu tun yugur-yugur qilmaysan. Joningning huzurini bilasan sen. Lekin dehqonchilik­ka uquving zo‘r edi. Meva-chevayu uzumlarni ko‘paytirib, tonna-tonna mayiz olayotgandirsan?
– Tonna bo‘lmasa ham, ishqilib, nasibaga yarasha bo‘p turibdi.
– Haliyam kamtarliging qolmabdi-da.
Suhbatning avjida Toshtemir, Asom, Shodilar birgalashib kirib kelishdi. Sobiq sinfdoshlar rosa yayrab ketishdi. Hammalari xushchaqchaq, a’lo kayfiyatda, hazilni hazilga ulab ketishadi. Lekin Berdimurod harchand urinmasin, ularday yayray olmay, qimtinibgina o‘tirardi. Buni Umida ham pay­qadi: mana bu odamlar nihoyatda quvnoq, atrofdagi boshqa odamlarga parvo ham qilmay sharaqlab kulishadi, qo‘llari silliq, yuzlaridan moy tomay deb turibdi; dadasi esa ulardan ancha yosh katta, sochlari oqargan, qo‘llari qavargan, kulishni ham eplolmay, xurjunini yo‘qotgan mo‘ltoniday shalpayib o‘tiribdi…
– Gavdangni ko‘tarib o‘tirsang-chi, vey. Xuddi to‘qsonga kirgan boboyga o‘xshaysan, – dedi kulgi orasida Shodi Berdimurodni turtib. – Qishloqda nima ish qilyapsan o‘zi, shundan gapir.
– Berdi maktabda katta o‘qituvchi, ona tilidan dars beradi, – dedi Isoqul u haqda hamma narsani bilib olganday.
– Iya, shunaqami, maktab joyidami, maktab? – dedi Shodi peshonasidagi terni arta-arta. – Lekin muallim bo‘lganing yaxshi. Ona tilini o‘qitish kerak. Ayniqsa, qishloqda ona tili – eng dolzarb til. Mana bu shaharning bolalarini qara, ona tilida biron narsani so‘rasang ham boshqa tilda javob beraman deb chiranishadi. Ota-onang kim, bobo-momong kim, desang, yoqangdan olishdan ham toyishmaydi. Shuning uchun shahar maktablarigayam senday jonkuyarlar kerak aslida, Berdi muallim.
– Berdining yaxshigina shoir ekanligiyam eslaringdami? – dedi Isoqul. – Xudo xohlasa, yaqinda ki­to­bi chiqadi.
– Ha, aytgancha, institutda o‘qib yurgan davrimizda ajabtovur she’rlar yozardi bu xumpar, – deya gapni ilib ketdi Toshtemir. – Agar kitob chiqarish niyating bo‘lsa, menga kel.
Isoqul darrov hushyor tortdi:
– Hoy, Tosh, sen o‘zingning tomorqangda aylansang-chi. Kitobni bizga qo‘yaver. Sen qog‘ozingni o‘tkazsang bo‘ldi, qolganiga aralashma.
– Endi, qo‘ldan kelgancha yordam qilsak, degan­dim-da.
– Haliyam o‘sha-o‘sha Berdimurodsan-ey, hech o‘zgar­magansan. Shuncha katta ishlarni boshlab qo‘yibsanu, yana hech narsa ko‘rmaganday bo‘yningni qisib o‘ti­rishingni qara, – dedi Asom hozirgina ofitsiant keltirgan issiq ovqatni yeyishga sho‘ng‘ib. – Qishloq qalay, bahor keldimi ishqilib, bahor? Hamma yoq ko‘karchin bo‘lib qolgandir, a?
– Bahor-ku, har yili kelib turibdi, faqat sizlar oyoq uzib ketdinglar-da, jo‘ralar, – dedi Berdimurod. – Biz, qishloqdagilar bahordan ko‘ra sizlarni ko‘proq sog‘inamiz.
– Voy xumpar-ey, bahor o‘zimizniki, degin? – iljaydi Asom. – Ja nozik joydan oldi-ku bu. Muallimlar o‘zi shunaqa, tagdor qilib gapirishni bilishadi. Lekin, ko‘rib turibsan-ku, og‘aynichalish, bosh qashishga ham vaqt yo‘q, doim bandmiz. Yelib-yugurmasang bo‘l­maydi. Bir soniya to‘xtadingmi, tamom, hayotdan orqada qolib ketasan. Bahorning esa qolib ketayotgan ishi bo‘lmasa, aylanib kelaveradi-da.
Lunjini to‘ldirib olgan Toshtemir ham luqma tashladi:
– O‘zi, o‘sha bahorning shundan boshqa ishi ham, boshqa boradigan joyi ham bo‘lmasa kerak, fikri ojizimcha.
– Menga qara, Berdi muallim, anavi kelishik­lar, ot, sifat, sonlar haliyam o‘sha-o‘shami? – dedi Shodi hiringlab.
Berdimurodning o‘rniga Isoqul lo‘ndagina qilib javob berib qo‘yaqoldi:
– Qo‘ysang-chi, tuzsiz gaplaringni. Hayotda shuncha o‘zgarishlar bo‘ladiyu, kelishik qolarmidi. Ilgari sifat nomigagina bo‘lgan bo‘lsa, endi rosmana sifatni ko‘rib turibsan, raqobat bor-da. Son deganlariyam vaqt o‘tishi bilan ortib boraveradi. O‘zing shundan xulosa qilib olsang bo‘lmaydimi? Nima qilasan shunga ham muallimning boshini og‘ritib.
Uning bu hazilidan yana qiyqiriq kulgi ko‘taril­di. Shu payt darvoza oldidan uch-to‘rt kishi o‘tib ketayotganini ko‘rib qolgan Toshtemir ularni qo‘li bilan imo qilib chaqirdi.
– Anuv ko‘zoynak taqqani Jovli Juman degan shoir, – dedi u. – Tanishib qo‘ysang ziyon qilmaydi, Ber­di muallim, bir kuni foydasi tegib qolishi mumkin.
Stolga yana bir stolni qo‘shib uzaytirishdi. Jovli Juman uchala sherigi bilan kelib, tortinmasdan o‘tirdi. Toshtemir Jovli Jumanning biqiniga o‘tirib olib, Berdimurodning ta’rifu tavsifini qildi. Ofitsiantni chaqirib, davraga qo‘shilgan mehmonlar uchun taom buyurdi.
– Adabiyot ummonday keng dargoh, qancha shoir bo‘lsa ham bag‘riga sig‘dira oladi, – dedi Jovli Juman “ijod bog‘ida yana bir g‘uncha ochilganidan, u bilan bahorning shunday farahbaxsh kunlarida tanishib turganidan” bag‘oyat xursandligini izhor qilib. – Ijod nihoyatda nozik masala. Uning mahsulini muxlislar dasturxoniga tuhfa etish yana ham nozik ish. Muhimi qo‘rqmaslik, dovyuraklik. Siz bilan bizning ishimiz ijod qilish. Uni muxlislar qanday xohlashsa, shunday hazm qilib olishsin. U yog‘ining bizga qizig‘i yo‘q. Shoirlik – bu talant, bu ezgulik. Buning uchun aynan biron joyda tahsil olmoqlikning hojati ham yo‘q. Mana, kamina ham o‘rta maktabdan so‘ng hech qaysi oliy bilim dargohining eshigini taqillatmagan. Ammo bu bilan ijod to‘xtab qolgan emas-ku, birodar. Biz kayfiyat odamlarimiz, shu boisdan bizga mana bunday do‘stlar salomat bo‘lsa bas, – deya u Toshtemirning yel­kasiga qo‘l tashladi. Toshtemir fursatdan foydalanib undan nimanidir shivirlab so‘radi. – Tosh, azizim, hamma gaplaringiz esimda. Mana bu yonimdagi yigitlar san’atkor ukamizning prodyuserlari, yaqinda kattagina kon­tsert uyushtirishmoqchi. Hamma afishalar uchun qo­g‘ozni albatta sizdan olishadi. Hali o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman.
Jovli Juman “Berdi Murod degan iste’dodli shoir bilan tanishgani sharafiga” qadah ko‘tarib, yana nasihatgo‘ylik qilishda davom etdi. Shu lahzada darvoza oldida yana ikki kishi ko‘rindiyu, Toshtemir chaqqonlik bilan borib ular bilan salomlashdi. Ke­yin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ularni hurmat bilan davraga taklif qildi. Ular ham bamaylixotir davraga kelib qo‘shilishdi. Toshtemir Berdimurod tomonga engashib shivirladi:
– Bu odam bir katta firmada ta’minotchi bo‘­lib ishlaydi. Qurilish ashyolari savdosi bilan shu­g‘ullanadi. Uy quraman, do‘kon quraman, degan borki, hammasining mana shu odamga ishi tushadi. Men bilan aka-ukaday bo‘lib qolgan. Sen ham tanishib qo‘ysang zarar qilmaydi…
Firmachi aka yuzing-ko‘zing deb o‘tirmaydigan dan­galchilar xilidan ekan.
– Ochig‘ini aytay, she’r degan narsaga hushim yo‘q, – dedi u Berdimurodni shoir deb tanishtirishgach. – Azaldan fe’lim shunaqa. Maktabda ham bir balolarni yodlatmoqchi bo‘lib o‘qituvchimiz ko‘p uringan. Maqtanish bo‘lsa bo‘la qolsin, bitta ham she’rni yodlamaganman. Printsipim shunday. Shuning uchun menga she’riyatdan gap ochmay, undan ko‘ra g‘isht, beton, armatura degan narsalardan so‘ylang, huzur qilaman. – Hammalari shodon kulgi bilan chapak chalib uni olqishladilar. Bunday xayrixohlikdan notiq bir botmon semirdi. – Shu zamondayam she’r yozib, kitob titkilab yurgan odamni hech tushunmayman. Balandparvoz gaplarning keragi yo‘q, indallosini aytganda, hozir eng muhimi pul topish. Kerak bo‘lsa, hozir o‘ng tomonimda o‘tirgan odam uzatgan bir piyola choyni chap tomonimdagi odamga tutqazib, ming so‘m pulini olishim mumkin. Ishning ko‘zini bilgan kishi har qanday puxta odamning ham sezdirmay ko‘zini o‘yishi mumkin…
Toshtemirning telefoni jiringlab qolib, gapning beliga tepdi. – Allo, ha, oyisi, nima gap? Meh­mon keldi? E, Sattor akami? Biz jo‘ralar bilan “Ayoz” kafesida o‘tiribmiz. Mehmonlar to‘g‘ri shu yerga kelaverishsin, birga ovqatlanamiz. – U telefonini o‘chi­rib, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. – Sattor aka degan na­manganlik bir tanishimiz oilasi bilan mehmon bo‘lib kelibdi. Bolalarini ta’tilda bir aylantirib ketay degan-da. Chaqirdim, hozir kelib qolishadi. Lekin alomat inson, ko‘pchilikka foydasi tegadi.
Sattor aka degani xotini va ikki o‘g‘li bilan ko‘p o‘tmay yetib kelishdi. Davra yana ham kengaydi. Chetdan qaragan odam bu yerda to‘y bo‘lyaptimi, deb o‘ylaydi.
– Berdimurod o‘rtog‘imiz havas qilsa arziydigan ishlarni boshlab qo‘ygan ekan, shuni nishonlab o‘tiribmiz, – deb Toshtemir mehmonlarga Ber­dimurod­ni tanishtirdi.
Isoqulning ko‘zlari bejo bo‘lib, Toshtemirni as­ta o‘ziga tortdi:
– Menga qara, nafsingga o‘t tushkur, biznesingni boshqa joyda qilsang bo‘lardi. Indamasa butun urug‘-aymog‘ingni chaqirib olasan. Shuncha odamning xarajatini kim ko‘taradi?
Toshtemir parvo qilma, deganday qo‘l siltab qo‘ydi.
Qadah ustiga qadah ko‘tarildi. Bir-biridan g‘a­royib salatlar qayta-qayta olib kelindi. Issiq-issiq ovqatlar ham keltirildi. Berdimurodning ha­li o‘zining xayoliga ham kelmagan kitobi uchun qadah so‘zlari aytildi. Berdimurod hech narsaga tushunmay, ularning sharaqlab kulishlariga jilmayib qo‘shilib o‘tiraverdi. Umida esa stakandagi sharbatni har zamonda ho‘plab qo‘yardi. Og‘zilaridan bodi kirib, shodi chiqayotgan, mast bo‘lganlari sayin qiyqiriqlari ham tobora avjiga ko‘tarilayotgan odamlarning basharalari uning ko‘ziga xunukdan-xunuk ko‘rinmoqda edi. Stol ustidagi notanish yeguliklarning ham hech biri unga yoqmadi. Aroqning hididan-ku, ko‘ngli aynib, zo‘rg‘a chidamoqda edi. Yaxshiyamki har sharbat ho‘plaganida ko‘ngli aynishi bosilardi. U o‘zini igna ustida o‘tirgandek sezardi. Kun kech bo‘layotganini, hayvonot bog‘ini ko‘rolmay qolishini o‘ylab, betoqat bo‘ldi.
– Dada, kech bo‘lyapti, ketaylik, – dedi nihoyat qizaloq Berdimurodning qulog‘iga shivirlab.
Berdimurod esa shu tobda poyezdga ulgurolmay qolishdan xavotirlanayotgan edi.
– Qizchang nima deyapti, sharbat quyib beraymi? – dedi Isoqul Berdimurodga qarab.
– Ay, hayvonot bog‘iga olib boraman, deb edim, shuni eslatyapti.
– Eha, darvoqe, unga hayvonlarni ko‘rsataman, deganding-a? Attang, endi kech, zoopark yopilib bo‘ldi. Lekin afsuslanish shart emas, qizim, mana, qara, qancha hayvon kerak bo‘lsa ko‘rib ol, bo‘ri deysanmi, tulki deysanmi, tovusu hakkalar ham, hamma turidan bor, – deya u xi-xilab yoqimsiz iljaydi.
Shu lahzada Isoqulning telefoni jiringladi. U telefondagi odam bilan tik turib, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib gaplashdi.
– Endi men ishxonaga bormasam bo‘lmaydi, bosh­liq chaqirib qoldi, – dedi Isoqul va shoshilgancha xayrlashib, mashinasi yukxonasidan Berdimurodning yag‘iri chiqib ketgan sumkasini jindek ijirg‘anish bilan olib uzatdi-da, jo‘nab ketdi.
O‘tirganlarning ko‘pchiligi mast bo‘lib, aljirab qolishdi. Endi bu yog‘iga o‘tiraverish ezmalikdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Hammalari birin-ketin o‘rin­laridan turib, alkash-chalkash qadam tashlagancha kafeni tark etishdi. Bunaqa mijozlarni ko‘raverib ko‘­zi pishib ketgan ofitsiant yugurib kelib, darvozaga yaqinlashayotgan Toshtemirga hisob qog‘ozini uzatdi. Tosh­temir qog‘ozni ushlab ham ko‘rmasdan hanuz stol yonida mung‘ayib o‘tirgan Berdimurod tomonga suzilib ketayotgan ko‘zlari bilan ishora qilib, uzoqlashdi.
Ofitsiant tutqazgan hisob qog‘oziga ko‘z yugurtirgan Berdimurodning tirishgan peshonasidan muzday ter chiqib ketdi. U to‘lov o‘ziga qolganidan emas, buncha katta hisobdagi pulni to‘lashga puli yetmay qolishidan tashvishga tushgan edi. U qo‘llari qaltiray-qaltiray sumkani ochib, ro‘molchaga o‘ralgan pulni olib sanadi. Xayriyat, pul yetdi. Cho‘ntagidagi cho‘g‘i qolmagan puldan bir-ikki so‘m qo‘shdi, xolos. U kaftlarini ishqab turgan ofitsiantdan bexijolatlik bilan qutulganidan yengil nafas olib, ko‘chaga chiqdi. Boyagina uning sha’niga qadah so‘zlari aytib o‘tirgan tanish-notanish odamlar xuddi yer yutganday allaqachon ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan edi. Nariroqdagi katta yo‘lda qop-qora alomat mashinaning ketayotganini ko‘rib, Shodining “Jip” degan mashinasi shu bo‘lsa kerak, deb to ko‘rinmay ket­guncha havas bilan ortidan qarab qoldi. Kun kech bo‘lgan, hayvonot bog‘iyu bozorlar yopilgani aniq, endi faqat poyezdga yetib borish qolgan edi. U qizalog‘ining avzoyiga qarab, o‘zidan xafa bo‘lib ketdi. Qishloqda bo‘lganida bir kunda dunyoning yumushini bajarishga ulgurgan bo‘lardi. Bu yerda esa butun boshli bir kun hech qanday mazmunsiz o‘tib ketganiga hayron qoldi.
Endi nima qilmoq kerak? Yana bir kuncha singlisinikida qolay desa, katalakday uyga o‘zlari zo‘rg‘a sig‘isharkan. Aksiga olib puli ham tamom bo‘ldi hisob. Cho‘ntagida qolgan pulni chamalab ko‘rsa, vokzalga borish uchun taksiga minsa, poyezdga yetmaydi, poyezdga chipta olish uchun esa taksiga pul bermasligi kerak. Bekatda turgan odamlardan so‘rab, vokzalga qaysi avtobus borishini aniqlab oldi. Shunisi ma’qul, arzongina. Faqat… qizaloqning ko‘ngli o‘ksib qoldi-da…
Poyezdga chiqqanlaridan keyin ham Umidaning cheh­­rasi ochilmadi. U o‘rindiqda qovog‘ini uyib o‘tir­ganicha hech kimga, hech narsaga qaragisi kelmasdi. Endi vagon oynasidan qorong‘ilik qa’riga sho‘ng‘iyotgan shahar tevaraklarini, hissiz dalalarni tomosha qilishning ham qizig‘i yo‘q. U hammadan, hamma narsadan, hatto orzusidagi ertakka o‘xshash shunday katta shahardan ham xafa bo‘ldi. Axir, bu yerga hayvonot bog‘ini ko‘rish uchun shuncha olis yo‘l bosib kelsa-yu, ko‘rmay qaytsa – nega alam qilmasin? Berdimurod uning kayfiyatini ko‘tarish uchun hazillashib:
– Asal qizim, parrandayu darrandalar senga yoq­dimi? – dedi.
– Yo‘q, yoqmadi, – dedi qizaloq battar tumshayib. – Haqiqiy hayvonlar yaxshi edi ulardan.
– Senga yoqmagan bo‘lsa ham, ular men bilan bir qishloqda tug‘ilib katta bo‘lishgan, bir maktabda, hatto keyin bir shaharda o‘qishgan, jonim qizim. Hammalari ajoyib bolalar edi.
– Dada, ular sizning yaqin o‘rtoqlaringizmi? – so‘radi qizaloq astoydil hayron bo‘lib.
Berdimurod bir muddat o‘yga toldi.
– Bilmasam, qizim, to‘g‘risi, o‘zim ham ularni ta­niyolmadim, – dedi keyin xo‘rsinib. – Oradan ko‘p yillar o‘tib ketdi-da.
Shundan so‘ng qizaloq boshqa savol bermadi. Kecha ertalab ularni olib kelgan poyezd tez yurgan edi. Mana bu kechki poyezd esa oraliq bekatlarda uzoq turib qoldi. Qizaloq zerikdi. Uni uyqu elitdi. Berdimurod uning ilvirab ketgan kalishchalariga qarab turib, xijolat chekdi.
– Oyoqlaring sovqotib qolmadimi, qizim? – so‘­radi u.
Qizaloq indamadi. U dadasiga suyanib uxlab qol­di va to qishloqqa yetgunlaricha uyg‘onmadi.
Qishloqqa yetib kelganlarida esa quyosh charaqlab, o‘t-o‘lanlar ustidagi munchoqdek shudringlar jimirlayotgan edi. Uyga kirishlari bilan qizaloq yugurib borib beshik yoniga cho‘kkaladi. Ukasini sog‘inganidan, juda-juda sog‘inib ketganidan, onasining hay-hay­lashiga ham qaramasdan beshik jildini asta ochib, pishillab uxlab yotgan chaqaloqning lo‘ppi yuzidan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi. Qanday xushbo‘y, qanday chiroyli, qan­day shirin chaqaloq. Qizaloq o‘pib to‘ymasdi. Ke­yin u onasi va buvisining savollariga uzuq-yuluq javob bergancha sevimli chelakchasini olib, soyga yugurdi. Yalpizlaridan xabar oldi. Ular ko‘payib qo­lishibdi. Hatto o‘tgan kuni terilgan joylardan ham yangi yalpizlar mitti yaproqchalarini ko‘rsatib bodrab chiqibdi. Ularga chelakchasi bilan suv sepdi. Endi soyda faqat suv emas, yalpiz bo‘ylari ham oqa boshlagandek edi go‘yo. Qizaloq xushbo‘y havodan to‘yib nafas oldi va asta shivirladi:
– Oh, o‘zimning yalpizjonlarim!

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 1-son.